Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Nasiba Abdullayeva 1961-yilning 15-noyabr kuni Samarqand shahrida dunyoga kelgan. Otasi Meklik Yormuhammedovning kelib chiqishi eroniy xalqlarga, onasi Xolchuchuk Halimqulova tojik millatiga mansub bo‘lgan. Ular yetti farzandni dunyoga keltirib, tarbiyalashdi. Farzandlari orasida ikki millat Xalq artisti Nasiba Abdullayeva ham bor.

Foto: Xonandaning shaxsiy arxividan

— “Millatingiz nima? Ozarbayjonmisiz?” degan savolni ko‘p berishadi. Aslida insonning hayotida millat u qadar muhim ahamiyatga ega emas. Chunki inson qayerda tug‘ilgan va tarbiyalangan bo‘lsa, baribir o‘sha yerga moslashib ketadi. Hatto, slavyan bo‘la turib ham O‘zbekistonda tug‘ilgan bolalar o‘zbek bo‘lib ulg‘ayganiga guvoh bo‘lganman. O‘ninchi sinfni yakunlab, pasport olishga borganimda millati degan joyga o‘zbek deb yozishgan. Oilada yetti farzandning kenjasi bo‘lganim uchun ham erkatoy edim. Onamning muhabbatini his qilib tursam-da, atrofimdagi tashvishlarning ko‘prog‘i otamning zimmasida ekanini ko‘rib ulg‘aydim. Men ko‘ngildagi hamma orzu-niyatlarimni ochiq ayta olar, ular esa amalga oshirishga hamisha tayyor turishardi.

Orzularim boshqa qizlarnikiga o‘xshab “Falon ko‘ylakni yoki o‘yinchoqni olib bering” emas, balki “Musiqa to‘garagiga borgim kelyapti, akkardeon olib bering”, deganga o‘xshash edi, — deydi Nasiba Abdullayeva.

“Mushtlashib ham ketardim”

Xonanda tabiatan qizlar bilan unchalik til topisholmagani va qiziqishlari ham o‘g‘il bolalarga xos bo‘lganligi haqida so‘zlab bergan.

Foto: Xonandaning shaxsiy arxividan

— Do‘stlarimning ko‘pchiligi o‘g‘il bolalar bo‘lgan. Ular bilan birga yugurish, velosiped uchishni yaxshi ko‘rardim. Hatto, gapimiz bir-biriga mos kelmasa mushtlashib ham ketardik. Shunday bo‘lsa-da, maktabdagi eng aʼlochi o‘quvchilardan biri edim. O‘ninchi sinfga qadar faqat aʼlo baholarga o‘qiganman, — deydi xonanda.

“Qizimning tarbiyasi mening bo‘ynimda”

Nasibaning sanʼatga qiziqishi va kuylash qobiliyatini ko‘rgan dadasi uni qo‘llab-quvvatlab, musiqa to‘garagiga olib boradi.

Foto: Xonandaning shaxsiy arxividan

— Sanʼatkor bo‘lishim kerakligini bilgan va bunga ishongan faqat otam bo‘lgan. Akalarim sanʼatkor bo‘lishimga biroz qarshilik qilishgan, faqatgina dadam men tomon edi. Hatto, shunday vaziyat ham bo‘lganki, dadam rahmatli “Qizning otasi menman, tirik ekanman, uning tarbiyasi ham, yurish-turishi ham, hammasi mening bo‘ynimda. Shuning uchun gapirmanglar. Unga o‘zim oq fotiha berganman, sanʼat yo‘lidan ketadi”, — degan. Musiqaga faqat qiziqish va qo‘shiqlarni o‘zingcha o‘rganib, ijro etishni o‘zi yetarli emasligini ham dadam juda yaxshi tushungani bois doim qo‘llab-quvvatlagan. Meni Samarqand ofitserlar uyi qoshida joylashgan harbiylarning farzandlari uchun mo‘ljallangan musiqa studiyasiga o‘qishga joylashtirgan. Ro‘zg‘or yuki dadamning bo‘ynida bo‘lgani uchun sahardan to qosh qoraygunicha ishlashga majbur edi. Ammo hamisha men uchun vaqt topardi. Yozning jaziramasida ham, qishning qahratonida ham studiyaga olib borib kelishga vaqt topardi, — deydi Nasiba Abdullayeva intervyularining birida.

“Kechki bo‘limda o‘qimayman”

U paytlarda oliy o‘quv yurtlari juda kam edi. Imtiyozli atestatni qo‘lga kiritgan Nasiba Abdullayevaga Samarqanddagi arxitektura institutiga hujjat topshirishni maslahat berishadi. Chunki bu institut uning uyiga ancha yaqin edi.

Foto: vdp.mycdn.me

— Institut xodimlari “Uyingiz oliy o‘quv yurtiga yaqin ekan, sizni kechki bo‘limga o‘qishga qabul qilamiz”, — degandi. “Maktabda o‘n yil davomida faqat aʼlo baholarga o‘qiganman. Nima uchun institutda kechki bo‘limda o‘qishim kerak?”, deb hujjatlarimni qaytarib olganman. Musiqiy studiyaning diplomi bilan maktabga ishga joylashganman, — deydi Nasiba Abdullayeva.

“Botir Zokirovni ko‘rib oyog‘im muzlagan”

Nasiba Abdullayevaning ovozidagi nazokatni payqash unchalik qiyin emasdi. Botir Zokirov ham 18 yoshli Nasiba Abdullayevaning qobiliyatini yuksak baholaydi va kun kelib u mashhur sanʼatkor bo‘lishi haqida aytadi.

Foto: iytimg.com

— 1980-yil O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati va sanʼati kunlari o‘tkazildi. O‘sha paytda 18 yoshda edim, Samarqand filarmoniyasida ishlardim. Meni Ozarbayjondan kelgan orkestr bilan qo‘shiq ijro etish uchun Toshkentga taklif etishdi. Konsert dasturiga tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtimizda, xonaning eshigi qiya ochilgan holatda kimdir meni eshitayotganini sezdim. Darrov o‘sha tomonga ko‘z yugurtirib, eshik oldida turgan odamni tanigach, oyog‘imning uchigacha muzlab ketganman rosti. Sababi buyuk sanʼatkor Botir Zokirov eshikni ochib, meni tinglab, kuzatayotgan ekan. Repetitsiya tugaganidan so‘ng biz foyeda ko‘rishib qoldik. O‘shanda ular “Tog‘ bulog‘idek toza ovozing bor ekan, ovozingni asragin. Eng muhimi, yoshgina qizcha ekansan, hozirgi maʼsumiyatingni, kamtarligingni va sanʼatga muhabbatingni asragin”, degan edi. Botir akamning bu so‘zlari har doim quloqlarim ostida jaranglaydi.



Keyinchalik Botir aka ukasi Farrux Zokirovga “Agar hech kim xalaqit bermasa, o‘z ustida ishlashni tashlab qo‘ymasa, u qizcha sanʼat olamida uzoqqa boradi. O‘sha kunlarni men ko‘rarmikinman?”, degan ekan, — deydi Nasiba Abdullayeva.

“Dadam turmushga chiqishimni xohlamagan”

Nasiba Abdullayeva karyerasida juda erta muvaffaqiyatga erishadi. 18 yoshida uni butun Markaziy Osiyo davlatlari taniydi, ko‘plab gastrol safarlariga taklif qilishadi. Ammo o‘sha davr sanʼatining yozilmagan qoidasi bor edi. Yaʼni tezroq turmushga chiqib, oilali bo‘lmasa, odamlarning u haqidagi tasavvurlari yomon bo‘ladi. Shu bois, xonanda 18 yoshida ozarbayjonlik gitarachi Eldor Abdullayevga turmushga chiqadi.

Foto: Instagram

— O‘shanda shunaqa yoshda edimki, men uchun insonni juda yaxshi bilib-bilmasligim ikkinchi, beshinchi, o‘ninchi o‘rinda edi. 18-19 yoshda u insonning kimligi, qanaqa insonligini o‘ylaydigan aql-idrokimiz bo‘lmaydi. Bu inson senga bugun qanchalik kerak va bu insonni yonida o‘zingni qanchalik baxtli his qilyapsan, degan savollar birinchi o‘rinda turadi. Menimcha, hammada shunaqa bo‘lsa kerak.

Sanʼatga kirib borganim yaqinlarim orasida ham har xil munosabatlarga sabab bo‘lgani uchun va u munosabatlar baʼzan shunchalik chuqurlashib borar ediki, haqiqatan juda ko‘ngilni og‘ritadigan darajaga kelardi.

Foto: uzbegim.us

Oila qurishimga birinchi sabab, turmush o‘rtog‘imga nisbatan yoshlikda mehr qo‘yganim bo‘lsa, ikkinchi sabab, yaqinlarimni menga bo‘lgan negativ munosabatiga chek qo‘yish edi. Shuning uchun oila qurish taklifi kelganida, uyoq-buyoqni unchalik o‘ylamasdan, javob berganman.

Shundan keyin “Mana oilali bo‘ldi, bizning zimmamizdan masʼuliyat ketdi, endi singlimiz uchun xotirjam bo‘lsak bo‘ladi”, degan fikrga borishadi, hammani ko‘ngli tinchiydi, deb o‘ylaganman.

Lekin o‘shanda dadam turmushga chiqishimni xohlamagan. “Sanʼatkor bo‘laman, orzularim bor, degan eding. Menga boshqa gaplarni gapirganding. Endi nimaga shoshib turmushga chiqish yo‘lini tanlading?”, degan. Ammo dadam meni qarorimga hurmat bilan yondashib, javob bergan, — deydi sanʼatkor.

20 yillik turmushning buzilishi...

Nasiba Abdullayeva 1981-yil to‘ng‘ich o‘g‘li Anvarni, olti yildan so‘ng kichik o‘g‘li Akbarni dunyoga keltiradi. U o‘sha paytda ham shaxsiy hayoti haqida gapirishni istamasdi. Shu kungacha 20 yillik turmushining buzilish sabablarini ham ochiqlamagan.

Foto: Facebook.com

— Har bir insonning o‘z tanlovi bor. Men sirli bo‘lishga intilmayman, shunchaki shaxsiyatni ochish tabiatan menga begona. Nafaqat ijodda, hayotda ham shundayman, — deydi xonanda.

“Yaxshi inson millat tanlamaydi”

Nasiba Abdullayeva boshqa millat qizini kelin qilgani va qaroridan hech qachon afsuslanmasligini ham aytib o‘tgan.

Foto: Facebook.com

— O‘g‘lim Anvar 30 yoshga qadar uylanish haqida o‘ylamadi. Bir kuni rus qizni yoqtirib qolganini aytdi. Uchrashdik, bir ko‘rishda u qizga ko‘nglim tushdi. U iqtisodchi, ishga ertalab ketib, kechga qaytadi. Kelinlik vazifasi sabab, karyerasi to‘xtab qolishini istamayman. Sevimli ishi bilan shug‘ullanib pul topishiga qarshi emasman. Rus kelin uy ishlarini qila oladimi, deb ko‘p so‘rashadi. Shu kungacha unga biror ishni qilishga majbursan demaganman. Majburlab bajarilgan ish bilan, ko‘ngli istab qilinganining o‘rtasida katta farq bo‘ladi. Yaxshi inson millat tanlamaydi, men kelinimdan hamisha mamnunman, — deydi xonanda.

“Og‘ir kasallikning yakuni bo‘lishi kerak”

Nasiba Abdullayevaning hamisha ozg‘in va xipchabel yurishi bilan bog‘liq mish-mishlar ham tarqalgan. Baʼzi muxlislar jarrohlik amaliyotini o‘tkazgani va beliga maxsus moslama joylashtirilgani haqida aytishadi. Xonandaning og‘ir kasal ekanligi haqidagi mish-mishlar ham quloqqa chalingan.

Foto: Instagram

— Og‘ir kasallikning yakuni bo‘lishi kerak, men ijodni boshlaganimdan buyon qomatim o‘zgarmagan. Hipchabellik oilamizga xos, hatto onam ham sakson yoshida chiroyli qomat egasi edi. Bolalikdan to‘yib, bir porsiya ovqatni yemasdim. Sababini bilmayman, ammo tanam ko‘p ovqat yeyishni istamaydi. Kam-kam va tez-tez ovqatlanaman. Ko‘pchilik odamlar kuniga 3 mahal ovqatlansa, men 5-6 marta dasturxonga o‘tirishim mumkin. Ammo yeguliklarim porsiya jihatidan juda oz bo‘ladi, — deydi Nasiba Abdullayeva.

Nasiba Abdullayeva avvalgidek jo‘shqin ijodda emas. Ammo katta davlat tadbirlarida ko‘rinish berib, muxlislarini xursand qiladi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »