Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni iste’foga chiqargani sababini ma’lum qildi.

Foto: Ukraina prezidenti Telegram kanali

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina 2023-yili Rossiyaga qarshi urushda muvaffaqiyatga erisha olmadi. Shu sababli Ukraina armiyasi o‘zgarishlarga muhtoj.

“Birinchi yil turib bera oldik. O‘zimiznikilarni (hududlarni) qaytarib ola boshladik. Butun dunyoga Rossiya yutqazishi mumkinligini isbotladik. Urushning ikkinchi yilida Qora dengizda g‘alaba qozondik. Qishda g‘alabaga erishdik. Ukraina osmoni ustidan nazoratni qayta qo‘lga kirita olishimizni isbotladik. Ammo, afsuski, davlatimizning yerdagi maqsadlariga erisha olmadik”, — dedi u.

Zelenskiy hozirda frontning janubiy yo‘nalishlarida “turg‘unlik hissi” va Donetsk viloyatidagi janglarda qiyinchiliklar borligini ta’kidladi. Bu ukrainaliklarning umumiy kayfiyatiga ta’sir qilgan.

“Ukrainaliklar g‘alaba haqida gapirishni kamaytirdi. Ammo ukrain ruhi g‘alabaga ishonchini yo‘qotgani yo‘q. Ukraina o‘zining tarixiy imkoniyatini saqlab qolmoqda. Buni amalga oshirish bizning burchimizdir. Bu yil har bir ukrain askari, avvalgidek, Ukraina davlati, Ukraina armiyasi g‘alaba qozonishga qodirligini bilib oladigan davrga aylanishi kerak.

Ukraina prezidenti Zalujniy bilan armiyada “shoshilinch o‘zgarishlar” zarurligi haqida ochiq gapirganini ta’kidladi.

“Gap familiyalar yoki hatto siyosat haqida ham emas. Bu bizning armiyamiz tizimi, Ukraina qurolli kuchlarini boshqarish va urushning jangovar komandirlari tajribasini jalb qilish haqidadir. Har bir askar, har bir serjant va har bir frontni ko‘rgan ofitser qanday qarorlar qabul qilish kerakligini tushunadi. Barcha darajadagi shtab-kvartiralar frontni “nol”dagi askarlar kabi bilishi va his qilishi kerak”, — deydi siyosatchi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya-Ukraina urushining jangovar qo‘mondonlari o‘zlarining maxsus tajribasini butun armiya darajasida amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Zelenskiy hozir armiyada millionga yaqin odam borligini, biroq ularning aksariyati “frontni his qilmaganini”, ozchilik esa aslida frontda jang qilayotganini ta’kidladi.

“Bu boshqacha yondashuv zarurligini, xususan, rotatsiyaga nisbatan ehtiyoj borligini bildiradi. Front boshqaruvida o‘zgacha yondashuv. Mobilizatsiya va yollashda esa boshqacha yondashuv”, — dedi Zelenskiy.

Zalujniyni ishdan bo‘shatish

8-fevral kuni prezident Vladimir Zelenskiy Valeriy Zalujniyni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimidan ozod qildi. Uning o‘rniga Kiyevni muvaffaqiyatli himoya qilish va Xarkov viloyatida qarshi hujum bilan mashhur bo'lgan general-polkovnik Aleksandr Sirskiy tayinlandi.

“Ukraina qurolli kuchlari rahbariyatini yangi boshqaruv guruhi o‘z zimmasiga oladi. Men Rabotino yoki Avdeyevkadagi askarlarimiz, Bosh shtab va shtab-kvartirada urush haqidagi qarashlar birlashishini istayman”, — dedi Ukraina prezidenti.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »