Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

24-dekabr kuni kechqurun Belgrad parlament binosi yaqinida bir hafta oldin o‘tkazilgan parlament va mahalliy saylov natijalarini bekor qilishni talab qilib, bir necha ming kishi hukumatga qarshi namoyish o‘tkazdi. Mazkur binoda respublika saylov komissiyasi joylashgan.

Foto: Reuters

Muxolifat namoyishiga “Serbiya zo‘ravonlikka qarshi” bloki yetakchilari Marinika Tepich va Miroslav Alekshich boshchilik qildi. Aksiya chog‘ida namoyishchilar shaharning markaziy ko‘chasi, parlament joylashgan ko‘cha va undan 100 metr uzoqlikda Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning qarorgohi joylashgan ko‘chani to‘sib qo‘ydi. Shahar parlamentiga kiraverishda yig‘ilganlar “Vuchich — o‘g‘ri!” deb hayqirdi, deyiladi Reuters xabarida.

Namoyishchilar parlament binosiga bir necha bor bostirib kirishga urinib, deraza va eshiklarga zarar yetkazgan. Binoga tosh va boshqa narsalar uloqtirilgan. Ichki ishlar vazirligi namoyishchilarni “binoga kirmaslikka” chaqirgan. Politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlatuvchi gaz va qalampir ballonlarini ishlatib, ularning ichkariga kirishiga to‘sqinlik qilgan.

Namoyishlar chog‘ida Aleksandr Vuchich davlat televideniyesi orqali favqulodda murojaat yo‘lladi. Prezident o‘z qarorgohidan turib serblarga gapirar ekan, mintaqada ko‘pchilik “muvaffaqiyatli inqilobni nishonlay boshlaganini, biroq rasmiylar “Serbiya erkinligini saqlab qolishini” aytdi. Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, boshqa davlatlarning razvedka xizmatlari rasmiy Belgradni yaqinlashib kelayotgan norozilik namoyishlari haqida ogohlantirgan.

“Xususan, Rossiya bunday ma’lumotlarni rasmiylarga taqdim etdi”, — dedi Serbiya bosh vaziri Ana Brnabich.

Vuchichning xalqqa murojaatidan so‘ng, Brnabich singari ko‘plab serb siyosatchilari mamlakat Maydanga (2013—2014-yillarda Kiyevda bo‘lib o‘tgan Maydan voqealari nazarda tutilmoqda, buning natijasida Ukrainada hokimiyat almashgandi — “Daryo” izohi) tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida gapira boshladi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, “kollektiv G‘arb Maydan to‘ntarishi usullaridan foydalanib, Serbiyadagi vaziyatni qo‘zg‘atmoqchi”.

Serbiya politsiyasi mahalliy vaqt bilan taxminan 22:00 da (Toshkent vaqti bilan 02:00) namoyishchilarni parlament binosidan uzoqlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Kechqurun politsiya 38 kishini hibsga oldi, ammo qo‘lga olinganlarning umumiy soni ko‘proq bo‘lishi mumkin. Ana Brnabichning ma’lum qilishicha, namoyishlar chog‘ida 30 dan ortiq politsiyachi yaralangan, ulardan birining jarohati og‘ir. Serbiya muxolifati politsiyani namoyishchilarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlikda aybladi.

Serbiya Milliy xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishidan so‘ng Aleksandr Vuchich kechqurun ikkinchi marta mamlakat aholisiga murojaat qildi. Prezident politsiya hibsga olishda davom etishini va tartibsizliklarga aloqadorlarning barchasini topishini aytdi.

“Ular hech qayerga yashirina olmaydi. Siyosiy injiqlik tufayli Serbiya davlatini vayron qila olmaysiz. Demokratiya va fuqarolarning saylovoldi irodasini yo‘qqa chiqara olmaysiz”, — dedi Vuchich.

“Serbiya zo‘ravonlikka qarshi” muxolifat bloki tarafdorlari mamlakatda 17-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarining ertasiga norozilik namoyishlarini boshlagandi.

Respublika saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, navbatdan tashqari parlament saylovlarida Vuchichning hukmron Serbiya progressiv partiyasi 46,72 foiz ovoz olgan. Ikkinchi o‘rinni 23,56 foiz ovoz bilan markaziy chap muxolifatning “Serbiya zo‘ravonlikka qarshi” alyansi, uchinchi o‘rinni Serbiya Sotsialistik partiyasi (6,56 foiz) egalladi. Shu tariqa, Vuchichning partiyasi parlamentdagi 250 o‘rindan 127 tasini oladigan bo‘ldi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) vakillari OAVning muxolifatga nisbatan tarafkashligi, Aleksandr Vuchichning ta’siri va ovoz berishdagi qonunbuzarliklar tufayli saylovlarda “adolatsiz ustunlik” bo‘lganini aytdi.

 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »