Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Salbiy rollari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Mashhura Zulfiqorova tasodifan sanʼatga kirib kelgan. To‘g‘rirog‘i, oilaviy nizolardan qochib Toshkentga keladi va qarindoshining taklifiga ko‘ra, kino olamiga qadam qo‘yadi. Ammo unda hech qachon aktrisa bo‘lish istagi bo‘lmagandi.

“Tamaddixonada idish-tavoq yuvganman”

Aktrisa 1985-yil 3-yanvarda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Otasi bosh quruvchi bo‘lsa-da, to‘rt farzandini bolalikdan mehnatga o‘rgatganini yaxshi eslaydi.

Foto: Instagram / @mashhurazulfiqorova

— Bundan hech qachon og‘rinmayman. Haqiqatan ham bolaligimdan oilaviy tadbirkorlikka jalb etilganman. Otamning shaxsiy choyxonasi bo‘lardi. Shu bois, darslardan keyin idish-tovoq yuvish va ofitsiantlik qilgan kunlarim ko‘p bo‘lgan. Toshkentga kelgach, rejissor Ibrohim Rasulovning assistenti bo‘lganman. Aktrisalarning kiyimlarini dazmollash va choylaridan xabar olish vazifam edi. O‘sha paytda ko‘pchilikdan qalbga og‘ir botadigan gaplarni eshitganman. Chunki baʼzi bir insonlar uchun oddiy yordamchining qadri bo‘lmaydi. Ammo shukr qilaman, ko‘p o‘tmay men ham aktrisa sifatida tanila boshladim. Qiyin kunlarni boshdan kechirganim uchun yordamchilarga og‘ir gapirmayman, — deydi Mashhura Zulfiqorova.

“Turmush o‘rtog‘imning oilasi meni qabul qilolmadi”

Aktrisa shaxsiy hayotidan pand yegan ayollar toifasiga kiradi. U oila qurgach, qiyin kunlarni boshdan kechirganini quyidagicha eslaydi.

Foto: Instagram / @mashhurazulfiqorova

— Xo‘jayinim bilan bir-birimizni sevib turmush qurganmiz. Lekin men buxorolik bo‘lganim uchun uyidagilari norozi bo‘lgan. Nima uchun, men rahmatli otamning qayerlik ekanligidan uyalishim kerak?

2003-yilda to‘yimiz bo‘ldi, 2004-yilda qizim tug‘ildi. Lekin ular meni qabul qila olmadi. “Bizga o‘xshamaydi”, deb ko‘p aytishardi. Men chidadim, hech kimga ko‘z yoshimni ko‘rsatmadim. Qizim uch yosh bo‘lganida esa “kerakmassan” deb ko‘chaga haydashdi. Onamga “Qizing o‘g‘il tug‘olmaydi. O‘g‘limga onasi o‘pmaganidan olib beramiz, u o‘g‘il tug‘ib beradi”, —deyishgan. Shundan keyin, Allohdan o‘g‘il farzand berishini so‘raganman. O‘g‘illi bo‘lganimdan keyin endi tinch yashab ketsam kerak, deb umid qildim. Lekin adashgan ekanman. Taʼna-dashnomlar davom etdi, oxiri bo‘lmadi, — deydi aktrisa.

“Men rol ijro etolmayman”

Aslida aktrisaning Toshkentga kelib qolishi tasodif bo‘lmagan. U oilaviy nizolardan qochib, o‘g‘li bilan Toshkentga kelgani va Mirolim Qilichev sabab kino olamiga kirib qolganini quyidagicha xotirlaydi.

Foto: Instagram / @mashhurazulfiqorova

— Oilam buzilganidan keyin tushkunlikka tushib qolganman. Ikkita yosh bola, gap-so‘zlar odamni qiynab qo‘yarkan. Shunda bolalarim bilan ota uyimdan ketib, Toshkentga kelishga qaror qilganman. Ammo onam qizimni bermagan. “Qiz bolani qiynab qo‘yasan, ish topib o‘zingni o‘nglaganingdan keyin olib ketasan”, degan. O‘g‘lim esa men bilan kelgan. Jiyanimning tanishi aktyor Mirolim Qilichev ham o‘sha paytda endi tanilib kelayotgandi. “Kastinglarda ishtirok etmaysizmi, ko‘rinishingiz juda chiroyli”, deb ko‘p gapirardi. Gaplariga ishonmay 3-4 ta suratimni berganman va bir haftadan keyin menga Ibrohim Rasulov jamoasidan qo‘ng‘iroq qilishgan. Videokastingga borganda “Men rol ijro etolmayman, iloji bo‘lsa jamoangizga ishga oling, tajriba orttiray”, deganman. O‘sha paytda yaxshi rejissor bilan tanishganimga ming shukr aytaman, chunki rad javobini berganida umuman kino olamiga qadam qo‘ymagan bo‘lardim. O‘sha paytlari “Jiyda guli” seriali suratga olinayotgandi. Kelgan aktyorlarga choy damlardim, kiyimlarini dazmollardim, baʼzida esa suflyorlik qilardim, — deydi aktrisa Mashhura Zulfiqorova.

Erim bilan yurmang”

Aktrisa, asosan, salbiy rollarda suratga tushadi. Uning ishtirokidagi “Daydi qizning daftari” seriali ham ko‘plab muhokama va tanqidlarga sabab bo‘ldi. Qahramoni Xurshida qizi Taxminani o‘zi tanlagan taqdir yo‘lidan yurishini va yengil pul topishini istaydi.

Foto: Instagram / @mashhurazulfiqorova

— Aslida ijobiyga nisbatan, salbiy rolni yaratish qiyin. Ammo buni hamma ham to‘g‘ri tushunmaydi. Ekrandagi qiyofangizga qarab, sizni shunday inson deb biladiganlar ham ko‘p. Yaqinda qiziq voqea bo‘ldi. Do‘konga kirsam bir ayol yonimga kelib, “Sizni juda yomon ko‘raman, hatto erim siz suratga tushgan serialni ko‘rib o‘tirgan bo‘lsa ham rashk qilaman”, deb biroz qo‘pol muomala qildi. Unga bosiqlik bilan hayotda hamma yaxshi bo‘lmaganidek, seriallarda ham yomon ayollar bor. Ularning rolini kimdir ijro etishi kerak-ku, dedim. Bu gapimdan keyin ayol biroz xijolat bo‘lib uzr so‘radi. Bu voqeadan avval esa Instagramʼga mashinada tushgan rasmimni qo‘ysam, “Erimning mashinasida nima qilyapsiz? Meni bolalarim bor” kabi g‘alati xabarlar ham kelgandi. Go‘yoki bunday mashina faqat o‘sha ayolning erida bordek. Bu juda g‘alati va kulgili holat. Aktrisa o‘z nomi bilan ijrochi. U hayotda ham shunday inson degan gap esa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, — deydi aktrisa.

“Ijobiy rollar muvaffaqiyat keltirmadi”

Aktrisa aslida “Ishq va anduh” filmidagi ijobiy roli bilan faoliyatini boshlagan. Ammo u ijobiy rollarining birortasi muvaffaqiyatli chiqmagani va unga salbiy rollar omad keltirgani haqida aytdi.

Foto: Instagram / @mashhurazulfiqorova

— “Kulba” filmiga qadar bir nechta klip, rolik va filmlarda suratga tushganman. Ammo rollarimning birortasi ko‘zga ko‘rinmagan. “Kulba”dagi qahramonim qaynotasini uydan haydab yuborgandan keyin tomoshabinlar taniy boshlagan. Ko‘pchilik aktrisalar ijobiy rolga intilishadi. Men esa salbiy rol ijro etsam “yayrayman”. Hayotda unchalik yomon inson emasman. Ammo ekrandagi imidjim hamisha salbiy, — deydi aktrisa Mashhura Zulfiqorova.

“Bolalarimning otasidan ranjidim”

Aktrisa ikki nafar farzandini yolg‘iz katta qilayotgan onalardan biri. U Indira Miftahovaga bergan intervyusida o‘g‘li og‘ir operatsiyani boshdan kechirgani, ammo otasi qiyin vaziyatda uning yonida bo‘lmaganidan ranjigani haqida gapirdi.

Foto: Instagram / @mashhurazulfiqorova

— U vaziyatda pul emas, yonimda turib dalda bo‘lishga ko‘proq zarurat sezayotgandim. Tasavvur qiling, o‘g‘lingizni operatsiyaga olib kirib ketishdi, ahvolini bilmaysiz, yuragingiz behalovat bo‘ladi. Ammo o‘sha vaqtda bolalarning otasi yonimizda bo‘lmadi. Men uchun kelsin demayman, ammo o‘sha vaqtda farzand otasining daldasiga muhtoj bo‘ladi. Uch kundan keyin keldi, ammo bu xuddi poyezd o‘tib bo‘lgandan keyingi holatga o‘xshardi, — deydi aktrisa.

Foto: Instagram / @mashhurazulfiqorova
Onasi va farzandlari

Maʼlumot uchun, Mashhura Zulfiqorova “Komila”, “Xon”, “Muhabbat va nafrat” kabi filmlar, “Qora atirgul”, “Zaharli tomchilar”, “Fitna” hamda “Daydi qizning daftari” kabi seriallarda suratga tushgan. Tomoshabinlar uni salbiy obrazlarning mahoratli ijrochisi sifatida yaxshi taniydi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »