Toshkentda erkak 15-qavatdan sakrab, o‘z joniga qasd qildi
Toshkentning Yunusobod tumanida erkak o‘zi yashayotgan uyning 15-qavatidan sakrab, vafot etdi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
18-noyabr kuni soat 21:07 da IIO FMB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, 32 yoshli Sh.X. 23 yoshli rafiqasi N.R. bilan birga yashab kelgan uyning 15-qavatidan o‘zini tashlagan.
Erkak voqeadan ikki kun avval turmush o‘rtog‘iga osmonda uchgisi kelayotganini aytgan. U 2020-yildan buyon ruhiy asab kasalliklari shifoxonasida “shizofreniya” tashxisi bilan ro‘yxatda turib, davolanib kelgan.
Voqea sodir bo‘lgan kuni erkak ishga bormasdan uyda qolishini aytgan. Ayoli ishdan kelguniga qadar Sh.X.o‘z joniga qasd qilgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, o‘z joniga qasd qilish sabablari aniqlanmoqda.