Ilhom Aliyevning 10 nafar raqibi MSKda ro‘yxatdan o‘tmadi — OAV
Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasi 7-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga 17 kishi nomzodini ko‘rsatishni ma’qulladi, biroq ulardan 10 nafari ro‘yxatga olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni komissiyaga taqdim etishga ulgurmadi.
Ularning nomzodi ro‘yxatga olinmaydi – hujjatlarni topshirish muddati 8 yanvar kuni soat 18:00 da tugadi. O‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun atigi yetti kishi imzo varaqalarini topshirdi, ulardan uch nafari allaqachon ro‘yxatga olingan — “Yangi Ozarbayjon” partiyasidan amaldagi prezident Ilhom Aliyev, “Milliy front partiyasi”dan Razi Nurullayev va mustaqil nomzod Zohid Oruj.
Avvalroq ularning uch nafar raqibi bayram kunlarini hisobga olgan holda imzo to‘plash muddatini uzaytirish talabi bilan MSKga murojaat qilib, komissiya binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazgan edi. Ammo Markaziy saylov komissiyasi ularning iltimosini ham ko‘rib chiqmadi. Nakizad Safarov, Madlab Mutallimov va Syarvan Kerimov norozilik belgisi sifatida imzo varaqalarini yirtib tashlashdi. Bundan tashqari, Safarov raqiblarini soxtalikda aybladi.
Boshqa nomzodlar — mustaqil nomzod Fuad Aliyev (Liberal-demokratik partiyaning sobiq rahbari), “Buyuk bunyodkorlik” partiyasi vakili Fozil Mustafo, “Buyuk Ozarbayjon” partiyasidan Elshad Musayev, “Butun Ozarbayjon Xalq fronti” partiyasi Gudrat Hasanguliyev Markaziy saylov komissiyasida ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim etmagan.
Eslatib o‘tamiz, 7-dekabr kuni prezident Ilhom Aliyev Ozarbayjonda muddatidan oldin prezidentlik saylovi o‘tkazilishini e’lon qilish haqidagi farmonni imzolagandi. Uning davlat rahbari sifatidagi amaldagi yetti yillik vakolati 2025 yilning aprelida tugaydi. 2018-yilning 11-aprelida Aliyev ketma-ket to‘rtinchi marta prezident lavozimiga qayta saylandi.