Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Anvar Sanayev 1968-yilning 16-noyabrida Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tug‘ilgan. Quyida “Atirgul”, “Muhabbat”, “Chin oshiqlar”, “Yor-yorlar” kabi yuzlab qo‘shiqlari xit darajasiga ko‘tarilgan xonandaning ijod yo‘lida qanday mashaqqatlarni boshdan kechirgani haqida so‘z yuritamiz. 

Ijodga kirib kelishi



Anvar Sanayev Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutida tahsil olgan. Uning musiqa sanʼatidagi ustozlari — amakisi Umarjon Sanayev va taniqli xonanda Muhriddin Xoliqovlar hisoblanadi.
Sanʼatkorning televizion debyuti 1998-yilda, “7 dan 70 gacha” ko‘rsatuvida bo‘lgan. Ko‘rsatuvda xonanda “Aql-u hushim oldi muhabbat” qo‘shig‘ini ijro etgan. Oradan ikki yil o‘tib, ya’ni 2000-yilning 10-noyabrida xonanda poytaxtdagi “Turkiston” san’at saroyida “Meni tushun, azizam” deb nomlangan konsert dasturini taqdim etgan. Shundan so‘ng Anvar Sanayev samimiy qo‘shiqlari, noodatiy ovoz tembri bilan tinglovchilar mehrini qozona boshladi.

Oilasi va farzandlari



— O‘qishdan qaytganimdan so‘ng uyimdagilar sinfdoshimning singlisiga uylantirmoqchi bo‘lishdi. Uchrashib, gaplashib ko‘rganimdan keyin fe’l-atvori menga ma’qul bo‘ldi. U paytda muhabbat degan tushuncha bo‘lmagan. Hayotda birgalikda xursandchilik, tashvishli kunlarni ko‘rganingdan keyin odam bir-birga bog‘lanib boraverarkan. Uch nafar farzandimiz bor. Kattasi qiz, qolganlari o‘g‘il. Qizim aktrisalikka yoshligidan qiziqdi. Aktrisa bo‘lib ketsa ertaga oilasi qanaqa bo‘ladi, deb o‘ylab, bu yo‘ldan qaytardik. Lekin farzanding bir sohaga qiziqsa, uni yo‘ldan qaytarish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘yladik yana. Shundan keyin “Otalar so‘zi-aqlning ko‘zi” ko‘rsatuviga, Mirabbos akaning yoniga borib, qizimga rol berishini so‘raganman. “Otalar so‘zi”da 5 tacha rol o‘ynaganidan keyin kinoga taklif bo‘lib qoldi, shu tariqa uchtacha kinoda ham suratga tushdi. Keyin esa turmushga chiqib ketdi. Hozirda nevaralarimning tarbiyasi bilan mashg‘ul.

Katta o‘g‘lim Amerikada tennis yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oladi. U kollejlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda uch marta birinchilikni qo‘lga kiritdi. AQSHda shartnoma puli juda qimmat, qiynalib o‘qitdik. Kichkina o‘g‘lim ham akasining yo‘lidan borib, kompyuter texnologiyalari bo‘yicha Amerikada tahsil olishga jo‘nab ketdi.
Xonandaning qizi Asal Sanayeva “Tango yoxud adashgan sovchilar”, “Kechir farzandim” kabi filmlarda suratga tushgan.



Anvar Sanayev — o‘zbek shou-biznesidagi eng ko‘p zapretga tushgan xonanda. Birinchi “zapret” amaldorning to‘yi bilan bog‘liq

— Davlat rahbarlaridan bittasini to‘yiga aytishdi. ‘Buxoroga borib o‘sha to‘yni o‘tkazib kelasan’, deyishdi. ‘Mayli, harakat qilamiz’, dedim. ‘Bu uchun senga hech qanaqa pul to‘lanmaydi, o‘zing borib, o‘tkazib, o‘zing qaytib kelasan’ deyishdi. ‘Qanaqasiga, men yonimdagi bolalarga ham o‘zim pul to‘larkanman-da’, desam, ‘ha, shunday qilasan’, deyishdi. Bir katta odam shu gapni aytdi, hozir u kishini nomini aytsam, xafa bo‘lib qolishlari mumkin, ularda ham oila, bola-chaqa bor, shuning uchun nomini aytmaganim ma’qul.

‘Hech bo‘lmasa samolyotga bilet qilib berishsin, biz borib, xizmat qilib kelaylik, mayli pul berilmasa berilmasin, rahbar ekan’ dedim. ‘Yo‘q, unday qilinmaydi, o‘zing borib kelasan’, deyishdi.

Foto: Instagram
 

To‘y kunini uch oy oldindan aytishgan edi, belgilab qo‘ygandim. To‘yga yaqin qolganda ‘ertaga to‘yga borish kerak’, deyishdi, ‘hech bo‘lmasa borib-kelishga texnikani qilib berishsin, o‘sha to‘yni deb boshqa to‘y olmaganman, shunchalik kerak ekanman boraman’, dedim. ‘Hech qanday texnika qilib berilmaydi, xohlasang ikkita ‘Jiguli’ qilib beramiz’, deb pastga urishdi, yo‘l uzoq. ‘Hech bo‘lmasa samolyot qilib berishsa boramiz’, dedim. ‘O‘zing bilasan, lekin yaxshi ish bo‘lmaydi’, deyishdi. ‘Mayli boshga kelganini ko‘ramiz’, dedim.

Ertasi kuni televideniyedan qo‘ng‘iroq qilib, ‘nima ish qilgan eding, bizga seni isming bilan ‘zapret’ degan narsa keldi. Jiddiy odamlar ekan, rahbarlardan, maslahatchilardan ekan, o‘ziga hech narsa demanglar deyildi’, dedi. Shu bilan besh yil hech qayerga chiqa olmadim. Hammaga og‘zaki aytib qo‘yilgan. Shu besh yil ichida hamma ‘nega ko‘rinmayapsiz, efirga chiqmayapsiz’, deb so‘rashadi. Tushuntirishga, gapirishga ruxsat yo‘q, hech kimga hech narsa deya olmaysiz.

Bir insonga havoni to‘xtatib qo‘ysa qanday bo‘ladi — san’atkorga ham efir shu darajada kerakli vaqtlar edi o‘shanda. Internet yo‘q, telekanallar sanoqli edi.



Ikkinchi “zapret”ga Yulduz Usmonova sabab bo‘lgan

— Birinchi ‘zapret’dan qutulib, albomlar taqdim qildim. Konsertlar bo‘lib o‘tdi, keyin suhbatga chaqirishlar boshlandi. ‘O‘zbegim taronasi’ radiosiga suhbatga bordim. ‘Zapret’ga tushishimdan oldin O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bir suhbatida meni maqtadilar. Ularning so‘zlaridan keyin muxlislar orasida yanada hurmatim oshib ketdi, ungacha ular bilan shaxsan tanish emasdim.

Yulduz Usmonovaga minnatdorchilik bildirish uchun konsertlariga katta gul ko‘tarib bordim. ‘Yulduz opa, obro‘imni ko‘tardingiz, men uchun bu juda katta gap’ deganimda ular ‘Men suhbatda to‘g‘risini aytganman, haqiqatan ham yaxshi ijod qilyapsiz’ degandilar.

‘O‘zbegim taronasi’dagi suhbatda qaysi ustoz san’atkorlarning  qo‘shiqlarini yoqtirasiz?’ degan savol bo‘ldi. Men Yulduz Usmonovani juda ham hurmat qilishimni, ulardek bo‘lishni har bitta qo‘shiqchi orzu qilishini aytdim. Bu inson ‘O‘zbekiston nomini chet ellarda eslatib turadi, konsertlari tufayli Yulduz Usmonova deyishganda O‘zbekiston ham chet elliklarning ko‘z oldiga keladi’ deganman. Suhbatdan chiqishim bilan hali uyga yetib bormasimdan, yo‘lda telefon bo‘lib ‘Senga ‘zapret’ keldi. Suhbatda Yulduz Usmonova haqida nima degan eding?’ deyishdi.

Shu sabab bo‘lib yana uch yil ‘zapret’da yurdim. O‘sha vaqtda Yulduz Usmonova ham ‘zapret’da ekan, ularni maqtaganim uchun meni ham ‘zapret’ga ‘tiqishgan’ ekan.



Uchinchi “zapret” — diniy oqimga aloqasi bor odam bilan rasmga tushgani uchun bo‘lgan


— Yulduz Usmonovani yaxshi xonanda deganim uchun ‘zapret’ga tushganimdan keyin bir amallab ‘zapret’dan qutuldim. “Go‘zalim Barno” deb nomlangan konsert dasturimni 2010-yilda taqdim qildim. Muxlislar juda ham yaxshi kutib olishdi. Konsertdan keyin tayyor turishadimi, deymanda, konserting yaxshi chiqsa darrov ‘zapret’dasan. O‘sha vaqtda Ichki ishlar vazirligining ansamblida ishlardim, u yerga chaqirib ishdan bo‘shash haqida ariza yozishimni so‘rashdi. Sababini so‘rasam, xavfsizlik tomonidan ‘zapret’ga tushibsiz, shuning uchun arizani yozib bo‘shang, sizni ishdan bo‘shatishim kerak ekan, bizga shunday buyruq bo‘lgan’, deyishdi. Ariza yozib berdim va ishdan bo‘shadim.

Ikki yilcha vaqt o‘tgandan keyin suhbatga chaqirib, ‘Nimaga ‘zapret’ga tushganingni bilasanmi?’ deyishdi bilmasligimni aytdim. ‘Sen diniy oqimga aloqador odamlar bilan rasmga tushgansan’ deyishdi. ‘Ko‘rsam bo‘ladimi?’ dedim. Rasmga qarasam, to‘yda tushganman. ‘Bu to‘y-ku, men bu odamni qayerdan bilaman, birov rasmga tushaman desa, yo‘q deb turib olmayman-ku’. Xalqning xizmatiga borgandan keyin barcha xizmatiga tayyor bo‘lib boriladi. ‘Bu odamni rostdan tanimaysanmi’, deyishdi, tanimasligimni aytdim. ‘Bo‘ldi, sen bir elakdan o‘tding, ijodingni davom ettiraver’, deyishdi. Lekin shu oddiy bir narsa bilan ikki yil ijodimiz to‘xtab qoldi.

U tashkilot O‘zbeknavo rahbarlaridan ‘Shu bola haqiqatan diniy oqimlar bilan bog‘langan bo‘lishi mumkinmi?’, deb so‘raganda ‘Ha, mumkin’ deb javob berishgan ekan.

Xullas, turli xil bo‘lar-bo‘lmas sabablar bilan umumiy hisobda o‘n yil ‘zapret’da yurdim. Biz o‘shanda ich-ichimizdan yig‘laganmiz, dardingni hech kimga ayta olmaysan.

Jasur Umirov klipidagi “bozori o‘tmay qolgan xonanda” roli



— Jasur kelib, ‘ustoz sizni qo‘shiqlaringizni eshitib katta bo‘lganman, konsertlaringizga kirishga pulim bo‘lmagan vaqtlar bo‘lgan, konsertimga boring’, iltimos deb taklif qilgan. Konsertiga bordim, konsertda ustozim deb e’lon qildi, ‘rahmat e’tibor uchun’, deb omad tiladim. Otasi bilan yaxshiman, otasi yaxshi inson, ‘o‘g‘lim sizning yo‘lingizdan ketgan’, deb ko‘p gapirgan.

Bir payt Jasur klipga taklif qilib qoldi, ‘ustoz shu klipimga tushib bersangiz’, dedi. ‘Klipda men tush ko‘raman, tushimda taniqli qo‘shiqchi bo‘laman, shu darajada taniqli bo‘lamanki, syomka qilayotganingizda sizni ko‘rib, niyat qilib yoningizdan o‘tib ketaman’, dedi. ‘Ma’nosi yaxshi ekan, mayli chiqib beraman’, dedim. ‘Qancha pul bersam bo‘ladi?’, deganida ‘qiziqmisan dedim, ‘biz uchun bu yaxshi-ku, ustoz deb turgan bo‘lsang, unaqa dema, uyat bo‘ladi’, dedim.

Suratga olish ishlarining boshidan oxirigacha bo‘lmaganman, o‘zimning joyimni o‘ynadim-da ketdim. O‘n-o‘n besh kun o‘tgandan so‘ng, ‘klipni chiqishidan oldin bir ko‘ray’, dedim. ‘Ho‘p, ustoz’, deb klipni ko‘rsatishdi. Qarasam umuman boshqa holat, birovga yaxshilik qilaman deb klipiga chiqsang-da, seni pastga urgandek qilib olib chiqishsa. ‘Ukam bu nima qilganing, yaxshilikka yomonlikmi bu’, dedim. ‘Senga yordam bo‘lsin, deb klipingda chiqqan bo‘lsam, aytgan gaping qani, sening lafzing bormi?’, dedim. ‘Ustoz, shunaqa montaj qilib qo‘yishibdi’, dedi. ‘Chiqarishdan avval montajni to‘g‘rila, aytganingdek qil deganimda’, ‘bo‘ldi, to‘g‘rilaymiz’, dedi.

Ertasi kuni telefon qilib, ‘ustoz, uzr, klip chiqib ketib qolibdi, internetga tarqab ketibdi’, deydi. ‘Yaxshi ish qilmading’, dedim. O‘shandan keyin u boladan ko‘nglim sovudi. Lekin qayerda bo‘lsa ko‘rishamiz. O‘ziga ham ko‘p marta ‘yaxshi ish qilmagansan, lafzida turmagan belafz odamning ishini qilgansan’, deganman.

Allohning qudrati bilan o‘sha klipi hech qayerga o‘tmadi, badiiy kengashlardan qaytarildi. Yosh qo‘shiqchi bo‘lgani uchun shunaqa ish qilgan deb o‘ylayman.

“Hujjatli mafiya” tomonidan “sindirilgan biznesi”

Foto: “Daryo”
 

— Tanilganingizdan keyin atrofingizdagilar hammasi biznes qilishni maslahat beraveradi. “Aka, bunaqa biznes qilaylik, sherik bo‘laylik, zo‘r bo‘ladi”, deyishdi. Shunaqa gaplardan keyin o‘z sohamga yaqin deb ovoz yozish studiyasi ochdik. Studiyani hamma standartlarga, hamma talablarga javob beradigan uskunalar bilan jihozladik. O‘shanda “Panterra” ovoz yozish studiyasi, “Tarona rekords” va meni studiyam bor edi. “Panterra” o‘sha paytdagi davlat rahbarlariniki edi. Bir kuni menga tepadan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Bordim. Ochiqdan-ochiq studiyang bizga xalaqit beryapti, dedi. “Senga uch kun muhlat. Uch kun ichida studiyangni “s” harfi ham qolmasin. Bu senga birinchi va oxirgi ogohlantirish, deyishdi. Bunday olib qaralsa, ular hujjatli mafiya edi. Men bilan shunday holat bo‘lgan. Qarasam, studiyamni saqlab qolishga sharoit yo‘q. Hech bo‘lmasa 10 kun muhlat berishlarini so‘radim. “Mayli, tushunding-a?”, — dedi oxirgi gapi. “Tushuntirdingiz-ku, tushundim,”, dedim. “Yo‘q, to‘xta, sen menga ‘odoljeniya” qilma. Sen bu yerdan xursand bo‘lib ketishing kerak. ‘Bo‘ldi, boshqa bu bizneslarga aralashmayman’, deb xursand bo‘lib ketsang, o‘shanda tushunaman seni”, deyishdi. Xullas, o‘z qo‘lim bilan bunyod qilgan studiyamni o‘z qo‘lim bilan yo‘q qildim. Jihozlarim hammasi chet eldan olib kelingan edi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »