Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Elmurod Haqnazarov nafaqat jamoaviy, balki yakka ijodi bilan ham muxlislarga yaxshi tanish. Sanʼat sohasida tahsil olmagan va hayot qiyinchiliklariga uchragan Elmurod Haqnazarov 23-oktyabr kuni 37 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan Erik Haydar nomi bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan ijodkorning hayot va ijodi haqida maʼlumot beramiz.

“Bolalikka qaytishni istamayman”

Foto: Instagram / @elmurodhaqnazarov

— Men Farg‘onaning Chimyon qishlog‘ida dunyoga kelganman. U yer haqiqiy rivojlangan shaharcha bo‘lib, sanoati va dam olish sanatoriylari bilan mashhur. Bolaligim yomon o‘tmagan, ammo “Unga qaytishni istaysizmi?” deyishsa, yo‘q degan bo‘lardim.

Bunga sabab bolalik bilan bog‘liq achchiq xotiralarim bor. Ulardan biri — o‘zim o‘qiydigan maktab eshigining tagida onam mayda-chuyda narsalar sotib o‘tirardi. Onam buvim bilan navbati bilan sotuvchilik qilishardi. Yozda-ku mayli, ammo qish kuni ularning sovuqda o‘tirganini ko‘ra turib, maktabga kirib ketishimdagi holatimni tasvirlab berolmayman.

Foto: Instagram / @elmurodhaqnazarov

Dadam zavodda ishlagan va u yerda portlash bo‘lgan. Bir kuni onamni it qopib olgan. Xullas, mana shunday voqealar sabab bolalikka qaytishni istamayman. Ammo bu bilan baxtli kunlarim bo‘lmagan, faqat qiyinchilikda yashaganmiz, demoqchi emasman.

Onam issiq nonni tandirda yopib, belimga bog‘lab berardi. Sinfdoshlarim bilan qo‘y boqqani chiqib, tushlik vaqti hamma topganini dasturxonga qo‘yardi. Hatto dalada o‘tlab yurgan sigirlarni sog‘ib, issiq sut ichardik, — deydi Elmurod Haqnazarov.

“13 yoshimda ko‘cha supuruvchi bo‘lib ishlaganman”

Elmurod Haqnazarov ko‘cha supurishga majbur bo‘lgani va 10 kilometr masofani piyoda bosib institutga qatnagani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @elmurodhaqnazarov

— 1999-yili Farg‘ona shahriga ko‘chib kelganmiz. Oilamiz oddiy, hamma qatori kun ko‘rardi. Kollejda o‘qib yurgan paytlarim ota-onamga ko‘maklashish uchun mahalla supuruvchisi bo‘lib ishga kirgandim. Ertalab azonda turib, yuzimni mato bilan to‘sib, ko‘chalarni supurardim. Odamlardan uyalmasdim, shunchaki kun kelib “Ko‘cha supuruvchi-ku” deb menga qizini turmushga bermasligidan hayiqardim. Tong yorishgach, ishni tugatib, kiyimlarimni almashtirib, o‘qishga ketardim. Yo‘l kiraga pul sarflashni istamay, o‘qishga piyoda qatnardim. Bilmadim, o‘shanda shuncha kuchni qayerdan olgan ekanman, — deydi Elmurod Haqnazarov.

“Yo‘lkira pulim bo‘lmagani uchun...”

Bundan tashqari, qiziqchi bolaligidan futbolga qiziqqani, ammo oilasidagi moddiy qiyinchiliklar sabab sportni davom ettirolmagani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @elmurodhaqnazarov

— Bolaligimdan futbolga qiziqardim. Jamoamizning sardori ham o‘zim edim. Ammo bir narsa qattiq alam qilardi. O‘yin vaqtida menga bo‘ysunadigan sinfdoshlarim dadalari bilan avtobusga o‘tirib, “Neftchi”ning o‘yinini ko‘rgani borishardi. Ammo men yo‘l puli sabab o‘yinni ko‘rgani borolmasdim.

Futbolga bo‘lgan qiziqishim kuchli edi. Ammo jarohat olganimdan keyin futbol o‘ynashni kamaytirishga majbur bo‘lganman, — deydi “Dizayn” jamoasi aʼzosi Elmurod Haqnazarov.

“Ishim yurishmayapti, qo‘shiq aytsammikan”

Elmurod Haqnazarov moddiy qiyinchiliklarni yengish uchun qo‘shiq aytmoqchi bo‘lgani va Otabek Muhammadzohidga shogird bo‘lish niyatida borgan kunlarni quyidagicha xotirladi.

Foto: Instagram / @elmurodhaqnazarov

— Farg‘ona politexnika institutiga shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinganman. Moddiy imkoniyatimiz yaxshi bo‘lmagani uchun dadamga o‘qimayman, desam “Bir amallab to‘laymiz”, degan. Haqiqatan ham birinchi olti oylik shartnoma pulini ishxonasidan pul o‘tkazib, to‘lab bergandi. Ammo shartnoma pulidan tashqari ham xarajatlar bor edi. U paytlarda baho olish uchun ham pul berilardi. Moddiy imkoniyatimni yaxshilash haqida o‘ylab yurgan paytimda dadam rahmatli Hojiboy Tojiboyevning konsertini tomosha qilib o‘tirgan ekan. Yuz-qo‘limni yuvayotgan paytim ustozning “Hozir kimning ishi yurishmasa, qo‘shiq aytyapti”, degan gapi qulog‘imga chalindi. Dadam maza qilib kulib konsert ko‘rayotganda, men juda yomon ahvolga tushdim.

Foto: Instagram / @elmurodhaqnazarov

“Mening ham ishim yurishmayapti, qo‘shiq aytib ko‘rsammikan?” deb xayoldan o‘tkazdim. Rahmatli Oxunjon Madaliyevning ashaddiy muxlisi edi. Kassetasini olib kelib, 30 ga yaqin qo‘shiqlarini yod oldim. Undan keyin Sherali Jo‘rayev va Otabek Muhammadzohidning qo‘shiqlarini yod oldim. Musiqiy bilimim bo‘lmasa-da, qo‘shiq aytishga jiddiy ahd qilgandim. Keyin ustoz sanʼatkor Otabek Muhammadzohidning uyiga borib, shogirdlikka olishini so‘radim. U “Bitta qo‘shiq ayting-chi?” degan. Ijromdan so‘ng “Yo‘q uka, qo‘shiq bunday aytilmaydi, o‘rganib, keyinroq kelasiz”, deb xayrlashgan. Oradan 6 oy o‘tib, yana uyiga borganman. O‘shanda jamoasidagi barcha sozandalar bilan davra qurib o‘tirgan ekan.

Foto: Instagram / @elmurodhaqnazarov

Har doimgidek yana qo‘shiq aytishimni so‘radi. Ijromdan so‘ng muloyimlik bilan “Jon uka, siz ritmni ham his qilmayapsiz”, deb turganida “Aka, gapning ochig‘i, shartnoma asosida o‘qishga kirganman. Sharoitim u qadar yaxshi emas. Shogird qilib olmasangiz ham, mayli, yoningizda tursam bo‘ldi. Disklar tarqalsa, odamlar meni sizning shogirdingiz deb o‘ylab to‘yga chaqiradi, shunda men ham shartnoma pulini to‘lashga qiynalmayman. Ammo 4 yildan keyin qo‘shiq aytishni yig‘ishtiraman”, deganimda hammalari kulib yuborishgan. Otabek aka ham kulib, “Sizdan qo‘shiqchi chiqmaydi-yu, ammo qiziqchi bo‘lsangiz bo‘ladi. Gaplaringiz dona-dona”, degandi. Bu voqeadan bir kun avval institutda “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasiga taklif etishganda “Bitta gapni to‘g‘ri aytolmayman-ku”, deb rad etgandim, — deydi Elmurod Haqnazarov.

“Hofizlik qilib burnim singan, ko‘zim ko‘kargan”

Kulgi jamoasi aʼzosi qiziqchi bo‘lishiga Otabek Muhammadzohidning gaplari sabab bo‘lgani va pul topish ilinjidagina sanʼatga kirib kelgani haqida yashirib o‘tirmaydi.

Foto: Instagram / @elmurodhaqnazarov

— Ertasi kuni institutga borib, jamoaga qo‘shilganman. Xullas, sanʼatga qiziqishimga Hojiboy Tojiboyev va Otabek Muhammadzohidlar sabab bo‘lishgan. Ammo Otabek aka shogirdlikka olmagan. Sozanda akalarga sekin qo‘ng‘iroq qilib, bugun qaysi to‘yxonada xizmat qilishini so‘rardim. Kostyum-shimlarni kiyib, Otabek akaga yaqinroq turishga harakat qilardim. Otabek aka meni unutib ham yuborgandi. U paytlarda Otabek aka ishtirok etgan to‘ylarning diski tarqab ketardi. Meni ko‘pchilik hofizning shogirdi deb bilib, to‘ylariga taklif etishni boshlashdi. Ko‘p o‘tmay to‘ylarda hofizlik qilish oson emasligini tushunganman. To‘rt yil ichida to‘ylarda hofizlik qilib qo‘lim, burnim singan, ko‘p marta ko‘zim ko‘kargan. Ammo vaʼdamda turib, to‘rt yildan keyin qo‘shiqchilik qilishni to‘xtatganman, — deydi “Dizayn” jamoasi aʼzosi Elmurod Haqnazarov.

“Ayolimdan minnatdorman”

Elmurod Haqnazarov pulsizlik sabab ayolini ham ko‘p bor qiynagani, ammo turmush o‘rtog‘i biror marta nolimagani uchun ham undan minnatdorligi haqida aytib o‘tdi.

Foto: Instagram / @elmurodhaqnazarov

— Uylanganimdan keyin ancha qiynalganman. Ishlardim, ammo oyligim birinchi oydan ikkinchisiga yetmasdi. Ayolimning o‘ziga aytmasam ham, hamisha undan minnatdorman. Chunki to‘ydan keyin 5 yil go‘sht yemasligimizga to‘g‘ri kelgan. Ammo biror marta buni yuzimga solmagan. Bir kuni uyda siqilib o‘tirsam, dadam buning sababini so‘radi. Unga moddiy jihatdan qiynalayotganimni aytdim. “Hamma muammoyingning sababi pulmi? Sen unga bo‘lgan mehringni so‘ndir, shunchalik qiynalmaysan”, dedi. Mana shu gapidan keyin pulga mehr qo‘ymaslikka o‘rgandim. To‘g‘ri, bu oson bo‘lgani yo‘q, ammo pulga mehrsiz yashash zavqliroq ekan. Ertangi kunimni o‘ylamayman, u-bu kim pul so‘rasa ham, benzinga pul olib, qolganini berib yuboraman. Reklama bo‘yicha ko‘pchilik tadbirkorlar bilan hamkorlik qilaman. Ular orasida ancha vaqtdan beri kelishuv pulini bermaganlari juda ko‘p. Agar hammasini yig‘sam, bitta mashinaning puli to‘plansa kerak. Ammo ularning pulni bermayotgani meni xavotirga solmaydi. Chunki haqqim birovga o‘tib ketmasligini yaxshi bilaman, — deydi “Dizayn” jamoasi aʼzosi Elmurod Haqnazarov.

“To‘g‘ri, ‘Dizayn’ning ochiq hazillari ko‘p”

Elmurod Haqnazarov 18 plus hazillardan foydalanmasligi va baʼzi jamoalar odamlarning talabi sabab shunday yumorlardan foydalanishga majbur bo‘lishi haqida aytib o‘tdi.

Foto: “Daryo” 

— Bozorga tushgan insonda cho‘ntagi ko‘tarishiga qarab, arzon yoki qimmat narsani xarid qilish imkoniyati bor. Hozir qiziqchilikni tanlaydigan jamoalarga ham xuddi shu imkoniyat berilgan. Ular ijodni boshlashdan avval YouTube tarmog‘iga kirib, qiziqchilarning chiqishlarini kuzatyapti. Odamlar qanday mavzudagi hazillarga qiziqishlarini o‘rganyapti. Yaqinda Farg‘onada yangi kulgi jamoasini tuzishibdi. “Iltimos, chiqishimizni ko‘rib bering”, deb iltimos qilishdi. Ishoning, ularning chiqishi faqat beldan past mavzudagi hazillardan iborat. “Bu nima chiqish?” deb koyib berdim. “Aka, ana jamoalar ham shunday hazillarni olib chiqishyapti-ku”, dedi. To‘g‘ri, jamoalarda ochiq hazillar ko‘p. Buni inkor etmayman. Ammo bittta konsertda kamida 4-5-marta ishlatishadi, xolos.

Foto: Instagram / @elmurodhaqnazarov

Gapimni noto‘g‘ri tushunishmasin, o‘z fikrimni aytaman. Jamoalarning konsertiga tushishsa, odamlar aynan beldan past hazillarga miriqib kulishadi. Bu ochiq haqiqat. Bu gapim bilan ochiq kulgini targ‘ib qilish niyatim yo‘q. Sekin-asta yaxshi kulgi qadrlanib boryapti. Yashirmayman, ijodni boshlagan kezlarim men ham ochiq hazillardan foydalanganman. Ammo ijromda unchalik o‘xshamagan. Shuning uchun ochiq hazillardan umuman foydalanmayman, deb ahd qilganman. Hozir ham “Dizayn”dagi yakka chiqishlarimda bunday hazillardan foydalanmayman, — deydi Elmurod Haqnazarov.

“Uch qizim bo‘lishini orzu qilganman”

Elmurod Haqnazarovning uch nafar qiz farzandi bor. U intervyularining birida baʼzi erkaklarga o‘xshab, o‘g‘il farzandni qizdan ustun ko‘rmasligi haqida aytib o‘tgan.

Foto: “Daryo” 

— Otabek Muhammadzohidning ham uch nafar qiz farzandi va bitta o‘g‘li bor. Uylanmasdan avval “Mening ham uchta qizim bo‘lsa, yaxshi tarbiya berib, egasiga topshirsam” deb niyat qilardim. Alloh o‘g‘il bersa quvonaman, ammo qizlarimning boriga ham shukr qilaman. Chunki dunyoda farzandsiz insonlar ham juda ko‘p, — deydi Elmurod Haqnazarov.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »