Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi, “Kelgindi kelin”, “Telba”, “Baron”, “Farzandim” kabi filmlardagi rollari bilan tomoshabinlar mehrini qozongan aktrisa Dilnoza Kubayeva 22-noyabr sanasida tavallud ayyomini nishonlamoqda. Shu munosabat bilan aktrisaning hayoti va ijodiy faoliyatiga nazar tashlaymiz.

“Maktabga borishni istamasdim”

Foto: Instagram

Dilnoza Kubayeva 1986-yil Toshkent shahrida ziyolilar xonadonida tug‘ilgan. Otasi biolog olim, onasi esa iqtisod sohasida faoliyat yuritgan. U oilada yagona qiz bo‘lib, ikki o‘g‘ildan keyin dunyoga kelgan, bir nafar ukasi bor.

“Katta otamizning ismi Ko‘paysin bo‘lgan. Sobiq Ittifoq davrida tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga “Kubayeva” deb yozilgan. Keyinchalik o‘zgartirmadik. Aslida familiyam Ko‘paysinova yoki Ko‘payeva bo‘lishi kerak.

Uydagilar yolg‘iz qiz farzand, deb meni hech qachon erkalatganini eslolmayman. Oilamizda shunday an’ana bor ediki, kimda qaysi kasbga ishtiyoq, layoqat bo‘lsa, u, albatta, qo‘llab-quvvatlanardi, kelgusida shu yo‘ldan ketishiga sharoit yaratilardi. Hamisha fikrimizni uyalmasdan erkin aytishga odatlanganmiz.

Foto: Instagram

Kichkinaligimdan boshqalarga qo‘shilolmasdim, bir chekkada qimtinibgina turadigan qizaloq bo‘lganman. Maktabga ham borishni istamasdim. Har bir voqea-hodisani o‘ylayverardim, “Nega bu shunday?”, deb. Tan olaman, qiyinchilikda o‘sganmiz.

Bog‘chada o‘rgangan raqslarimni uydagilarga ko‘rsatib, ularning olqishini olgan beg‘ubor damlar ham kechagidek yodimda. Maktabda turli bayram kechalarida faol bo‘lganman. Mikrofonni ushlasam, rosa hayajonlanardim, oyoq-qo‘lim tinmay qaltirardi.
Maktabni tugatgach, Respublika nafis san’at litseyiga o‘qishga kirib, u yerda ustozlarimdan san’at bo‘yicha saboq oldim. O‘sha litsey institutga kirishimda poydevor vazifasini o‘tagan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi”, degan edi Dilnoza Kubayeva o‘z intervyularida.

Munavvara Abdullayevaning sevimli shogirdi

Foto: Instagram

2002-yili hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga o‘qishga kirgan Dilnoza O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Munavvara Abdullayevani o‘ziga ustoz deb biladi va ularning etagini mahkam ushlaydi.

“Ustozlarim ichida eng qattiqqo‘li Munavvara opa bo‘ladi. Institutga kirayotganda ijodiy imtihonga boshqa abituriyentlar singari Guli yoki Ofeliya monologini emas, Orifxon Odilxonov qalamiga mansub “Qurib borayotgan Orol dengizi” monologini tayyorlab borganligim e’tiboriga tushgan ekan.

U kuchli psixolog — yolg‘on gapirgan talabani darhol payqardi. Yolg‘ondan nafratlanadi, rostgo‘y, mehnatkash insonlarni qadrlaydi. Halollikka, ayniqsa, qizlarni o‘zbekona hayo-iboni yo‘qotmaslikka chaqirardi.



Oliygohda ustozlik qilish bilan bir qatorda, xuddi onam kabi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatardi. Ba’zida ish yuzasidan qo‘ng‘iroq qilganimda soatlab rol xususida kamchiliklar ustida ishlardik. Yordam so‘raganimda hech qachon yo‘q demaydilar. Ustozimdan kamchiliklarni tanqid qilish masalasida o‘rnak olsak arziydi. Hali-hamon ular bilan har bir ishimni maslahatlashaman”, deya ustozi haqida gapirgandi aktrisa.
Dilnoza talabalik davridan, ya’ni 2004-yildan O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yurita boshlaydi.

U teatrdagi debyut ijrosi — Munavvara Abdullayeva sahnalashtirgan “Andishali kelinchak” spektaklidagi Olmaxon roli bilan tomoshabinlar nazariga tushadi.
Keyinchalik “Omonat dunyo”, “Bir qanotlilar”, “Bevalar”, “Sizsiz o‘tmas kunlarim”, “Quyoshni sen uyg‘otasan”, “Alisher Navoiy” kabi ko‘plab sahna asarlarida turli xarakterdagi katta-kichik rollarni talqin qiladi.

Tashrif qog‘ozga aylangan “Kelgindi kelin”

Foto: Instagram

Teatr sahnasida charxlanib, mahoratini oshirib borgan aktrisa kinodagi ijrolari bilan muxlislari safini yanada kengaytirishga erishadi. U kinodagi ilk rolini “Taqdir charxpalagi” filmida o‘ynaydi, ammo bu ijro omadsiz chiqadi. Vaqt o‘tib “Kelindi kuyov” kinosida suratga tushadi va undagi roli ham aktrisa kutgan muvaffaqiyatni olib kelmaydi.
2005-yilda katta ekranlarga chiqqan “Kelgindi kelin” filmidagi Charos obrazi Dilnoza Kubayevani xalqqa tanitadi va mazkur rol uning tashrif qog‘oziga aylanadi.

Aktrisa intervyularining birida ushbu kinoga qay tariqa kelib qolgani haqida quyidagicha so‘z yuritgandi:

“Aslida hayotda tantiq, ruslashgan qizlarni yoqtirmayman. Qahramonim Charos ham ana shunday kamchiliklarga ega bo‘lsa-da, lekin unda qalbi borligi, ko‘zini yog‘ bosmaganligi, his-tuyg‘ulari o‘lmagan qiz bo‘lganligi bois ushbu rolni o‘ynaganman. Uning insoniy fazilatlari, olijanobligi, asosiysi, qalb ko‘zining ochiqligi ham meni o‘ziga rom qilgan. Charosning ham o‘ziga yarasha dardi bor. U o‘zidan kechib, orzusidagi yigitning orqasidan qishloqqa keladi. Kasbi orqali oz bo‘lsa-da, qo‘shnisiga yordam beradi. Shu tomonlari ham menga ma’qul kelgan.
To‘g‘risi, boshida bu rolni o‘ynay olarmikanman, qanaqa chiqarkan, tomoshabinlar qanday qabul qilarkan, deb cho‘chiganman. Rolim katta bo‘lganligi uchun suratga olish jarayonida ijodiy jamoadagilar ham yordam bergan. Kino ekranga chiqqanidan so‘ng uni xalqimiz yaxshi qabul qilgan. Charos rolim uchun 600 ming so‘m gonorar to‘lashgan. Hammasini onamga berganman.



Ammo hozir “Kelgindi kelin” filmini ko‘rsam, uyalaman. O‘sha paytda endi chiqayotgan aktrisa edim. Hali bu katta maydonda dovdirab yurgan qizcha bo‘lganman. Men bunaqa kiyinmayman, deb talab qila olmasdim. Obraz shuni taqozo qilishi mumkin, to‘g‘ri. U qiz shunaqa o‘sgan, lekin bizning o‘zbekona qadriyatlar, urf-odatlar degan narsalar, muqaddas his-tuyg‘ular bor. Mentalitet degan tushunchalar bor, shundan kelib chiqib bu obrazimdan uyalaman. Biroq mazkur rolim meni mashhur qilganini, albatta, tan olaman”.

Betakror ijrolar...

Foto: Instagram

“Kelgindi kelin”dan so‘ng Dilnoza Kubayevaga turli loyihalardan takliflar yog‘ila boshlaydi. “Telba”, “Kechikkan hayot”, “Baxt uyi”, “Ko‘rgim keladi”, “Kelganda kelin”, “Er bermoq — jon bermoq”, “Hijron”, “Farzandim”, “Zumrad va Qimmat”, “Jazo”, “O‘g‘rigina kelin” singari filmlarda ketma-ket suratga tushadi. U ishtirok etgan kinolarning deyarli hammasi o‘z tomoshabinini topadi.

Asosan, filmlardagi rollari bilan tanilgan va shu orqali tomoshabinlar mehrini qozongan aktrisa “Muhabbatim – qismatim”, “Kaminaning oilasi”, “Tabassum” kabi milliy seriallarda ham turli qiyofalarda namoyon bo‘ladi.

Foto: Instagram

Fatxulla Mas’udov, Farhod Mahmudov, Farrux Soipov, Ulug‘bek Qodirov, Adiz Rajabov, Rixsitilla Abdullayev kabi iste’dodli aktyorlarning “ekrandagi rafiqasi” sifatida ko‘pchilikka tanish aktrisa 2011-yil “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, 2012-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlanadi.

Shaxsiy hayot

Aktrisa 2008-yilda o‘z muxlisiga turmushga chiqadi. U umr yo‘ldoshining fikri bilan ijodiy faoliyatida ikki yil tanaffus qiladi.

Foto: Instagram

“Rahmatli turmush o‘rtog‘im tadbirkorlik bilan shug‘ullanganlar, boladek beg‘ubor, yaxshi inson edilar. “Kelgindi kelin” filmidagi rolimni ko‘rib meni yoqtirib qolgan ekanlar. O‘sha vaqtda ich-ichlaridan “Shu qiz meni rafiqam bo‘lsaydi”, degan kechinma, tuyg‘u o‘tgan ekan. Keyinchalik “O‘sha vaqtda ichimdan o‘tgan tuyg‘u ijobat bo‘lgan”, deb xotirlab yurardilar. Mendan dastxat olish bahonasida teatrga kelganlarida tanishib qolganmiz.

Birinchi muhabbatim ham, balki so‘nggi muhabbatim ham rahmatli jufti halolimdir. Turmush o‘rtog‘im juda ham oddiy, xokisor, halol odam edilar. Har xil mish-mishlar chiqqan, ammo u gaplar shunchaki mish-mish bo‘lgan, xolos. Jufti halolimni roziligi uchun erimga bergan ahdimga sodiq qoldim, shu sababli ikki yil ijoddan ketdim. Ularni norozi qilib, biror narsaga erishishim mumkin emasdi.

Xo‘jayinim 30 yoshdan oshganda olamdan o‘tdilar, ular mendan minnatdor bo‘lib, rozi bo‘lib: “Senga tarbiya bergan onangga rahmat!”, dedilar. Bu gap men uchun butun umrga tatiydi. Shu uchun o‘g‘limning ham oldida vijdonim pok, uning ko‘ziga bemalol qaray olaman, buni o‘ziga ham ochiq-oydin aytaman.

Foto: Instagram

Hammasi uchun roziman. Yaxshiyam sabrli bo‘lgan ekanman, yaxshiyam qanday kun bo‘lsa ham chidagan ekanman, yaxshiyam “kasbingni tashla” degan vaqtlarida tashlagan ekanman — mana yana ishlab ketdim. U insonni juda ham e’zozladim, xuddi yosh boladek. Kezi kelganda emizikli bolamni onamga tashlab, ular bilan birga kasalxonada qolganman”, — degan edi u.

“Marhum turmush o‘rtog‘imga rahmat deyman”

— Marhum turmush o‘rtog‘imga rahmat deyman. To‘g‘ri, orqamdan juda ko‘p gap-so‘zlar bo‘ldi. Ularning vafotidan keyin men uchun ko‘p sirlar ochildi. Shu qiz turmush o‘rtog‘im bo‘ladi, oq libos kiydiraman, ham shar’iy, ham qonuniy hamrohi bo‘laman deb, chiroyli tashlab ketdi. Biroq shu inson shahd va qat’iyat bilan meni baxtli qila oldi. Kutgan insonlarimda qat’iyat bo‘lmadi. Ayollar, qizlar yigitlarning oldiga borib, menga uylan, deya oladimi? Yo‘q, o‘zbek ayoli hech qachon bu so‘zni aytmaydi. Ulardan doim minnatdor bo‘laman, ruhlari shod, oxiratlari obod bo‘lsin. Men har doim ota-onasiga xos bo‘lgan, yarashadigan ishni qila oladigan, har duosida chiroyli narsa chiqaradigan, amallari bilan jannatda toj kiydiradigan o‘g‘il tarbiya qilyapman.

“Balki, o‘g‘lim shifokor bo‘lar...”

Aktrisaning o‘g‘li Muhammadamin 14 yoshda bo‘lib, u musiqa maktabida o‘qiydi.

“Muhammadamin kelgusida qanday kasbni egallashidan qat’i nazar, poydevori musiqa bilan mustahkam bo‘lishini istayman. Bundan tashqari, musiqani bilgan, tushungan insondan yomonlik chiqmaydi. Qaysi sohani tanlamasin, tanloviga hurmat bilan yondashaman. Uni hech qachon majburlamayman. Balki, yillar o‘tib, ulg‘aygach, orzumdagidek shifokor bo‘lar. Buni endi vaqt ko‘rsatadi”, — deydi u.

Foto: Instagram

Dilnoza Kubayeva mish-mishlar va muhokamalar markazida bo‘lishni yoqtirmaydi. Lekin bir necha yil oldin O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov bilan oila qurgani haqida gap-so‘zlar bolalagan. Keyinchalik ikki ijodkor bu shunchaki mish-mish, asossiz gaplar ekanligini ommaga ma’lum qildi.

Aktrisa oxirgi intervyularida ikkinchi marta turmushga chiqish niyati borligini aytarkan, uni boricha qabul qiladigan inson bilan oila qurmoqchiligini qayd etadi.

“Meni borimcha qabul qiladigan, ekrandagi Dilnoza Kubayevani emas, sahna ortidagi oddiy Dilnozani sevadigan, bor nuqsonlarim, kamchiliklarim bilan yaxshi ko‘radigan, muammolarimni tushunadigan, maslahatdosh, ko‘ngli toza, vijdonli inson uchrasa, albatta, turmushga chiqardim”, — deydi aktrisa.

“So‘zga va ichki niyatga ehtiyot bo‘lish kerak”

Foto: Instagram

“Ko‘p niyatlarimga yarasha jazoyimni olgan holatlar ham bo‘lgan. Farzandimni dunyoga keltirayotgan vaqtimda, ichimda boshqa tug‘mayman deb aytganman. Juda qiyin ekan, deganman. Tilimga chiqarishga qo‘rqqanman. So‘zga, ichki niyatga ehtiyot bo‘lish kerak”, — deydi aktrisa.

“Topayotgan pulim xarajatlarimga yetganida, qo‘shiq aytmasdim”

Aktrisa bir necha yil avvalgi intervyularida hech qachon pul topish uchun qo‘shiq kuylamasligi haqida gapirgan edi. Ammo Dilnoza 2022-yilda ushbu qarorini o‘zgartirib, taniqli shoir Usmon Azimning bir nechta she’rini qo‘shiq qildi, ularga klip ham suratga oldirdi. Aktrisaning qo‘shiq aytishini hamma turlicha qabul qildi. Kimdirlar ijobiy, yana birovlar tanqidiy fikr bildirdi. 

— Qo‘shiq kuylamasligim haqida aytganlarim yoshlikka xos bo‘lgan fikrlash edi. Barchamiz yoshligimizda ko‘p narsalarni gapirib, turli xil ko‘chalarga kirib ko‘rmoqchi bo‘lamiz. Agar topadigan maoshim meni qoniqtirganda, qo‘shiq aytmagan bo‘lardim. Avval o‘rganasan, keyin ko‘nikasan, deyishgan ekan. Hech qachon sahnaga chiqmayman, degan opalarim bor, lekin chiqib juda chiroyli uddalashadi. Haqiqatan ham, hamma narsa borib mablag‘ga taqalar ekan.



Qo‘shiqchilikka kelsak, yaxshi kino yo‘q. Rosa kutdim, zo‘r she’rlarni qo‘shiq qilishsin, dedim. Shou-dasturlarda qo‘shiq kuylab yurgan vaqtlarim ham bo‘lardi. Bunaqa vaziyatda nima bilandir band bo‘lishim kerak edi. Shunday qilib ijodni boshladim, har holda insonlarni operatsiya qilayotganim yo‘q. Yangilikni qabul qilish insonlarga xos bo‘lgan xususiyat. Bu ijodimdagi yangilik, chunki mendan kutishmagan edi. Yo‘q deb, tosh otib ko‘rmoqchi bo‘lishadi. Men yuqori saviyada ishlashga harakat qilyapman. Niyatim yaxshi, pokiza. Agar kimningdir hafsalasi pir bo‘lib, peshonasi tirishayotgan bo‘lsa, yaxshisi ko‘rmasin.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »