Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekiston xalq artisti Rixsi Ibrohimova bu yil 86 yoshni qarshiladi. Bolaligi urush yillariga to‘g‘ri kelgan, ochlik va o‘limni his qilib yashagan ijodkor katta mehnat evaziga ustozlik maqomiga erishgan. U masʼuma o‘zbek ayoli siymosida kinotasmalarga muhrlangan.

“Rizqli qiz tug‘ildi”

Rixsi Ibrohimova yetti farzandli xonadonda dunyoga kelgan. Uning oilasida sanʼatkorlar yo‘q, ammo otasi adabiyotni yoqtirgani va sibizg‘a chalishni yaxshi ko‘rganini yaxshi eslaydi.

— Otam rahmatli onasidan erta ayrilib, o‘gay onaning qo‘lida ulg‘aygan. Ammo oilada bir-birlariga nihoyatda mehrli bo‘lishgan ekan. Men tug‘ilishimdan avval Taxtapuldagi ota hovlisidan yangi u yerga ko‘chib o‘tgan ekan. Yangi hovlida tug‘ilganim uchun “Rizqli qiz tug‘ildi, ismini Rixsixon qo‘yamiz”, degan ekan. Otam oddiy ishda ishlasa ham nihoyatda ilmli inson edi. Qatag‘on yillari qanchalik og‘ir kechganligini yaxshi bilasizlar, hatto “O‘tkan kunlar” asarini ham o‘qish mumkin emasdi. Otamda esa mana shu kitob bor edi. Asarni rus tilidagi tibbiyot kitobining ichiga solib qo‘yardi. Bir qaragan inson uni “O‘tkan kunlar” deb bilmasdi. Shu bilan birga u har doim yashirinicha saqlanardi. Kech tushganida qo‘ni-qo‘shnilar uyimizga chiqishardi va otam kitobni o‘qib berardi. Bundan tashqari, otam sibizg‘a chalishni yaxshi ko‘rardi. Tunda chalib bergani va bir uy qo‘shnilar bilan tinglaganimiz kechagidek esimda, — deydi aktrisa.

“Urushdan qaytgan o‘liklarni ko‘rganman”

Aktrisa bolaligi qiyin kunlarga to‘g‘ri kelgani, nonni o‘lchab yeyishgani va tasodifan urushdan qaytgan o‘liklarni ko‘rib qolgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: “Kun.uz”

— Hozirgi yoshlarga bolaligim haqida so‘zlab bersam xuddi ertak eshitayotgandek bo‘lishadi. Oilada yettita farzand bo‘lganimiz uchun hamma narsa o‘lchog‘lik edi. Onam kechga hammamizga bir burdadan non berib, “Hammasini yeb qo‘ymagin, ertaga maktabga olib ketishing kerak”, derdi. Odamlar faqat qorin g‘amini yerdi. Onam “Otasi shuncha bolaning to‘yini qanday qilamiz, sandiqqa bir ro‘mol ham tashlab qo‘ymadim”, deb kuyunib gapirsa “Peshonasiga bersin, hozircha qornini to‘ydirib turaylik bir gap bo‘lar”, derdi.

Foto: Skrin

Bolaligimdan raqsga qiziqqanman. Qizlar maktabida o‘qiganim uchun turli spektakllar sahnalashtirardik. Meni ham rol o‘ynashga taklif etishgan. Ammo sahnaga chiqadigan paytim o‘qituvchim qopdagi kiyimlardan birini kiyishimni aytdi. Qarasam hammasi nihoyatda kir va yoqimsiz hidli ekan. “Bularni kiymayman”, dedim. Shu sabab maktabdagi ilk rolimni ijro etolmaganman. Ammo sahnaga intilish bolalikdan bo‘lgan.

Bir kuni dugonam bilan ToshMI atrofidagi mahallaga bir ish bilan boradigan bo‘ldik. U qarovsiz bino yonidan o‘tayotganda eski matolarga o‘ralgan va qizil rangga bo‘yalgan jasadlarni ko‘rdik. Keyin bilsak, u shaxsi aniqlanmagan, ammo o‘zbek ekani taxmin qilingan urush qatnashchilari ekan. Qo‘rqib ketganmiz, bu juda qo‘rqinchli manzara edi, — deydi Rixsi Ibrohimova.

“Sen artist bo‘lishing kerak”

Ko‘pchilik sanʼatkorlar oila aʼzolari bu sohani tanlashiga jiddiy qarshilik qilgani haqida gapirishadi. Qizig‘i shundaki, Rixsi Ibrohimovaning otasi qizining sanʼat institutida o‘qishini istagan ekan.

Foto: Skrin

— Maktabni tamomlab, hozirgi O‘zMUning filologiya fakultetiga hujjat topshirmoqchi bo‘lganman. O‘shanda otam rahmatli “Sen sanʼatga qiziqarding-ku, balki artist bo‘larsan”, degan. U paytga qadar sanʼat instituti borligini ham bilmaganman. Qiziqib borsam, bir domla nima yumush bilan borganimni so‘radi. “Qiziqib keldim, aslida adabiyot o‘qituvchisi bo‘lmoqchiman”, dedim. Fattohov domla biror nima aytib berishimni so‘radi. Shunda “Bo‘ri va qo‘zichoq” ertagini aytib berganimni bilaman “Sen sanʼatkor bo‘lasan”, dedi. Shu tariqa hujjatlarimni
shu institutga topshirib, imtihonlardan aʼlo baholar bilan o‘tganman. Maktabda jamoat ishlarida faol bo‘lganim bois institutda ham tezda nazarga tushdim, — deydi aktrisa.

“Otam, emas akam sanʼatimga qarshi bo‘lgan”

Aktrisa 60 yoshga kirganida ham akasining talabini bajargani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram

— O‘zbekiston xalq artisti Qudrat Xo‘jayev kurs rahbarimiz edi, aktyorlik mahoratidan dars berardi. 1955-yil ustoz sanʼatkor Olim Xo‘jayevning rafiqasi Shohida Mag‘zumova bilan hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Paranji sirlari”ni sahnalashtirishgan va menga Mahmuda roli nasib qilgan. Epizod bo‘lsa ham ilk bor sahnaga chiqqanimda, o‘zimni yo‘qotib qo‘yib, qaltiraganim yodimda. 1957-yilda teatrda Toshxo‘ja Xo‘jayev tomonidan Komil Yashinning “Yo‘lchi yulduz” dramasi sahnalashtirildi. Spektakldagi bosh rollardan biri — Gulasal menga topshirilgan. Shu rolim orqali nazarga tusha boshlaganman. Mazkur rolim uchun 1957-yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan Yoshlar festivalining sovriniga sazovor bo‘lganman. Shukr, bugungi kungacha katta-katta asarlardagi barcha bosh qahramonlarni ijro etish nasib qilgan baxtli aktrisalardan biriman.
Televideniyeda ilk bor jonli ijroda “Vanya tog‘a” spektakli bilan ekranga chiq qanmiz. Ketma-ket telespektakllarda ishtirok etganman.

Foto: Instagram

Shunda aktrisa ekanimdan bexabar akam meni televizorda ko‘rgach, uyda katta janjal bo‘lgandi. Otam o‘zi ruxsat berganini aytib, yonimni olgani yodimda. Televideniyeda uzoq yillar “Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvida ham qatnashganman. 60 yildan oshiq sahnada bo‘lsam ham, akamning “Farqingni qiyshiq ochmaysan, tirnog‘ingni bo‘yamaysan!” degan talabini eslab kulaman. Hozirgi imidjim balki yoshlikdan o‘rganish bo‘lib qolgandir. Ustozim Damir Shokirov O‘zbekiston radiosidagi faoliyatimga sababchi bo‘lgan, — deydi Rixsi Ibrohimova.

“Yolg‘iz farzandim bor”

Aktrisa oilasi haqida gapirishni unchalik xushlamaydi. Ammo uning ham ko‘p sanʼatkorlarga o‘rnak bo‘la oladigan go‘zal oilasi bo‘lgan.

Foto: Instagram

— Turmush o‘rtog‘im sanʼatdan yiroq inson emas. Teatrimizning qurilishida ishtirok etgan, keyinchalik muhandis sifatida ishda olib qolishgan ekan. Har kuni grimxonamda ovqat paydo bo‘lib qolardi. Bir kuni idishni olgani kirib qoldi. Shunda kimligini so‘rab, tanishib qolganmiz. Kunlarning birida “Uyingizga kuzatib qo‘yay”, degan.

Yo‘lda suhbatlasha turib, turmush qurish taklifini bildirgan. Keyin bilsam, onasining ismi ham Rixsixon bo‘lgani bois menga bo‘lakcha mehr qo‘ygan ekan. Taqdir ekan, Dalilxon aka bilan oila qurdik. Yagona farzandimiz Aʼzamxo‘ja kompyuter muhandisligi sohasini tanladi. Oilali, kelinim avvalgi “Uy vazifasi” ko‘rsatuvining boshlovchisi Hilolaxon. Ikkita nabiram bor:
Ilyosxo‘ja, Amina. Turmush o‘rtog‘im 2004-yil yurak xurujidan vafot etgan.

“Og‘ir dardni yengdim”

Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda madaniy xizmatlari bilan qatnashgan 1111 kishilik sanʼatkorlar orasida aktrisa ham bor edi. Qaytgach, nurlangani maʼlum bo‘lib, 1987, 1991, 1987, 1989, 1991-yillar og‘ir jarrohlik operatsiyalarini boshdan kechirgan.

Foto: Skrin

— Juda og‘ir kechdi, uning azobini tasvirlab berolmayman. Oradan qancha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, uning asorati haligacha seziladi. Mayli bu ham peshonada bor ekan, nima ham qilolardim? — deydi aktrisa.

Foto: Instagram

Darvoqe, yana bir qiziqarli fakt. U 1960—1970-yillarda Xalq deputatlari tuman kengashi deputati bo‘lgan. Teatr ijodkorlari uyushmasi va uning badiiy kengashi aʼzosi, Kasaba uyushmasi boshqaruv kengashi aʼzosi, shahar xotin-qizlar, nuroniy jamg‘armasi kengashining byuro aʼzosi sifatida ham faoliyat yuritgan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »