Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Xonanda Manzuraning ijod olamiga kirib kelganiga 27 yil bo‘ldi. Bu yil 46 yoshni qarshilagan ijodkor shu kungacha o‘ndan ortiq xit qo‘shiqlar va muvaffaqiyatli rollarni ijro etdi.

Rassom oilasida tug‘ilgan Manzura

Xonanda Manzura intervyularida to‘kis oilada ulg‘aygani va bolaligi go‘zal xotiralarga boy o‘tgani uchun ota-onasidan minnatdor ekanligini taʼkidlaydi. 

Foto: Instagram

— Bolaligim haqiqatan go‘zal o‘tgan. O‘zim ham yuzlari do‘mboq, beg‘ubor qiz bo‘lganman. Juda kichikligimdan boshlab sanʼatga qiziqardim. Dadamning ustaxonasidagi jarayon ham menga zavq ulashardi, — deydi xonanda Manzura.

Foto: Instagram

Manzuraning otasi o‘z davrining taniqli rassomlaridan biri bo‘lgan. Shu boisdan ham Muborak Yo‘ldoshev qizlaridagi sanʼatga bo‘lgan mehrni erta payqaydi. Besh yoshidayoq qizidagi noyob isteʼdodni sezgan ota, do‘sti Karimxoji bilan maslahatlashib, uni Uspenskiy nomidagi musiqa maktabiga o‘qishga beradi. Yosh xonanda “Neymer” orkestri bilan “Karubina” ariyasini mahorat bilan kuylaydi. Uning ovoz diapazoni tengdoshlariga nisbatan ancha kuchli ekani ustozlarini ham hayratlantiradi.

Uzoqqa bormagan “Sebonu”

Foto: Instagram

O‘zbek estradasida uchlik guruhni “Setora” bilan bog‘lashadi. Undan avval o‘zbek estradasida “Sebonu” nomli guruh tashkil etilgandi. Uch qizdan iborat guruhni ilk bor Manzura opasi Nigina va dugonasi Nargiza bilan birga 1996-yil tuzadi. Iqtidorli xonanda Ravshan Zokirov boshchiligida trio 2 ta qo‘shiq yozib, “Ofarin-96” ko‘rik tanlovida 2-o‘rinni egallaydi. Kutilmagan burilish har uch ijodkorni ham quvontirdi. Natijada solist Manzura shu yili Uspenskiy nomidagi musiqa maktabini tugatib, Toshkent Davlat Konservatoriyasida o‘qishni davom ettiradi. U paytga kelib guruhdagi Nargiza o‘zini sanʼatshunoslikka bag‘ishlaydi. Omadli trio esa “Osiyo” duetiga aylanadi.

Opasi san’atkor bo‘lishni istamadi

Foto: Instagram

Opa-singillardan tashkil topgan “Osiyo” guruhi avvaliga sermazmun ijod qildi. Bir yildayoq “Yolg‘izim” nomli albomni taqdim etib, ikki qo‘shig‘i ommalashdi. Ammo opa-singillar ijodda ko‘p bor moliyaviy qiyinchiliklarga uchrardi. Qo‘shiq va klip yaratish uchun firmalardan yordam so‘rar, daromadlari haminqadar bo‘lsa-da, borini ijodga sarflashardi. Afsuski, 2000-yilga borib Manzura ijodda yolg‘izlanib qoldi. Opasi Nigina kelajagini bu sohada ko‘rolmay, o‘zini dizaynerlik sohasida sinab ko‘rish uchun “Osiyo”ni tark etdi. Shundan so‘ng u klipmeyker, hozirda esa taniqli rejissyor bo‘lgan Rustam Saʼdiyev bilan hamkorlik qilishni boshladi. Prodyuser bilan hamkorlik xonandaga katta omad va mashhurlik olib keldi. 

Prodyuseri uni aktrisaga aylantirdi

Manzuraning tanilishini ko‘pchilik “Tohir va Zuhra” filmidagi “Manzura” qo‘shig‘i va unga ishlangan klip bilan bog‘laydi. Noodatiy imij va qo‘shiq Manzuraning odamlar yodida qolishiga sabab bo‘ldi. 

Foto: Instagram

2002-yili xonanda uchun omadli keldi. U “Nihol” nomidagi davlat mukofotini qo‘lga kiritdi. Prodyuseri Rustam Saʼdiyev uning aktrisalik mahoratini payqab, o‘zi suratga olgan “Muhabbat sinovlari” filmiga taklif etdi. Xonanda ijro etgan rol ham, unga kuylagan saundtrek ham tomoshabinlar orasida ommalashdi. Shundan so‘ng aktrisani film saundtreklariga va syomkalariga ko‘p taklif etadigan bo‘lishdi. Albatta, bunda prodyuseri Rustam Saʼdiyevning hissasi katta.

“Sizdan boshqa sovuq yuz topolmadik”

2007-yilda xonandani texnologik film bo‘lgan “Sevginator”ga taklif etishadi. 3 yil davomida Munavvara Abdullayevadan aktyorlik mahoratidan saboq olgan Manzura ikkita obrazni gavdalantirishi kerak edi.

Foto: Instagram

— “Sevginator”da rol ijro etishni unchalik istamaganman. Hatto ertasi kuni syomka deyilganda ham “O‘rnimga xonanda Lolani olinglar” deganman. Shunda rejissyor yonimga kelib, “Sizdek sovuq yuz boshqa yo‘q-da” degan, — deydi xonanda Manzura. 

Asirga olishgani haqida...

Xonanda intervyularining birida u va jamoasiga qilingan suiqasd, jiddiy shikast yetkazishgani va asirga olingani haqida aytib o‘tgan.

Foto: Instagram

— Bundan yigirma yilcha avval to‘yda jamoadagi bolalarni urmoqchi bo‘lib, pichoq bilan kelib, o‘ldirib yubormoqchi bo‘lishgan. Men ham juda “duxi” baland qiz edim. Otdan tushsam ham, egardan tushmaganman. Ular nima degan bo‘lsa, xuddi shunday javob qaytarganman. Har xil gap-so‘zlardan so‘ng, ular bizni qo‘yib yuborgan. Ular bizni o‘rab olishgan, maʼmurimni tepishgan edi. Bunday holatlar eslasak, ko‘p chiqaveradi, — deydi xonanda.

Omadsiz tadbirkor

Xonanda Manzura opasi Nigina bilan birgalikda “Manzura” liboslar butigi faoliyatini yo‘lga qo‘ygandi. U liboslar dizayni va ularning reklamalari ustida ishlab, maxsus fotosessiyalar ham o‘tkazgandi. Ayniqsa, turk fotografi Tayfun bilan Bali orolida o‘tkazilgan maxsus fotosessiyasi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Foto: Instagram

— Baʼzida qo‘shiqchilarning boshqa biznesi bo‘ladi. Bir xillarining ota-onasi boy bo‘ladi. Biz opam bilan boshqa biznes qila olmaganmiz. Kliplarimga, reklamalarga o‘zim pul to‘laganman. Bular uchun ham katta pul sarflaganman. Masalan, to‘ydan pulni olib, televideniyega beraman, shu pulni olib rejissyorga, ovoz yozishga, xullas, o‘zimda kundalik xarajatlar uchun pul qolgan, xolos. Biz ham har bir o‘zbekka o‘xshab sekin-sekin uyning pulini bo‘lib-bo‘lib to‘lashga sotib olganmiz. Birdan sotib olishga imkonimiz yetmagan, — deydi xonanda.

“Depressiyaga tushdim”

Xonanda intervyularining birida keyingi yillarda hayot tarzidan tortib, fikrlari ham butunlay o‘zgargani haqida aytib o‘tgan. 

Foto: Instagram

— 5-6 yil avval qattiq depressiyaga tushdim. Bunga odamlarning “Qachon oila qurasiz? Farzandli bo‘lolmay qolasiz? Hayotingizning mazmuni yo‘qoladi”, degan gaplari sabab bo‘ldi. Shunda internetga “Hayot mazmuni nima?” deya qidiruv berdim. Bir maʼlumot eʼtiborimni tortdi. “Musulmonlar uchun iymon va itoat” degan gapni o‘qib, yuragim junbishga keldi. Shundan keyin fikrlarim ham, hayotga bo‘lgan qarashlarim ham o‘zgardi. Nasib etsa, oila qurib, farzandli bo‘larman, — deydi xonanda Manzura.

“Turmush o‘rtog‘im o‘zimdek rus tabiatli bo‘lsin, ammo”

Xonanda qanday erkak bilan oila qurishni istashi va qaysi toifadagilari bilan yasholmasligi haqida ham aytib o‘tgan.

Foto: Instagram

— Ko‘p tilni biladigan, dinimizni qattiq emas, yumshoq qabul qiladigan, ayollarga mehribon erkaklarni hurmat qilaman. Ayollarga zulm qilib, faqat uyda o‘tirasan, deyish yaramaydi. Ayol kishi ham emotsional inson, uning ruhiyatini sindirib qo‘yish oson. Turmush o‘rtog‘im o‘zimga o‘xshagan rus tabiatli inson bo‘lsa-da, musulmon bo‘lsa va qiziqishlarimni hurmat qilsa, deb niyat qilaman. Faqat mol-dunyo va kerakmas qadriyatlar bilan yashaydigan insonlarni unchalik tushunmayman. Masalan, Ilon Mask milliarder inson bo‘lsa-da, oddiy kvartirani ijaraga olib yashaydi. Ammo uning maqsadlari juda ulkan. U Mars sayyorasiga borib, o‘sha yerda yashashni orzu qiladi. U ba’zi odamlarga o‘xshab, umrini dang‘illama uy-joy qurishga sarflayotgani yo‘q. U yaratgan qanchadan qancha texnikalar insonlarning og‘irini yengil qilyapti. Aytmoqchi bo‘lganim, erkak kishining dunyoqarashi keng bo‘lsa, ayol kishi ham unga qarab intiladi. Ayol degani faqat bitta mebelni artib, qozon-tovoqni tozalash bilan umri o‘tib ketmasligi kerak. Men ham barcha ayollar singari uy ishlarini qilib zerikib ketaman. Aytmoqchi bo‘lganim, erkak va ayol bir-birini to‘ldirishi, oliy maqsadlar sari intilishi kerak, — deydi xonanda Manzura.

“Ota-onamdan birin-ketin ayrildik”

Manzura ota-onasini yo‘qotganidan keyin tushkunlikka tushgani va qiyin kunlarni boshdan kechirgani haqida aytib o‘tdi.

Foto: Instagram

— Ota-onamni yo‘qotganimdan keyin hech narsaga qiziqishim qolmadi, depressiyaga tushib qoldim. Bir uyda to‘rt kishi yashardik. Ota-onam, opam va men. Tasavvur qiling, to‘rt oy ichida ikkita inson vafot etdi. 

Otam rahmatli Yangi yil bayrami dasturxoniga qo‘yiladigan olivye salati va norinni yaxshi ko‘rardi. Dasturxon tuzab, oila davrasida televizor ko‘rishni yaxshi ko‘rardik. 2018-yilning yozida ota-onamdan ketma-ket ayrildik va Yangi yil dasturxonida Nigina opam bilan yolg‘iz o‘tiribmiz. Bu holat inson ruhiyatiga juda qattiq ta’sir etarkan. Hatto shunday kunlar ham bo‘ldiki, uyni ta’mirlatish kerak bo‘lganida shu ishni ham qilishni istamadik. Chunki uyning har burchagidan ota-onamning yuz-ko‘zlari ko‘rinardi. Uydagi har bir narsa ular bilan bog‘liq xotiralarni eslatardi. 

Foto: Instagram

Ota-onam bilan 40 yoshimga qadar birga yashadim. Ba’zan hatto ularni nabiralik qilolmadim, deb o‘ksinardim. Ammo Yaratganning xohishi bilan inson turmushga chiqadi, farzandli bo‘ladi. Samodan nikoh tushmagunicha bir erkakka yaqinlashib bo‘lmaydi. Demak, shunday bo‘lishi kerak edi, deb o‘zimni yupataman. 
Ota-onam bilan sayohat qilishni, ayniqsa, Antaliyadagi dengiz sohillariga borishni yoqtirardim. Ammo ota-onamni yo‘qotganimdan keyin sayohatga borish ham ko‘nglimga sig‘may qoldi. Inson hayotida ota-onaning o‘rni katta, afsuski, ularni yo‘qotgandan keyin buni yanada kuchliroq his qilarkansiz, — deydi xonanda Manzura.

 “Yosh ko‘rinishimning siri farzand ko‘rmaganimda”

Xonandaning doimo yosh ko‘rinishiga sabab nima? Bu savolga u quyidagicha javob berdi.

Foto: “Daryo”

— Yosh ko‘rinishimning birinchi siri — turmushga chiqmaganim. Farzand ko‘rmaganim, chunki bilaman, farzand katta qilish ham juda mashaqqatli mehnat. Shu narsa ham qaritib yuboradi. Menda bu ne’mat hozircha yo‘q. Xudo xohlasa bo‘ladi. Keyin kosmetologga muntazam boraman. “O‘zim shunaqa chiroyliman”, desam yolg‘on bo‘ladi, — deydi xonanda.

Yolg‘izlikdan charchamadingizmi?

Xonanda intervyularining birida yolg‘izlikdan zerikkani va taqdirga ishonishi haqida aytib o‘tgan.

Foto: Instagram

— Bunaqa savollarni oxirgi paytda menga juda ko‘p berishadi. Bu savol ayol kishining dilini juda og‘ritadi. Lekin men ko‘nikib ketdim. Yolg‘izlikdan hamma zeriksa kerak. Men ham oddiy ayolman, albatta yolg‘izlikdan zerikaman. Lekin bu qazoyi qadar. Alloh bergan taqdir. Shu qazoyi qadarni men qabul qilib, shukr qilib yashashim kerak. Chunki biz bilmaymiz, Alloh bizni qandaydir musibat, mushkulotlardan asrayotgandir, kuydirgi turmush o‘rtoq, kuydirgi farzanddan asrayotgandir. Shu uchun hayotdan bahra olib, shukr qilib yashashim kerak, — deydi xonanda Manzura.

Xonanda intervyularidan birida nogiron mushukchani parvarishlashi haqida so‘zlab bergan.


“Facebookda ko‘chada qolgan nogiron mushukchani ko‘rib qolib, topib parvarishladim. Agar uni topshirib yuborsam. Darhol evtanaziya qilishadi. Kechasi yuzini yuzimga bosib, “Meni berib yuborma” deb yalinayotgandek bo‘ladi. Gimnastika qilsam, kelib gilamchaga yotib, o‘z qiliqlari bilan meni kuldiradi”, — degan edi xonanda. 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »