Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Bundan buyon davlat organlarining xizmat vazifasi davomida olingan foto-videoni internetda haqorat qilish maqsadida tarqatish uchun ma’muriy javobgarlik, hatto 15 sutka qamoq jazosi belgilanmoqda.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida mazkur qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Deputat Doniyor G‘aniyev buni ochiqlik siyosatiga zid deb hisoblashini ta’kidladi. 

“Qolaversa, bu IIO to‘g‘risidagi davlat, hokimiyat boshqaruvi organi ochiqlik to‘g‘risidagi qonunlarimizga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri zid. Konstitutsiyamizda ham axborot erkinligi bor. Mana shu narsalarni inobatga olish kerak. Qolaversa, eng xavotirlisi shuki — bu norma amaliyotga kiradigan bo‘lsa, ba’zi mansabini suiiste’mol qiluvchi, fuqarolar huquq va erkinligini kamsituvchi xodimlar bundan boshqa maqsadlarda: fuqarolar huquqlarini buzishga, ularga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lishga ishlatishlari xavfi yo‘q emas. Eng achinarlisi, bu aks natija beradi. Ya’ni bugun biz IIO xodimlari fuqarolarning haqiqiy do‘stiga aylanishini xohlaymiz. Bu kabi normalar esa xodimlarga nisbatan hurmat o‘rnini qo‘rquv, ishonchi o‘rnini shubha, sevgisining o‘rnini nafrat egallashiga xizmat qiladi. Shu sababli bu normada biz juda hushyor bo‘lishimiz kerak”, — degan deputat. 

Bir qancha ijtimoiy tarmoq faollari ushbu qonun loyihasi yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirdi. Xususan, Otabek Bakirov o‘z sahifasida “O‘zbekistonni politsiya davlatiga aylantirish yo‘lida katta qadam tashlanibdi”, deya fikrlarini yozib qoldirgan. 

“Biz maishiy tashvishlarga o‘ralashtirilib, masalan, svet va suv uchun kurashib yotgan paytda O‘zbekistonni politsiya davlatiga aylantirish yo‘lida katta qadam tashlanibdi. Anonssiz, hech bir jamoatchilik muhokamalarisiz, dastyor parlament vositasida.

Obro‘sizlantirish va haqorat uchun qonunchilikda jazo bor. Normal huquqiy davlatda bu qoidalar barcha uchun amal qiladi.

Agar politsiya yo ichki ishlar xodimlari uchun alohida qoidalarni belgilash boshlansa, kuch, maʼmuriy resurslar va mablag‘lar noteng taqsimlangani, ayniqsa, mustaqil sudning yo‘qligi sharoitida fuqarolarni repressiv apparatga “garovga topshirib” qo‘ygan bo‘lamiz.

Politsiya davlatiga aylangan davlatda politsiya repressiyalardan holi bo‘ladi, deb o‘ylayotgan bo‘lsangizlar, qattiq adashasizlar”, — deya yozgan Otabek Bakirov.

Bundan tashqari, “Davletovuz” Telegram-kanali muallifi Qobil Hidirov ham bu normaga o‘z mulohazasini bildirgan. Uning ta’kidlashicha,  Ichki ishlar organlari norma bilan o‘zlarini himoyalab olmoqda. 

“Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati muhim qonunning ichida o‘zlari uchun kerakli normani ham tiqib ketishgan. Ichki ishlar xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida fuqarolar tomonidan foto yoki videotasvirga olib internet orqali tarqatilishi maʼmuriy, hatto 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanishga sabab bo‘lishi haqidagi norma kiritilgan.

Deputatlar haqorat qismini chiqarib tashlashdi, lekin obro‘sizlantirishni qoldirishdi. Ochiqlikka, mamlakatdagi trendga qarshi qaratilgan norma.

Lekin ko‘rinib turibdiki, Ichki ishlar organlari o‘zlarini himoyalab olishmoqda. Himoyalaganda ham, qattiroq jazo so‘rashmoqda. Bu norma chiqarilishi kerak. Shundoq ham noto‘g‘ri axborot tarqatganni, darhol topib, uzr so‘rattirib, jazolashmoqda. 

Qonun uchala o‘qishda ham qabul qilindi va senatga yuborildi. Muhokamalarni to‘liq ko‘rish mumkin”, — deydi bloger.

Shu bilan birgalikda, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ham qonun loyihasini tanqid qilgan. Bloger ushbu qonun normasiga hech qanday ehtiyoj yo‘qligi va bu ertaga faqat zarar keltirishini qayd etgan. 

“Og‘rigan quloqni davolash emas, kesishni xohlayotganlar haqida:

Bugun deputatlar ko‘p qonunlar qatorida yana bitta antiqa qonunni ham tasdiqlabdi. 

Yaʼni ichki ishlar xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida fuqarolar tomonidan foto yoki videotasvirga olib internet orqali tarqatilishi maʼmuriy, hatto 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanishga sabab bo‘lishi haqidagi qonun uch o‘qishda tasdiqlanib ketibdi.

Bu nima degani?

Bu shu deganiki, ertaga birorta nopok, o‘z ishiga noloyiq va qonunbuzar ichki ishlar xodimining videosi yoki suratini internetga joylasangiz, sizga jamoatchilik nazoratidagi faolligingiz, tizimni tozalashdagi yordamingiz uchun rahmat aytishmaydi, balki aksincha 15 sutkagacha tiqib qo‘yishadi.

Aslida bunaqa alohida moddaga ehtiyoj bormi?

Yo‘q! Ushbu qonun normasiga hech qanday ehtiyoj yo‘q va bu ertaga faqat zarar keltiradi.

Hozirgi qonunlarimizda ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan qarshilik qilganlarga jazo bormi? Bor!

Ichki ishlar xodimini haqorat qilgani uchun (xoh hayotda, xoh internetda) jazo bormi? Bor!

Ichki ishlar xodimiga tuhmat qilib, uni obro‘sizlantirgani uchun jazo bormi? Bor!

Bo‘ldi-da, unda yana nima kerak sizlarga?

O‘zi amaliyotda eng ko‘p soxta ayblov qo‘yiladigan moddalardan biri — ichki ishlar organlari xodimiga qarshilik qilish, degan modda edi, kimnidir 15 sutkaga qamash kerak bo‘lsa, odatda mana shu “dejurniy” ayblovdan foydalanishardi. Endi yana bitta “dejurniy” modda qo‘shilyapti, ichki ishlar xodimini obro‘sizlantirmoqchi bo‘ldi, deb qamashlar ko‘payadi. Chunki nima obro‘sizlantirish-u, nima obro‘sizlantirish emasligi haqida aniq chegara yo‘q.

Juda yomon ish bo‘libdi lekin”, — deydi Xushnudbek. 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »