Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekiston xalq artisti, o‘zbek sanʼati primaddonasi deya eʼtirof etiluvchi Yulduz Usmonova bu yil 60 yoshni qarshiladi. Ammo sahnada uni hech kim qutlug‘ yoshni qarshilagan demaydi. Chunki u haligacha yoshlardek serg‘ayrat va shijoatli. Bu borada unga uncha-muncha yosh xonanda ham teng kelolmaydi.

“Boyning qizi deyishardi”

Yulduz Usmonova 1963-yil 12-dekabrda Marg‘ilon shahrida ishchilar O‘rayimoxun Usmonov va Rahima Akbarovalar oilasida oltinchi farzand bo‘lib dunyoga kelgan. Xonanda ota-ona bilan bog‘liq quyidagi maʼlumotlarni so‘zlab bergan.

Foto: Instagram

— Otam O‘rayimoxun Usmonov 1926-yilda Marg‘ilonda tug‘ilgan. U butun umr Marg‘ilon ipak kombinatida ishlagan, ish staji 52 yil edi. U nihoyatda mehnatkash inson edi, oddiy ishchi bo‘lishiga qaramay, qo‘ni-qo‘shnilarimiz, qarindosh-urug‘larimiz, tanishlarimiz bizni “boylar” deb atashardi. Shunga yarasha bolaligimda meni “boyning qizi”, “bola” deyishardi. Dadam zavodda ishlashidan tashqari, u mohir yog‘och usta bo‘lgan.

Onam Rahimaxon Akbarova ham 1932-yilda Marg‘ilonda tug‘ilgan. Marg‘ilon ipak kombinatida 41 yil ishladi. Aytishim kerakki, mening feʼlim onamga o‘xshaydi. U ham hech qachon o‘zini xafa qilishlariga yo‘l qo‘ymas, kurashuvchan ayol edi, — deydi Yulduz Usmonova.

Yulduzning chaqnashiga Gavhar Rahimova sabab bo‘lganmi?

Usmonovaning sanʼatga kirib kelishi juda qiziq kechgan. U raqs bilan shug‘ullanishni, shu bilan birga, qo‘shiq kuylashni yaxshi ko‘radi. Buni sezgan Gavhar Rahimova uni Toshkentga olib keladi.

Foto: Instagram

Korporativ tadbirlardan birida Gavhar Rahimova yosh Yulduzdagi iqtidorni ko‘rib, uni Toshkentga olib boradi. U yerda Yulduz bilan vokal darslarini olib bordi, keyinroq uni Saodat Qobulova bilan tanishtirdi. Yulduz Usmonova O‘zbekiston davlat Konservatoriyasida tahsil olib, muvaffaqiyatli tamomlaydi.

“Ishni fabrikadan boshlagan”

Xonandaning opasi Dilorom Usmonova singlisining yoshlik payti haqida gapirarkan, Yulduz Usmonova kichkinaligidan intiluvchan bo‘lganini taʼkidladi.

Foto: Instagram

— Oilada to‘rt o‘g‘il va to‘rt qizmiz, Yulduz oltinchi farzand. Singlim yoshligida tartibli, uzoqni ko‘ra biladigan, intiluvchan qiz bo‘lgan. Bir ishning boshini tutsa, uni oxirigacha go‘zal yakunlashga harakat qilardi va buni uddalardi. Bu uning xarakterida bor edi.

17-18 yosh paytida fabrikada ishlagan. O‘sha paytlarda ham saharlab fabrikaga hammadan birinchi borardi. “Men yaxshi ishlashim, birinchi bo‘lishim kerak”, derdi. O‘shanda uning nomzodi deputatlikka qo‘yiladigan bo‘lgan. Ammo Yulduzning yoshi yetmagan. Yoshi kattaroq bo‘lganida, deputatlik maqomiga erishardi.

Foto: Instagram

Fabrikada ishlagan vaqtlarida ham sanʼat shaydosi edi, qo‘shiqlar aytib turardi. Avvaliga dadam sanʼatkor bo‘lishi va Toshkentda o‘qishiga qarshi bo‘lgan. Oxiri dadam rahmatli rozi bo‘lib, Toshkentga jo‘natgan va shundan keyin ko‘karib, el mehnatini qilib kelmoqda. 12-14 yoshida “Hammalaringiz hali ko‘rasizlar, men shunday Yulduz bo‘laman”, derdi va maqsadiga erishdi, — deydi o‘zbek primadonnasining opasi.

“Akamning o‘limi haqida eshitganman”

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova kasb masʼuliyati sabab katta akasi vafot etganda, to‘ylar sabab janozaga kechikib borgani haqida so‘zlab bergandi.

Foto: Instagram

— Kiyinib, to‘yga chiqib ketyapman, “Akangiz vafot etdi”, degan xabar keldi. Qotib qoldim. Nima bo‘lgan taqdirda ham, ishimni tugatishim kerakligini his qilib, xizmatimni ko‘ngildagidek ado qilganman. Faqat oxirgi to‘ydagi so‘nggi qo‘shiqni aytayotganimda yig‘lab yuborganman. Ungacha muxlislarni dardimga sherik qilishni istamaganman. Janozaga biroz kechikib bo‘lsa-da, yetib borganman. Chunki bizda hozirgi baʼzi xonandalarda yo‘q kasb masʼuliyati bor. Sanʼatkor bunday vaziyatlarga hamisha tayyor bo‘lishi kerak, — deydi Yulduz Usmonova.

Parda mojarosi aslida qanday bo‘lgandi?

Yulduz Usmonova 2022-yilning 12-mart kuni o‘tkazilgan yakkaxon konsertida texnik nosozlik sabab pardaning ko‘tarilmay qolgani va ayrim muxlislar bunga eʼtiroz bildirgach, xonanda ularga qo‘pol gapirib yuborgani haqidagi video ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: Instagram

— Voqeani bilmay turib, baho berish oson. Sanʼatkorni madaniyatsizlikda ayblashdan avval “Voqea nega bunday tus olgandi, nega xonanda qattiq asabiylashdi?” deb o‘ylab ko‘rish kerak. Jonli ijroda kuylayotgan xonandaga zaldagi notinchlik xalal beradi. Chunki butun konsert repertuarini eslab qolish osonmas. Parda ko‘tarilayotganida unga kaftdek taxta tiqilib qolgan. Sahna ishchilaridan biri yugurib saroyning eng yuqori qavatiga chiqqan. Hatto shoshilib pardani ko‘taraman deb oyog‘ini tutgich kesib yuborgan. Ammo bu holatni tomoshabinlar bilmay, bizdan ranjishdi. Yulduz opangiz ham qattiq asabiylashdi, — deydi xonandaning turmush o‘rtog‘i va konsert prodyuseri Mansur Agaliyev.

 “To‘pponcha tirab, ulush so‘rashardi”

Foto: Instagram

— To‘ylarda pichoq tiragan, to‘pponcha o‘qtalgan paytlar juda ko‘p. Hatto “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyida konsert beradigan kunim kelib, “Ulush berasan, bo‘lmasa otaman”, deb ham qo‘rqitishgan. Ularga “Yo‘q, bermayman”, deb bo‘lmasdi. “Xo‘p, boshlig‘ing kim, uchrashtir”, derdim. Osonlikcha taslim bo‘lmasdim. U paytda mushtumzo‘rlar juda ko‘p edi. Seni kislotaga tashlaymiz, deb qo‘rqitishlar ham bo‘lgan. Juda qoidasiz, qiyin vaqtlar edi, — deydi xonanda Yulduz Usmonova.

Nechta qo‘shig‘ingiz bor?

Bu savolga xonanda quyidagicha javob bergan.

Foto: Instagram

— Qo‘shiqlarimning sonini aniq bilmayman. Umrimda hech narsani sanamabman. Men bilan ijod boshlaganlarning ko‘plari o‘lib ketdi. Dinozavr bo‘lib ketdik, shekilli. Odam olg‘a yuraverishi kerak. Konsertlarimiz, qo‘shiqlarimiz sonini bizdan keyingilar sanayversin. Biz tinmay olg‘a yuraveraylik. Sanasam, joyimda qolib ketaman. Men ishimni qilaveray. Umrimda birovga bosh ko‘tarib qarashga vaqtim bo‘lmadi. Yoshligimdan izlanish, oldinga yurish, o‘rganish bilan bandman. Lekin kam bo‘lmadim”, — deydi xonanda.

“Qimmat kiyinib boy bo‘lishni ham, yirtiq maykada baxtli bo‘lishni ham bilaman”

Foto: Instagram

— Hozir ham uyda yirtiq maykalarimni rohatlanib kiyaman. Ko‘pchilik “Yulduz Usmonova uyida paxmoq shippakda, po‘rim bo‘lib yuradi” deb o‘ylaydi. Unday emas. Unday yurishni o‘ziga xiyonat qilganlar qilsa kerak. Chunki men viloyatning, qishloqning va namoz o‘qiganlarning bolasiman, mehnatkashlarning bolasiman, men ham ulardek yashayman.

Foto: Instagram

Ko‘ngling, niyating to‘g‘ri bo‘lsa, Alloh xohlagan joyiga, xohlagan darojotiga olib chiqib qo‘yar ekan. Bundan uyalmaslik kerak. Men shu gaplarni gapirganim bilan nima Yulduz Usmonova bo‘lmay qoldimmi, xudoga shukr, qanchalik bo‘ynimga olayotgan bo‘lsam, shuncha Alloh yuksakka olib chiqmoqda. Tamom, gap shu, o‘zligingizdan uyalmang.

Kekkayib, bugun zar chopon kiyganingda, kecha yirtiq chopon kiyganingni unutma. O‘sha ham meniki edi, bu ham meniki, kecha u yerda edim, bugun bu joydaman. Lekin yana tushib qolishim mumkin, Alloh o‘zi bilguvchi, olib boraveradi. Shunda yiqilsang ham, uyalmaysan, “ha, nima kutgandinglar, yuryapman, yiqilyapman, ishlayapman, xato qilyapman”. Inson shunaqa bo‘lishi kerak.

Yulduz Usmonova deputatlik davrlari haqida

Yulduz Usmonova o‘zini siyosat olamida sinab ko‘rgan kam sonli o‘zbek shou-biznesi vakillaridan biri hisoblanadi. U 1995—2000-yillarda Oliy Majlis deputati bo‘lgan. Xonanda deputatlik davri haqida.

Foto: Instagram

— Men deputatligimda Oliy Majlisga yengi yo‘q ko‘ylak kiyib borganman. Boring, yengli kiyim kiyib keling, deb zo‘rg‘a chiqarishgan. Men yengli kiyim kiymayman, deganman. Tez yengli kiyim kiyib kel, deyishgan. Men sanʼatkorman. Deputat qilib qo‘ysangiz ham, sanʼatkorman, mening o‘z qarashlarim bor. Siz oq va qora deb turgan joyingizda, men sariqni ko‘rib qolishim mumkin. Bizga erkinlik kerak. Shundagina go‘zal ijod qila olamiz, — deydi Yulduz Usmonova.

Turkiyaga ko‘chish va iqtisodiy qiyinchiliklar

O‘zbekistondagi norasmiy “zapret”dan so‘ng Yulduz Usmonova oilasi bilan Turkiyaga ketadi. Yulduz Usmonovaning eri Mansur Agaliyev Turkiyadagi qiyinchiliklar haqida shunday xotirlaydi.

Foto: Instagram

Iqtisodiy muammolar bo‘lgan, hech balomiz qolmagan. Juda qiyin paytlar bo‘lgan. Turkiyaga borganimizda 20 kuncha mehmonxonada yashaganmiz. Keyin menejerga pul berish kerak, unga pul berish kerak, bunga pul berish kerak, xullas, pul tugadi.

Do‘konlarimdan u yerga har kuni pul borardi. Bir muammo sabab Toshkentdagi 12 ta do‘konimni bosishgan. Keyin Turkiya bozoridan Rossiyaga yana boshqa joylarga mol jo‘natib, tirikchilik qilganman. Katta qiyinchiliklardan chiqqanmiz. Juda katta summa ketgan.

Turkiyani sanʼat bilan olish juda katta masala. Yulduz Usmonovaning Turkiyada qo‘shiqlarini juda ko‘p odam bilardi. Misol uchun, “Dunyoda o‘limdan boshqasi yolg‘on” degan qo‘shiqni aytgan desak, bo‘ldi, ko‘pchilik tanirdi, lekin o‘zini ko‘rishmagan.

Avvalo, o‘zi aytgan qo‘shiqlarini turkchaga o‘zgartirib, shu bilan tanitib oldik. Turkiyada katta-katta telekanallarning hit-paradida uch oylab birinchi o‘rinda turdi. Katta-katta sanʼatkorlar Yulduz Usmonovani ko‘rib, qo‘shiqlar berishini iltimos qilishardi.

Yulduz Usmonova Turkiyada juda katta, yaxshi natijalarga chiqib, u yerda shu darajamizni saqlab, keyin chekinganmiz. Sababi u yerda shu darajasini saqlab qolishi kerak edi. Bir paytlar Yulduz Turkiya shou-biznesida bor edi emas, u bor, degan fikr bilan qaytganmiz, — deydi xonandaning turmush o‘rtog‘i Mansur Agaliyev.

Yulduz Usmonovaning tadbirkorlik faoliyati

Yulduz Usmonova sanʼatdan tashqari tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanishi hech kimga sir emas. Primadonnaning poytaxtda bolalar kiyim-kechagi ishlab chiqaradigan fabrikasi va tibbiyot klinikasi bor.

 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »