Deniel Redkliff “Garri Potter” syomkasidagi baxtsiz hodisa tufayli falajlanib qolgan dublyori haqida hujjatli film suratga olmoqda
Deniel Redkliff “Garri Potter” franshizasida uning dublyori sifatida ishlagan va serialning yettinchi qismini suratga olish jarayonida baxtsiz hodisa tufayli jarohatlangan Devid Xolms haqida hujjatli film suratga olyapti. Filmga “Devid Xolms: omon qolgan yigitcha” deb nom berilgan. Kartinada Redkliffga dublyorlik qilgan yigitning noodatiy hikoyasi va ular o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik haqida so‘z boradi. Film Xolms, uning do‘stlari, yaqinlari, shuningdek, Deniel Redkliffning o‘zi ishtirokidagi suhbatlardan iborat.
Hujjatli film ustida amerikalik kinoijodkorlardan tashqari Britaniyaning Sky studiyasi ham ishlamoqda. Kartina taqdimoti 15-noyabr kuniga rejalashtirilgan.
Devid Xolms asosiy qahramonning dublyori bo‘lishdan tashqari, franshizaning birinchi 2 ta qismi — “Garri Potter va hikmatlar toshi” (2001), shuningdek, “Garri Potter va maxfiy hujra” (2002)da Slizerin o‘quvchisi Edrian Pyusi obrazini ham ijro etgan.
2009-yili suratga olish maydonchasida filmdagi kadrlar uchun kerak bo‘lgan portlash uyushtirilgan. 27 yoshli Xolms aynan mana shu portlash vaqtida yuqoridan pastga tushib ketgan va umurtqa pog‘onasi lat yegan, tanasining ko‘krak qafasidan pastki qismi falaj bo‘lib qolgan.