“Putin Ukrainadagi urushda mag‘lub bo‘lmaydi” — Ilon Mask
Milliarder Ilon Mask amerikalik respublikachi senatorlar ishlab chiqqan loyihaga qarshi chiqib, Rossiya Ukraina bilan urushda yengilmasligini aytdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Tesla kompaniyasining bosh ijrochi direktori Mask tegishli bayonotini X Spaces forumida aytib o‘tgan. Muhokamalarda Rossiyaning Ukrainaga hujumiga qarshi kurashni davom ettirishda qo‘shimcha yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi Senat loyihasiga qarshi chiqqanlar qatnashgan.
Buni shtatlarning bir qancha taniqli vakillari hamda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka sobiq nomzod Vivek Ramasvami ham qo‘llab-quvvatlagan.
Ilon Mask Ukrainada Rossiya muvaffaqiyatsizligini kutayotganlarni “tush ko‘rayotganlik”da ayblagan. Milliarderga ko‘ra, sarflanayotgan xarajatlar Ukrainaga yordam bermaydi, urushni uzaytirish esa Ukrainaga foyda keltirmaydi.
Asosiy e’tiroz AQSH harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakatlarga ajratmoqchi bo‘lgan 95 millard dollar borasida ketmoqda. Bu paketning 60 millard dollari Ukraina mudofaasi uchun, qolgan 35 millardi esa Isroil va Tayvandagi harbiy operatsiyalar hamda G‘azoga gumanitar yordam uchun ajratilishi kerak.
Ilon Mask yuqoridagi fikrlarini X tarmog‘ida ham ilgari surgan. U Ukrainaning urushda g‘alaba qozonish qobiliyatiga shubha bildirib, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ta’minot borasidagi so‘rovlarini masxara qilgan.
O‘z nutqida Ilon Mask SpaceX Ukrainaga Starlink internet xizmatini taqdim etayotganini, bu Rossiya bosqinidan keyin mamlakat kommunikatsiyalari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidlagan.