Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Muyassar Berdiqulova bu yil 54 yoshni qarshiladi. Hamisha yosh va go‘zal bo‘lishga intiladigan aktrisa bugungi kungacha ko‘plab qiyin kunlarni boshdan kechirgan. Ammo dardini doston qilishni istamaydi va hammasini tabassumi ortiga yashirishi haqida gapiradi.

Muyassar Berdiqulova maktabda yaxshi baholarga o‘qimagani uchun institutga o‘qishga kirgani haqida ustozlari eshitib hayron bo‘lishgani haqida gapirdi.

Foto: Skrinshot

— Bolaligimda juda ham sho‘x qizcha bo‘lganman. Namangan viloyati Norin tumanining Xalqobod degan kichkina shaharchasida tug‘ilganman. O‘sha yerda katta bo‘lganman, bolaligim o‘tgan. Maktabda o‘qib yurgan kezlarim ham ustozimiz Maqsudaxon aya “Yerga ursa ko‘kka sapchiydigan Berdiqulova qaysi biringiz”, deb so‘ragan. Esimda: men deb turganman, ozg‘in bo‘lganman, haqiqatan ham shunaqa edim.

Foto: Instagram

Maktabda aʼlochi bo‘lmaganman, o‘g‘il bolalar oladigan bahoda o‘qiganman. Feʼl-atvorim ham shunaqa bo‘lgan, bitta umumiy daftar tutganman. Daftarni u tomoniga boshqa fanni, narigi tomoniga boshqa fanni yozardim. Algebra, matematikadan kirgan o‘qituvchimiz: “Berdiqulova, sen hech qachon o‘qishga kira olmaysan, ikkichisan, shunday qolib ketasan”, der edi. Maktabni bitirib o‘qishga kirgandan keyin oldiga borib, “Ustoz, men o‘qishga kirdim”, desam hayron bo‘lgan. Keyin “Ko‘rdingmi, men senga bekorga tanbeh bermas edim, chunki shu tanbehlarim bilan sen o‘zingga maqsad qilgansan, men bari bir o‘qishga kiraman, ko‘rasiz, degansan ichingda”, degan, — deydi aktrisa Muyassar Berdiqulova.

Aktrisa dadasidan qolgan bir sandiq “boylik” haqida ham aytib o‘tdi.

Foto: Instagram

— Dadam juda sanʼatga qiziqqan inson bo‘lgan, onam ham qo‘shiq xirgoyi qilib ish qilib yurar edi. Ko‘p kitob o‘qir edi, tomni tepasida sandiq bo‘lardi. Sandiq ichi to‘la kitob bo‘lgan, Gi De Mopassangacha o‘qir edi. Hamma kitoblar bor edi, shu darajada kitobni yaxshi ko‘rardi, lekin o‘zlari sanʼatga yaqin odam bo‘lmagan. Dadam revizor bo‘lib, onam tug‘uruqxonada ishlagan. Onam ham, otam ham oddiy inson bo‘lgan. Men hech qachon onamning qattiq urishganlarini yoki qarg‘aganlarini eslay olmayman. Ismlari Dilbarxon bo‘lgan, ismlariga mos inson bo‘lganlar. Birorta insonni g‘iybat qilganlarini eslay olmayman, Xalqobod shaharchasidagi insonlar ham onamni juda toza, pokiza bo‘lganini eslab gapiradi. Onamdan o‘tgan, o‘zim ham ozodalikka juda injiqman, — deydi aktrisa.

Aktrisa bolalikda o‘g‘il bolalarga xos feʼl-atvor egasi bo‘lgani , u sabab o‘g‘il bola do‘sti jiddiy jarohat olgani haqida ham so‘zlab berdi.

Foto: Instagram

— O‘ninchi sinfda institutga tayyorlanishni boshlagandim. Dadam rahmatli velosiped olib bergan, unga o‘tirib bir necha chaqirim yo‘l bosib ustozimning oldiga borardim. Ko‘ylak kiyishni yomon ko‘radigan, o‘g‘il bolacha xarakterdagi qiz bo‘lganman. Og‘ir ishlarni ham qilaverganim uchun ozg‘in bo‘lsam ham dadam rahmatli Alpomish qizim deb erkalardi.

Foto: Instagram

Dadam ishga ketishidan oldin og‘ir ishlarni buyurib ketardi. Yerni choping, sabzini o‘tang deyishsa hech qachon yo‘q demasdim. Hovlimiz 24 sotix edi, yil bo‘yi sabzavotlar pishib turardi. Ularni parvarishlashga dadam ikkimiz masʼul edik. Guvala yasab, omborxona qurganimiz ham esimda. Bir kuni dadam ishga ketishidan oldin uzumlarni xomtok qilishni taʼyinlab ketdi. Bo‘yi past qo‘shnimiz bor edi. Omonullo bilan do‘st edik. Endi ish boshlayman deb turganimda “Yur, o‘ynaymiz”, deb chaqirdi. Ishim ko‘p desam “Qarashvoraman, keyin birga o‘ynaymiz”, dedi. Xullas, u uzum so‘risining eng baland nuqtasiga chiqqanida yiqilib, jiddiy shikast olgandi. O‘zim chiqib, xomtokni qilib qo‘ygandim, — deydi aktrisa.

Muyassar Berdiqulova ota-onasiga hech qachon hayotidagi muammolar haqida gapirmagani va bu haqida do‘stlari bilan ham gaplashishni istamasligini gapirdi.

Foto: Instagram

— Hech qachon ota-onamdan pul olib o‘qimaganman. Institutda ham o‘zim o‘qib, o‘zim harakat qilganman. Ota-onamga umuman og‘irligimni tushirmaganman. Shaxsiy hayotimda ham qanaqadir muammolar bo‘lsa bildirmaganman. Mening ko‘p oilaviy sirlarimni rahmatli dadam bilmay ketgan. Ularga aytmaganman, men shunaqa ayolman. Bizni shunchalik qiynalib katta qildi, ularga muammolarimni aytib battar qiynashni xohlamayman. Shaxsiy hayotimdan hech qachon ota-onamga shikoyat qilmaganman. Uyimda yeyishga hech narsa qolmaganida ham aytmaganman, biz turmush o‘rtog‘im bilan Milliy teatr orqasidagi yotoqxonada yashaganmiz. U paytlari so‘m kuponlar bo‘lar edi. Qiyin paytlari ham men turmush o‘rtog‘im bilan qiynalyapman, demaganman, — deydi.

Aktrisa hamkasblaridan biri unga ishonchsizlik bildirgani va aytgan gapi ko‘ngliga og‘ir botgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram

— Bu haqida gapirish kerakmikan-yo‘qmi bilmadim. Ammo O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olish uchun uzoq yil ishlaganman. Sahnaga chiqib, 3-4 yilda bu mukofotga erishmaganman. Mukofot topshirilganda juda ko‘p hamkasblarim tabriklashdi, ulardan biri yonimga kelib qulog‘imga “Tabriklayman, jim yursa ham berar ekan-a?”, degan. Bu gap ko‘nglimga juda og‘ir botgan. Ammo javob qaytarib, ko‘nglini og‘ritishni istamaganman. Hamkasbimning menga bo‘lgan ishonchsizligi sababini tushunmaganman. Chunki u qanchalik qiyinchilik bilan mehnat qilganimni ko‘rgan inson edi, — deydi Muyassar Berdiqulova.

Aktrisa oilasi bilan bog‘liq savollarga javob berishni istamasa-da, ammo negadir har bir intervyusida turmush o‘rtog‘iga minnatdorlik bildiradi.

Foto: Instagram /@muyassarberdikulova

— Menga sharoit yaratib bergan inson birinchi o‘rinda ota-onam, ulardan keyin qo‘llab-quvvatlagan inson turmush o‘rtog‘im bo‘ladi. Men u insonga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Turmush o‘rtog‘im menga juda ko‘p yaxshilik qilgan, ulardan bir umr roziman. Unaqa inson dunyoda yo‘q, men hech qachon ulardan yomonlik ko‘rmaganman. Shuning uchun ham mehnat qilib, turmush o‘rtog‘imning yordami, ustozlarimning o‘gitlari bilan shu darajaga yetib keldim.

Aktrisa bo‘yining pastligi sabab, ortiqcha vazn to‘plagani yaqqol sezilgani uchun oshqozonini operatsiya qildirishga majbur bo‘lgani haqida gapirdi.

Foto: Instagram

— Men operatsiyani ham go‘zallik, ham sog‘liq uchun qildirdim. Bo‘yim past bo‘lgani uchun og‘ir vazn to‘pladim. Singlim, dugonam Shahnoza Otaboyeva orqali men ham operatsiya qildirdim. Muxlislarimga yoqyapman, shukr. Vaznim juda og‘irlashib ketgan vaqtda tobim ham bo‘lmadi, yuragim og‘ridi, oyoqqa og‘irlik tusharkan. Hamma narsa qilib ko‘rdim, natija bermadi. Shuning uchun operatsiya qildirishga majbur bo‘ldim. Ahvolim yaxshi.

Bir yil ichida aktrisaning tashqi ko‘rinishi butunlay o‘zgardi. Ammo undagi o‘zgarish baʼzi kuzatuvchilariga yoqqani yo‘q. Uni yoshiga yarasha ish qilmaslikda ayblashdi.

Yoshiga yarasha ish qilsa bo‘lmaydimi, deganlar ham bo‘ldi. Yoshimga hech narsa qilmagan, yashayapman. Nima qilibdi yoshimga? Har xil insonlar bor ekan. Men shunaqa insonman, tanqid qilishadimi, salbiy fikr bildirishadimi, hammasini eshitishim mumkin, lekin bularni ortga tashlayman. U uni qilibdi, bu buni qilibdi deb urishib, yozishib yurmayman. Men o‘z yo‘limda ketaveraman, ular orqada qolaveradi.

Foto: Instagram

Insonning qalbi toza bo‘lishi kerak, 40 yoshdan o‘tgandan keyin haqiqiy go‘zallik yuzaga chiqar ekan. U go‘zallik ichki go‘zallik bo‘ladi. Ichingiz go‘zal bo‘lsa, birovning muvaffaqiyatini ko‘rib qabul qila olsangiz, ichki go‘zallik tashqi tomonda ham namoyon bo‘ladi. Shu narsaga amin bo‘ldim, 40 yoshdan keyin insonning go‘zallashib ketgani bekorga emas.

Har qanday insonga ayta olaman, yuzimni operatsiya qildirganim yo‘q, Alloh bergan husnim, isteʼdodim bordirki, insonlarga chiroyli bo‘lib ko‘rinaman. Balki chiroyli emasdirman, — deydi Muyassar Berdiqulova.

Aktrisa hasad qilguvchi insonlar haqida quyidalarni gapirdi.

Foto: Instagram

— Shuning uchun o‘ylaymanki, qalb toza bo‘lishi kerak. Qalb go‘zal bo‘lsa, bu tashqi ko‘rinishga ham taʼsir qiladi. Baxil bo‘lib birovning yutug‘ini ko‘ra olmay, kechalari uxlamagan inson o‘zini yeydi va tobora xunuklashib boradi. Men baxillik qiladigan, ko‘ra olmaydigan, oldimda boshqa gapni aytib, ortimdan gapiradigan insonlarga eʼtibor qilmayman. Mayli, hammasiga insof bersin, nima yaxshi niyati bo‘lsa erishsin, baxtli bo‘lib, boyib ketishsin, biz bilan ishi bo‘lmasin”, — deydi aktrisa.

Aktrisa intervyularining birida xiyonatga uchragan ayollarga o‘z tavsiyalarini ham berib o‘tgan.

Foto: Instagram

— Er-xotin munosabatida agar ayol aql bilan ish tutsa, oila tinch bo‘ladi. Erkak kishi bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin. Hatto, shunday holatda ham ayol umr yo‘ldoshiga bo‘lgan mehrni so‘ndirmasligi kerak. To‘g‘ri, baʼzan shu xatolari sizga og‘ir botishi, alam qilishi mumkin. Lekin o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, o‘ylamay bosilgan bir qadam, bir oilani buzilib ketishiga arzimaydi. Shuning uchun ham xiyonatni kechirgan ayollarni aqlli deb hisoblayman. Ular go‘zal sabr bilan muqaddas qo‘rg‘onni asrab qolib, farzandlariga o‘rnak bo‘lishadi, — deydi aktrisa Muyassar Berdiqulova.

Aktrisa ayni kunlarda nimalar haqida ko‘p o‘ylashi haqida ham aytib o‘tdi.

Foto: Instagram

— Dadam juda erta 56 yoshida vafot etdi. Onam-ku 70 yil umr ko‘rdi, ammo baribir ular vafot etgan paytda endi qo‘limiz pul ko‘rishni boshlagandi. Ota-onamni hamisha quvontirishni istardik, ammo u paytda hammamiz oila, ro‘zg‘or tashvishlari bilan band edik. Singlim ham bundan ko‘p afsus qilishini va agar ota-onamiz hayot bo‘lganida Umra va Haj safarlariga yuborish niyati borligi haqida gapiradi. Hozir shu haqida ko‘p o‘ylayapman. Afsuski buning iloji yo‘q.

Keyin kinoda suratga tushishni ham juda sog‘indim. Har kuni serial syomkasidaman, ammo u professional kinoning o‘rnini to‘ldirmaydi, — deydi aktrisa.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »