Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva 40 yillik faoliyati davomida kino va teatrda ko‘plab rollarni ijro etib, muxlislar qalbini zabt etgan. Bu yil 63 yoshni qarshilagan aktrisa hali ham ijoddan chekingani yo‘q.

“Erka nabira bo‘lganman”

Foto: Instagram

— Ziyolilar oilasida dunyoga kelganman. Onam o‘ziga to‘q, maorifchilar oilasida tug‘ilgan. Dadamning oilasi birmuncha kamtarona hayot kechirgan bo‘lsa-da, ular ham ilmga beeʼtibor emasdi. To‘rt o‘g‘ildan keyin dunyoga kelganim uchun meni yer-u ko‘kka ishonishmasdi. Ammo ikki yoshimda onam yana bir qiz farzandni dunyoga keltirgan. Onamning aytishicha, singlim tug‘ilgach, o‘ta rashkchi va injiq bo‘lib qolgan ekanman. Atrofdagilarni qizg‘anib, bir marta akam Rayhonga qaragani uchun yuzini tirnab olgan ekanman. Shundan keyin buvim rahmatli meni o‘zi bilan olib ketgan ekan. Sakkiz yoshimga qadar buvim va bobomning qo‘lida erka qiz bo‘lib ulg‘ayganman. Buvim erkalab deyarli har kuni yangi ko‘ylak olib berardi. Ular yangi ko‘ylakni kiyib, raqs tushishimni yaxshi ko‘rishardi. Menimcha, shu sabab sanʼatga erta mehr qo‘yganman, — deydi aktrisa Raʼno Yarasheva.

“O‘g‘il bolalar bilan tenglashadigan qiz bo‘lganman”

Foto: Instagram

— Olti yil ichida singillarim soni to‘rttaga ko‘paydi. Ota-onamning uyiga qaytgach, hayotimdagi eng qiyin kunlar boshlangandek bo‘lgan. Chunki singillarimga qarash majburiyati menga tushgandi. Buvim kelganida “Meni olib keting” deb yig‘lardim. Ammo o‘ylab qarasam, bolalagim juda go‘zal o‘tgan ekan. Onam kutubxonaga rahbar bo‘lgach, hayotimiz kitob bilan uzviy bog‘langan. 
Orasta, nozik qiz bo‘lganman deyolmayman. O‘g‘il bolalar orasida tug‘ilish ham qizlarning feʼli o‘zgarishiga sabab bo‘larkan. O‘g‘il bolalar bilan teng olishadigan, aytganini qildirmaguncha qo‘ymaydigan, kerak bo‘lsa ust-boshini yirtib bo‘lsa-da, futbol o‘ynaydigan qiz edim, — deydi Raʼno Yarasheva.

“Turmush o‘rtog‘im sabab to‘rt yoshli qizim vafot etgan”

Foto: Instagram

— O‘n yetti yoshimda oila qurganman. Turmush o‘rtog‘im yomon inson emasdi, ammo dunyoqarashimiz bir-biriga mos kelmasdi. Men yosh, she’riyatga qiziqadigan inson edim. Ammo qiziqishlarim turmush o‘rtog‘imga yoqmasdi. U insonning fikricha, kelinning kitob o‘qishi, she’r yozishi ma’qul ish emasdi. Keyin turmush o‘rtog‘im spirtli ichimlik iste’mol qilardi. Bir kuni boshimga qattiq jism bilan urdi. Boshimdan qon oqayotganini ko‘rib, jahl bilan ota uyimga ketdim. Otam ahvolimni ko‘rib, nima bo‘lganini so‘radi. Keyin turmush o‘rtog‘imning yoniga kelib, “Qizimning aybi nima? Nega urding”, deb so‘radi. Turmush o‘rtog‘im kulib, bunday hol hamma oilada bo‘lib turishini aytdi. Otam jahl bilan turmush o‘rtog‘imni urganida xonaning u boshiga uchib tushgandi. Undan keyin “Ichmayman, yana shunday qilsam bolamning o‘ligini ustida o‘tiray”, deb qasam ichdi. Afsuski, qasamining ustidan chiqmaganidan keyin 4 yoshlik qizim olamdan o‘tdi. Bu voqeadan keyin u oilada qola olmadim, — deydi aktrisa Ra’no Yarasheva.

“Erdan ajralib artist bo‘ldi”

Foto: Instagram

— Qizimning o‘limidan keyin tushkunlikka tushib qolganman. Ammo oradan ko‘p o‘tmay homilador bo‘lib, Komiljon o‘g‘lim dunyoga kelgandi. Afsuski, oilamiz darz ketgach, qaynonam o‘g‘limni berishni istamagan. O‘g‘limni olaman, deb harakat qilib yurgan paytimda ota uyimda ham jiddiy muammolar chiqqan. Ya’ni akalarim san’at institutiga o‘qishga kirishimga jiddiy qarshilik qilgan. “Erdan ajrashib artist bo‘lib ketdi, degan gapni ko‘tara olmayman, undan ko‘ra singlimni o‘ldirib, qutulganim yaxshi”, deyishgandi. Ikkita katta akam tish-tirnog‘i bilan o‘qishga kirishimga qarshi bo‘lgan, faqatgina Toshkentda yashaydigan Ravshan akam qo‘llab-quvvatlagan. Dadam “Senlar otami yoki menmi? O‘qishga kirsin, agar kirolmagan taqdirda ham bir umr bizdan armon qilmaydi”, deb Toshkentga ketishimga qarshi bo‘lmagan. Ammo akalarimdan ranjimaganman. Chunki ularning qattiqqo‘lligi sabab, hamisha mas’uliyatni his qilib, otam va akalarimning nomusi bilan yashardim, — deydi aktrisa.

“San’at institutiga qabul qilishmagan”

Foto: Instagram

— Ilk marta san’at institutiga imtihon topshirganimda qabul qilishmagan. Rahmatli Arsen Ismoilov Yarashevaning qo‘lida yosh bolasi bor ekan, u bilan o‘qishga qiynaladi, deb past ball qo‘ygan. Undan qattiq xafa bo‘lib yig‘lagandim. Chunki o‘shanda dadamdan arang ruxsat olib, Toshkentga kelgandim. O‘qishga kirolmadim, desam qayta o‘qishga yubormasligi mumkin edi. Shularni o‘ylab rosa qiynalganman. Imtihon javoblari chiqqach, ustozlar o‘tiradigan xonaning eshigi tagida turib “Nega menga ishonmaysizlar? Men yaxshi o‘qiyman”, deb yalinib, yolvorganim yodimda. Shunda ustozlardan biri sirtqi bo‘limda o‘qishni tavsiya qilgan. Bir yil nima ish qilaman, deb televideniyega ishga borganman. Ishga ola olmaymiz, deyishlaridan qo‘rqib, hayotimni ro‘y-rost gapirib bergandim. “Turmushdan ajrab, otamni arang ko‘ndirib Toshkentga o‘qishga keldim. Agar o‘qishga kirolmaganimni dadam bilsa, meni qayta bu yerga jo‘natmaydi yoki turmushga berib yuboradi”, — deganman. Shundan so‘ng ishlab, bir yildan so‘ng sirtqi bo‘limga o‘qishga kirganman, — deydi Ra’no Yarasheva.

“Teatrga grimyorchi qilib ishga olishgan”

Foto: Instagram

— O‘g‘lim bilan Toshkentda o‘qishim oson kechmagan. Ishlashim kerak deb telestudiyaga liboschi yordamchisi bo‘lib ishga kirganman. Bir kuni syomkaga Nabi Rahimov kelib qolgan. Ikki marta farzand ko‘rgan bo‘lsam ham bellarim ingichka, sochlarim uzun chiroyli ayol edim. Nabi Rahimovga aktrisa ekanligimni aytib maqtanib qo‘ygandim. “Bu yerda nima qilyapsan, teatrga ishga bormaysanmi?” degan. Mana shu gapdan keyin teatrga borganman. Ancha kungacha gapni nimadan boshlashni bilmay yo‘lakda Nabi Rahimovni kutganman. U paytda Nabi Rahimovning yoshi ancha katta edi. “Teatrga kel” degan gapi yodida ham yo‘q ekan. Ammo yo‘q demay, teatr rahbariyatining oldiga olib kirgan. Afsuski, libos bo‘limida ish yo‘qligini aytishgan. Hafsalam pir bo‘lib turganida grimyor Valentina Abduqunduzova yordamchi kerakligini aytgan. Shundan keyin meni grimyor yordamchisi sifatida ishga olishgan. Ancha vaqtgacha sahna changini hidlab, mashhur aktrisalarga havas qilib spektakllarni tomosha qilib yurganman, — deydi aktrisa.

“Mashinam yo‘q, ichki ishlarga xabar berish kerak”

Foto: Instagram

— Bolaligimdan mashina haydashga qiziqardim. O‘g‘il bolalarning ichida ulg‘aygan qizlarga mashina yuvish, tuzatish ham oddiy holga aylanib qolarkan. Ilk shaxsiy avtomobilim Tico bo‘lgan. O‘sha yillari shu rusumdagi mashinani ayollar haydashi urfga kirgandi. Yangi mashina olgan paytimda “Mehrobdan chayon” spektaklining radioinssenirovkasi qilinadigan bo‘ldi. Kechga qolmaylik deb hammamiz shoshib radioga keldik. Ovozlashtirish ishlari tugagach, boshqa studiyadagi ishlarimni ham yakunlab, tashqariga chiqsam mashinam yo‘q. Kalit menda, mashinani esa qayerga qo‘yganimni eslolmayman. “Mashinamni o‘g‘irlab ketishdimi?” degan fikrlar ham xayolimdan o‘tdi. Tag‘in o‘zimni “Shuncha mashina turganda, faqat menikini o‘g‘irlaydimi?” deb yupatib ham qo‘yaman. O‘sha yerda militsionerlar yurgan ekan. “Mashinam yo‘q” deganimdan keyin ular ham menga qo‘shilib izlagandi. Endi “102”ga xabar beramiz deyishganida, mashinam teatrda qolgani va radioga Tohir Saidovning mashinasida kelganim yodimga tushgan, — deydi aktrisa Ra’no Yarasheva.

“Avariyaga uchraganman”

Foto: Instagram

— 2006-yili uyimizni ta’mirlayotgandik, pul yetmay mashinamni sotishga to‘g‘ri keldi. Mashinasiz qiynalganimdan keyin kreditga Matiz oldim. Nexia’da yurishga o‘rganib qolgan ekanmanmi, bir kuni Matiz kichik do‘ngalakdan o‘tolmay boshim tomga urilgandi. Jahlim chiqib o‘z-o‘zimga “Matiz yaxshi mashina emas ekan”, degandim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay avtohalokatga uchraganman. Eng qizig‘i, o‘sha paytda “Sevinch” filmidagi qahramonimni mashina urib yuborgach, oyog‘i sinib, yuzlari ko‘karib ketgan holatda ko‘rsatgan edik. Haqiqiy avtohalokatdan so‘ng ikki oyog‘im sinib, yuzimning bir tomoni ko‘karib ketgandi. Mana shu voqeadan keyin mashina temir bo‘lsa-da, gapni tushunishini anglaganman. Shuning uchun mashinalarga og‘ir gapirmay, qaysi rusumdagi mashinaga chiqsam ham “sen eng yaxshisisan” deb maqtayman, — deydi Ra’no Yarasheva.

Shaxsiy hayot: ikki turmushda ham omadi kelmadi

Foto: Instagram

Aktrisa ikkinchi bor oila quradi. Afsuski, ichki ishlar xodimi bo‘lgan inson bilan kechgan turmushi ham uzoqqa cho‘zilmaydi. Aktrisaning aytishicha, ularning ajrashishiga rashk va sanʼatni tushunmaslik sabab bo‘lgan. 

Raʼno Yarasheva ikki farzandni voyaga yetkazdi. Komiljon ichki ishlar sohasini tanladi. Qizi esa onasining izidan borib sanʼatkor bo‘lgandi. Ammo oilali bo‘lgach, sanʼatdan ketganligini maʼlum qildi.

Foto: Instagram

Hayotning ko‘plab qiyinchiliklarini boshdan kechirgan Raʼno Yarasheva ayni damda yetti nafar nabiraning buvisi va millionlab muxlislarning sevimli aktrisasi hisoblanadi. U 1984-yili ijodni boshlagan bo‘lsa, haligacha teatr va kino olamida tanaffus qilgani yo‘q.

 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »