Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Bir qiziq voqea Leonid Iovich Gaydayga navbatdagi durdona asarini suratga olish joyini tanlashga yordam beradi: gazetani varaqlar ekan, rejissor oshiq yigit sevgilisini uyidan qanday o‘g‘irlab ketgani haqidagi maqolaga ko‘zi tushadi. Bunday etnik xususiyatlar Gaydayga real voqealarga asoslangan sarguzasht film suratga olish uchun ajoyib g‘oya berdi.

Qolaversa, muallif g‘oyasiga ko‘ra, film ikki qismdan iborat bo‘lishi kerak edi. Birinchisi, hammamiz yaxshi biladigan qism, ikkinchisi esa tomoshabinlarga Kavkaz tog‘larida g‘aroyib maxluqni topmoqchi bo‘lgan ekspeditsiya haqida hikoya qiladi. Uni “Qor odam” deb atash mumkin edi, ammo bu amalga oshmaydi — rahbariyat faqat birinchi qismni ma’qullaydi.

“Kavkaz asirasi” qayerda suratga olingan?

Yoz. 1966-yil. “Kavkaz asirasi” suratga olingan kurort shahar — Qrim qirg‘og‘ida joylashgan Alushta shahri. O‘shandan beri bu yer sayyohlar uchun haqiqiy diqqatga sazovor joyga aylandi, chunki bu yerda afsonaviy film suratga olingan. Ammo filmning ko‘plab kadrlari “Mosfilm” pavilyonlarida olinadi.

Nina va Shurikning ilk uchrashuvi Bog‘chasaroy viloyati Kuybishevo va Visokoye qishloqlari orasidagi yo‘lda bo‘ladi. Aytgancha, kadrda Lyusi laqabli eshakni ham ko‘rish mumkin — u filmning asosiy detaliga aylangan, o‘sha paytda u Simferopol hayvonot bog‘ida yashagan. Jonivorning yulduzli onlari “Kavkaz asirasi” bilan tugamaydi, u keyinchalik “9-rota” nomli urush haqidagi filmda ham ishtirok etgan.

Leonid Gaydayga Shurikning daryoda oqib ketish sahnasi Qrim tog‘lari fonida yoqmaydi, shuning uchun Krasnodar o‘lkasi Krasnaya Polyana yaqinidagi Mzimta daryosiga borishga qaror qilinadi.

Qahramonni Abxaziyada, Ritsa ko‘liga boradigan yo‘lda “o‘g‘irlab ketish”ga qaror qilinadi. Ammo afsonaviy uchlik — Qo‘rqoq, Dovdir, Barzangi karusel yonidagi bochkadan pivo ichadigan va qo‘llarini ushlab mashina yo‘lini to‘sgan joy Qrimning janubiy tomonida joylashgan Radiant tog‘laridagi qishloq edi. Turistlarni jalb qilish uchun keyinchalik mahalliy aholi kafe, muzey, parki bo‘lgan butun boshli “Gayday bog‘i” va qahramonlarga o‘xshagan dekoratsiya quradilar – bir nechta joyda kartondan yasalgan mashhur uchlik maketi bor.

2008-yilda Irkutskda Qo‘rqoq, Dovdir, Barzangi va Leonid Gaydayning haykali o‘rnatiladi. Chunki rejissorning bolaligi shu shaharda o‘tgan va u shu yerdagi mahalliy teatr maktabini tamomlagan.

“Kavkaz asirasi” filmini suratga olgan uyga sayohat

Nina meva va non yegan kadrni e’tiborga olmaslik mumkin emas. U hamma sahnalardan oldin — aprel oyida Moskvada suratga olingan, yoz kelgach, jamoa sayohatga chiqadi.

Esingizda bo‘lsa, Nina zinapoyadan tog‘asining oldiga tushayotganida Saaxov bilan tanishadi va u qizdan: “Nikohga munosabatingiz qanday?” deb so‘raydi. Nina zinadan tushgan o‘sha joy — Qrimdagi Alushta shahri Krapivniy ko‘chasi va Baglikova ko‘chasi chorrahasida joylashgan. Beton devor va metall panjaralar asl ko‘rinishida saqlab qolingan, yashil darvoza ham o‘shanday, faqat hozir yog‘och emas, temirdan yasalgan.

Shu uy ortida yashovchi oila filmning suratga olish tarixi, mahalliy tabiat va madaniyatning go‘zalligi bilan qiziquvchi sayyohlarni tez-tez qabul qiladi. Agar bu joyda uzoqroq qolishni istasangiz, bu oila Krapivniy ko‘chasida “Kavkaz asirasi” mehmonxonasini ham ochgan.

Dovdir Shurikka yong‘oq otgan daraxtni unutib bo‘lmaydi. U Alushta shahridan o‘n kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, shamol qoyalardan g‘ayrioddiy shakllarni o‘yib ketganligi sababli “Arvohlar vodiysi” deb ataladi.

Shurik Ninani avtobus bekatiga kuzatib borgan va keyin eshakka minib ketgan so‘nggi kadr Alupka viloyatidagi Ay-Petri cho‘qqisi yaqinida suratga olingan.

Film premyerasi 1967-yil 3-aprelda bo‘lib o‘tgan va uni 80 milliondan ortiq kino muxlislari tomosha qilgan. Ammo bu durdona asardan bebahra qolishimiz ham mumkin edi, chunki “Goskino” rahbarlaridan biri “to tirik ekanman antisovet ruhidagi bu film ekranlarga chiqmaydi” deydi.

Vaziyat Leonid Ilich Brejnev tufayli o‘zgaradi — u “nimadir yangi narsa” ko‘rishni xohlaydi va unga Gaydayning yangi filmiga baho berishni taklif qilishadi. Davlat arbobiga film yoqadi. U “Goskino”ga amalga oshirilgan ishlar uchun minnatdorlik bildiradi. Shundan keyingina filmning ekranlarga chiqishiga ruxsat beriladi.

Yuqori darajadagi professionallik

Shurik uxlab yotgan qopda daryoga tushib ketgani va Nina uni qutqarishi kerak bo‘lgan sahna uchun kaskadyor taklif qilingan, ammo “Motor!” deyilgan zahoti kaskadyor cho‘ka boshlagan – qiz filmda suratga tushish uchun suzishni bilaman deb aldagan edi. Natijada Natalya Varleyning o‘zi muzdek suvga (5-6 daraja sovuq) sakraydi — suvdan chiqqan qahramonlarning titrayotgani aktyorlik mahoratidan emas, balki haqiqatan muzlab qolganlaridan edi.

Yong‘oq daraxti haqida

Yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, o‘sha mashhur yong‘oq daraxti yaxshi holatda saqlangan. 1992-yilda ko‘chki bo‘lib, landshaftga zarar yetgan bo‘lsa ham daraxt shikastlanmagan. Hozirda u kichik panjara bilan o‘ralgan va yonida “Nikulin yong‘og‘i” degan yozuv bor. Aytgancha, uning yonida Nina tosh ustida turgan holda ayiqlar haqida qo‘shiq kuylagan kadr suratga olingan.

Kichik yordamchi

Nikulinning qahramoni karavotda yotganda tovonini qashlagan kadr pakana odam (u adyol ostida yashiringan) yordamida suratga olingan.

Ishtaha ochuvchi sahna

Barzangi patnisda meva-cheva olib kirganda Nina ularni ishtaha bilan yeyishni boshlagan epizodda ham sirlar bor. Aslida yeguliklar mulyaj bo‘lgan, chunki mazkur kadr erta bahorda Moskvada suratga olingan va bu paytda meva topish qiyin edi.

Bundan tashqari, patnisda bulochka (haqiqiy nomi — gata) bor edi. Suratga olish paytida non juda eskirib, qotib qoladi. Shunga qaramay, Gayday Varleyni nonni ishtaha bilan yeyishga majbur qiladi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »