Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Temir xotin”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Faryod”, “Chavandoz” kabi filmlardagi turfa xil obrazlari bilan tomoshabinlar mehrini qozongan aktrisa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Hamidova 10-noyabr kuni 59 yoshni qarshi oldi. Yulduz Hamidova tomoshabinlar uchun juda “yopiq” ijodkor hisoblanadi. Sababi aktrisa OAVga deyarli intervyu bermaydi, ijtimoiy tarmoqlarda faol emas, ustiga-ustak u salkam 10 yildan beri Amerikada istiqomat qiladi. Quyida aktrisaning kam sonli intervyularida bildirgan fikr-mulohazalari orqali uning ichki olamiga nazar tashlaymiz. 

Foto: Instagram
 

Hamkasblari bilan munosabatlari haqida

— Hech qachon biron hamkasbimni yomon ko‘rmaganman. O‘zi tabiatan insonlar bilan urishadigan, ziddiyatga boradigan odatim yo‘q. Imkon qadar hamma bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga harakat qilaman. Lekin biz quyosh emasmiz, hammani birdek isitadigan. Kimlargadir o‘ynagan rollarim yoqmasligi mumkin va buni tabiiy deb o‘ylayman.

Pul haqida

— Pul ikkinchi darajadagi narsa deb o‘ylayman. Lekin bugungi kunda shunday hayotda yashayapmizki, pulning ham ahamiyati bor.  Uni ham bo‘lar-bo‘lmasga sarflash kerak emas. Pul bu qilgan mehnatingiz, harakatingiz uchun qilinadigan to‘lov. U o‘z-o‘zidan osmondan yog‘ilib tushmaydi. Uni topish uchun yelasiz, yugurasiz. Halol yo‘l bilan pul topsangiz, xonadoningizga kirib kelgan pul barakali bo‘ladi.

Foto: Instagram
 

Los-Anjelesdagi hayoti haqida

— Qizlarimga besh yoshligidan ingliz tilini o‘rgatganman. Ular Toshkentda ingliz tili chuqurlashtirib o‘rgatiladigan maktabni tamomlagan. Maktabni bitirganidan so‘ng o‘qishni xorijda davom ettirishni istashdi. Avval Malayziyada, keyin AQShda o‘qishdi. Ular eng yaxshi kollejlardan biri Santa Monikani a’lo baholarga bitirib, nufuzli universitetlarni tugatishdi. Farzandlarim uchun shu yerga kelib-ketib yuribman.

Foto: Instagram
 


Talaba bo‘lgani haqida

— O‘zim ham bu yerga kelib talaba bo‘ldim. Avvallari eshitardim, “Inson qaysi yoshda bo‘lsa ham o‘qishga hech qachon kech bo‘lmaydi”, deb. Haqiqatan, katta yoshli bo‘lib, o‘qish juda ajoyib bo‘larkan. Los-Anjelos City kollejiga o‘qishga kirdim. Bu yerda ham moliyaviy tomondan sizga yordam berisharkan, ham til o‘rgatisharkan. Bu yerda 2,5-3 oy o‘qib, keyin ushbu kurs bo‘yicha imtihon topshirib, keyingi kursni imtihondan o‘tganingizdan keyin davom ettirishingiz ham qulay ekan. Kollejda 70 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarni ko‘rib hayron qoldim.



“Temir erkak” filmidagi ishtiroki haqida

Foto: Instagram
 

 

— Bu filmni taniqli rejissorimiz Isamat Ergashev suratga olganlar. Biz endi o‘qishni tugatib kelganimizda aktyorlar studiyasi bo‘lardi. Isamat aka o‘sha yerda ham bosh rejissor edilar. Meni taklif qilganlarida juda xursand bo‘lganman. Film Chirchiqda suratga olingan. Suratga olish jarayonlari juda qiziqarli bo‘lgan. Yulduz Usmonova ham ushbu kartinada suratga tushgan. Filmda kichkinagina rol ijro etgan bo‘lsam ham butun umrga esda qolgan. Rejissor dublyaj jarayonida “Bozorvoy akam bozorga ketdilar”, degan gapimni manqalanib ovoz berishimni so‘ragan. “Shundagina bu gaping hammani esida qoladi”, degan rejissor.

Orzusidagi rol haqida

Foto: Instagram
 

— Aktyor hech qachon o‘zi o‘ynagan rollardan qoniqmas ekan. Nazarimda men hanuzgacha orzuimdagi obrazni yaratmagandekman. Bizning filmlarimizda bosh qahramonlar asosan yoshlar. Turk va Yevropa filmlarini ko‘p ko‘raman. U yerda o‘rta yoshli erkak va ayollarning hayoti hamda muammolari ochib beriladi. Bizda ham shunday filmlar suratga olinsa juda yaxshi bo‘lardi.

“Tutash taqdirlar”dagi qizi Nilufar Hamidova haqida



— Mendan Nilufar rostan ham qizingizmi, deb so‘rashadi. U bilan familiyamiz bir xil, ammo qarindosh emasmiz. Umuman olganda, Zamira Begimqulova aktyorlar ansamblini juda yaxshi tanlagan. Serial uchun Zamira opaga minnatdorchilik bildiraman.

Foto: Instagram
 

O‘zbek kinosi qachon yaxshilanadi?

— O‘zbek kinosi juda achinarli ahvolda deb bilmayman. Bundan 30-40 yil oldin olingan filmlarimiz ko‘plab xalqaro tanlovlarda mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Yosh rejissorlarimiz ishlari orasida ham muvaffaqiyatlilari bor.

Amerikadagi hayot haqida

Foto: Instagram
 

— Amerikadagi hayot insonni o‘zi xohlamagan holda o‘zgartirsa kerak. Bu yerda insonlar oddiylikni qulaylikni xush ko‘radi. Biz o‘zbek ayollari ko‘chaga chiqishdan oldin o‘zimizga oro berib keyin chiqamiz. Bu yerda esa hamma oddiy. O‘zbekistondagi uylarimiz bu yerdagidan ancha farq qiladi. Amerikada ijara uyda yashaymiz. Ijara narxi bizdagidan ancha qimmat.

 

Turmush o‘rtog‘i haqida

Foto: Instagram
 

 

Turmush o‘rtog‘im juda yaxshi inson. Sohalari boshqa bo‘lsa ham meni doim qo‘llab-quvvatlaganlar. Ko‘p yillar davomida neft sohasida ishlab kelganlar, ayni paytda biznes bilan shug‘ullanadilar. Ular Toshkentda yashaydilar. Hayotda topgan eng katta boyligim — farzandlarim, turmush o‘rtog‘im, nevaralarim.

Bir umr yodida qolgan roli haqida

Foto: Instagram
 

— Rejissor Hamidulla Hasanovning “Chavandoz” filmida bosh qahramonning ayolini gavdalantirganman. Ushbu film bir nechata xalqaro tanlovlarda yuksak e’tirof etilgan. O‘ylaymanki, mana shu filmda haqiqiy o‘zbek ayolining or-nomusi, ibosi, hayosi ko‘rsata olingan. Ayolning turmush o‘rtog‘iga bo‘lgan mehri, hurmati-izzati menga juda ham manzur bo‘lgan. Bu film uchun Hamid akaga minnatdorchilik bildiraman.



Amerikada nima uchun o‘z sohasi bo‘yicha ketmadi?

— Bu juda qiyin jarayon. Hattoki, Rossiyadan yoki boshqa mamlakatlardan kelgan aktyorlar ham bunga erishishi qiyin. Birinchidan, biron Gollivud filmida epizod rol ijro etish uchun ham ingliz tilini mukammal bilish kerak. Ikkinchidan o‘qish kerak bo‘ladi. Men to‘g‘risi, bu haqda o‘ylamayman. Hozirda asosiy e’tiborimni farzandlarimga qaratganman. 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »