Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Qirg‘iziston hukumati gidroelektr stansiyalar kaskadini qurish uchun Chotqol daryosi tekisligini Besh-Orol davlat qo‘riqxonasidan chiqarib tashlamoqchi. Holat yuzasidan “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi YUNESKOning Butunjahon merosi qo‘mitasi va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqiga murojaat qildi.

Illyustrativ foto: Orda.kz

Ekologlar Qirg‘iziston hukumatining qo‘riqxona hududida oltin qazib olish va yo‘l infratuzilmasini qurishga ruxsat berish rejalaridan ham xavotir bildirdi.

Koalitsiya Besh-Orol qo‘riqxonasi uch davlat — Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston hududida joylashgan “G‘arbiy Tyan-Shan” transchegaraviy YUNESKO Butunjahon tabiiy merosi obyektining asosiy tarkibiy qismlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Maʼlum qilinishicha, Besh-Orol qo‘riqxonasi hududida quvvati 1050 MVt bo‘lgan ikkita gidroelektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan:

  1. Srednechatkalskaya (Barkraukskaya) GES — 350 MVt;
  2. Nijnechatkalskaya (Min-Tukumskaya) GES — 700 MVt.

2023-yil oxirida Qirg‘iziston hukumati ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun Fransiyaning eng yirik energetika kompaniyasi EDFga murojaat qilgan.

Rejaga ko‘ra, Chotqol daryosi vodiysining qariyb 15 kilometrlik qismi ikkita suv ombori bilan to‘ldiriladi, uning ostidagi 25 kilometrdan esa yo‘lak yoki tunnel yaratish uchun foydalaniladi.

Ekologlarning ta’kidlashicha, qo‘riqxonaning markaziy daryo ekotizimining buzilishi nafaqat Besh-Orol qo‘riqxonasining tabiiy majmuasiga halokatli ta’sir ko‘rsatishi, balki YUNESKOning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatidagi “G‘arbiy Tyan-Shan” obyektiga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazishi mumkin.

“Chotqol daryosining bo‘linishi va suv oqimi burish natijasida suvsizlanishi, shuningdek, ikkita suv omborining yaratilishi suv ekotizimlari va gidrobiontlar uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Birinchi bo‘lib ko‘chib yuruvchi tur sifatida marinka (Schizothorax sp.), shuningdek, kamyob Chotqol balig‘i (Cottus jaxartensis) aziyat chekadi. Umuman olganda, YUNESKO merosi obyekti hududida Chotqol daryosi va uning vodiysining tabiiy ekotizimlari tubdan o‘zgaradi va tanazzulga yuz tutadi”, — deb ta’kidlaydi “Chegara bilmas daryolar” koalitsiyasining xalqaro koordinatori Yevgeniy Simonov.

Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasining Biologiya instituti mutaxassislari ham ekologlarning fikriga qo‘shiladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, rejalashtirilgan GESlar kaskadining qurilishi natijasida qo‘riqxonaning gidrologik rejimi sezilarli darajada o‘zgaradi, bu uning barcha turlari va jamoalariga taʼsir ko‘rsatishi mumkin, bu hududning qo‘riqxonadan begonalashtirilishi Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklar va hayvonlarga katta zarar keltiradi.

“Qo‘riqxonada rejalashtirilgan qurilishning ko‘plab muqobil variantlari bor: Qirg‘iziston daryolarida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bilan ziddiyatsiz GESlar qurish uchun o‘nlab potensial joylar mavjud”, — deydi “Chegara bilmas daryolar” tashkilotining mintaqadagi koordinatori Aleksandr Kolotov.

Chotqol daryosidagi GES masalasida shuni tushunish kerakki, YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlariga zarar yetkazish nafaqat Xalqaro Jahon merosi konvensiyasi, balki aksariyat xalqaro banklar va investitsiya kompaniyalarining ichki qoidalari bilan ham taqiqlangan. Jahon merosi obyektidan yer olish Qirg‘izistonning gidroenergetikani rivojlantirish uchun xalqaro kreditlar olish qobiliyatiga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.

YUNESKO maʼlumotlariga ko‘ra, “G‘arbiy Tyan-Shan” transchegaraviy Butunjahon tabiiy merosi obyekti Markaziy Osiyo Tyan-Shan tog‘ tizimining bir qismi – dunyodagi yetti yirik tog‘ tizmalaridan biridir. Ushbu obyekt juda boy bioxilma-xillik bilan ajralib turadigan turli xil landshaftlarga ega.

G‘arbiy Tyan-Shan mintaqasi global ahamiyatga ega, chunki u bir qator mevali daraxtlarning kelib chiqish joyi bo‘lib, o‘rmon turlarining xilma-xilligi va o‘ziga xos florasi bilan ajralib turadi.

  • “Chegara bilmas daryolar” ekologik koalitsiyasi transchegaraviy daryolarni muhofaza qilish va daryolar havzasini boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ilgari surish bilan shug‘ullanuvchi nodavlat tashkilotlar va ekspertlarning xalqaro tarmog‘idir. 
  • Koalitsiya 2009-yilda tuzilgan, 2011-yilda tashkilot Ulan-Batorda (Mo‘g‘uliston) “Chegara bilmas daryolar” nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan, 2023-yilda koalitsiya Markaziy Osiyo mamlakatlarida faoliyat yuritish uchun “Shekarasiz ezender” jamoat fondini tashkil etgan, u Olmaota (Qozog‘iston) shahrida joylashgan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »