Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Jaydari kelin” spektaklidagi roli bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Munojat Alimboyeva 1981-yilning 2-noyabrida Toshkent shahrida tavallud topgan. Uning sanʼatni tanlashi oila uchun chinakamiga yangilik bo‘lgan. Chunki bo‘lajak aktrisada ijodiy qobiliyat deyarli bo‘lmagan. Xo‘sh, u nega sanʼat yo‘lini tanladi va ayni kuchga to‘lgan yoshida faoliyatini cheklashiga nimalar sabab bo‘ldi?

“Sanʼat haqida o‘ylamasdim”

Foto: Instagram / @munojatalimboeva

— Bolalikda sanʼatkor bo‘laman, degan xohish bo‘lgan. Hatto sinfdoshlarimning estalik daftarlariga ham “Sanʼatkor bo‘laman”, deb yozardim-u, ammo qobiliyatimni namoyon etishga shoshilmasdim. Onam mktabdan bo‘sh vaqtimda rubob to‘garagiga ham bergandi. Ammo ikki oy o‘tib, bormaslikka ahd qilgandim. Chunki qiziqishim u qadar yuqori bo‘lmagan.

Oilada to‘rt farzand edik, onam o‘qituvchi bo‘lib ishlardi. Shu boisdanmi dadam bolalikdan “Qiz bolaga o‘qituvchilik yoki shifokorlar eng yaxshi kasb” deb ko‘p gapirardi. Shu gapga qulog‘im o‘rgangani uchunmi sanʼat haqida umuman o‘ylamasdim, — deydi aktrisa Munojot Alimboyeva.

“Shifokor bo‘lishga bilimim kamlik qilgan”

Munojot Alimboyeva maktabni tamomlab, Toshkent tibbiyot akademiyasiga hujjat topshirgani, ammo juda kam ball to‘plagani uchun hafsalasi pir bo‘lgani haqida gapirib berdi.

Foto: Instagram / @munojatalimboeva

— Shifokor bo‘lish niyatida Toshkent tibbiyot akademiyasiga hujjat topshiribman. Talabgorlarning ko‘pligidan ballar ham juda yuqori bo‘larkan. Tan olaman u qadar bilimim yuqori emasdi, mandat kuni to‘plagan balimni ko‘rib hafsalam pir bo‘lgan. “Shifokor bo‘lolmayman shekilli” deb xayolimdan o‘tkazganman. Ammo tabiatan osonlikcha taslim bo‘ladigan qiz emasdim. Shu bois o‘quv markazga borib, tikuvchilikni o‘rgana boshladim. Uch oy o‘qib, keyin atelyega ishga kirganman. To‘g‘ri chokli ishlarni smenga berishardi. Ammo bir nuqtaga tikilib o‘tirish salomatligimga yomon taʼsir qila boshladi. Keyin bilsak, menga boshni egib qilinadigan ishlar mumkin emas ekan. Bir kuni dadam oldiga chaqirib “Atelyega bormay qo‘yaqol qizim”, dedi. Ishim o‘zimga yoqmasa-da, nima bilan band bo‘lishim kerakligi haqida o‘yladim. “O‘zi qaysi kasb egasi bo‘lmoqchisan?” deb so‘radi. Dadamning mana shu gapini ikki yildan buyon kutayotgandim. Ammo sanʼatkor bo‘laman desam darrov rad javobini eshitishdan qo‘rqib “Jurnalist bo‘laman”, deganman. Baxtimga O‘zbekiston davlat sanʼat institutida ishlaydigan Hamidulla Ikromov dadamning tanishi ekan. Sanʼatkor bo‘lishimga shu inson sababchi bo‘lgan.

“Yaqinlarim imtihondan o‘tishimga ishonishmagan”

Munojot Alimboyeva aktrisa bo‘lishga dadasini qanday ko‘ndirgani haqida kulib eslaydi.

Foto: Instagram / @munojatalimboeva

— Hamidulla Ikromov sanʼat jurnalistika fakulteti dekani ekan. Bir nechta savol javoblardan keyin “Yana nimalarga qiziqasan”, deb so‘rab qolgan. Quvonib ariyalardan birini ijro etib berganman. Raqs tushishga qiziqishim haqida ham to‘lib toshib gapirgandim. Shunda “Bu qizning bo‘yi baland, nutqi ravon va o‘ziga yarasha ovozi ham bor ekan. Jurnalist emas, aktrisalikka topshirsin”, degan. Avvaliga bu gap dadamga yoqmagan. Ammo ustozning “Yoqtirmagan kasbida ishlab rohat topmaydi», degan gapidan keyin rozi bo‘lgan. O‘sha kundan boshlab ijodiy imtihonlarga jiddiy tayyorlanganman. Ammo yaqinlarim imtihondan o‘tishimga unchalik ishonishmagan. Ammo natijalar kutilganidan ham aʼlo bo‘lgan, — deydi Munojot Alimboyeva.

“Jaydari kelin”ning yaralishi...

Munojot Alimboyevani aktrisa sifatida tanitgan “Jaydari kelin” spektaklidagi kelin obrazi hisoblanadi. Aktrisa bu rolni ijro etishga nega rozi bo‘lgani va qaysi xatti-harakatlar uning topilmasi ekanligi haqida gapirdi.

Foto: Instagram / @munojatalimboeva

— “Jaydari kelin” spektaklining muxlislari juda ko‘p. Rolga tasdiqlanganimda zarracha ikkilanish va qo‘rquv bo‘lmagan. Chunki uning ayrim xatti-harakatlari ham menga begona emasdi. Bolaligimda onam va buvim o‘sma qo‘yishni yaxshi ko‘rishardi. Qoshlarim qalin bo‘lgani uchun o‘smani ham qalin qilib surtishardi. Bir kuni repetitsiyaga ana shunday ko‘rinishda chiqqanman. Bu rejissorga yoqqan va shu imidjni tanlaganmiz. Kulishini esa ancha vaqt repetitsiya qilganman. Hozir ham ko‘cha-kuyda “Jaydari kelinning kulishidan bitta qilib bering”, deb iltimos qilishadi. Kichikroq davrada bo‘lsa jon deb ko‘rsatib berardim. Ammo ko‘chada bunday kulsam odamlar qochib ketishmasin deb gapni chalg‘itib qo‘yaman, — deydi aktrisa.

To‘ylar sabab teatrdan haydalish...

Aktrisa nasib etmagan roli va teatrdan ketishining sabablari haqida gapirdi.

Foto: Instagram / @munojatalimboeva

— “Jaydari kelin” dan keyin “To‘maris” spektakli sahnalashtirilishi va bosh rolga meni mo‘ljallashayotgani haqida eshitib rosa quvongandim. Chunki tarixiy qahramonlar rolini jonlantirish har bir aktrisaning orzusi. Afsuski, bu spektakl onalik taʼtiliga chiqqan vaqtimda sahnalashtiriladigan bo‘ldi. U paytda jiddiy loyihada ishlashga jismoniy kuchim ham yetmasdi, qolaversa rol uchun bolamni ham qiynab qo‘yishni istamadim. Ayrimlar men haqimda “Teatrdan haydalgan, to‘ylarni tanlab ketgan”, deb gapirishadi. Afsuski, men o‘z xohishim bilan ketishga majbur bo‘lganman. Ketma-ket farzandli bo‘lganimdan keyin har kuni ishga borish qiyinchilik tug‘dirdi. Shu bois, ishdan bo‘shashga qaror qildim. Ammo menga qolsa, hozir ham teatrda ishlashga tayyorman. Ammo to‘rtta bolani ham rejissorlarni ham qiynab qo‘yaman, deb qo‘rqaman.

“Turmush o‘rtog‘imga ekrandagi ‘erlarim’ yoqmaydi”

Munojat Alimboyeva turmush o‘rtog‘ining rashkchiligidan bezor bo‘lgani, shu bois hamisha yonida ekanligi haqida gapirdi.

Foto: Instagram / @munojatalimboeva

— Turmush o‘rtog‘im nihoyatda rashkchi inson. Hatto, kino va novellalarda ham aktyorlar bilan er-xotin rolini ijro etishimizni yoqtirmaydi. Suratga olish ishlaridan keyin uyda janjal bo‘lardi. Ziddiyat shunga yetib bordiki, turmush o‘rtog‘im bilan syomkalarga birga borishga, agar rejissor rozi bo‘lsa turmush o‘rtog‘im rolini u ijro etadigan bo‘ldi, — deydi aktrisa.

“Bolam o‘lsa ham otam o‘lmasin”

Aktrisa Munojat Alimboyeva otasi o‘lmasligi uchun, bolasining o‘limiga ham rozi bo‘lgan og‘ir kunlari haqida gapirib berdi. Bu haqda aktrisa YashinTV’ga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Foto: Instagram / @munojatalimboeva

— 40 kunlik farzandim og‘ir kasal bo‘ldi. Davolanib chiqqach, bir kuchli shifokordan so‘raganimizda, “Avlodingizda kimdadir shunday o‘pka va nafas olish bilan bog‘liq kasallik bor, farzandingga ham bu o‘tgan”, dedi.

Dadamga “Dada, bizni avlodimizda kimningdir o‘pkasi yomon ekan, shu qondan o‘tgan ekan” dedim. Dadam yoshliklarida o‘tkir bronxit bo‘lgan ekanlar. Dadam bu gapimni yuraklariga yaqin olibdilar, “Mendan o‘tgan kasallik”, deb betob bo‘lib qoldilar. ‘Farzandimni yo‘qotib qo‘yishim mumkin’ degan xavotir farzandimdan dadamga o‘tdi.



Men bu paytda “To‘maris” roliga rozi bo‘lib, teatrga borganman. Bolam ikki-uch oylik bo‘lib qolgan.

Spektaklda To‘maris farzandini Eron shohi Kir olib qo‘yadi, “davlatingni bermasang, farzandingni o‘ldiraman”, deydi. O‘shanda To‘marisning qalbi larzaga kelib, yig‘laydigan joyi bor. Shunda men har kuni shu ssenariyni o‘qiyotganimda farzandimni 40 kunlik chaqaloqligida qanday yo‘qotayotganimni ko‘z oldimga keltirardim.

To‘marisning eri ham halok bo‘lgan edi. Shu narsalarni hammasini ko‘z oldimga keltirardim. Farzand yo‘qotishning qanchalar azobliligini yurakdan his qilib, shu ssenariyni o‘qirdim.

Buyoqda dadam kasal bo‘lib qoldilar. Endi ichimda “Mayli, ey Xudo, o‘g‘limni olgin-u, faqat dadamni qaytarib bergin. Faqat dadamga hech narsa bo‘lmasin. Dadam o‘tib qolmasinlar. Men o‘g‘ilni yana tug‘ib olarman, lekin otamni qayerdan topaman? Otam o‘tib qolsalar hech qachon qaytib kelmaydilar-ku?” deb har kuni, tun-u kun Xudodan dadamga sog‘lik so‘rardim.

Allohga behisob shukr, dadam yaxshi bo‘lib qoldilar. Lekin o‘sha kundan boshlab, men dadam uchun qo‘rqadigan bo‘lib qoldim. Ozgina mazalari qochib qolsa ham, dadamni yo‘qotib qo‘yish xavfi doim xayolimda aylanardi.

Hozir ham dadamga bir narsa bo‘lsa zirillayman. Yomon bo‘lib qolaman. Hamma “farzandim” der ekan, hech kim “ota-onam” demas ekan. Man farzandimni olgin, lekin dadamni qaytarib bergin deydigan g‘alati inson ekanman. “Farzandimni ol demasdan ham, otamni olib qo‘ymagin”, desam ham bo‘ladi-ku. Yo‘q, men shu garovga kimnidir qo‘yarkanman. Bu to‘g‘ri emas ekan. Garovga kimningdir hayotini tikib bo‘lmas ekan. Bu narsalarni endi tushundim», - deydi aktrisa va xonanda Munojat Alimboyeva.

“Gonorar olmay o‘ynagan rollarim ham ko‘p bo‘lgan”

Munojot Alimboyeva haligacha ekrandagi rollari uchun kam mablag‘ olishi va nega epizod rollar bilan cheklanayotgani haqida gapirdi.

Foto: Instagram / @munojatalimboeva

— Yaqin ikki-uch yilga qadar syomkalarga chaqirishga qancha pul to‘lanishi haqida so‘ramaydigan aktrisa edim. Baʼzi hollarda 100-200 ming so‘m berishardi. Eng ko‘p gonorarni “Dadam bilmasin” filmidagi rolim uchun olganman. 400 AQSH dollari berishganida rosa xursand bo‘lgandim. Ammo rolga chaqirib pul bermay “Rozi bo‘lasiz”, degan holatlari ham bo‘lgan. Ammo hech qachon nolimasdim. Chunki sanʼat orqali u qadar ko‘p daromad olinmasligini bilaman. Teatrda ham, kinoda ham pul juda kam. Shu bois sanʼatkorlar xalq xizmatiga chiqishga majbur bo‘lishadi.

Balki gapim kimgadir kulgili tuyular. Ammo men avvaldan o‘rtamiyona sanʼatkor bo‘lishni, hayotda ham hamma qatori yashashni istaydigan insonman. Chunki har narsaning o‘rtasi yaxshi. Hozir ham seriallarga taklif etishadi. Rostini aytsam, epizod rol bo‘lsa, rozi bo‘laman. Katta rolga taklif etishsa rad qilishga majburman. Chunki oilaviy sharoitim sabab bor eʼtiborimni ijodga qaratolmayman, — deydi aktrisa.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »