Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Shavkat Mirziyoyev 25-oktyabr — O‘zbekiston Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan soha xodimlari va faxriylariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarining tabrigida ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda ichki ishlar organlarini chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish, aholi uchun barcha shahar va qishloqlarda xavfsiz yashash va mehnat sharoitini yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Eng quyi bo‘g‘indagi vaziyat va muammolarni chuqur o‘rganish asosida har qaysi mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda 350 dan ziyod mahallada huquq-tartibot maskanlari tashkil etilgan, 9,5 mingga yaqin mahallada profilaktika inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yildan boshlab “mahalla yettiligi” tizimi tashkil etilgan. Endi profilaktika inspektori ana shu tizimning eng faol a’zosiga aylanib, vaziyatni xonadonlar kesimida o‘rganadi. Birinchi navbatda, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabr ko‘rish ehtimoli yuqori bo‘lgan fuqarolarni aniqlab, ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini “mahalla yettiligi” imkoniyatlaridan foydalangan holda hal etish choralarini ko‘radi.

“Eng muhimi, joylarda voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy ongini oshirish, ularni sog‘lom turmush tamoyillari asosida tarbiyalash orqali ijtimoiy jihatdan xavfli xatti-harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish bo‘yicha amaliyot yo‘lga qo‘yiladi.

Biz Yangi O‘zbekiston sharoitida “Barcha islohot va o‘zgarishlar – inson qadrini yuksaltirish uchun” degan ezgu tamoyilga sodiq qolgan holda, shu yo‘lda boshlagan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur. Bu borada o‘tgan davrda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yaratilgan mustahkam huquqiy bazaga tayanamiz”, — deyiladi tabrikda.

Shuningdek, prezident ichki ishlar organlari sohasiga raqamli texnologiyalar, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalariga asoslangan zamonaviy ish yuritish vositalari, sun’iy intellekt yordamida faoliyat ko‘rsatadigan axborot-ma’lumot tizimlari jadal tatbiq etilayotganini ta’kidladi.

“Keyingi yillarda ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratildi. Jumladan, bo‘lajak xodimlarni bolaligidan boshlab vatanparvarlik ruhida, yuqori malakali huquqshunos sifatida tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Har bir xodim navbatdagi unvonni olishi uchun majburiy tarzda kasbiy malakasini oshirishi, rahbarlik lavozimiga tayinlanishi uchun Ichki ishlar vazirligi akademiyasining boshqaruv magistraturasida tahsil olishi belgilangan va bunday tajriba o‘z ijobiy samarasini bermoqda”, — deya qayd etadi davlat rahbari.

Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, ichki ishlar organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining 80 foizi elektron shaklga o‘tkazilib, tizimda byurokratiya va fuqarolarni sarson qilish holatlari bartaraf etiladi. Har bir faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha ijtimoiy fikrni o‘rganish va jamoatchilik tomonidan monitoring qilib borish amaliyotini “mahalla – tuman – viloyat – respublika” tamoyili asosida tashkil etish choralarini ko‘rish lozim.

“Muxtasar aytganda, ichki ishlar tizimidagi islohotlarimizning amaliy natijasini sohaning har bir xodimi, birinchi navbatda, xalqimiz o‘z kundalik hayotida sezishi shart”, — deydi prezident.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 25-oktyabr O‘zbekiston Ichki ishlar organlari xodimlari kuni etib belgilangan. 2022-yil 25-oktabrda O‘zbekiston ichki ishlar organlari tashkil etilganiga 32 yil to‘ldi. 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »