Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Millionlab tomoshabinlarning sevimli aktyori Leonardo Di Kaprio 11-noyabr kuni 49 yoshga to‘ldi. Ko‘pchilikni Leonardo Di Kaprioning nima uchun shu yoshgacha oila qurmagani qiziqtiradi. Ammo aktyor hozir ham 25 yoshgacha bo‘lgan modellar bilan uchrashib yuradi, sayyorani qutqarish bilan shug‘ullanadi va o‘z ustida tinmay ishlaydi.

Leonardo Di Kaprioning bolaligi

Bo‘lajak aktyor 1974-yil 11-noyabrda hippilar oilasida tug‘ilgan. Jorj Di Kaprio va Irmelin Indenbirken Los-Anjelesning jinoyat urchigan hududlaridan birida yashashgan, ammo bu homilador onaning san’atga bo‘lgan ishtiyoqiga, homiladorlik paytida muzeylarga tashrif buyurishiga to‘sqinlik qilmaydi. Buyuk Leonardo da Vinchi asarlaridan birini hayrat bilan tomosha qilayotgan Irmelin qornida bo‘lajak o‘g‘lining qimirlaganini his qiladi va bolaga Uyg‘onish davri dahosi nomini berish kerak, degan qarorga keladi.

 
 
Foto: Getty Images

Jorj Di Kaprio komikslar chizadigan rassom edi, o‘g‘li tug‘ilgunga qadar uning karyerasi o‘zining cho‘qqisiga chiqadi. Irmelin ijtimoiy xizmatlarda ishlardi. O‘g‘li tug‘ilgandan bir yil o‘tgach, er-xotin endi birga yashay olmasligini tushunib, ajrashishadi. Biroq ikkalasi ham o‘g‘li ota-ona e’tiboriga muhtoj degan qarorga kelishadi, shuning uchun otasi Irmelinning onasi, rus muhojiri Xelen Indenbirken bilan birga Leo taqdirida faol ishtirok etadi.

Ta’kidlash joizki, italyan, rus va nemis qoni aralashmasi, shuningdek, otasining erkin hayot tarziga bo‘lgan ishtiyoqi bolaning sevimli mashg‘ulotlarida o‘z izini qoldiradi. U o‘qishga unchalik ishtiyoqmand emasdi, lekin turli personajlarni tasvirlashni yaxshi ko‘rardi. 1977-yilda Jorj o‘g‘lidagi aktyorning mahoratini ko‘rib, uni bolalar shousining kastingiga olib boradi, unda ishtirok etish Leonardo Di Kaprioning birinchi ekrandagi chiqishiga aylanadi.

Foto: Getty Images

Shundan so‘ng Leo “Santa-Barbara” teleseriallarida yosh Meyson Kapvell, “Lessining yangi sarguzashtlari”, “Odamlardan yiroqda” va “Ota-onalar” kabi rollarni ijro etadi. Va 1991-yilda bolakay “Maxluqlar 3” dahshatli filmidagi rollardan birini o‘ynaydi — bu uning katta ekrandagi birinchi chiqishi bo‘ladi. Film jamoatchilik tomonidan unchalik yaxshi qabul qilinmasa-da, 17 yoshli aktyor e’tiborga tushadi.

Leonardo Di Kaprioning yoshligidagi kino karyerasi

Ko‘p o‘tmay Leoga “Zaharli pechak” filmida rol beriladi, filmda u Dryu Berrimor bilan birga suratga tushadi, keyin esa “Bir yigitning hayoti” filmida Ellen Barkin va Robert De Niro kabi Gollivud yulduzlariga partnyor bo‘ladi. Biroq aktyorga haqiqiy mashhurlik Jonni Depp bilan birga o‘ynagan “Gilbert Greyp nima yeydi?” filmi chiqqandan keyin keladi. Filmda o‘sha paytda 19 yoshda bo‘lgan Leonardo Di Kaprio aqli zaif o‘smirni shu qadar ishonchli o‘ynaydiki, u birinchi marta “Oskar”ga nomzod bo‘ladi. Filmdagi roli uchun Di Kaprio 75 ming dollar gonorar olgan.

Foto: Getty Images

Ko‘plab mashhur hamkasblari orasida shubhasiz muvaffaqiyatga erishganiga, muxlislar mehriga va kino tanqidchilarining iltifotiga qaramay, yosh Leonardo Di Kaprio turli teatr klublari va studiyalariga tashrif buyurib, aktyorlik mahoratini oshirishda davom etadi. Maktabni tugatgach, Kaliforniya universitetlaridan birining teatr bo‘limida to‘rt yil o‘qiydi.

Shu bilan birga, unga kino takliflar tinmay kelib turadi. Shunday qilib, aktyor uchun muvaffaqiyatli filmlardan biri Mark Uolberg ishtirokidagi “Basketbolchining kundaligi” filmi bo‘ldi, buning uchun Di Kaprio 1 million dollar olgan. “Qotillar o‘yini” vesternidan aktyor bor-yo‘g‘i 150 ming dollar ishlab topgan bo‘lsa-da, lekin Sheron Stoun, Rassell Krou va Jin Xekmen bilan birga ishlash imkoniyati haqiqiy mukofot bo‘ladi. “To‘liq tutilish” filmidagi shoir Artur Rembo roli yosh aktyorning shov-shuvli mashhurligini oshiradi. 1996-yilda chiqqan “Marvin xonasi” dramasida Leonardo onasi bilan til topisha olmaydigan 17 yoshli o‘smirni o‘ynaydi. Meril Strip, Dayan Kiton va Robert de Niro kabi Gollivud yulduzlari suratga olish maydonchasida yosh aktyorga partnyor bo‘lishadi.

Leonardo Di Kaprioning yoshligida o‘ynagan yana bir yorqin roli Baz Lurmanning Uilyam Shekspir asari asosidagi “Romeo + Juliyetta” sevgi tragediyasidagi Romeo edi. Uning suratga olish maydonchasida sherigiga aylangan Kler Deynsning so‘zlariga ko‘ra, Leonardo rolga shunchalik kirishib ketganki, Romeo Julettaning tobuti ustida monolog o‘qigan sahnani suratga olish chog‘ida aktrisa yig‘lab yuborishiga sal qoladi.

Foto: Getty Images

Biroq Di Kaprioning eng mashhur roli Jeyms Kemeronning “Titanik” filmidagi Jek roli bo‘ldi. Film suratga olish vaqtida aktyor endigina 22 yoshda edi. Ko‘p oylik mashaqqatli mehnatga qaramay, barcha sa’y-harakatlar katta natija berdi. Film 11 ta “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lib, kassada 2,2 milliard dollardan ko‘proq daromad oldi.

Leonardo Di Kaprioning “Oskar” yo‘lidagi yulduzli rollari

Keyingi 18 yil davomida aktyor tinim bilmay ishlaydi. 1998-yilda “Temir niqobli odam” filmi chiqadi, unda Di Kaprio bir vaqtning o‘zida ikkita obrazni o‘ynaydi — qirol Lyudovik XIV va uning zindonband qilingan ukasi. Unga Jeremi Ayrons, Jon Malkovich va Jerar Depardye partnyorlik qiladi. Film tanqidchilar orasida katta qiziqish uyg‘otmaydi, ammo tomoshabinlarga yoqadi. Ikki yil o‘tgach, Di Kaprio Tilda Suinton bilan birga “Plyaj” filmida ishtirok etadi. Muxlislarning yuqori baholariga qaramay, aktyor Richard obrazi uchun “Eng yomon aktyor” nominatsiyasida “Oltin malina” mukofotiga nomzod bo‘ladi. Biroq mukofot Jon Travoltaga nasib etadi.

Foto: Getty Images

Leonardo Di Kaprio uzoq kutgan “Oskar”

Nihoyat 2016-yilda Leonardo Di Kaprio “Omon qolgan” filmidagi roli uchun “Oskar” bilan taqdirlanadi. Xyu Glass roli aktyorga ancha qiyinchilik tug‘diradi: bir qancha tryuklarni o‘zi bajarishi, sovuqda ishlashi kerak edi, chunki rejissor Alexandro Gonsales Inarritu kompyuter texnologiyasidan foydalanishga qarshi edi. Shunday vaqt ham bo‘ladiki, aktyor vegetarian bo‘lishiga qaramay, kadrda xom jigar yeydi. Biroq barcha qiyinchiliklar bunga arziydi.

Foto: Getty Images

2019-yilda Kventin Tarantinoning “Bir paytlar Gollivudda” nomli dramasi chiqadi, unda Di Kaprio yoshi o‘tgan aktyor rolini mahorat bilan o‘ynaydi. Rik Dalton roli uchun yana bir “Oskar”ga nomzod bo‘ladi. Uning bu safargi sherigi Bred Pitt edi. Aktyorning Jennifer Lourens, Meril Strip, Yona Xill, Keyt Blanshett, Timoti Shalame va Ron Perlman bilan birga ishlagan “Yuqoriga qarama” filmi kabi filmini ham ta’kidlash joiz. Aktyor ishtirok etgan “Gulli oy qotillari” kartinasi bu yil ekranlarga chiqdi, filmda Di Kaprio yana bir bor Robert de Niro bilan hamkorlikda ishladi.

Leonardo Di Kaprioning shaxsiy hayoti

Aktyorning shaxsiy hayoti uning muxlislari va jurnalistlarini har doim qiziqtirib kelgan. Biroq bu borada Leonardoning ma’lum bir qoidasi bor: u dunyodagi eng go‘zal ayollar, yanayam aniqrog‘i 25 yoshgacha bo‘lgan modellar bilan uchrashadi, lekin bu munosabatlar turmush qurishgacha yetib bormaydi.

 
Foto: Getty Images

Leonardo Di Kaprioning bolalari

2010-yilda aktyor ota bo‘lishga tayyorligini ochiqchasiga e’lon qildi. Mazkur shov-shuvli bayonotdan 13 yil o‘tganiga qaramay, aktyorning hali ham farzandlari yo‘q.

Biroq Di Kaprioning hayotida u bo‘sh vaqtini bag‘ishlagan yana bir narsa bor: 1998-yildan beri u yovvoyi tabiatni muhofaza qilish masalalari bilan shug‘ullanadi. 20 yil davomida Leonardo Di Kaprio jamg‘armasi 40 mamlakatda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha 70 ta loyihaga mablag‘ ajratdi. 2014-yilda Leonardo Di Kaprio BMTning iqlim masalalari bo‘yicha tinchlik elchisi etib tayinlangan edi.

Foto: Getty Images

Leonardo Di Kaprio haqida qiziqarli faktlar

  • 1997-yilda People jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, Di Kaprio dunyodagi eng kelishgan 50 kishidan biri sifatida tan olingan.
  • 2013-yilda aktyor Butunjahon yovvoyi tabiat fondiga 3 million dollar xayriya qilgan. Pul Nepalda yovvoyi yo‘lbarslarni saqlash va ko‘paytirish chora-tadbirlariga sarflanadi.
  • 2013-yilda aktyor Formula E poygalarida qatnashgan Venturi Gran-pri Formula E jamoasining a’zolaridan biriga aylanadi.
  • “Gulli oy qotillari” filmi uchun olingan gonorar sabab Di Kaprio 2022-yilda dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi aktyorlar uchligiga kirdi.
  • Leonardo Di Kaprio 2022-yil boshida Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan. Tabloid nashrlarning yozishicha, aktyor mamlakatga 10 million dollarga yaqin yordam yuborgan.
  • Hayvonlarning kamida uchta yangi turi Leonardo Di Kaprio nomi bilan atalgan: daryo qo‘ng‘izi Grouvellinus leonardodicaprioi, o‘rgimchak turi S. Leonardodicaprioi va qisqichbaqa Thor dicaprio.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »