Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nozim To‘laxo‘jayev bu yil 73 yoshni qarshiladi. Bolalikdan kino olamiga kirib kelgan Nozim To‘laxo‘jayevning mashhur sanʼatkor bo‘lishiga, otasi kabi elga tanilishiga hech kim shubha qilmasdi. Ammo omad kishiga turlicha vaziyat va paytda kulib boqadi. Odatda ko‘p aktyorlar yosh va navqiron paytda tanilsa, Nozim To‘laxo‘jayevga bu baxt 50 yoshdan keyin kulib boqqan.

“Fazogir bo‘lishni orzu qilganman”

Nozim To‘laxo‘jayev 1951-yilning 4-yanvarida Toshkent shahrida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan. Oilada ikki farzand, uning Muhabbat ismli opasi bor. Otasi O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la, onasi Tamara Xachaturova shifokor bo‘lgan.

Foto: Skrin

— Bolaligimda juda sho‘x bo‘lganman, hech tinch yurmasdim. Mahallamizda ko‘p millat vakillari istiqomat qilishardi. Ular orasida urush vaqtida O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan mashhur shoir va sanʼatkorlar ham bor edi. Mashhur rus shoirasi Anna Axmatova yon qo‘shnimiz bo‘lgan. Bolaligimda sho‘x bo‘lsam ham kitobga mehrim baland bo‘lgan. Hali xat-savodim chiqmasidan kitob varaqlashni va o‘zimni xuddi uni o‘qiyotgandek tutishni yaxshi ko‘rardim. Bu holat negadir onamni ko‘p tashvishga solardi.

Foto: Skrin

Oilamizda ijodkorlar ko‘p bo‘lsa-da, negadir bolalikdan fazogir bo‘lishni orzu qilganman. Balki, bunga 1961-yil Yuriy Gagarin fazoga uchgani sabab bo‘lgandir. Tog‘alarim “Sen rejissor bo‘lasan”, deyishsa jiddiy qarshilik qilib “Fazogir bo‘lgim kelyapti”, derdim. Faqatgina adabiyotdan baholarim aʼlo edi, qolgan fanlarga kirishni ham istamasdim. Darsdan qochishni va tushlikka deb berilgan pullarga chipta olib kino ko‘rishni yaxshi ko‘rardim. O‘sha vaqtlarda “Chayka” kinoteatrida ishlagan xodimlar meni juda yaxshi eslashsa kerak, — deydi Nozim To‘laxo‘jayev.

“Alla Pugachyova bilan birga o‘qiganman”

Turob To‘laning shoir va sanʼatkor do‘stlari nihoyatda ko‘p edi. Ular ijodkor xonadonida mehmon bo‘lishar, shirin suhbatlar qurishardi. Turgan gapki, bu yosh Nozim To‘laxo‘jayevning ijodga mehr qo‘yishiga sabab bo‘lgan.

Foto: Skrin

— Uyimizga mashhur insonlar juda ko‘p kelishgan. Tog‘alarim ham o‘z davrining mashhur rejissorlari bo‘lishgan. Albert va Eduard Xachaturov desa hamma ijodkorlar tanirdi. Bolalikdan kinosyomkalarda ishtirok etsam ham menda aktyor bo‘lish ishtiyoqi bo‘lmagan. Doim rejissor bo‘laman, zo‘r kinolar olaman, deb niyat qilardim.

1970-yil Moskvadagi Lunacharskiy nomidagi teatr sanʼati institutining rejissorlik fakultetiga o‘qishga kirganman. Andrey Goncharov, Iosif Tumanov, Yuriy Lyubimov kabi mashhur ustozlar­ning qo‘lida taʼlim olganman. Bular urush vaqtida Toshkentda yashagani uchun meni xuddi qadrdon insonidek qabul qilishgan. Qolaversa, teatr va kinoaktrisasi Faina Ranevskaya bilan yaqindan tanish edik, uyiga tez-tez borardim. Atrofimda faqat buyuk ijodkorlarni ko‘rardim. Ular ko‘ksimdan itarmay, teatr va kino sanʼatining “alifbo”sini o‘rgatishdan erinishmasdi. O‘z ishining ustalari bo‘lgan aktyorlar bilan muloqotim aktyorlik qirralarimni ham ochilishiga turtki bo‘lgan bo‘lsa, ajabmas.

Foto: Skrin

Aleksandr Abdulov, Alla Pugachyova kabi ijodkorlar bilan birga tahsil olganman, bir-birimiz bilan do‘st bo‘lganmiz. Keyinchalik kursdoshlarimning bari mashhur sanʼatkor darajasiga yetishdi, — deydi Nozim To‘laxo‘jayev.

“Moskva teatrida ishlashni istamaganman”

1975-yili Nozim To‘laxo‘jayevni Moskvaning Badiiy­ akademik teatriga ishga taklif etishadi. Ammo negadir aktyor bu imkoniyatdan foydalanishni istamaydi.

Foto: Skrin

— Men bilan tahsil olgan bir aktrisa Moskvaning Badiiy­ akademik teatriga ishga kirish uchun sinov topshiradigan bo‘lgan. Shunda u “Nozim, part­nyorim bo‘lib rol ijro etib ber, teatrga ishga kirmoqchi edim”, deb qoldi, rad qilmadim. Sinovning javobi chiqqach, hayʼat aʼzolari o‘sha aktrisaga qarab “Sizni ishga olmaymiz, lekin birga rol ijro etgan partnyoringizni teatrda olib qolamiz”, deyishdi. Albatta, bu gap kursdoshimga yoqmadi. Meni esa o‘sha teatriga ishga taklif etishdi, ammo negadir u yerda qolishni istamadim. Toshkentga qaytganimdan keyin bir yillik harbiy xizmatga chaqirishdi. Eng qizig‘i, u yerda ham meni harbiy kinostudiyaga rejissor qilib tayinlashgan. Menga oq-qora oladigan kamera berishgan, u orqali harbiylar hayotini yoritadigan rasmlar olardim, — deydi aktyor Nozim To‘laxo‘jayev.

Shahzoda Charlz “Multfilmingni sotib oldim” degan

Nozim To‘laxo‘jayev uzoq yillar o‘zbek animatsiya sohasida faoliyat yuritdi. Albatta, bu bejiz emasdi. Bu sohada uning yetarli tajriba va ko‘nikmasi bor edi.

Foto: Instagram

— Ancha yilgacha rejissor yordamchisi bo‘lib ishlaganman.Yordamchining ixtiyori o‘zida bo‘lmaydi, baribir rejissor bilan maslahatlashishi, ko‘p hollarda uning aytganini qilishi kerak. Kunlarning birida “Multbirlashma” direktori “Multfilm suratga olsang-chi”, deb qoldi. Shunchaki o‘zimga xon, o‘zimga bek bo‘lish maqsadida multfilm suratga olishga kirishib ketdim. Ilk ishim — “Sahrodagi ko‘l” multfilmim Portugaliyada sovrinlar bilan taqdirlangan. Ammo baribir ishimdan ko‘nglim to‘lmagan. Rejissor bo‘lib o‘zim film olaman, deb niyat qilardim. Ammo u paytlari rejissor bo‘lish hazil gap emasdi. O‘ylab-o‘ylab mayli, multfilm yo‘nalishida yana bir yil ishlay-chi, bu ham tajriba-ku, deb yurgan kunlarimning biri — 1983-yili rossiyalik multiplikator, rejissor, “Vinni-pux” multfilmi asoschisi Fyodor Xitruk bilan uchrashib qolganmiz. Unga “Mustaqil ish qilmoqchiman” deganman va u ham hali senga erta deydi, deb o‘ylaganman. Kutilmaganda “Mayli, qaysi asarni suratga olmoqchisan?” deganida shoshib qolib, Rey Bredberining “Yoqimli yomg‘ir yog‘adi” asarini aytganman. Va shu asar asosida ssenariy yozdim, maʼqullandi. Mazkur multfilmim Germaniya, Ispaniya kabi davlatlarda namoyish etilib, qator sovrinlar bilan mukofotlangan. O‘sha vaqtda Londondan shahzoda Charlz kelganida bizni qabuliga chaqirishgan. Tarjimon meni shahzodaga tanishtirganida multfilm haqida iliq fikrlar bildirib, “2 yil London televideniyesida namoyish etilishi uchun multfilmingni sotib oldim”, degandi, — deydi Nozim To‘laxo‘jayev.

Meni “O‘tov” tanitdi

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, aktyor bolaligidan kinolarda suratga tushgan bo‘lsa-da, unga omad kulib boqmagan. Rejissorlik borasida ham o‘zini kashf etolmagan. 2007-yili suratga olingan “O‘tov” esa uni tomoshabinlarga aktyor sifatida tanitdi.

Foto: Instagram

— Aktyorlikka kirib kelishim ham qiziq bo‘lgan. Tog‘am Albert Xachaturov Aleksandr Faynbergning “Mening katta akam” asarini suratga olayotganida aktyor Murod Rajabov qahramonining ukasini o‘ynaydigan aktyor topolmagan. Shunda tog‘am “Meni Moskva teatriga ishga taklif etishgan deganmiding, ko‘raylik-chi mahoratingni”, degan. Shu orqali aktyor sifatida ancha yildan so‘ng rol o‘ynaganman. Ammo rollarimning ko‘pi muvaffaqiyatli chiqmagan. 56 yoshda meni kim rolga taklif etadi, deb yurgan paytimda Ayub Shahobiddinov kinosinovga taklif etgan. Men bilan birga juda ko‘p aktyorlar sinov topshirgan. Qizig‘i, boshqalar qolib rol menga nasib etgan, — deydi aktyor Nozim To‘laxo‘jayev.

“Vijdonim qiynalgan...”

Filmdagi ota roli ishonarli chiqqan, ammo uning yaratilishi bilan bog‘liq qiziq voqea bor. Hayotda anchayin injiq bo‘lgan ijodkor ilk kundayoq suratga olish maydonchasini tark etganini kulib eslaydi.

Foto: Skrin

— Toshkentdayoq Ayubga “Meni olib xato qilyapsan”, degandim. Tasvirga olish ishlari Boysunda bo‘ladigan bo‘ldi. Borsam umuman sharoit yo‘q. Shu kuniyoq suratga tushmayman, deb Toshkentga qaytib kelganman. Oradan bir oy o‘tib, Ayub bilan ko‘chada uchrashib qoldik. “Nega Boysunda emassan, syomka tugadimi?” desam, “Sizsiz filmni suratga olmayman”, dedi. Vijdonim qiynalib “Ertagayoq Boysunga ketamiz, syomkaga tayyorlan”, deganman. Film muvaffaqiyat qozondi, shu bilan birga meni xalqqa tanitdi, — deydi aktyor Nozim To‘laxo‘jayev.

“Armonim bor...”

Nozim To‘laxo‘jayev hayotdagi yagona armoni haqida so‘zlab bergan.

Foto: Skrin

— Yoshligimdan aktyor bo‘lib tanilmaganimdan xafa bo‘lardim. Chunki ota-ona farzandining yutuqlarni ko‘rsa, chin dildan quvonadi. Afsuski, ota-onamga bu baxt nasib etmadi. Otam 1990-yil vafot etdi. Onam otamdan keyin o‘nglana olmadi, bir yil o‘tib u ham vafot etdi. Shu haqida ko‘p o‘ylayman, — deydi aktyor.

Omadsiz shaxsiy hayot

Nozim To‘laxo‘jayev sanʼatda o‘z o‘rnini topdi, uni ko‘plab yosh aktyorlar ustoz deb bilishadi. Afsuski, karyera sabab u shaxsiy hayotini yo‘lga qo‘yolmagani haqida ko‘p gapiradi.

Foto: Skrin

— Ishni shaxsiy hayotimdan ustun qo‘yganim bois balki, hozir yolg‘izdirman. Sevgi meni chetlab o‘tgan, deyolmayman. Haqiqiy muhabbatni maktab davrlarimda his qilganman. O‘shanda sevgan insonim uchun hamma narsaga tayyor edim. Biroq kino meni butunlay o‘ziga rom etib oldi. Bir safar uchrashuvga chiqishim kerak edi. Kutilmaganda filmga chaqirib qolishdi, qizga qo‘ng‘iroq qilib, borolmasligimni aytdim va u xafa bo‘lib go‘shakni qo‘ydi. Lekin o‘zimni aybdor his qilmaganman. Chunki ijod — hayotim mazmuni! 1998-yili tadbirda bir qiz bilan tanishib, do‘stlashib qolgandik. Uning ota-onasi oila qurishimizga qarshi edi. Oradan vaqt o‘tib, rozilik bildirishdi. Lekin bu rishta uzoqqa bormasligini bilardim, 10 yil birga yashadik. Taqdirimdan norozi emasman, umrimni sanʼatga bag‘ishlaganman, — deydi Nozim To‘laxo‘jayev.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »