Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Xonanda Malika Ravshanova bu yil 40 bahorni qarshiladi. U hayotda ko‘plab qiyinchiliklarga uchragan va karyerasidagi muvaffaqiyatni uzoq yillar kutgan. 

“Bolalik gashtini his qilmaganman”

“Siz men uchun eng yaxshi inson” deya dadalarni madh etuvchi qo‘shiq kuylagan Malika Ravshanova otasidan juda erta ayrilgan. Uning otasi Ravshan aka 27 yoshida olamdan o‘tgan. Xonanda otasining ismi o‘zining ismi bilan doim yonma-yon tilga olinishini istab, Ravshan ismidan familiya sifatida foydalanadi.

Foto: Instagram

— Bolalik gashtini his qilmay katta bo‘lganman. 15 yoshimga qadar erta-indin otam qaytadi, degan umid bilan yashaganman. Biz-ku, otasiz qiynalganmiz, onamga esa ikki hissa qiyin bo‘lgan. Onam o‘sha paytlarda gilam to‘qish sexida ishlardi, uyga kelib kelinlar sarposiga kashta tikardi. Onam qiynalib pul topayotganini ko‘rganim uchun biror marta qo‘g‘irchoq yoki shirinlik olib bering, demaganman. Hatto katta tanaffus paytida dugonalarim oshxonaga chiqib, u-bu narsa olishsa, men sinfda qolardim, — deydi xonanda Malika Ravshanova.

“Kechirmagan insonlarim qatorida eng yaqinlarim bor”

Malika Ravshanova kimlarni kechirolmasligi haqida ham gapirib o‘tgan. 

Foto: Instagram

— Kechirolmaganlarim begona bo‘lganida, bunchalik qalbim yaralanmas edi. Biroq kechirmagan insonlarim qatorida o‘zimning eng yaqinlarim bor. Dadam o‘tgan kundan boshlab yetimlarning haqqini talon-toroj qilishgan, ularni kechira olmayman. Yetimning haqqi hech qachon hech kimda qolib ketmaydi. Bu narsa bizni tez ulg‘aytirdi.

Bolaligim qiyinchilikda o‘tgan. Oilamiz moddiy jihatdan ko‘p qiyin kunlarni boshdan kechirgan. Oilada uch farzand edik, akam bolalikdan onamga ro‘zg‘or ishlarida ko‘maklashishga harakat qilardi. Rahmatli shu darajada mehribon ediki, qishda singlim ikkimizni hovliga chiqarmay “Ishlarni men qilaman, hovliga chiqmanglar”, deb uqtirardi, — deydi Malika Ravshanova.

“Maktab sumkasi yo‘q, paketga solib turinglar”

Xonanda beva ayollarga qanchalik qiyin ekanligini onasining boshdan o‘tkazgan qiyinchiliklari orqali quyidagicha izohlaydi.

Foto: Instagram

— Dunyoda yomon ona bo‘lmaydi. Bolasiga kimdir nimadir qilsa, birinchi kuyib-yonadigan ona bo‘ladi. Onamning ko‘p vaqti pul ishlab topishga ketardi. Gilam to‘qirdi, kashta tikardi, non yopardi, tikuvchilik qilardi. U erta sahar oltida ketib, kechki oltida qaytardi. Kuzda maktab uchun kerakli narsalarni olib beray, deb yozda ishlardi. Harakat qilardi, bir safar ishlab menga, keyin akamga o‘quv-qurol olib berardi. Ammo bir safar sumka olib berolmay, “Daftarlarni paketga solib borib turinglar”, degan, — deydi xonanda.

“Dadam tushimda oldimga kelib, oyog‘imga etik kiydirib ketgan”

Foto: Instagram

— Bir yili qish qattiq keldi, qor, yomg‘ir yog‘di. Oyog‘imda etik yo‘q edi, bola puli berilmasdi, keyin onam paket kiyib borasanmi, deb o‘ylangan. Etigimdan suv o‘tayotgan bo‘lsa ham, maktabga borsam bo‘ldi, deb kiyib boraverganman. O‘shanda dadam tushimga kirgandi. U oldimga kelib, oyog‘imga etik kiydirib ketgan. O‘sha paytda bola bo‘lsam ham, etigim yo‘q, deb xafa bo‘lmaganman. Hozir o‘ylab ko‘rsam, onamga oson bo‘lmagan ekan, — deydi xonanda Malika Ravshanova.

“Bandalik ekan, deyishgan”

Xonanda akasining bevaqt o‘limi oila uzoq og‘ir zarba bo‘lganini quyidagicha eslaydi.

Foto: Instagram

— Zafar akam 19 yoshda edi. Haligacha Jizzaxdagi ota uyimga borsam, qo‘ni-qo‘shnilar “Akang boshqacha bola edi, qo‘ldan kelganicha hammaga yordam berardi”, deb eslashadi. Afsuski, akam hech narsaga ulgurmadi, undan birgina zurriyot ham qolmadi, deb ko‘p siqilaman. Akamning o‘limi tasodif bo‘lgan, uning sog‘ayib ketishini intiqib kutgandik. Afsuski, umri shunday yakun topishi kerak ekan. Amakim katta yuk mashinasini haydardi, uning ballonini almashtirish kerak bo‘lgan. Akam mashina balloni tagiga lom qo‘yib, uni almashtirmoqchi bo‘lgan. Ammo g‘ildirak diskasi joyidan silg‘ib, uning boshiga kelib tushgan. Uni shoshilinch kasalxonaga olib kelishgan, 11 kun davomida jonlantirish bo‘limida davolashgan. Akam ko‘zini ochishini intiqlik bilan kutgandik. Onam bilan kasalxona hovlisidagi o‘rindiqda soatlab o‘tirib, shifokorlarning xabariga kutardik. Afsuski, shifokorlar “Bandalik ekan” deyishgan. Eng alam qilgani, akam umrining so‘nggi damlarini uyquda o‘tkazgan, ichidagi gaplarini aytolmagan, — deydi xonanda Malika Ravshanova.

“Tirikchilik qilishga majbur edim”

Xonanda akasining o‘limidan keyin onasi ruhiy tushkunlikka tushib qolgani va uni Toshkentga olib kelishga qaror qilgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram

— Akamning o‘limi oilamiz uchun og‘ir zarba bo‘lgan. Dadam rahmatli 27 yoshida vafot etgan. Onam turmush o‘rtog‘idan keyin bosh farzandini ham yo‘qotishni tasavvur qilolmasdi. Ammo peshanada yozgani bo‘larkan. Akam o‘lganidan keyin u bilan bog‘liq xotiralarni eslamaslik uchun uydagi hamma narsa, hatto idish-tavoqlargacha tarqatib yubordi. Uyimizda akamni eslatuvchi hech narsa qolishini istamagandi. Men u paytda Toshkentda o‘qirdim. Onamning Jizzaxda qiynalayotganini ko‘rib, uni Toshkentga chaqirdim. Avvaliga ikkimiz ijara uyda turdik, undan keyin pul to‘plab uy sotib oldim. Darsdan keyin to‘ylarga chiqardim,tirikchilik qilishga majbur edim, — deydi Malika Ravshanova.

“Turmush o‘rtog‘im badavlat inson emasdi”

Malika Ravshanova oilaviy bizneslari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Instagram

— Maqom bo‘yicha o‘qiganman, ko‘plab tanlovlarda ishtirok etganman. Ammo pul bo‘lmasa, ijod qilish imkonsiz edi. Shu bois turmush o‘rtog‘im bilan tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanishga qaror qilganmiz. Hozirgi kunda sayohat agentliklari, ishlab chiqarish va fermerchilik bo‘yicha ham ishlaymiz. Ayrimlar o‘ylaganidek, turmush o‘rtog‘im badavlat inson bo‘lmagan. Oila qurganimizda ikkimizning moliyaviy sharoitimiz bir xil edi. Hamma narsaga o‘z mehnatimiz bilan erishganmiz, — deydi Malika Ravshanova.

“Bu mening onam” ortidagi muammolar...

Xonanda “Bu mening onam” ko‘rsatuvining sobiq boshlovchisi Shoira Mirsodiqova bilan qanday tanishgani va undan nega ranjigani haqida ham gapirib o‘tgan.

Foto: Instagram

— U bilan sanʼatkorlarning Telegram guruhida tanishganman. Sotiladigan uy so‘ragan, men yaxshilik qilish umidida unga bilganimni aytganman. Keyin u “Oilaviy” kanalda ishlashini va istasam bitta ko‘rsatuvda pul evaziga chiqarishini aytdi. Boshqalarga falon so‘m, sizga buncha dedi. Umuman ko‘rsatuvda chiqish niyatim yo‘q edi, turmush o‘rtog‘im “Mayli, chiqavering”, deganidan keyin oddiy uy bekasi sifatida ko‘rsatuviga olib chiqdi. “Ko‘rsatuvning harajati bor”, degandi. Ammo operatorlarining oldida pulni olishga xijolat bo‘ldi, agar hammasi ochiqchasiga bo‘lganida, bunday qilmagan bo‘lardi. Xullas, shu orqali tanishdik, shunday keyin yana bir nechta ko‘rsatuvlarida, hatto bolalarimni chiqarish uchun ham pul so‘radi. U paytlari uchinchi farzandim chaqaloq bo‘lgani uchun ko‘chaga chiqolmasdim. Nodira degan tanishimiz bilan uyimga kelib “Bu mening onam” ko‘rsatuvi haqida birgalikda o‘tirib gaplashganmiz. “Siz homiylik qiling, ko‘rsatuvning ilk sonini telekanalga olib boramiz”, degan. Men musiqasiga javobgar bo‘lganman va o‘z hisobimdan musiqani yaratganman. “Shoiraga so‘zlarini aytib turdim”, degan gaplari ham yolg‘on. Shunga hit qo‘shiqlarni yaratgan Rislig‘oy Hotamova kimningdir o‘rgatib turishiga muhtoj emas. Ko‘rsatuv formati avvaliga butunlay boshqacha edi, telekanal rahbarlari kelishib uni o‘zgartirishni so‘rashgan. Aytmoqchi bo‘lganim, ko‘rsatuv ham, qo‘shiq ham bir insonning g‘oyasi asosida yaratilgan emas, — deydi Malika Ravshanova.

“Men unga har bir to‘yimdan ulush berardim”

Xonanda nega boshlovchi bilan kelishmovchilikka borgani haqida quyidagilarni aytgan.

Foto: Instagram

— Har bir to‘ydan ulush berardim. Bu bir oyda anchagina summa bo‘lib ketardi. Ammo bu haqida ikki yilgacha hech kimga og‘iz ochganim yo‘q. “Men uni ko‘tardim”, deb intervyu berganidan keyin jahlim chiqib ketdi. U insonning asliyati qandayligini yaxshi bilaman. Hamma narsadan foyda ko‘rishga harakat qilardi. “Ko‘rsatuvga pul evaziga chiqadiganlardan toping”, derdi. Hatto bir necha qahramonlarni pul evaziga olib chiqqanini bilaman. Ammo men bu haqida hech kimga aytmaganman. Faqatgina kanaldan haydalishida mening qo‘lim borligini va unga nisbatan tuhmat qilganimni aytganidan keyin nimalar bo‘lganini xalqqa oshkor qilishga majbur bo‘ldim. Undan hech qanday qarzim yo‘q, — deydi Malika Ravshanova.

“Avariyadan keyin 8 yil rulga o‘tirolmaganman”

Malika Ravshanova jiddiy yo‘l-transport hodisasiga uchragani va shundan keyin bir necha yil rulga o‘tirolmagani haqida ham so‘zlab bergan.

Foto: Instagram

— 2008-yil Jizzaxga to‘yga ketayotganimizda jiddiy yo‘l-transport hodisasiga uchraganmiz. Yaʼni yo‘ldan eshak chiqib qolgan. Biz ketayotgan mashina haydovchisi uni urib yubormaslik uchun mashinani chetga olgan. Baxtga qarshi, mashina beton to‘siqqa borib urilgan. O‘shanda mashinaning yarmi yo‘q bo‘lib ketgandi. Undan keyingi voqealarni eslolmayman. Ko‘zimni ochganimda Toshkentga olib kelishganini aytishgandi. Bir yarim oy davomida o‘rnimdan turmay davolanganman. Chunki umurtqam jiddiy shikastlangan edi. Shu voqeadan keyin 8 yil rulga o‘tirishga qo‘rqqanman. Turmush o‘rtog‘im xorij safarlarida ko‘p bo‘lgani uchun mashina haydashga majbur bo‘lganman. Agar shu majburiyat bo‘lmaganida, rulga o‘tirish fobiyamga aylanib qolgan bo‘lardi, — deydi Malika Ravshanova.

Foto: Instagram

Xonanda oilali, 3 farzandning onasi. U xonandalikdan tashqari, oilaviy tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »