Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Isteʼdodli aktrisa Vazira Yunusovaning sanʼat olamiga kirib kelganiga 30 yildan oshiqroq vaqt bo‘ldi. Ammo aktrisaga omad 40 yoshdan keyin kulib boqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xo‘sh, farg‘onalik qizning sanʼatdagi faoliyati qanday boshlangan? Keling, quyidagi maqola orqali barcha savollarga javob izlaymiz.

“Bozorchi qiz bo‘lganman”

Teatr va kino aktrisasi Vazira Yunusova 1964-yilning 21-oktyabr kuni Farg‘onaning Yaypan qishlog‘ida dunyoga kelgan. Aktrisa bolalik yillari haqida quyidagicha xotirlaydi.

Foto: Instagram / @vazirayunusova

— Otam rahmatli Yaypanning mashhur oshpazlaridan biri bo‘lgan. U umrining so‘nggiga qadar choyxonada osh damladi. Oilada sakkiz farzand edik. Turgan gapki, katta oila ro‘zg‘orini tebratish oson kechmagan. Biz yashaydigan joy qishloq va shaharning o‘rtasida bo‘lgani uchun bolalikdan savdo qilishni o‘rganganmiz. Chunki o‘n jonning kundalik ovqatiga ham ancha-muncha mablag‘ kerak edi. Shu bois, navbati bilan bozorga chiqib, qishloqdan keltirilgan sabzavotlarni sotardik. Qonuniy joy olib sotmaganimiz uchun militsionerlar narsalarimizni olib qo‘yardi. To‘g‘ri, noqonuniy savdo qilganmiz, ammo o‘sha paytda majbur edik. Yoshgina qiz bo‘lsam “molim”ni berib qo‘ymaslik uchun tish-tirnog‘im bilan kurashardim. Chunki ularni olib qo‘yishsa, ota-onam sakkiz jonning qornini to‘ydirishga qiynalishini bilardim. Maktabni bitiradigan yilim ikki akam harbiy xizmatga ketdi opalarimning bo‘yi yetgani uchun savdo qilish faqat mening zimmamda qoldi, — deydi aktrisa Vazira Yunusova.

“O‘qishga kirolmasa ko‘ngli soviydi”

Aktrisa nega sanʼatkor bo‘lishni istagani va ota-onasining bunga munosabati haqida ham gapirdi.

Foto: Instagram / @vazirayunusova

— Oilamizda sanʼatkorlar bo‘lmagani uchun ham jiddiy qarshiliklar bo‘lgan. Ammo ota-onam sohaga o‘ta negativ fikr bildirgan insonlar emas. Onamning o‘zi sanʼat institutiga yetib kelgan, ammo o‘qishga kirolishimga ishonishmagan. “O‘qishga kirolmasa ko‘ngli soviydi”, deb o‘ylagan ekan. Ammo omadim kelib, institutga o‘qishga kirdim.

Bozorda ishlab ham ota-onamning yuzini yerga qaratmaganim uchun ular menga ishonardi. Chunki o‘ziga pishiq, qilaman degan ishning uddasidan chiqadigan qiz edim, — deydi aktrisa Vazira Yunusova.

“To‘rt yil grimyor bo‘lib ishlaganman”

Aktrisa teatrda grimyor bo‘lib ishlagani, ijodkorlar yotoqxonasida turgan kezlarini xotirladi.

Foto: Instagram / @vazirayunusova

— Mening tanish-bilishim bo‘lmagan. Shu kungacha nimagaki erishgan bo‘lsam hammasining ortida mehnat va sabr bor. O‘zbek milliy akademik teatriga ham kelib, ish so‘raganman. Teatrda birdan aktyor shtatiga olinmaydi. Ustozlar avval “sahna changini yutsin”, deb libos, grim yoki sahna ishchisi sifatida ishga olishardi. Men ham to‘rt yil davomida grimyor yordamchisi bo‘lib ishlaganman. Sahna ortida ustoz sanʼaktorlarni ko‘rib, “Men ham shu sahnada katta rollarni o‘ynarmikanman”, deb orzu qilardim.

Oila quradigan bo‘ldim, turmush o‘rtog‘im o‘sha paytda ichki ishlar sohasida ishlardi. Ijodkorlar yotoqxonasiga joylashdik, ikki farzandim torgina xonada katta bo‘lishdi, — deydi aktrisa Vazira Yunusova.

“Sanʼatdan ketasan”

Aktrisa ijod qilish uchun turmush o‘rtog‘ini qanday ko‘ndirgani va ishga borib kelish uchun nimalar qilgani haqida ham so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @vazirayunusova

— Ayol kishiga qiyin, ayniqsa u ijodkor bo‘lsa ikki hissa og‘irroq. Turmush o‘rtog‘im nihoyatda jiddiy inson. Turmush oson kechmaydi, “Sanʼatdan ketasan”, degan gaplar ham bo‘lgan. Hamisha vaziyatni yumshatib, sanʼatda qolishim, hech bo‘lmasa teatrda ishlashimga ruxsat berishi uchun ko‘ndirardim. Xo‘jaynim har kuni ishdan kech, tungi 1-2 da qaytardi. Yog‘ingarchilik paytida shimining pochasi loy bo‘lardi. Uni yuvib, ertalab yettigacha yana quritib qo‘yishim kerak edi. Yuvilgan shimga qayta-qayta dazmol bosib arang quritardim. Undan keyin umumiy oshxonaga chiqib, ovqat qilardim. Chunki ovqat yoki uy-yumushlaridan kamchilik topsa, ishlashimga ruxsat bermay qo‘yishidan qo‘rqardim, — deydi aktrisa Vazira Yunusova.

Qo‘sh kelgan musibat

Aktrisa omadini ushlab qololmagani haqida ham yashirmaydi.

Foto: Instagram / @vazirayunusova

— 28 yoshimda “Otalar so‘zi aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvida rol ijro etganman. Mashhurlik hissini o‘shanda his qilganman desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki Toshkent davlat sirki yonidagi ijodkorlar yotoqxonasidan turmush o‘rtog‘im bilan chiqib kelsak, bir nechta odamlar o‘rab olib, dastxat so‘rashgan. Yonidagi bekatda avtobus kelib to‘xtagan, undagi yo‘lovchilar ham tanib, yonimga kelishgan. Mirabbos aka uncha-muncha aktrisani maqtaydigan rejissor emasdi, ammo turmush o‘rtog‘idan qadr topmagan ayol roli u kishiga ham manzur bo‘lgan. Ayni tanilgan vaqtim esa ketma-ket farzandli bo‘ldik, undan keyin onamdan ayrildim. Eng qiyin vaziyatimda turmush o‘rtog‘imning boshiga katta musibat tushdi, — deydi Vazira Yunusova.

“Yengillik bilan topilgan pul osonlikcha ketadi”

Aktrisa onasining o‘limidan so‘ng kinodagi rolidan voz kechgani va turmush o‘rtog‘i ozodlikdan mahrum etilganda moddiy jihatdan qiynalganini esladi.

Foto: Instagram / @vazirayunusova

— 1998-yili boshimga juda katta tashvish tushgan, onam vafot etgan, bundan tashqari, turmush o‘rto‘gim ham qamalib qolgan, “dekret”da bo‘lganman, yotoqxonada yashaganman. O‘sha kezlari uyda yeyishga non bo‘lmagan, buning ustiga Yaypandan akamning qizini — jiyanimni ham olib kelganman.

Bu jiyanimni o‘zimizning qarindoshimizga turmushga berganmiz. Jiyanimning uddaburonligiga hayron qolganman. Kichkina, ozg‘in qizcha onamdan ko‘rpa qavishni o‘rgangan. Keyin menga kelib ammajon, buni shunday qavisak, pul berar ekan, degan. Bolalarim uchun buni o‘rganishga kirishib ketganman.

Hayotda qiyinchilik, mehnat bilan bola-chaqa boqsa bo‘ladi. Mehnat bilan hamma qiyinchilikni yengish mumkin. Yengillik bilan topilgan pul osonlikcha ketadi. Keyin ko‘rpa qaviganmiz, boshida qiyshiq qilib qaviganman, olib chiqqanimda rosa xafa bo‘lishgan, qayta olib chiqib, qayta qilganman, — deydi Vazira Yunusova.

“Ko‘rpaga o‘ranib, unsiz yig‘laganman”

Aktrisa nonsiz qolgan kunlari va uni qiyin vaziyatda qo‘llab-quvvatlagan hamkasblari haqida gapirdi.

Foto: Instagram / @vazirayunusova

— Ikkinchi farzandimni dunyoga keltirib, onalik taʼtilida edim. Turmush o‘rtog‘im ozodlikdan mahrum etilgach, muddatidan avval ishga qaytishga majbur bo‘ldim. Teatrga chiqib ariza yozdim-u, bolalarga nima beraman, yeyishga non ham yo‘q-ku, deb o‘ylab kelayotgandim. Ijodkorlar yotoqxonasi oldida, aktyor Rixsivoy Avazovni uchratib qoldim. Ming hijolat bilan pul so‘radim. To‘satdan so‘raganim uchunmi yoki haqiqatan ham yonida bo‘lmagani uchunmi “Qizim yonimda pul yo‘q edi-ya, vaqtliroq aytmabsiz-da”, deb xijolat bo‘ldi. Uyalib shu qadar tez yurganmanki, liftsiz to‘qqizinchi qavatga qanday chiqqanimni bilmay qolganman. Yo‘lakda ko‘z yoshlarimni artib, xonaga kirsam jiyanim bolalarga qarab o‘tirgan ekan. Ko‘rpaga o‘ranib, unsiz yig‘laganman. Tushimga onam rahmatli kirdi va qo‘limga non tutdi. Cho‘chib uyg‘onsam eshik taqillayotgan ekan. “Vazira opa sizmisiz, Rixsivoy aka jo‘natgandi, qo‘shiq aytasizmi to‘y bor edi”, dedi. Hozir yo‘q, desam pulsiz qolaman deb qo‘shiq aytaman deb yuborganman. To‘yga bordik, ikki ko‘zim stol ustidagi noz-neʼmatlarda edi. Qani endi ulardan bolalarimga berishsa deb hayoldan o‘tkazdim. To‘y tugaganidan keyin yigitlar qo‘limga bir dasta pulni tutqazishdi. Eng qizig‘i, Rixsivoy aka “Menga qancha bersalaring Vaziraga ham shuncha pul berasanlar”, deb shart qo‘ygan ekan. Ammo men u kishidan tajribali emasdim.

Xuddi shunday holat aktyor Alisher Hamroyev bilan ham bo‘lgan. U ham yotoqxonada yashardi, bir kuni “Opa meni ikkita to‘yga aytishgan, bittasiga siz “Asr” guruhi bilan birga borasiz", dedi. Keyin bilsam u hijolat bo‘lishimni istamay, chiroyli kiyinib o‘zini to‘yga ketayotgandek ko‘rsatib, orqa eshikdan yana xonasiga kirib ketgan ekan, — deydi Vazira Yunusova.

“Ko‘rpa qavib topilgan daromadim”

Aktrisa teardan keyin ham ko‘rpacha qavib, qo‘shimcha daromad topganini yashirmaydi.

Foto: Instagram / @vazirayunusova

— U paytlari syomkalar juda kam bo‘lardi. Teatrdagi maosh esa u qadar yuqori bo‘lmagan. Shu bois teatr aktyorlari to‘y xizmatlariga chiqishga yoki boshqa qo‘shimcha ish bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan. Yashirmayman, o‘sha paytlarda ham ko‘rpa-to‘shak qavib, qo‘shimcha daromad topishga harakat qilardim. Tirikchilikning aybi yo‘q, muhimi topganimiz halol bo‘lsa bo‘ldi, — deydi aktrisa Vazira Yunusova.

“Arzimas gonorar berishdi”

Aktrisa reklama roligining tasvirga olish jarayonlarida bir sutka ishlatib, arzimagan gonorar berishgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @vazirayunusova

— O‘sha paytlarda haqiqatan ham pulga ehtiyojim bor edi. Reklama roligiga taklif etishdi, u bir sutka davomida suratga olindi. Keyin qo‘limga 50 AQSH dollari berishdi. Qattiq ranjidim, chunki reklamalar bunaqa arzon pulga olinmasligini yaxshi bilardim. Pulni qaytarib, men roziman deb ketdim. Ertasi kuni telefonim jiringladi, reklama beruvchi tashkilotdan bir ayol kishi qo‘ng‘iroq qildi. Keyin bilsam ranjiganimni yuqorida turgun rahbari ko‘rib qolgan va sababini bilishga qiziqqan ekan. 50 dollar gonorar berishganini aytganimdan keyin go‘shakni qo‘ydi. Bir necha daqiqadan keyin yana qo‘ng‘iroq qilib, uyimning manzilini aytishimni so‘radi. Shart emas, roziman deyishimga qaramay uyimga kelib, konvertda pul tutishdi. Keyin bilsam smetada menga 1300 AQSH dollari yozilgan ekan. O‘sha pulni olib kelishganida shunaqa xursand bo‘lgandim, — deydi aktrisa Vazira Yunusova.

To‘xonadan to‘g‘ri jarrohlik stoliga...

Aktrisa birdan ozib ketishining sababini ham ochiqlab o‘tdi.

Foto: Instagram / @vazirayunusova

— Ko‘pchilik aktrisalar oshqozonini operatsiya qildirib ozib ketyapti, siz ham olib tashladingizmi, ozib ketibsiz, degan savollar ko‘p bo‘ldi. Yo‘q, men 25-oktyabrda, xalqimiz xizmatini qilayotgan vaqtimda o‘t pufagimdagi tosh azob berib, 26-oktyabr kuni to‘g‘ri shifoxonaga borganman. Operatsiya bo‘ldim, Allohdan uch nafar farzandim uchun operatsiyadan sog‘-salomat chiqarishini so‘radim. Menga qaragan barcha shifokorlarga minnatdorchiligimni bildiraman. Menga juda yaxshi qarashdi, qo‘llari yengil, chaqqon insonlar ekan. Hozir o‘zimni juda yaxshi his qilyapman.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »