Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Noila Toshkenboyeva bu yil 80 yoshni qarshiladi. Teatr, kino va dublyaj sohasida salmoqli ijod qilgan va haligacha sanʼat rivojiga o‘z hissasini qo‘shayotgan aktrisaning muvaffaqiyat siri nimada?

“Zaynab Sadriyeva bilan bir uyda turganmiz”

Noila Toshkenboyeva 1943-yilning 22-sentabrida Toshkent shahrida tavallud topgan. U oilada yolg‘iz farzand bo‘lib, bolalikda hech kim uning sanʼatkor bo‘lishini xayoliga ham keltirmagandi.

Foto: Skrin

— Bolaligim u qadar chiroyli o‘tgan deyolmayman. Chunki urushdan keyingi yillarda yashash hech kimga oson bo‘lmagan. Toshkentning “Sag‘bon” mahallasida mashhur aktrisa Zaynab Sadriyeva va ularning Dilbar va Roza ismli qizlari bilan birga turganmiz. Oilada yolg‘iz farzand bo‘lganman, onam 5-6 yoshimda ishga ketishdan avval mahalladagi do‘konga navbat olib ketardi. Men navbatda turib, non olardim. Onam rahmatli bosh hisobchi bo‘lgan, otam esa metall idish-tovoqlar ishlab chiqarish zavodida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Sanʼatga mehr qo‘yishimga Zaynab Sadriyeva bilan bir hovlida turganim sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman, — deydi Noila Toshkenboyeva.

“Kino qanday olinishini bilmasdim”

Oilaning yolg‘iz farzandi bo‘lishiga qaramay, Noila Toshkenboyevaning ota-onasi nihoyatda talabchan bo‘lishadi.

Foto: Skrin

— Ota-onam ziyoli insonlar bo‘lishgan. Ammo urush vaqtidagi vayronagarchilik sabab ko‘p narsalaridan ayrilishgan. U paytlari uy-joy, qorin to‘ydirish ham katta muammo edi. “Biz ishlashimiz kerak”, deb ko‘p aytishardi. Shu bois 10 yoshimdan boshlab ovqat qilishni o‘rganganman.

Yettinchi sinfda sinfdoshlarim bilan kinoteatrga ilk marta borganman. O‘shanda yosh rus qizining qo‘shiq aytib, uy ishlarini bajarayotgani haqidagi sahna bor edi. Har doim ishlarni qilayotganda “Meni ham kimdir kinoga olayotgandir”, deb mehr bilan ishlarni qilardim. Chunki menda kino qanday olinishi haqida umuman tasavvur yo‘q edi, — deydi aktrisa Noila Toshkenboyeva.

“Ota-onam sanʼatkor bo‘lishimni istamagan”

Maktabni tamomlaguncha Noila Toshkenboyevada aktrisa bo‘lish niyati bo‘lmagan. Uning sanʼat oliygohiga hujjat topshirgani dugonalari uchun ham yangilik bo‘lgan.

Foto: Skrin

— Sanobar ismli dugonam sobiq Hamza teatrining aktrisasi Suydi Sotiboldiyevaning qizi edi. Ko‘pchilik u aktrisa bo‘lsa kerak deb o‘ylardi. Chunki u sanʼat to‘garaklariga qatnar, maktab tadbirlarida ham faol edi. Maktabni tamomlab, negadir sanʼat oliygohida o‘qishni istaganman. Ammo bu qarorim ota-onamga yoqmagan. O‘qishga kirganimdan keyin roppa-rosa bir yil men bilan gaplashishmagan. Bir yildan keyin “Falon oyda jahon tillari universitetiga o‘qishimni ko‘chiraman”, deb aldab o‘qishni yakunlaganman. Uchinchi kursga qadar Nabi Rahimov, undan keyin Kojevnikov rahbarligida tahsil olganman. Bu ustozlarning qo‘lida tahsil olishni ko‘pchilik talabalar orzu qilishardi, — deydi aktrisa Noila Toshkenboyeva.

“Prokurorning o‘g‘liga turmushga chiqishni istamaganman”

Aktrisa 1965-yili Toshkent Teatr va rassomchilik sanʼati institutini tamomlab, yo‘llanma asosida Samarqand teatriga ishga yuboriladi. U viloyat teatriga borganida kursdoshi Asror Toshkenboyev bilan yaqin munosabatda bo‘ladi va oila qurishga qaror qilishadi.

Foto: Skrin

— Oila qurmagan qizlar viloyat teatrlariga yo‘llanma asosida ishga yuborilardi. Turmush o‘rtog‘im bilan institutda birga o‘qiganmiz. O‘qish vaqtida Asror ikkimiz bir-birimiz bilan unchalik yaqin emasdik. Musofirchilikda ishlaganda odam baribir bir-biriga yaqin bo‘lib qolarkan. Asror dugonam ikkimizni himoya qilgani uchun unga mehrim tushib qolgan. Bir kuni oila qurishni taklif qildi. Otamga u haqida aytsam, darrov ota-onasi haqida surishtirib ketdi. O‘sha paytda menga prokurorning o‘g‘lidan sovchi kelib yurgan paytlar edi. Asrorning otasi yo‘q, onasi bir ko‘zlab katta qilgan. Hamma narsaga o‘z mehnati bilan erishgan, dedim. Ertasi kuni Asror dadam bilan uchrashdi va bir necha soat suhbatlashishdi. Mana shu uchrashuvdan keyin dadam oila qurishimizga rozi bo‘ldi, — deydi aktrisa Noila Toshkenboyeva.

“Bemehr ona bo‘lganman”

1968-yili Toshkentda yangi “Yosh gvardiya” teatri tashkil etiladi. Yosh ijodkorlar poytaxtga qaytib, yangi teatrda ish boshlashadi.

Foto: Skrin

— Baʼzan juda bemehr ona bo‘lganman deb o‘ylayman. Chunki farzandlarim tug‘ilgach, chillasi chiqishi bilan ishga qaytardim. Teatrni shu qadar yaxshi ko‘rganimdan, bolalarim ham ko‘zimga ko‘rinmagan ekan. Rahmatli qaynonam bolalarimga qarab, katta qilib berardi. “Er-xotin xuddi ijarachilarga o‘xshaysizlar, faqat uxlash uchun uyga kelasizlar”, deb ko‘p gapirardi. U paytlari oylab gastrol safarlarida bo‘lardik. Hatto Qozon shahriga gastrol safariga borganda olti oylik qizalog‘imni paroxodda olib ketishga ham qo‘rqmagan ekanman. Teatr uchun jonimni berdim, ammo yakun u qadar go‘zal bo‘lmadi. Ko‘nglim og‘ridi va undan ketishga qaror qildim, — deydi aktrisa Noila Toshkenboyeva.

“Qadrsiz bo‘lganimga achindim”

Aktrisaning teatrdan ketishining sabablari ko‘p. U ko‘ngli qattiq og‘rigani va negadir teatr haqida gapirishni istamasligi haqida aytadi.

Foto: Skrin

— Teatrdan ketishimning asosiy sababi sog‘lig‘im bilan bog‘liq bo‘lgan. Chunki tinimsiz harakat, asabbuzarlik, yurakka yaqin olish hammasi vaqt soati bilan o‘z taʼsirini ko‘rsatarkan. Teatrimizdagi sharoit u qadar yaxshi emasdi. Gastrol safarlariga borganda derazalari singan, eshigi yo‘q klub va teatrlarda spektakl namoyish etardik. Shular sababmi, bilmadim, infarkt bo‘lib qoldim. Shifokor ikki oy uyda bo‘lishimni va ish haqida umuman o‘ylamasligimni taʼyinladi. U paytda inson atrofdagilarning daldasiga muhtoj bo‘larkan. Teatrning eng oldi aktrisasi edim, ammo hech kim “Nima bo‘ldi?” deb qiziqqani yo‘q. Faqatgina partnyorim Qozog‘istonga ketishiga to‘g‘ri kelganida “Ishga chiqolmaysizmi?” deb so‘radi. Mana shu voqeadan qattiq dilim og‘ridi. Qadrsiz bo‘lganim uchun achindim, — deydi aktrisa Noila Toshkenboyeva.

“Zerikkanim uchun dublyajga borganman”

Noila Toshkenboyeva bugungi kunda dublyaj sohasining eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri. U teatr va kinodan chekingach, bor eʼtiborini shu sohaga qaratgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Skrin

— Teatrdan ketgach, bir yil uyda o‘tirdim. Hamma ayollar singari uy ishlari va mehmondorchilik bilan ovora bo‘lib qoldim. Ammo zerikdim, uyda o‘tirish menga emas ekan dedim. Shu orada “Yoshlar” kanaliga dublyajga chaqirishdi. Rollarga ovoz berardim, ammo u qadar ko‘p ishlamagandim. Xullas, uyda o‘tirmaslik va nima bilandir mashg‘ul bo‘lish uchun dublyajga eʼtibor qaratdim. Hozir ham dubyajga boraman va sanʼatdagi sog‘inchimni boshqalarga ovoz berib chiqaraman, — deydi Noila Toshkenboyeva.

Foto: Skrin

Noila Toshkenboyeva faoliyati davomida “Shum bola”, “Suyunchi”, “To‘ylar muborak”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni” kabi bir qancha filmlarda rollar ijro etgan. Aktrisa dublyajdagi faoliyati mobaynida 1000 dan ortiq badiiy filmlar, multfilmlar va seriallarga ovoz bergan. Ayniqsa, ovoz bergan filmlaridan “Esmeralda”, “Ayol”, “Parchalangan yuraklar”, “Zolim Istanbul” singari seriallardagi dublyaj ishlari alohida ahamiyatga ega.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »