Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Keyingi paytlarda professional ijodda kamnamo bo‘lib, asosiy eʼtiborini vaynerlik faoliyatiga qaratayotgan aktrisa Feruza Normatova 34 yoshni qarshiladi. Xo‘sh, u nega sanʼat yo‘lini tanlagan va shu kungacha qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirgan?

Raqqosalikdan boshlangan ijod

Foto: Instagram /@feruzanormatova

Aktrisa Feruza Normatova 1989-yilning 27-sentyabrida Sirdaryo viloyatining Baxt shahrida dunyoga kelgan. U oilada to‘ng‘ich farzand, uning ikki singlisi va bir ukasi ham bor. U Baxt shahridagi 14-maktabda tahsil olib, 2005-yili Toshkent Madaniyat kollejiga o‘qishga kiradi. Toshkentda yashab o‘qish yosh aktrisaga oson kechmaydi. Shu bois u ijodini raqqosalikdan boshlaydi. Ammo hech bir intervyusida bu haqda aytib o‘tmagan.

Uni aktrisa sifatida kashf etolmagan rollar

Instagram /@feruzanormatova

Aktrisa 2008-yili kollejni tamomlab, O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga o‘qishga qabul qilinadi. To‘rt yil mobaynida mahoratli pedagog Jo‘ra Mahmudov rahbarligida tahsil olib, o‘qishdan tashqari, kliplarda kichik rollarni ijro etadi. Institutni tamomlagan yili “Shu yetmay turuvdi” nomli filmga taklif etishadi. Aktrisa 2018-yilga qadar turli-tuman rollarni ijro etadi. Ammo ularning hech biri uni aktrisa sifatida kashf etmaydi. Odamlarga qiyofasi tanish bo‘lsa-da, birorta roli unga muvaffaqiyat keltirmaydi.

“Bunday rolni ijro etmang”

2018-yili aktrisani “Fitna” serialiga taklif etishadi. U turmush o‘rtog‘iga xiyonat qiladigan kelinchak rolini mohirlik bilan ijro etadi.

Foto: Instagram /@feruzanormatova

— Bu rol uchun juda ko‘p tanqidlar eshitganman. “Uni bekor ijro etibsiz, hali turmushga chiqmay turib bunday rolni ijro etmang”, deganlar ham bo‘lgan. Men hech bir rolimda o‘zimni ijro etmayman. Ustozlarimiz aktrisa misoli plastilin, rolga moslashib ketishi kerak, deb o‘rgatishgan, — deydi aktrisa Feruza Normatova.

“Ijodimdan ko‘nglim to‘lmasdi”

Ijodni boshlagan yillari Feruza Normatova ham ko‘plab moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan. Chunki u paytda aktrisaga beriladigan gonorar u qadar ko‘p emasdi. Shu bois u ham boshqa hamkasblari singari to‘y xizmatlariga chiqishga majbur bo‘ladi.

Foto: Instagram /@feruzanormatova

— Ijodda nimalardir qilishga, o‘z o‘rnimni topishga harakat qilardim, ammo hech ko‘nglim to‘lmasdi. Institutni tamomlagan yilim O‘zbek davlat drama teatriga ishga kirdim. Ammo u yerda uzoq vaqt ishlolmadim. Undan keyin “Diydor” teatr studiyasiga ishlashga bordim. U yerdagi muhit o‘zgacha edi. Rahmatli Bahodir Yo‘ldoshevdan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim, — deydi Feruza Normatova.

“Uyalaman, bu rolni ijro etolmayman”

Aktrisa teatrdagi faoliyatidan tashqari, to‘y xizmatlarida ham boshlovchilik qilardi. Uning ijodiga befarq bo‘lmagan Davron Kabulov uni “Million” jamoasiga taklif etadi.

Foto: Instagram /@feruzanormatova

— Komik rollarni ijro etganman, ammo jamoada ishtirok etishga biroz ikkilanganman. “Siz uddalay olasiz”, deyishganidan keyin ishonchni oqlash uchun beshta konsert uchun shartnoma tuzganmiz. Gonorar summasi yuqori edi. Maʼruf Nosirovning taklifi bilan shevada gapiradigan ayol obrazi paydo bo‘lgan. O‘sha paytda to‘ylarda chirpirak bo‘lib o‘ynaydigan raqqosaning videolari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Avvaliga bu rolni ijro etishni istamaganman. “Uyalaman, buni ijro etmolmayman”, deganimda jamola aʼzolari “Siz orqali shunday raqqosalarga ko‘zgu tutamiz”, deb arang ko‘ndirishgan. Ammo sahna ko‘rinishlari kutilganidan ham aʼlo darajada qarshilangan, — deydi aktrisa Feruza Normatova.

Teatr yoki “Million”

Aktrisaga “Million” jamoasidagi ishtiroki omad olib keldi. Ammo jamoadagi ishtiroki “Diydor” teatr studiyasi rahbari, rejissor Bahodir Yo‘ldoshevga yoqmadi. Unga jamoa yoki teatrni tanla, degan shart qo‘yildi.

Foto: Instagram /@feruzanormatova

— Bahodir Yo‘ldoshev tartibni yaxshi ko‘radigan inson edi. Afsuski, men bir necha marta repititsiyalarga kechikib borgandim. Teatrdagi ijodiy muhitni yaxshi ko‘rardim, ammo moliyaviy jihatni o‘ylaganda jamoadagi ishtirokim ham yoqardi. Oilaning to‘ng‘ich farzandiman, uka-singillarimni o‘qitish uchun men ham harakat qilishim kerak edi. Shu bois teatrdan ketishga majbur bo‘ldim, — deydi aktrisa Feruza Normatova.

“Unga hech qanday dushmanchiligim yo‘q” 

Durdona Qurbonova va Feruza Normatova “Million” jamoasidagi ishtirokidan so‘ng, bir-biri bilan arazlashib qolgan. Durdona Qurbonova hamkasbi bilan o‘rtasidagi kelishmovchilikni quyidagicha izohlagan.

Foto: Kollaj

— Nega munosabatimiz yaxshi emasligini u aktrisadan so‘rash kerak. O‘sha paytda o‘rtamizda har xil gap-so‘zlar bo‘lgan, hozir hammasiga to‘g‘ri qarayman. Atrofdagi insonlar hadeb itaraverishsa, unga talpinavermaysiz-ku. Bundan tashqari, salomga yarasha alik olinadi. U aktrisa ham muomalasiga yarasha javob olgan. Lekin hozirgi kunda ularga nisbatan dushmanchiligim ham, ortiqcha gapim ham yo‘q, — degan aktrisa Durdona Qurbonova.

“ ‘Million’dan ketishimning asosiy sababi...” 

Feruza Normatova “Million” jamoasida uzoq vaqt faoliyat yuritmaganining sababini quyidagicha izohlaydi.

Foto: Instagram /@feruzanormatova

— “Million” jamoasi bilan 5 yillik shartnoma tuzgan edik, to‘g‘rirog‘i 5 yil emas, 5 ta konsertga shartnoma tuzilgandi. Men bu konsertlardan 3 tasida qatnashdim, yana 2 ta konsert qolgan edi, uyoqda faoliyatimni to‘xtatishga majbur bo‘ldim.

Jamoadan ketishimga har xil sabablar bor, aynan bitta yaxlit sabab yo‘q. Men “Mendirman Jaloliddin” seriali syomkasi uchun Turkiyaga ketdim, mart oyida karantin bo‘lib qoldi, qaytolmadim, repetitsiyaga qatnasholmadim, boshqa qizlar bilan repetitsiyalar davom etdi. Men noyabrda keldim, konsert dekabrda edi, ulgurishim mumkin edi, lekin serialni davomiga ham ketishimiz kerak edi. Vaqt masalasi va serial syomkalaridan bo‘sholmay qolib, tushunmovchilik bo‘lmasligi uchun ketishga qaror qildim va ular bilan kelishib oldim.

Ketishimda moliyaviy jihatdan muammo bo‘lmadi, agar men konsertda chiqib, gonorarimni berishmagan bo‘lsa, aytishim mumkin edi, lekin menda bunday muammo yuzaga kelmagan.

Men “Million”da chiqishni boshlaganimdan keyin, ijodimda “Million”ga ko‘proq urg‘u qaratila boshlandi, men aktrisaman, u yerda ham aktrisa edim, lekin u yerda faqat bitta janr — komediya, lekin mening dramatik tomonlarim ham bor, men baribir bu yo‘lda ham ijod qilishim kerak. Aktrisalik jihatlarimni kuchaytirishim, o‘z ustimda ishlashim kerak. Shu sababdan “Mendirman Jaloliddin”ni tanladim.

Davron aka mening serial kastingidan o‘tganimni eshitib, juda xursand bo‘lgandilar, javobi chiqmasdan oldin ham xabardor bo‘lib, so‘rab turdilar. Butun jamoamiz xushxabarni eshitib xursand bo‘lishdi. “Iye, endi konsert nima bo‘ladi?” ham deyishdi. Lekin men uchun “Mendirman Jaloliddin” tarixiy seriali yaxshi loyiha ekanligini taʼkidlab, qo‘llab-quvvatlashgan, — deydi aktrisa Feruza Normatova.

 “Turkiyada ahvolim og‘irlashdi”

Aktrisa “Mendirman Jaloliddin” serialida O‘tror hokimi Inolchixonning qizi rolini ijro etgan. Ammo serialning suratga olish jarayonlari karantin vaqtiga to‘g‘ri kelgani uchun ijodiy jamoa uzoq muddat Turkiyada qolib ketadi. O‘sha vaqtda aktrisa og‘ir kasallikka chalingani maʼlum bo‘ladi.

Foto: Instagram /@feruzanormatova

— Ahvolim nihoyatda yomonlashdi, koronavirusdan ham og‘irroq kasallikka chalindim. Turkiyalik shifokorlar tekshiruvdan o‘tkazib, jigarim hastalangani va bunga ovqatdan zaharlanish sabab bo‘lgani haqida aytishdi. Kasallikning yashirin davri olti oy yoki bir yil bo‘lar ekan. Turkiyada emas, balki O‘zbekistonda zaharlangandirman, degan hayolga ham bordim. Ko‘p hollarda bu zaharlanish qo‘ziqorindan bo‘lar ekan. Kasal bo‘lmasimdan avval qahva va energetik ichimliklarni yaxshi ko‘rardim. Shifokorlar ikkisini butunlay cheklashdi. Bu men uchun yanada og‘ir edi. Hayriyatki, hammasi tez orada iziga tushib ketdi, — deydi aktrisa Feruza Normatova.

Aktrisa seriallardagi rollaridan voz kechdi

Aktrisa “Mendirman Jaloliddin” serialining ikkinchi mavsumida suratga tushishni istamaydi. Suratga olish tayyorgarliklari boshlangan vaqtda u “Parixona” serialida ham bosh rolni ijro etayotgandi. Qizig‘i, undagi rolidan ham voz kechadi.

Foto: Instagram /@feruzanormatova

— Feruzaning hijobga kirib, rolni tark etishini kutmagandik. Chunki u rolga taklif etilgan paytda bunday qarori borligini aytmagandi. Shundan keyin bor kuchimizni ishga solib, Feruzaning qiyofadoshi bo‘lgan havaskor aktrisani topdik. Endi suratga olish ishlari boshlanadi deb turganimizda u turmushga chiqadigan bo‘lib qoldi. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘i esa uning serialda suratga tushishini istamadi. Undan keyin Narminjon taxallusli aktrisa bilan ishlashga qaror qildik. Aslida serial sentyabr oyida efirga uzatilishi kerak edi. Ammo rollardan biriga aktrisa Zarina Nizomiddinovani taklif etganimiz bois efir vaqti yana surildi, — deydi serial rejissori Umid Qo‘chqorov.

Reklama evaziga uyli bo‘ldi

Feruza Normatova keyingi paytlarda professional sanʼatda ancha kamnamo. Balki rollar ijro etmayotganining asosiy sababi hijobga kirgani bilan bog‘liqdir. Ammo u o‘ziga hech qanday cheklovlarni qo‘ymagan. Yaʼni ro‘moli sabab omma eʼtiboridan yiroqda bo‘lishga harakat qilmaydi. U o‘z jamoasiga ega instabloger va buning ortidan mo‘maygina mablag‘ topadi.

Foto: Instagram /@feruzanormatova

— 2021-yilda yangi turar joy majmualari quradigan kompaniya bilan reklama bo‘yicha shartnoma tuzganman. Shartnoma olti oy muddatga tuzilgan edi. Shunda biz o‘zaro olti oy men ularni reklama qilishga, ular esa xizmat haqqimga uyning yarim pulini olmaslikka kelishdik. Olti oylik reklama xizmati 20 ming dollarga baholandi. Men ikki xonali uy uchun 22 ming dollar pul to‘ladim, uy menga 42 ming dollarga tushdi. Kompaniyaga sahifamda eʼlon qilingan reklama yoqdi va ular keyinchalik yana bir yillik shartnoma tuzishni taklif qildi. Bu safar reklama evaziga yana bitta xonadon olib, ota-onamga sovg‘a qildim, — deydi Feruza Normatova.

“Umra safarigacha kuzatib borishibdi”

Aktrisa shu yilning avgust oyida ta’qib qilinayotgani va bu hol uni qo‘rquvga solayotganini maʼlum qilgandi.

Foto: Instagram /@feruzanormatova

— Avvaliga bu haqda aytishimni ota-onam istashmagan edi. Atrofimda psixopat insonlar paydo bo‘lib qolgan. Hatto Sirdaryodagi uyimning ham manzilini topib boribdi. Undan keyin Toshkentdagi uyimga ham keldi. Eshikni ochmay, “Kim bu?” desam ismini aytib, gapi borligini aytyapti. Hayronman, u qulfli eshikni qanday ochdi? Eng hayratlanarlisi, u oilam bilan Umra safariga borganimda ham xuddi o‘sha guruh bilan borgan. Aeroportda telefonimning quvvati tugab, bir muddat quvvatlagich oldida turganman. Instagram sahifasini kuzatsam, bir chekkada turib, meni videoga olgan va tarmoqqa joylashtirgan. U ortimdan izma-iz kuzatgan. Turfirma bilan bog‘lansam, men Instagramʼga reklama joylagan kunim joy bron qilgan ekan. Unga nima kerak, hayronman. Yaqinda avtoturargohda tursam bir yigit kelib, “Eshikni oching” deb taʼqib qilgandi. O‘ylab qarasam bu voqealarning bari bir-biriga uzviy bog‘liqdek tuyulyapti. Shu bois aka-ukalarim bilan bir uyda turishga qaror qildim. Meni yolg‘iz deb o‘ylayotganlar adashadi, — deydi aktrisa Feruza Normatova.

“Singillarimni turmushga berib, keyin oila quraman, degandim”

Aktrisaning shaxsiy hayoti, nega oila qurmayotgani va Shahzod Sultonov bilan munosabatlari hamma uchun qiziq. Ikki ijodkor ham shunchaki do‘stona munosabatda ekanligi haqida ko‘p aytishadi. Instagram tarmog‘iga esa bir necha marta arazlashib qolishgani va yarashishgani haqida videolar joylashdi.

Foto: Instagram /@feruzanormatova

— Alloh nasib etgan kun oila quraman. Qiz bolalar nimani niyat qilsa, shu sodir bo‘lar ekan. Avvaldan uy-joyli bo‘lib, singillarimni turmushga berib, keyin oila qurishni niyat qilardim. Xuddi shunday bo‘lyapti. Muhimi, bolalarim zoriqib qolishini, bugun oila qurib, bir yildan keyin “bir-birimizga mos kelmadik”, deb ajrashib ketishni istamayman, — deydi aktrisa Feruza Normatova.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »