Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Tomoshabinlarga salbiy rollari bilan yaxshi tanish bo‘lgan aktyor Javohir Zokirov 9-noyabr kuni 51 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan ota-onasining qarori sabab “Bolalar”ni tark etishga majbur bo‘lgan, turmushda omadsizlikka uchragan va ayni kunlarda eng qimmat gonorar oladigan aktyor darajasiga erishgan Javohir Zokirovning hayot va ijodiga nazar tashlaymiz.

“Ilk rolimni to‘rt yoshimda ijro etganman”

Zokirovlar sulolasining mashhur vakillari Jamshid va Gavhar Zokirovalar xonadonida dunyoga kelgan. Ammo ilk rolini ota-onasining ishtirokisiz ijro etgan. Yaʼni ayrimlar o‘ylagandek, aktyorga ota-onasining hurmati sabab rollar berilmagan.

Foto: Kollaj

— Ilk rolimni 4 yoshimda ijro etganman. O‘shanda hamma bolalar qatori bog‘chaga borardim. Bir kuni bog‘chamizga tasvirga olish guruhi kelgan va rolga to‘g‘ri keladigan bolani izlashgan. To‘g‘risi, u paytda qanday rolni ijro etganimni ham eslolmayman. Suratga olish guruhining shoshilib ishlashi, kimdir baqirishi, “stop, mator!” kabi gaplar kino haqida ilk tasavvurimni uyg‘otgan. Undan keyin olti yoshimdan boshlab ota-onamga “O‘g‘lingiz falon spektaklda rol ijro etib bera oladimi?” deb taklif etishgan. Sanʼatkorning farzandi o‘zi istasa-istamasa ham shu sohaning taʼsirida ulg‘ayadi. 14 yoshimda “Yulduzli tunlar” spektaklida eng katta rollarimdan biri Boburning bolalik chog‘larini ijro etganman. Ammo o‘smir yoshdan qo‘shiqchilikka qiziqishim ortib, teatrga bo‘lgan qiziqishim so‘ngan, — deydi Javohir Zokirov.

“Pulsizlik sabab, Javohirga palto olib berolmaganmiz”

Javohir Zokirov mashhur sanʼatkorlarning farzandi bo‘lsa-da, oilasi moliyaviy qiyinchiliklardan holi bo‘lmagan. Aktyor bu haqida eslashni istamaydi, ammo onasi aktrisa Gavhar Zokirova shunday xotirlaydi:

Foto: Instagram / @tokhir_sodikov_official

— Teatrdan oladigan maoshimiz nihoyatda kam edi. Uning ustiga o‘shanda endi ikki xonali kvartiraga ko‘chgandik. Uy taʼmirtalab va nihoyatda qarovsiz edi. Balkon qismining romlari yo‘qligi uchun g‘ir-g‘ir shamol esardi. Kech kuzga borib uy sovib ketgan, shunda qaynonam rahmatli sandig‘idagi eng qadrli matoni sotib, rom olishimizga pul bergandi. Er-xotin tinimsiz ishlasak ham hech ro‘zg‘orimiz to‘lmasdi. Qizimiz Ohista Jamshidni musiqa maktabiga berganmiz, unga fortepiano olishimiz kerak bo‘lgan. O‘shanda qaynonam va onam pensiyalaridan pul to‘plab, musiqiy asbob olib berishgandi. Uchinchi sinfda Javohirga palto ololmadik. O‘shanda qaynopam Luiza qizi Nargizning eski paltosini berdi. Uning qo‘ng‘iroqchasi va pirpiragi bor edi. O‘shanda Javohir “Bu qizlarning paltosi, kiymayman”, deb rosa to‘polon qilgandi. Boshqa ilojim bo‘lmagani uchun uni kiyishga majburlaganman. Hayotimizda bu kabi misollar juda ko‘p. Ayrimlar o‘ylaganidek bugungi kunlarga yetib kelishimiz oson kechmagan.

Ruslan Sharipov sabab tuzilgan ‘Bolalar’ 

O‘smirlik davrida qiziqishlar o‘zgaradi. Bolalikdan teatrda ulg‘aygan Javohir Zokirovda ham birdan xonandalikka qiziqish paydo bo‘ldi.

Foto: Instagram / @tokhir_sodikov_official

— U paytda maktabda o‘qirdim. Men ham hamma yoshlar qatori zamonaviy qo‘shiqlarni tinglab yurardim. Bir kuni Bahodir Po‘latov ismli do‘stim kelib, musiqiy guruh tuzish niyati borligini aytdi. U Tohir bilan bir maktabda o‘qir va uni yaxshi bilar ekan. Xullas, biz maslahatlashib rahmatli Ruslan Sharipov bilan uchrashdik, — deydi Javohir Zokirov.

Tohir Sodiqov bejiz Javohir Zokirov bilan uchrashishni istamagan. U paytlari Ruslan Sharipov Javohirning ammavachchasi Nargiz Zokirova bilan oila qurgandi. Yigitlarning taklifi Javohir Zokirovga maʼqul kelib, uni Ruslan Sharipovning uyiga yetaklab boradi. O‘sha paytlari zamonaviy o‘zbek qo‘shiqlarini yaratishda Ruslan Sharipovga teng keladigan bastakor yo‘q edi. U yigitlarning taklifini eshitib, “Bolalar” nomi ostida guruh tashkil qilish taklifini kiritadi. “Bolalar” guruhining ilk tarkibida Bahodir Po‘latov, Husan Sodiqov (Tohir Sodiqovning akasi), Javohir Zokirov, Nargiz Zokirova, Tofik Morduxayev, Toir Odilov va Tohir Sodiqovlar bo‘lgan.

“Ota-onam ‘Bolalar’dan ketishimni istagan”

Tashkil etilganiga ko‘p o‘tmay “Bolalar” katta mashhurlikka erishdi. Ularning qo‘shiqlari kirib bormagan yoshlar klublari qolmadi hisob. Ammo negadir Javohir Zokirovning ota-onasi o‘g‘li bu guruh bilan cheklanib qolishini istamadi. Va uni Rossiyadagi mashhur VGIK institutida o‘qishga ko‘ndirishdi.

Foto: Instagram

— Ota-onamning qaroriga qarshi chiqqanman. Chunki guruh bilan gostrol safarlari borayotgan, qo‘limiz pul ko‘rgan paytlar edi. O‘qishga kirsam hammasi boshidan boshlanardi. Ammo hozir ota-onamning o‘sha paytdagi qarori to‘g‘ri bo‘lganiga amin bo‘ldim. To‘g‘ri, aktyorlikda qobiliyat muhim, ammo professional bo‘lishni istagan aktyor albatta, tahsil olishi kerak, — deydi Javohir Zokirov.

“Talab qiladigan oyligim rahbarlarga yoqmaydi”

Javohir Zokirov institutni tamomlab, sobiq Hamza nomidagi teatrga ishga kiradi. Ammo u yerda uzoq vaqt faoliyat yuritolmaydi. Teatrdan ketishga qaror qilganini esa quyidagicha izohlaydi.

Foto: Skrinshot

— Maosh kam, tayinli ssenariy yo‘q. Odam ko‘ngli to‘lmagan ishni qilmasligi kerak. Hozir ham teatrga qaytishga tayyorman, ammo talab qiladigan oyligim rahbarlarga yoqmasligi aniq. Ijodkor hech narsani o‘ylamay, fokusini faqat ijodga qaratishi uchun olayotgan maoshidan qoniqishi kerak, — deydi aktyor.

Xorij filmidagi roli

Foto: Instagram

O‘zbek kino olamida eng ko‘p gonorar oladigan aktyorlardan biri Javohir Zokirov 2011-yilda Qozog‘iston va Rossiya hamkorligida suratga olingan rejissor Ermek Tursunovning “May oyining yetti kuni” filmida bosh rollardan biri Hasan obrazini gavdalantirgan. Filmda Javohir Zokirov bilan birgalikda mashhur aktrisa Yevgeniya Loza va aktyorlar Vladimir Yaglich, Sergey Ugryumov rol ijro etgan.

“Salbiy rolga ko‘proq pul to‘lashadi”

Jahohir Zokirov ijodida ijobiy rollar nihoyatda kam. U ijro etgan salbiy rollari esa tomoshabinlar nafratini uyg‘otishi aniq. Aktyor nega faqat salbiy rollar ijro etishini quyidagicha izohlaydi.

Foto: Facebook.com

— Yashirmayman, salbiy rollarga ko‘p pul to‘lashadi. Chunki ko‘p aktyorlar salbiy rollarni rad etishadi. Salbiy rol aktyordan katta energiya talab qiladi. Yonib ishlash esa menga yoqadi. Shunchaki kirdi-chiqdi rolni o‘ynagim kelmaydi. Rol katta-kichik bo‘lishidan qatʼiy nazar ssenariyga “yopishtirib” qo‘ymagan bo‘lishi kerak. Baʼzan ssenariy yoqmaydi, ammo prodyusser gonorarini to‘lashga tayyor ekanligini aytadi. Shunday holatda ko‘zni yumib pul uchun rolga rozi bo‘lasiz. Ammo baribir ko‘nglim to‘lmay ijro etganim o‘zimga seziladi, — deydi aktyor.

“Uch marta uylanganman”

Javohir Zokirov omadli aktyor, ammo shaxsiy hayotida muvaffaqiyatga erishguniga qadar ancha yillarni yo‘qotgan. U omadsiz turmushlari haqida gapirishdan og‘rinmaydi.

Foto: Facebook.com

— Uch marta uylanganman. Ilk marta 30 yoshimda uylanganman. Bilasizmi, kech yoki erta degan narsani tushunmayman, bizda yosh uylantirib qo‘yishadi-ku. O‘zi erkak kishi 30-40 yoshida sekin o‘zini tanib, erkakligini his qiladi, deb o‘ylayman. Yevropada kech turmush quriladi, ular oila qanaqa bo‘lishi kerak, qanday munosabat qurish kerakligini tushunib oladi. Bizda buni bilishmaydi, faqat uylantirib qo‘yishsa bo‘ldi. Bu narsaga jiddiy qarash kerak. Shuning uchun kech uylanganman. Men o‘zimni o‘zim oqlayotganim yo‘q. Lekin o‘ylashimcha, voyaga yetgan boladan “Uylanishga tayyormisan”, deb so‘rash kerak. Farzandli bo‘lgandan keyin, ilm berish, o‘qitish, hammasiga tayyor bo‘lishi kerak. Birinchi turmushimdan bir yil o‘tib ajrashganman. Ikkinchi ayolim bilan ham bir yil yashab, ajrashganman. U har xil bo‘htonlar tarqatib, hamma yerga xat yozgan, — deydi Javohir Zokirov.

“Ayolim ishlamaganda menga qiyin bo‘lardi”

Aktyor uchinchi bor buyuk o‘zbek yozuvchisi va shoiri G‘afur G‘ulom avlodi bo‘lmish Shahrizod G‘ulomova bilan oila qurgan. Hozirda ularning bir qiz va ikki o‘g‘li bor.

Foto: Instagram

— Ayolim ingliz tili tarjimoni bo‘lib ishlaydi. Baʼzi paytlar mendan ham yaxshiroq pul topadi. Agar u ishlamaganda, menga ancha qiyin bo‘lgan bo‘lardi. Chunki aktyorlarning gonorari ko‘p ko‘ringani bilan doimiy emas. Baʼzan umuman rollarga chaqirishmaydi, baʼzida esa chaqirganlariga borgim kelmaydi, — deydi aktyor.

“Erkak ikki masalada adashmasligi kerak”

Javohir Zokirov erkak kishi ikkita qarorni qabul qilishda adashmasligi kerakligi haqida ham gapirgan.

Foto: Instagram

— Hayotda xato va kamchiliklar bo‘ladi, ularsiz nimagadir erishish mushkul. Ammo erkak kishi ikkita qarorni qabul qilayotganda adashmasligi kerak. Birinchisi kasb, ikkinchisi esa xotin tanlashda, — deydi aktyor.

O‘zbekistondagi eng “qimmat” aktyor

Hozirgi kunda o‘zbek kinosidagi eng qimmat aktyor Javohir Zokirov hisoblanadi. Uning bir ijodiy kuni 500 AQSH dollariga baholanadi. Ammo aktyorni rolga ko‘ndirish, u bilan hamkorlik qilish oson emas. Ijodkorning o‘ziga xos feʼl-atvori va prinsiplari bor.

Foto: Instagram

— Hamisha yaxshi ijod tarafdoriman. Bizda ham yaxshi ijodkorlar bor. Imkon bo‘lsa Gollivud darajasidagi filmlarni ham yarata olamiz. Ajratilgan pullar yarim yo‘lda ushlanib qolmay, faqat ijodga sarflanishi kerak, — deydi Javohir Zokirov.

 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »