Ispaniyada rossiyalik harbiy uchuvchi o‘lik holda topildi
Ukrainaga 2023-yilda Mi-8 vertolyotini olib o‘tgan rossiyalik uchuvchi Maksim Kuzminov Ispaniyada o‘lik holda topildi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Uning o‘limini Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi tasdiqlagan, Kuzminov otib o‘ldirilgan.
“U Ukrainada qolish o‘rniga Ispaniyaga ko‘chib o‘tishga qaror qildi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, u sobiq sevgilisini taklif qilgan va otib o‘ldirilgan holda topilgan. Bundan tashqari, o‘lim joyidan uncha uzoq bo‘lmagan hududda yonib ketgan mashina topilgan. Ehtimol, avtomobilni marhumni o‘ldirganlar boshqargan bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
Ukraina razvedkasi vakili Andrey Yusov tafsilotlarni keltirmasdan, faqat “o‘lim faktini tasdiqlashi mumkinligini” ma’lum qildi. Ispaniya rasmiylari Ukraina tomoni ma’lumotlarini hali tasdiqlagani yo‘q.
“Fuqarolik gvardiyasi o‘ldirilgan erkakning shaxsini aniqlashda davom etmoqda, chunki undan topilgan hujjatlar yolg‘on bo‘lishi mumkin”, — deb xabar beradi Europa Press.
Shu bilan birga, Ispaniya davlat axborot agentligi “tergovga yaqin manba”ga tayanib, aynan Maksim Kuzminov o‘ldirilganini yozmoqda.
Kuzminov 2023-yilda Ukrainaga harbiy vertolyotni olib qochgandi
Maksim Kuzminov 2023-yil sentyabrida Kursk viloyatidan Ukrainaga Rossiyaning Mi-8 harbiy vertolyoti olib qochgani maʼlum bo‘ldi.
Kuzminovning o‘zi mamlakat razvedka xizmati bilan bog‘langan va jangovar zonada bo‘lganida, Mi-8 vertolyotida Ukraina hududiga uchgan. Buning uchun u xavfsizlik kafolatlari va pul mukofoti va’dasini olgan.
O‘z navbatida, Rossiya davlat OAVlari bortda uchuvchidan tashqari, navigator va jangovar texnik bo‘lgani hamda ular o‘lganini xabar qilgan.