Bugun,

  • USD12800.13
  • RUB129.02
  • EUR13467.02

O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov bu yil 86 yoshni qarshiladi. Bolaligidan teatr sahnasida rol ijro etgan va 20 yil otaxon teatrni boshqargan ijodkor keksayib qolgan bo‘lsa-da, ovozidagi salobatni yo‘qotgani yo‘q.

“O‘n yoshimdan ishlashni boshlaganman”

Yoqub Ahmedov Namangandagi oddiy, o‘zbekona oilada dunyoga kelgan. U otasiz o‘sgani, oilasining moddiy qiyinchilikka uchragani bilan bog‘liq voqealarni eslashni unchalik yoqtirmaydi.

Foto: Skrin

— Urushdan keyingi og‘ir yillar edi. Taqdir degani shudirki, 1949-yilda Namangan viloyatining “Alisher Navoiy” nomli musiqali drama teatrida Zinnat Fatxullinning “G‘unchalar” pyesasi qo‘yildi. Ko‘chamizda yashaydigan shu teatrning aktyori Muhriddin Mansurov 5-6 ta bolani kichik rollarni o‘ynash uchun u yerga olib borgan. 10-11 yoshdaman, vokzal ko‘rinishida sahnaga chiqib baqirib-chaqirib yurardik. Boshqa bolalar tarqab ketishgandi-yu, negadir meni teatrda ishga olib qolishgan. Katta aktyorlarga 150 so‘m maosh to‘lashsa, menga 75 so‘m berishardi. Qiyinchilik yillari emasmi, yosh bola uchun ro‘zg‘orga buncha pul olib borish katta gap. Rosa xursand bo‘lardim, chunki boquvchisi yo‘q oila uchun bu yaxshigina madad edi. Shu-shu teatrga mehrim tushgan, — deydi Yoqub Ahmedov.

“Kino deb o‘qishim chala qoldi”

Viloyat teatri yosh aktyorni oliy maʼlumotli bo‘lishi uchun Toshkentga yuboradi. U institutga hech qanday qiyinchiliksiz kirib, talaba bo‘ladi.

Foto: Skrin

— 1959-yilda Toshkent teatr va rassomchilik institutining rejissorlik fakultetiga o‘qishga kirganman. Hozirgi Milliy teatr­ning bosh rejissori Ginzburg kurs rahbarimiz edi. Biz darslarni bevosita teatrda o‘tardik. O‘sha yillari qo‘­yilgan “Gang daryosining qizi”, “Jazoir — mening Vatanim” spektakllarining ommaviy sahnalarida ishtirok etganman. Ekranda esa birinchi marta Yo‘ldosh Aʼzamovning “Maftuningman” filmida kichkina epizodda ko‘ringanman. Keyin “Furqat” filmiga tanlov ­eʼlon qilindi, bordim. Boshimga baxt qushi qo‘nib, bosh qahramon menga nasib etgan. 3-bosqich talabasi edim, kinoga tushaman deb, o‘qishim chala qolib ketgan. Shunga qaramay teatrga ishga qabul qilishgandi, — deydi Yoqub Ahmedov.

“Mingdan oshiq qahromonga ovoz berganman”

Yoqub Ahmedov mahoratli aktyor bo‘lish bilan birga dublyaj ustasi ham hisoblanadi. U ko‘plab xorij aktyorlarini o‘zbekcha gapirtira olganligi bilan eʼtirofga loyiqdir.

Foto: Skrin

— Hozirgi Milliy teatr binosi o‘rnida “Rodina” kinoteatri bo‘lardi. Shu yerda filmlar dub­lyaj qilinardi. “Maftuningman” filmidagi epizodimdan keyinoq dublyajga taklif qilishgan. Ke­yinchalik “O‘zbekfilm” kinostudiyasida alohida “Dublyaj studiyasi” tashkil topdi. Shu yerda uzoq yillar mehnat qildik. Tunlari soat 11 dan tonggi 6 gacha ishlardik. Bu oylik maoshimizga yaxshigina qo‘shimcha mablag‘ bo‘lgani uchun ham astoydil, butun borlig‘imiz bilan o‘sha rolni his etib ovoz berardik. Mingga yaqin filmlarning dublyajida qatnash­dim. Birini yaxshi, birini yomon deya olmayman. Lekin, tan olaman, Vladimir Etush, Vyacheslav Tixonovlar ijro etgan rollarni alohida yaxshi ko‘rib ovoz berardim. Dublyaj ham o‘ziga yarasha bir sanʼat ekanda, aktyor mahoratini sayqallaydi. Men haliyam bo‘lsa, o‘sha dublyajga qaytish kerak, deb hisoblayman, — deydi Yoqub Ahmedov.

“Mendan yaxshi Otello chiqmagan”

Har bir aktyorning orzusidagi rol bo‘ladi. Afsuski, orzudagi rollarning hammasi ham muvaffaqiyatli yaratilmaydi. Yoqub Ahmedov ham “Otello”ni ijro etganidan afsuslanadi va uni faoliyati davomidagi eng muvaffaqiyatsiz rol deb biladi.

Foto: Skrin

— Menimcha, bunaqa rol hamma aktyorda ham bo‘ladi. Rosti, men hech qachon Otello rolini o‘ynashni orzu qilmaganman. Lekin Evgeniy Simonov rejissorligida shu spektakl sahnaga qayta qo‘yilganida uni men bilan Turg‘un Azizovga topshirishdi. Yaxshimi, yomonmi imkoniyatimiz darajasida ijro etdik. Ammo, afsuski spektakl muvaffaqiyat qozonmadi. Buning sababi nimadaligini bilmayman. Balki rejissordadir? Balki Abror Hidoyatovdek ulkan aktyor oldida men yutqazgandirman?! Tarjimayi holimga Otelloni o‘ynadi, degan yozuv tushgani qoldi, xolos. Aslida Gamletni o‘ynashni orzu qilgandim. Olim aka, Shukur aka ijrosida Gamletni ko‘rganman. Ular bilan birga sahnada o‘ynaganman, lekin nasib etmadi, orzuligicha qolib ketdi. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy obrazini 9 qismlik videofilmda o‘ynadim. Sahnadagi Olim Xo‘jayev yaratgan Alisher Navoiy­ni yaratish orzum bor edi. Keksalik davrini gavdalantirdim, bu orzum amalga oshdi, — deydi Yoqub Ahmedov.

“Rejissor tajribasiz bo‘lsa, aktyor uvol”

Yoqub Ahmedov kino va teatr sanʼatida rejissorning o‘rni bo‘lakcha ekanligi haqida gapirdi.

Foto: Instagram

— Uyg‘unning “Parvona” spektaklidagi Murod obrazini yaxshi ko‘rib o‘ynardim. Bu asarni 1967-yilda Tosh­xo‘ja Xo‘jayev yordamida Sharif Qayumov sahnalashtirgandi. Shu o‘rinda har bir spektaklning muvaffaqiyati asosan rejissorga bog‘liq ekanligini taʼkidlab o‘tmoqchiman. Chunki rejissorsiz eng isteʼdodli aktyor ham hech narsa qilolmaydi. Afsuski bugungi kunda bu kasbning qadrini tushiradigan o‘rtamiyona aktyor-rejissorlar ko‘payib ketdi. Rejissorlikka tug‘ma isteʼdodi bo‘lsa nur ustiga aʼlo nur. Ammo bu kasbni aktyorlik karyera­sining davomi sifatida qabul qiladiganlarga qarshiman. Rahmatli Toshxo‘ja Xo‘jayev chinakamiga buyuk rejissor edi. Birgina detalni eslatib o‘tishim mumkin. “Parvonada”gi O‘tkuriyning qo‘liga dutor tutib, qo‘shiq aytishga majburlagan Toshxo‘ja aka bo‘ladi. Obid aka men ashula aytishni bilmayman deb rosa qarshilik qilgan. Lekin aynan shu detal O‘tkuriy obrazini betakror obrazga aylantirdi. Mengayam Murodni “Yoqub, sen olimsan. Ko‘zoynak taqqan, o‘ziga qarashga vaqti yo‘q, hatto sevgilisiniyam O‘tkuriyga berib qo‘ygan, ilmdan boshqa narsani bilmaydigan odamsan...”, deb lo‘nda qilib tushuntirib qo‘yganlari, esimda, — deydi Yoqub Ahmedov.

“Qaysidir rol uchun afsus chekmayman”

Yoqub Ahmedov naqd 20 yil O‘zbek Milliy akademik drama teatrida direktor bo‘lib ishladi. Aynan rahbar bo‘lgan yillari uning ijodida tanaffuslar boshlandi.

Foto: Skrin

— Rahbar bo‘lgandan keyin qaysidir rollarni ijro eta olmagandirman. Qaysidir rollardan voz kechishga to‘g‘ri kelgandir?! Chunki rahbarlik ko‘p kuch, masʼuliyat, mehnat talab qiladi. Lekin doim sanʼatning ichida bo‘ldim. Sahnada rollar ijro etdim. Faqat ko‘proq kuchimni teatr rivoji, reper­tuarning boyishi, buning natijasida jamoadagi aktyorlar ijodi yanada yuksalishiga xizmat qildim. Shunday ekan, ijoddan chekindim, deya olmayman. Va o‘ynay olmay qolgan qaysidir rollar uchun afsus chekishgayam asos yo‘q, — deydi Yoqub Ahmedov.

Ikkita turmush: omadsiz va omadli

Endi ijodkorning shaxsiy hayoti haqida gapirsak. U ilk bor O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Klara Jalilova bilan oila qurgan. Juftlik o‘g‘illari Furqat tug‘ilgach ixtiyoriy tarzda ajrashishga qaror qilgan. Aktyor o‘ziga omad keltirgan qahramonning ismini o‘g‘liga qo‘ygandi.

Foto: Kollaj

Taniqli aktyor bilan ajrashganidan besh yil o‘tib Klara Jalilova “Bahor” ansambli changchisi Rustam Negmatov bilan oila qurgan. Yoqub Ahmedov 1980-yili Muhabbat ismli o‘qituvchi bilan oila qurgan. Ularning Nodirabegim, Sitora va Shohjahon ismli farzandlari bor. Yoqub Ahmedov turmush o‘rtog‘i bilan 38-yil baxtli hayot kechiradi, afsuski 2018-yilda Muhabbat Yoqubova vafot etadi. Bu aktyor uchun kutilmagan zarba bo‘ladi va uni yo‘qotish sog‘ligining yomonlashishiga sabab bo‘ladi.

“Yoqub Ahmedovning qizi ekanligini bilmaganman”

Rixsitilla Abdullayev O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedovning to‘ng‘ich qizi Nodira Ahmedova bilan oila qurgan. O‘sha paytda Yoqub Ahmedov O‘zbek milliy akademik drama teatrining direktori edi. Rahbarning qiziga ko‘ngil qo‘ygan Rixsitilla Abdullayevning bo‘lajak qaynotasidan rozilik olishi oson kechmagan.

Foto: Instagram / @rixsitilla_abdullaev

— Oila qurishimiz juda qiziq kechgan. Nodiraning yaqin dugonasiga ko‘ngil qo‘ygandim. U haqidagi maʼlumotlarni Nodiradan olib turardim. Ammo ancha vaqtgacha uni Yoqub Ahmedovning qizi ekanligini bilmaganman. Keyin Nodiradagi ustun jihatlarni ko‘rib, unga sovchi yuborishga qaror qildim. U teatr rahbarining qizi ekanligini bilganimda sichqonning ini ming tanga bo‘lib ketgan. Fevral oyida sovchilarni yuborgan bo‘lsam, iyunga qadar ko‘zlariga ko‘rinmay yurganman. Hatto majlislarga kirganda ham bir chekkada indamay o‘tirardim va birinchi bo‘lib xonadan chiqib ketardim, — degandi Rixsitilla Abdullayev intervyularining birida.

Foto: Instagram / @rixsitilla_abdullaev

Yoqub Ahmedov avvalgidek ijodda emas. Inson qanchalik salobatli ko‘rinmasin yillar baribir o‘z hukmini o‘tkazadi. U farzandlari va nabiralari davrasida umrguzaronlik qilayapti.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »