Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Nafaqat estrada, balki Xorazm xalfa yo‘nalishidagi qo‘shiqlari bilan ham mashhurlikka erishgan xonanda Iroda Iskandarova 1971-yilning 30-oktyabr kuni Xonqa tumanida dunyoga kelgan. Ijodkor 2000-yillarning eng mashhur va talabgir xonandalaridan biri bo‘lgan. Afsuski, hayotidagi og‘ir judolik, aldanishlar uning sanʼatdan biroz yiroqlashishiga sabab bo‘lgan.

“Ismim Iroda emas, Muhabbat bo‘lgan”

Xonanda Xorazm xalfachilik yo‘nalishida ko‘zga ko‘ringan Ro‘zmetovlar sulolasining davomchilaridan biri hisoblanadi. Qahramonimiz bolaligi to‘yxonalarda o‘tgani va oiladagi barcha farzandlar qatori u ham folklor yo‘nalishiga qiziqqani haqida so‘zlab beradi.

Foto: Instagram / @irodaiskandarova_official

— Aslida ismim Iroda emas, Muhabbat bo‘lgan. Ammo dadam hujjatga Iroda deb yozdirgan ekan. Dadam rahmatli sanʼatni juda yaxshi ko‘rar edi, onam ham shifokor bo‘lishiga qaramasdan xalfachilik bilan shug‘ullangan. Yoshlari katta bo‘lsa ham, qo‘shiqning biror yerini xato aytsam, mana bu yeri xato ketibdi, deb aytib turardi. Birinchi katta tanqidchim — onam. O‘sha paytda plastinkalar bo‘lar edi, dadam Alla Pugachyovani yaxshi ko‘rar edi, men ham tilim chiqmasdan o‘sha xonandaning mingta atirgul haqidagi taronasini aytib yurgan ekanman. Yoshligimdan sanʼatga mehr rivojlangan. Onamning ko‘zi ojiz ustozlari bo‘lar edi, bir yil davomida ulardan dars olganlarida men ham qo‘shilib borganman.

Foto: Instagram / @irodaiskandarova_official

Onam bilan birga borib, cholg‘ularni qanday chalish, qanaqa qilib qo‘shiq aytish kerakligini ko‘rib o‘tirganman. O‘sha ayol bir-ikki soatlab dars berardi. Onamni ayollar davrasiga taklif qilishardi. Kichkina qizcha bo‘lsam ham, onamning oldida doira chalishni yaxshi ko‘rardim. Onamning dadasi ruxsat bermagan, biroq dadam buni tushungan holda indamagan, chunki xalfalar faqat ayollarning davrasida qo‘shiq aytgan, doirachisi ham, raqqosasi ham ayol kishi bo‘lgan. Onamning oldida yurib, o‘zim doira chalishni o‘rganganman, — deydi xonanda.

“Onamning ovozi bo‘g‘ilib qolgan”

Iroda Iskandarova bolalikdan, yaʼni 11 yoshidan onasi bilan to‘y xizmatlariga borgani haqida ko‘p gapirgan. Eng qizig‘i, 7-sinfda mustaqil to‘y o‘tkazishga majbur bo‘lgan kunlarini quyidagicha eslaydi.

Foto: Instagram / @irodaiskandarova_official

— Bizning paytimizda mikrofon bo‘lmasdi, bor ovozda qo‘shiq aytishga majbur bo‘lishardi. Onam bilan katta dalada bo‘ladigan to‘yga borganmiz. Negadir onamning tomog‘i birdan bo‘g‘ilib qolgan. “Qizim, sen ayt. Ovozing juda chiroyli-ku”, degan. “Yo‘q uyalaman, yakka o‘zim qo‘shiq aytolmayman”, deganimda onam birdan yig‘lab yuborgan. Chunki xalfachining bunday vaziyatga tushishi ko‘p davralarda muhokama bo‘lardi va odamlar unga ishonmay qo‘yardi. Onamning ko‘zyoshlarini ko‘rgandan keyin sahnaga chiqishga majbur bo‘lganman. Odamlar qiy-chuv bilan qarshi olishgan, hech kim yosh bola-ku demagan. Shu voqea sabab 7-sinfdan boshlab, mustaqil to‘y xizmatlariga chiqishni boshlaganman. Ammo onam o‘qishimni istardi. Faqatgina bir vaqtga ikkita to‘y kelib qolsa, majbur biriga men bilan ukamni yuborardi. Ukam doira, men akardion chalib qo‘shiq aytardim, — deydi xonanda Iroda Iskandarova.

“Kunduzi darsda, kechasi to‘yda”

Iroda Iskandarova mashhurlik sabab bolaligi ko‘ngildagidek o‘tmagani va uyqisirab darsda o‘tirgan kunlarini quyidagicha eslaydi.

Foto: Instagram / @irodaiskandarova_official

— Ilk kassetam 7-sinfda o‘qiyotganimda chiqarilgan. Eng qizig‘i, undan xabarim ham bo‘lmagan. Bir ayollar davrasiga xizmatga borganman va uy egasi videoga oldirgan. U paytlarda bunday texnikalar ancha kamyob edi. Xullas, o‘sha to‘ydagi uch soatlik video tarqalib ketgan. Uyimizga kelib, “Qizingiz qo‘shiq aytib bersin”, deydiganlar soni ham ko‘payib ketdi.

Aslida otam sanʼatkor emas, shifokor bo‘lishimni istagan. Lekin biror marta to‘yga bormasin deb taʼqiq qo‘ymasdi. Chunki u paytlarda ayollar va erkaklar alohida davra qurib o‘tirishardi. Shom payti boshlangan ayollar davrasi yarim kechgacha davom etardi. Uyga qaytib, dars qilardim. Maktabning eng aʼlochi o‘quvchilaridan bo‘lganim uchun yomon baho olish fojia edi. To‘ydan charchab kelib ham darslarni qilardim. Ertalab barcha o‘quvchilar singari darsga borardim, ammo darsda uyqisirab o‘tirardim, — deydi Iroda Iskandarova.

“Birinchi turmush o‘rtog‘im meni sindirdi”

Iroda Iskandarova mashhur xonanda Davron G‘oyipov bilan oila qurgan. Yosh ijodkor unga ishonib xato qilganini va ruhan ezilgan kunlarini quyidagicha eslaydi.

Foto: Instagram

— Sanʼatkor meni tushunadi, deb xato o‘ylagan ekanman. Chunki turmush qurganimizdan keyin sahnaga chiqasan, deb berilgan va’dalarning bari unutildi. O‘sha paytda Iroda Iskandarova bo‘lib emas, “Iroda xalfa” desa meni butun Xorazm tanir edi. Bir-ikki marta sahnaga chiqqanimdan keyin ruxsat bo‘lmagan. Hatto shunday vaqtlar ham bo‘lganki, meni butun olamdan uzib qo‘ygan. Besh yil zo‘ravonlikka chidagandan keyin oxiri toqatim toq bo‘lgan. Otam-onam qo‘llab-quvvatladi, chunki atrofimda ishonadigan insonlarim faqatgina ular edi. Turmush qurganimdan keyin sindim. Shunaqa qiyin damlarni boshdan kechirganman, peshonamda bu narsalar ham bor ekan. Keyin bo‘lmadi, vaqt o‘tib ajrashib ketdik, — deydi xonanda Iroda Iskandarova.

“Aldov va xiyonatlarga uchradim”

Turmushdan ajrashgan Iroda Iskandarova yana o‘zini o‘nglashga va ijodda o‘z o‘rnini topishga harakat qiladi. O‘sha yillari estrada yo‘nalishidagi qo‘shiqlar ancha rivojlangan paytlar bo‘lgan. U onasining qarshiligiga qaramay, estrada yo‘nalishida ijod qilishni boshlaganini quyidagicha eslaydi.

Foto: Instagram / @irodaiskandarova_official

— Onam avvaliga estrada yo‘nalishida qo‘shiq kuylashimni istamagan. Ammo Toshkentga ko‘chib kelganimdan keyin bu yo‘nalishda qo‘shiq aytmaslikning iloji yo‘q edi. “Sevar edim”, “Gapim bor”, “Hova hey” kabi qo‘shiqlarni ijro etib, xalq eʼtiboriga tushdim. Ammo ishonuvchanligim ko‘p bor pand berdi. Sanʼatda ko‘plab aldovlarga uchradim, xiyonatlarga uchradim. Ammo sanʼatdan yiroqlashishimning asosiy sababi bu emas. 2009-yili otamning salomatligi yomonlashib, undan ayrilib qoldim. Hayotdagi eng yaqin insonimni yo‘qotgandan keyin hafsalam bo‘lmay, ijod ham qilgim kelmadi. Bu sinov qaysidir maʼnoda atrofimdagi do‘stlarni elakdan o‘tkazdi. Odamlar eʼtiborida bo‘lmaganingizdan keyin ko‘pchilikka kerak bo‘lmay qolarkansiz, — deydi Iroda Iskandarova.

“Farzanddan ayrilish og‘ir ekan”

Iroda Iskandarova birinchi turmushidan ikkita, ikkinchi turmushidan esa bitta farzandli bo‘ldi. Afsuski, bu yil xonandaning hayotiga juda og‘ir keldi. U yolg‘iz o‘g‘lidan ayrildi.

Foto: Instagram / @irodaiskandarova_official

— O‘g‘lim ham bolalikdan sanʼatga qiziqardi. Chunki sanʼat qonida bor edi. Ammo negadir to‘ng‘ich farzandlarimning ikkisi ham sanʼatkor bo‘lishni istashmadi. O‘g‘lim Xitoy universitetida o‘qigan, karantin davri kuchayganidan so‘ng o‘qishini Toshkentga ko‘chirgandim. O‘shanda u bilan o‘qiydigan eng yaqin do‘sti koronavirus sabab vafot etgandi. Taqdir ekan, Allohim uni berdi va o‘zi qaytarib oldi. Ko‘richagini operatsiya qildirish kerak bo‘lib qoldi, o‘sha yerda joni uzildi. Ikki oyga qadar o‘zimga kelganim yo‘q. Uyimning har burchagidan o‘g‘limning surati ko‘rindi, gaplari xayolimdan ketmadi. Ona uchun farzandidan judo bo‘lish juda og‘ir ekan, — deydi Iroda Iskandarova.

Foto: Instagram / @irodaiskandarova_official

Iroda Iskandarova oilasi va do‘stlari yordamida o‘zini biroz bo‘lsa-da, qo‘lga olib ijodga qaytdi. Ammo ijodida avvalgidek shiddat yetishmayapti. Umid qilamizki, xonanda tez orada yana avvalgidek ijod ummoniga sho‘ng‘iydi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »