Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Xonanda Ziyoda nafaqat ijodi balki shaxsiy hayoti bilan ham o‘rnak bo‘la oladi. Sanʼatdan butunlay yiroq oilada dunyoga kelgan va hammasini ‘‘nol’’dan boshlagan ijodkor bu yil 35 yoshni qarshiladi.

“Sanʼatkor bo‘lmaydi, turmushga beramiz”

Xonanda Ziyoda Rustam Qobilov oilasida dunyoga kelgan. Oilada 7 qiz va bir o‘g‘il farzand bor. Ziyoda bolaligidan sanʼatga qiziqqani, ammo oiladagi sharoit va otasining qarshiligi sabab, qiziqishlarini oshkor qilolmagani haqida quyidagilarni so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @ziyodamusic

— Katta oila bo‘lganmiz, turgan gapki ro‘zg‘orda o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘lgan. Onam mohir oshpaz edi va bolalikdan bizni ham mehnatga o‘rgatgandi. Yuqori sinfda o‘qiyotganimda bozorda kichik tamaddixona ochgan. Uch-to‘rtta ishchilari ham bor edi. Ammo darsdan keyin onamning oldiga borib qarashib yurardim. Ofitsiantlik qilganim yoki idish-tovoq yuvganimdan hech qachon afsuslanmayman.

Foto: Instagram / @ziyodamusic

Sanʼatga bolalikdan qiziqqanman, ammo dadam rahmatli hamisha “Qiz bolaga yarashmaydi”, deb qarshilik bildirardi. Oxiri 9-sinfni bitirganimdan keyin “Bir marta imkon bering, musiqa kollejida o‘qishni istayman”, deganimda qatʼiy rad javobini olganman. Shunda onam yonimni olib “Kollejni tugatishi bilan turmushga beramiz, sanʼaktor bo‘lmaydi”, degan. Shu sabab dadam musiqa kollejida o‘qishimga rozi bo‘lgan, — deydi xonanda Ziyoda.

“Turmush o‘rtog‘im bilan bozorda tanishganmiz”

Xonanda turmush o‘rtog‘i bilan bolalikdan tanish bo‘lgani va birinchi marta bozorda bir-birini uchratib qolgani haqida gapirib berdi.

Foto: Instagram / @ziyodamusic

— Turmush o‘rtog‘im bilan bozorda tanishib qolganmiz. U chinni sotardi, baʼzida bizning tamaddixonada ovqatlanib turardi. Bundan tashqari, opalarimning sarposiga qo‘yiladigan chinnilarni ham u kishidan olgandik. Eldor aka bilan to‘ydan 8 yil avval tanish bo‘lganmiz. Tabiatan og‘ir-bosiq bo‘lgani uchun onam har doim “Sizni o‘zim kuyov qilaman, maʼqul yigitsiz”, derdi. Qarangki, farishtalar omin degan ekan, oila qurdik. Ammo sanʼatkor bo‘lish niyatim u odamga unchalik yoqmagandi. “Bekor qilyapsizda”, deb ham qo‘ygandi, — deydi Ziyoda.

“Kastingdan o‘tolmaganman”

Ziyoda “Akfa” prodyusserlik markaziga qanday borib qolgani va ilk kastingdan o‘tmagani haqida quyidagilarni so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @ziyodamusic

— Kasting haqida musiqa kollejidagi ustozimdan eshitib qolganmiz. O‘shanda Nigora ikkimiz darsdan chiqib, “Akfa” kompaniyasini izlab borganmiz. Avvaliga kasting haqida ota-onamga aytmaganman. Chunki ular qarshi bo‘lishlarini avvaldan taxmin qilgandim. Aksiga olib kasting topshiriladigan kun tomog‘im bo‘g‘ilib qolgan. O‘shanda Samandar Hamroqulov va kompaniya rahbarlari hayʼat aʼzosi bo‘lgandi. Nigora sinovdan o‘tgan, ammo meni qabul qilishmagan. Yengilgan kurashga to‘ymas deyishganidek, “Bir hafta muhlat beringlar, sog‘ayib qaytadan ishtirok etaman”, deganman. Samandar aka ko‘nglimni og‘ritmaslik uchun “Mayli, tayyorlanib keling”, degan. Tuzalib, yangi qo‘shiqqa tayyorlanib, qo‘shimchasiga ikkinchi kastingda raqs ham tushib berganman. Oybek bilan birga kasting topshirib, ikkimiz ham sinovdan o‘tganmiz. Ammo eng katta muammo ana shundan keyin boshlangan. Dadamga kastingdan o‘tganimni aytganimda rosa to‘polon bo‘lgan. “Tez borgin-da, dadam ruxsat bermadilar deb shartnomani bekor qilgin”, degan. Yalinib-yolvorib, ko‘zyosh to‘kib prodyusserlik markazi bilan ishlashga dadamni ko‘ndirganman, — deydi Ziyoda.

Plagiat bilan boshlangan ijod

Ziyoda ijodini plagiat qo‘shiqdan boshlagan. Yaʼni u ukrain xonandasi Ruslananing “Wild dances” qo‘shig‘ini “Sevmaganman” deb o‘zbekchalashtirgan. Qo‘shiq ko‘pchilikka maʼqul kelgan va xonandaning tanilishiga hissa qo‘shgan.

Foto: Instagram / @ziyodamusic

— Klip suratga olinganidan keyin diskka yozdirib, bozorga olib borgandim. Turmush o‘rtog‘imga “Qarang, klipim chiqdi”, deb maqtanib ko‘rsatganimda yana “Bekor qilibsiz-da”, degan. Ko‘pchilik to‘ydan avval gaplashib, feʼl-atvorni o‘rganish kerak deydi. Ammo bizda bunday bo‘lmagan. Shunchaki ish yuzasidan gaplashardik va u inson bilan qalban yaqin ekanligimni his qilardim.

Qo‘shiq va kliplarim avvaliga dadamga yoqmagan. Chunki u paytlari raqsga tushib, qo‘shiq kuylash urfda edi. Adashmasam, faqatgina Fahriddin Umarovning “Muhabbat” qo‘shig‘ini aytganimda “Bo‘larkan-ku, mana shunday qo‘shiq aytish kerak”, degan eʼtirofni eshtiganman, — deydi Ziyoda.

“Oilam tinchligi uchun kerak”

Ayni kunda xonandaga turmush o‘rtog‘i prodyusser va maʼmurlik qiladi. Avvaliga buni ko‘pchilik tanqid qildi.

Foto: Instagram / @ziyodamusic

— Turmush o‘rtog‘im sanʼatdan butunlay yiroq inson edi. Ammo sanʼatkor haqida turli gap-so‘zlar bo‘ladi. Shuning uchun turmush o‘rtog‘imdan birga ishlaylik, deb iltimos qilganman. U inson chinni biznesini tashlab, men bilan ishlagan. Bu oilamning tinchligi uchun muhim edi, — deydi xonanda Ziyoda.

“Rol ijro etish yoqmagan”

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ziyoda ijodining ilk yillarida ko‘plab filmlarda suratga tushgan. U “Boyvachcha”, “Achchiq hayot”, “Nortoy”, “Bekorchilar makoni”, “Enagalar”, “Ijarachilar” va “Uchrashuv” filmlarida rol o‘ynagan. U Jahongir Poziljonovning komediya filmlarida navbatchi aktrisa bo‘lgan, desak xato bo‘lmaydi. Ammo xonanda keyingi paytlarda filmlarda suratga tushayotgani yo‘q. Uning vaqti tig‘iz, balki ortiqcha reklamaga ham zarurat sezmayotgandir.

Foto: Instagram / @ziyodamusic

— Rol ijro etish avvaldan yoqmagan, mahoratim ham umuman yo‘q deb hisoblayman. Bu mening emas, prodyusserlarning xohishi edi, — deydi xonanda.

“Egizaklarga o‘xshaymiz”

Xonanda Ziyodaning tashqi ko‘rinishi o‘ziga o‘xshash singlisi bor. Aziza Qobilova ham sanʼatga qiziqib, shu yo‘nalishda tahsil olgan.

Foto: Kollaj

— Aziza bilan egizaklarga o‘xshaymiz. U bilan bog‘liq qiziqarli voqealar ko‘p bo‘lgan. Masalan, ko‘cha-ko‘yda odamlar Azizani men deb o‘ylab, u bilan rasmga tushgan. Hatto xuddi shunday holat konsertlarda ham bo‘lgan. Azizaning ovozi nihoyatda shirali, faqat yo‘nalishi boshqacha. U ko‘proq xorij musiqasiga qiziqadi. Rayyona ismli shirin qizchasi bor, — deydi xonanda Ziyoda.

“Menga ortiqcha gap-so‘zlar kerakmas”

Xonandaning hayotida ayriliqlar, qiyin kunlar ko‘p bo‘lgan. 2017-yili dadasidan ayrilgan, undan keyin homilasi nobud bo‘lgan. Orada hamkasblari, xususan qo‘shiq sabab Dilso‘z bilan jiddiy kelishmovchilikka borgan. Ammo xonanda hamisha sukut saqlashga va ortiqcha his-hayajonga berilmaslikka harakat qiladi.

Foto: Instagram / @ziyodamusic

— Muammolar, negativ fikrlar hamisha bo‘ladi. Mening aniq maqsadim bor, shu bo‘yicha harakatlanaman. Hamma muammoga to‘xtalib, negativchilarning fikrini eshitsam vaqt va asbimni yo‘qotaman. Menga ortiqcha gap-so‘zlar kerak emas, — deydi xonanda Ziyoda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »