Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Komilov 1964-yil 26-oktabr kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. U oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lib, Lola ismli singlisi ham bor edi. Afsuski, singlisi og‘ir kasallik sabab bu hayotni erta tark etgan. Xonanda bolaligi bilan bog‘liq quyidagi voqealarni eslaydi.

“Musiqaga qiziqmay qolgandim”

Foto: Instagram: /@ravshankomilov_

— Bolalikda o‘yinqaroq va juda sho‘x bola bo‘lganman. Ota-onam davlat ishida ishlasa ham, yakshanba kuni dehqonchilik bilan shug‘ullanardik. Dadam rahmatli “Mehnat qilsang, kam bo‘lmaysan”, deb ko‘p aytardi.

Uchinchi sinfda o‘qigan kezlarim poytaxtimizdagi 39-maktabda o‘tkazilgan tadbirda mustaqil ashulalar aytib, yig‘ilganlar olqishiga ilk bor sazovor bo‘lganim xuddi kechagidek yodimda. So‘ng ota-onam meni sanʼatga shaydoligim, qiziqishimga ko‘ra, Sergeli tumanidagi 32-musiqa maktabining qashqar rubobi, keyinroq fortepiano bo‘limiga o‘qishga olib borishgan.

Shunday vaziyat ham bo‘lganki, birdan musiqaga qiziqmay qolganman. Har kuni rubobni ko‘tarib, o‘qishga ketyapman derdim-u, stadionga borib, to‘p tepardim. So‘ng kechga yaqin changga belangan rubob bilan uyga qaytardim. Bu hol bir oyga yaqin davom etgan. Onam bilib qolganidan keyin dakki berib, o‘zi men bilan borib ustozlardan uzr so‘ragan. Agar o‘shanda onam majburlamaganda, sanʼatni davom ettirmasligim aniq edi, — deydi xonanda Ravshan Komilov.

“Xalqlar do‘stligi”ning qurilishida qatnashganman

Ravshan Komilov “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyi qurilishida ishtirok etgani va kun kelib o‘sha yerda konsert berishni niyat qilgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram: /@ravshankomilov_

— 1980-yili maktabni tamomlab, Toshkent madaniyat texnikumida o‘qishga kirdim. Ushbu bilim yurtida o‘qib yurgan vaqtlarim bir voqea xotiramda muhrlangan. Toshkentda muhtasham “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyi qurilar ekan deyishganda, biz ham yordamga kelganmiz. Saroy zinalari uchun marmar tashir ekanmiz, biz ham mana shu saroyda konsert berarmikanmiz, deb orzu qilgandik.

Bolaligimda buvim rahmatli “Falon kuni dugonalarim kelishadi, konsertga tayyorlaning”, derdi. Aslida buvim hazillashib gapirardi, ammo men buni chin deb bilib, kamida to‘rtta yangi qo‘shiq o‘rganardim. Buvimning dugonalari ham qo‘shig‘imni eshitib olqishlashardi va men ham o‘zimni xuddi konsert bergandek his qilardim, — deydi xonanda Ravshan Komilov.

“Kursdoshimga uylanganman”

Xonanda hozirgi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining musiqa fakultetida o‘qigani va kursdoshi bilan oila qurgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram: /@ravshankomilov_

— Armiyaga borib kelgandan keyin Toshkent davlat pedagogika universitetining musiqa fakultetiga o‘qishga kirganman. Birinchi kursda “Kamolot” ko‘rik tanlovida ishtirok etib, “Odam bo‘laylik” qo‘shig‘i bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lganim uchun onam qachon uylanasan, deb qo‘ymasdi. Shunda kursdoshim bilan oila qurishga qaror qilganman. U diplomli musiqa o‘qituvchisi bo‘lgani uchun ham o‘g‘lim ikkimizning eng birinchi tanqidchimiz, — deydi xonanda Ravshan Komilov.

“Duetdoshlar sabab uyda janjal”

Ravshan Komilovning Mavluda Asalxo‘jayeva bilan ijro etgan “Oyim bilmasin” qo‘shig‘i ikki xonandaga ham omad keltirgan. Ammo qo‘shiq bilan bog‘liq mish-mishlar Ravshan Komilovning turmush o‘rtog‘iga yoqmagan.

Foto: Instagram: /@ravshankomilov_

— Bu qo‘shiq sabab ancha vaqtgacha uyimda janjal bo‘lgan. Bo‘rining yesa ham, yemasa ham og‘zi qon deyishganidek, qo‘shiq chiqqanidan keyin xalq orasida har xil mish-mishlar tarqalgan. To‘ydan kelsam doim uydan bir gap chiqib turardi. Undan keyin “Hech kim bilmasin”, degan duetni aytdik. Qo‘shiq odamlarga yoqadi, ammo negadir bizni bir-birini sevadi, deb hisoblashardi. Ayolim tabiatan rashkchi bo‘lgani uchun duetdoshlar borasida juda ko‘p ziddiyatlarga borganmiz, — deydi xonanda Ravshan Komilov.

“Ozoda sabab uyimga pichoq ko‘tarib kelishgan”

Xonanda “Ozodani sevaman” qo‘shig‘ini ijro etganidan keyin uyiga pichoq ko‘tarib kelishgani haqida ham so‘zlab berdi.

Foto: Instagram: /@ravshankomilov_

— “Ozodani sevaman” qo‘shig‘i tasodifan yaratilgan. Hamkasblar bilan Yulduz Usmonovaning konsert dasturini tomosha qilgani borganmiz. O‘shanda Yulduz Usmonova shoir Muhammad Yusufni sahnaga taklif qilgan va sheʼr o‘qib berishini so‘ragan. O‘shanda Muhammad aka “Ozodani sevaman” sheʼrini o‘qigan. Qo‘shiq barchaga yoqqan, qiy-chuv bo‘lganidan keyin “Shu sheʼrni qo‘shiq qilaman”, deganman. Xullas, shoirning roziligi bilan qo‘shiq yaratilgan va qisqa vaqtda mashhurlikka erishgan. Ammo bu qo‘shiq ham ayolimga yoqmagan “Endi Ozodasi kim bo‘ldi?” degan. Bir kuni uyga bir ayol va erkak so‘rab keldi. To‘yga aytishmoqchidir deb chiqsam, erkak menga pichoq o‘qtalib keldi. “Nima bo‘ldi, tinchlikmi?” desam “Ozodani qayerdan taniysan?” deydi. Keyin bilsam uning turmush o‘rtog‘ining ismi Ozoda va uning bir o‘g‘il va qiz farzandi bor ekan. Xullas, gap bilan tushuntirib bo‘lmaganidan keyin Muhammad Yusufning kitobini olib chiqib, ichidagi shu sheʼrni ko‘rsatib qutilgandim. Bunday voqealar juda ko‘p bo‘lgan. Ozodaga atalgan qo‘shiq sabab ko‘p kaltaklar boshimda singan, — deydi xonanda Ravshan Komilov.

“Ahmadboy bilan uchrashganman”

Ravshan Komilov xalq orasida Ahmadboy nomi bilan tanilgan “tadbirkor” bilan yaqin bo‘lgani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.

Foto: Instagram: /@ravshankomilov_

— Yashirmayman, Ahmadboy bilan uchrashganman. U hamkorlikda ishlashni taklif qilgan. Ammo sotilgan mashinalarning pulini bo‘lib-bo‘lib beraman, degan. Oz bo‘lsa ham, naqdi asal deb rozi bo‘lmaganman. Bir necha yillik tadbirkorman, nasiyaga qilingan savdoning oqibati u qadar yaxshi bo‘lmasligini yaxshi bilaman. Keyin u boshqa xonandalar singari meni ham to‘yiga taklif qilgan. O‘shanda bir nechta sharoiti og‘ir bo‘lgan bolalarning ham sunnat to‘ylarini o‘tkazgandi. Men ham el qatori xizmatga borib, haqqimni olganman, — deydi Ravshan Komilov.

“Biznesni yaxshi tushunaman”

Ravshan Komilov xonandalikdan tashqari, tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanadi.

Foto: Instagram: /@ravshankomilov_

— Tadbirkorlikni boshlaganimga ancha yillar bo‘ldi. Yigit kishiga qirq hunar ham oz. 60-70 yoshda ham to‘yga aytisharmikan, deb o‘tirmaysiz-ku. Shu bois bir nechta ko‘chmas mulk xarid qilib, ijara shartnomasi asosida odamlarga foydalanishga berganman. Biznesni yaxshi tushunaman, — deydi Ravshan Komilov.

“Ravshanning puli yo‘qmi?”

Ravshan Komilov otasi va singlisining bevaqt o‘limidan keyin ruhiy tushkunlikka tushgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram: /@ravshankomilov_

— Otam rahmatli og‘ir kasallikdan vafot etgan. U kasallik sabab qattiq qiynalgan. Bir kuni ayolimga “Ravshanning puli yo‘qmi, nega meni davolatmayapti?”, degan ekan. Shu gapni eshitib, ich-ichimdan yig‘laganman. Chunki otamni juda ko‘p shifokorlarga olib borganman. Hech bir muolajadan foyda bo‘lmagan. Otam o‘lganidan keyin ko‘p vaqt o‘tmay singlimda ham bu kasallik aniqlandi. Onamga bu haqida aytmadik. Singlimni ikki yarim yildan ziyod davolatdik. Hatto uni xorijga olib borib, operatsiya ham qildirdik. Hech biridan foyda bo‘lgani yo‘q. Ikki yaqinimdan ayrilganimdan keyin ruhiy tushkunlikka tushib qoldim. Ancha vaqtgacha ommaning eʼtiboridan chetda yurdim, — deydi xonanda Ravshan Komilov.

Foto: Instagram: /@ravshankomilov_

Ravshan Komilovning to‘rt nafar farzandi bor. Nozima va Durdona ismli qizlari uy bekasi. To‘ng‘ich o‘g‘li Farrux esa otasining izidan borib, xonandalik bilan shug‘ullanadi. Kenja o‘g‘li Farhod esa otasiga tadbirkorlik ishlarida ko‘maklashadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »