Shavkat Mirziyoyev Bokuda Ozarbayjon prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi
Shavkat Mirziyoyev 24-noyabr kuni Bokuga amaliy tashrifi doirasida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokara o‘tkazdi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, suhbat davomida O‘zbekiston—Ozarbayjon do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, shu jumladan, oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqildi.
Tizim va samarali muloqotlar tufayli O‘zbekiston—Ozarbayjon munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani, amaliy mazmun bilan boyigani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat rahbarlari o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari yuzasidan ham fikr almashdi. Kimyo, energetika, zargarlik, mashinasozlik, qurilish va boshqa yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi. Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida davlat rahbari Ozarbayjon prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga borishga taklif etdi.
Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari Bokuda BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida ishtirok etadi. Tadbir kun tartibidan dastur doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Maqsadli fond tashkil etish, transport yo‘laklarini raqamlashtirish uchun “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surish va boshqa masalalar o‘rin olgan.
SPEKA dasturi mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish hamda ularning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga ko‘maklashish maqsadida 1998-yil 26-mart kuni Toshkent deklaratsiyasiga muvofiq ta’sis etilgan. Ishtirokchi davlatlar — O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston.