Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Ko‘pchilik tomoshabinlar Shafoat Rahmatullayevani “Sevginator” filmidagi roli orqali taniydi. Ammo aktrisaning faoliyati faqatgina bu komedik film bilan bog‘liq emas. U juda ko‘p filmlarda suratga tushish bilan bir qatorda, teatrda ham salmoqli ijod qilgan. Hayotda ko‘plab qiyin kunlarni boshdan kechirgan, bor kuchini sanʼatga baxshida etgan ijodkor, O‘zbekiston xalq artisti Shafoat Rahmatullayeva bu yil 83 yoshni qarshiladi.

“Dadamga artist bo‘lishim yoqmagan”

Shafoat Rahmatullayeva 1941-yilning 4-yanvarida Qo‘qon shahrida dunyoga kelgan. Otasi Muqaddasxon kolxoz raisi, obro‘- eʼtiborli inson bo‘lgan.

Foto: Shafoat Rahmatullayevaning shaxsiy arxividan

— Oilada to‘rtta qiz bo‘lganmiz, o‘g‘il farzand bo‘lmagan. Otam nihoyatda qattiqqo‘l, talabchan inson edi. Onam ikkisi bir-birini shunchalik hurmat qilardiki, oilamizda jiddiy nizolar bo‘lganini eslolmayman. To‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun bolalikdan mehnatga va kasb-hunar o‘rganishga qiziqqanman. Sanʼatkor bo‘lish niyati umuman bo‘lmagan. Pedagogika texnikumida o‘qib yurganimda teatr aktyorlari drama to‘garagi tashkil qilgan. Ko‘pchilik qizlar qatori men ham qiziqib qatnaganman. Darslardan keyin qizlar bilan teatrga borardik, aktyorlarning xatti-harakatlarini kuzatardik. Texnikumni tugatish arafasida dadamdan “Teatrga ishga kirsam maylimi?” deb so‘radim. Avvaliga dadam gapimga eʼtibor bermadi, ammo bir kuni qattiq koyib berdi. Qo‘shimchasiga onam ham dakki eshitdi. “Avlodimdan artist chiqmagan, bu qanday bemaza gap”, deb o‘rnidan turib ketdi. Hafsalam pir bo‘ldi, — deydi aktrisa.

“Qiz meniki, siz aralashmang”

Aktrisa mashhur “Maftuningman” filmi sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgani, ammo otasining qarshiligi sabab suratga olish ishlarida qatnasha olmaganini haligacha yaxshi eslaydi.

Foto: Shafoat Rahmatullayevaning shaxsiy arxividan

— Ilgari rejissor yordamchilari butun respublika bo‘ylab yurib, yosh isteʼdodlarni izlardi. “Maftuningman” filmi ijodkorlari texnikumga kelib, kasting o‘tkazgan. Direktorning tavsiyasiga ko‘ra, uchta qiz ishtirok etganmiz. Meni Sayyora roliga tasdiqlashgan. Chunki men rol o‘ynashdan tashqari, qo‘shiq aytib raqsga tushishni ham yoqtirardim. “Kastingdan o‘tding”, deyishganida xursand bo‘lganman, ammo bu haqda ota-onamga aytolmaganman. Bir kuni dadamga Qoriyev degan rahbar qo‘ng‘iroq qilib, “Muqaddasxon aka, qizingizni kinoga so‘rashyapti, endi rozi bo‘lasiz”, deganida jahli chiqib ketib, “Qiz menikimi yoki siznikimi, aralashmang”, degan ekan. O‘sha kuni dadam ishdan vaqtli qaytdi va meni xonaga olib kirib, “Endi hech qayerda o‘qimaydi, ovqat va suv ham bermanglar”, deb yana ko‘chaga chiqib ketdi. Men ham arazlab kun bo‘yi tuz totganim yo‘q. Dadam kechga yaqin uyga qaytib, oldimga kirdi. “Qizim, artistlikning o‘qishi bormikan?” dedi. “Ha bor, Toshkentda o‘qish kerak”, dedim quvonib. “Mayli, roziman, faqat o‘qib o‘rganing. Faqat bir shart bilan rozilik beraman. Televizor va radioga chiqadigan, xalq tan oladigan artist bo‘ling. Etagini boshiga qoplab, to‘yma-to‘y yuradigan artist bo‘lsangiz, rozi emasman”, dedi. Shundan keyin hujjatlarni to‘g‘rilab, Toshkentga o‘qishga keldim, — deydi aktrisa.

“Dadamning o‘lganini aytishmagan”

Shafoat Rahmatullayeva 1965-yili sobiq Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutida o‘qishni tamomlab, yo‘llanma asosida Sirdaryo teatriga ishga yuboriladi. Aktrisaga faoliyatini boshlagan ilk yillardayoq bosh rollar nasib etadi. Ammo to‘rt yildan so‘ng boshiga og‘ir musibat tushdi.

Foto: Shafoat Rahmatullayevaning shaxsiy arxividan

— Teatr jamoasi bilan Chimkentga gastrolga boradigan bo‘ldik. U paytlar gastrol safarlari 15-20 kun davom etar edi. Gastrol yakunlanishiga bir necha kun qolganida juda xunuk xabar eshitib qoldim. Aslida uni mendan tashqari hamma bilar ekan. Yaʼni Qo‘qondan otamning avtohalokatga uchrab vafot etgani haqida xabar kelgan ekan. “U ketsa, bosh rolni kim ijro etadi? Shuncha xarajat bilan bu yerga kelganmiz, moliyaviy zarar ko‘ramiz”, deb bu xabarni mendan yashirishibdi. Bilgan kunim Qo‘qonga ketay, deb rahbarlardan ruxsat so‘raganman. Ammo belgilangan seansdagi spektakllarni ijro etgunimga qadar ruxsat berishmagan. Qalbim yig‘lab, sahnada rol ijro etish qanchalar qiyinligini o‘shanda bilganman. Qo‘qonga atlas ko‘ylakda kelganman. O‘shanda dadamning 20 kunlik janozasi ekan. Ostonada turgan amakilarim men bilan gaplashmagan. Hamma nafratlangan, juda qo‘pol muomala qilishgan. O‘shanda buvim rahmatli “Bu sho‘rlik otasining o‘lganini bilganida atlas ko‘ylakda kelarmidi, ust-boshini almashtiringlar”, degan, — deydi aktrisa.

“8 yil yashadim, ammo farzandli bo‘lmadik”

Aktrisa shaxsiy hayoti bilan bog‘liq savollarga javob berishni istamaydi. Chunki bu mavzu u uchun nihoyatda og‘riqli. Aktrisa katta orzu-umidlar bilan oila qurgan, ammo o‘z roziligi bilan hammasiga yakun yasagan.

Foto: Skrin

— Sirdaryo teatrida ishlab yurganimda samarqandlik sozanda Erkin Qosimov degan mahoratli akkordeonchi yigit bilan tanishib qolganman. U paytlari dadam rahmatli hayot edi. Meni ko‘rgani kelganida teatr rahbari bilan gaplashgan ekan. Direktorimiz biz haqimizda “Bir-biriga mos-da, tushunadi”, deb ko‘p aytardi. Avvaliga dadam boshqa viloyatga turmushga chiqishimga qarshi bo‘lgan, keyin rahbarimizning saʼy-harakati bilan rozilik bergan. Samarqandning Panjakent degan joyiga kelin bo‘lib tushganman, turmush o‘rtog‘im ham yaxshi inson edi. Meni hurmat qilar, ijodimni qo‘llab-quvvatlardi. Ammo bir kam dunyo ekan, farzandimiz chaqaloqlik paytida vafot etdi. U bilan sakkiz yil birga yashadim, ammo o‘rtada bola bo‘lmaganidan keyin ketishga qaror qildim. “Yoshingiz o‘tyapti, boshqa ayolga uylanib, farzandli bo‘ling”, deb ikkita kiyimimni olib, uydan chiqib ketganman, — deydi aktrisa.

“Turmushga chiqolmasdim...”

Go‘zal va mashhur aktrisaning oshiqlari ko‘p bo‘lgan. Ammo u oilasidagi vaziyat sabab yana turmushga chiqishni istamagan.

Foto: Shafoat Rahmatullayevaning shaxsiy arxividan

— Oila qurish taklifi ko‘p bo‘ldi. Ammo dadam rahmatlidan keyin roppa-rosa bir yil o‘tib, 33 yoshli singlim ham vafot etdi. Uning to‘rtta ketma-ket tug‘ilgan farzandi bor edi. Kichkina bolasi endigina bir yoshga to‘lgandi. Kuyovimiz “To‘rtta bolani onasiz katta qilolmayman, sizlar bilan yashasin”, dedi. Singillarimning biri institutda, kenjasi esa maktabda o‘qirdi. Onam esa umr bo‘yi uy ishlari bilan ovora bo‘lib, ko‘chaga chiqmagan ayol. Xullas, oilani kimdir boqishi kerak edi. Shu bois turmushga chiqmay jiyanlarim, singillarim va onam uchun ishlashga qaror qildim. Agar oila qursam, ularga eʼtibor berolmay qolishim mumkin edi, — deydi aktrisa.

“Turmush o‘rtog‘im qizini menga bermoqchi bo‘ldi”

Shafoat Rahmatullayeva ajrashganidan so‘ng ancha yil o‘tib, sobiq turmush o‘rtog‘i farzandlaridan birini berish taklifi bilan yoniga kelgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Shafoat Rahmatullayevaning shaxsiy arxividan

— Ajrashganimizdan ancha yillar o‘tib, turmush o‘rtog‘im bilan uchrashdik. U to‘rtta bolali bo‘lganini aytdi. Yonida taxminan 3-4 yoshlardagi shiringina qizaloq bor edi. “Shafoat, shu qizimni senga beraman, yolg‘iz yashama. Sen ham baxtga loyiq ayolsan”, — dedi. “Yo‘q, farzandingiz o‘zingiz bilan qolsin. Hamma bola o‘z ota-onasi bilan yashagani yaxshi”, deb taklifini rad etdim. Hamma narsa niyatga bog‘liq ekan. O‘shanda u inson “Bularning to‘yini ko‘ramanmi yo‘qmi, yoshim ham ulg‘ayib qoldi”, — degandi. Oradan ko‘p o‘tmay uning vafot etgani haqida eshitdim. Unga bolalarining to‘yini ko‘rish nasib etmadi, ammo kundoshim meni qizlarining to‘yiga chaqirdi. Borib duo qildim. Ajrashish menga qanchalik og‘ir bo‘lmasin, kimningdir baxtli bo‘lishiga va dunyodan armonsiz o‘tishiga sababchi bo‘ldim, deb xursand bo‘laman, — deydi aktrisa.

“Unvonni siz olib, meni tinch qo‘ying”

Aktrisa shaxsiy hayotidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng bor eʼtiborini ijodga qaratadi. 1992-yili unga O‘zbekiston xalq artisti unvoni beriladi. Ammo uning unvonga loyiq ko‘rilishi baʼzi hamkasblariga yoqmaydi.

Foto: Skrin

— 1980-yili xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangandim. 1992-yili Xalq artistligiga nomzodimni qo‘yishdi. Menda unvonga intilish bo‘lmagan, chunki biror marta unvon beringlar, deb so‘ragan odam emasman. Teatrimizda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olgan aktyor bor edi. Nomzodimning qo‘yilishi u kishiga yoqmay, rahbarlarga eʼtiroz bildirgan ekan. Hatto respublika rahbarlari bilan o‘tgan majlisda ham “Men xizmat ko‘rsatgan artist unvonini 1969-yili olganman, Shafoatdan ko‘proq men munosibman”, degan ekan. Bu gapdan keyin hujjatlarimni Toshkentdan qaytarishgan. Teatrdagi gap-so‘zlar sabab meni ishga chaqirishdi. O‘shanda oyog‘im sinib, uyda davolanayotgan edim. Majlisga kelib, “Bo‘ldi unvonni siz oling, menga ortiqcha gap-so‘z kerak emas, o‘zi oyog‘im og‘riyapti”, deganman. Ammo 1992-yilning 28-avgustida “Suyunchi bering, siz Xalq artisti bo‘ldingiz”, deyishdi. O‘shanda sahnada o‘sha insondan tashqari hamma hamkasblarim tabrikladi. Faqatgina u kishi ters ortiga o‘girilib ketgandi. Afsuski, undan keyin ham unga Xalq artisti unvoni nasib etmadi, — deydi aktrisa.

“Tunda yolg‘izligim seziladi”

Aktrisa faoliyati davomida ko‘plab film va spektakllarda rollar ijro etdi. Hozir ham teatrda faoliyat yuritadi. Unga teatr yonidagi Sanʼatkorlar uyidan xonadon berishgan. Ammo aktrisa tunlari o‘zini yolg‘iz his qilishi, baʼzida yolg‘iz yashaganiga achinishi haqida gapirdi.

Foto: Skrin

— Kunduzi yolg‘iz ekanligim sezilmaydi. Piyoda yurib teatrga chiqaman, yoshlar bilan uchrashaman. Hurmatimni hamisha joyiga qo‘yishadi. Ammo uyga qaytganimda meni hech kim kutib olmaydi. Tunlari yolg‘izligimni his qilaman. Baʼzan nega oila qurmaganim, yana farzandli bo‘lishga urinmaganim haqida o‘ylayman, afsuslanaman. Ammo afsuslanishdan nima foyda? Baribir o‘tgan umrni ortga qaytarib bo‘lmaydi-ku.

Foto: Skrin

Karantin davrida koronavirusga chalindim. Kasallik o‘pkamning 75 foiziga tarqaganini aytishdi. Bir necha kun jonlantirish bo‘limida davolandim. Shifokorlar yaxshi qaradi, bir o‘limning og‘zidan qaytarib olishdi. O‘shanda shaxsiy hayot haqida ham ko‘p o‘yladim. Insonning taqdiri ona qornida ekanligida yozilar ekan. Demak, befarzand o‘tish mening peshonamga bitilgan, afsuslangandan foyda yo‘q, — deydi aktrisa Shafoat Rahmatullayeva.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »