Qashqadaryoda transformator portlab, uch nafar bola vafot etgani xabar berilgandi. Hokimlik buni rad etdi
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida transformator portlashi oqibatida uch nafar bola vafot etgani xabar berilgan edi. Hokimlik axborot xizmati buni rad etdi va noto‘g‘ri axborot uchun javobgarlik borligini eslatdi.
Bolalarning o‘limi haqida yozgan tarmoq faoli portlagan transformator uning uyi yonida bo‘lganini, bolalar esa o‘sha transformator yonida o‘yin o‘ynayotganini bildirgan.
Internet foydalanuvchisining xabariga munosabat bildirgan hokimlik axborot xizmati rahbari Sherzod Hasanov voqeani rad etadi. Va xabar muallifiga yolg‘on axborot tarqatish javobgarlikka sabab bo‘lishini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkabog‘ tumanida transformator portlagani va mazkur voqea tufayli yosh bolalar vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Tumanda bu kabi holat aslo ro‘y bergani yo‘q, — deyiladi hokimlik munosabatida.
Qo‘shimcha qilinishcha, xabar muallifi qidirilmoqda va ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on axborot tarqatgani uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi ta’minlanadi.