“Tolibon” va Pokiston chegarachilari o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi
Afg‘onistonning Paktika viloyatida “Tolibon” va Pokiston chegarachilari o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Bu haqda Etilaatroz xabar berdi.
“Tolibon”ning Paktika viloyatidagi xavfsizlik manbasi ma’lumotni tasdiqlab, to‘qnashuv Angur bazasida sodir bo‘lganini aytdi. Manbaga ko‘ra, to‘qnashuvga 13-mart kuni Pokiston tomonining afg‘on yo‘lovchilari bilan noadekvat xatti-harakati sabab bo‘lgan.
Hozircha Paktikadagi “Tolibon” xavfsizlik kuchlari bu to‘qnashuv haqida OAVga ma’lum qilgani yo‘q, qurbonlar haqidagi ma’lumotlar e’lon qilinmagan. Mazkur to‘qnashuv 13-mart kuni 203-korpus qo‘mondoni Mansuriy boshchiligidagi delegatsiya “Tolibon” chegara qo‘shinlarining qo‘riqlash postlariga tashrif buyurgan paytga to‘g‘ri kelgan.
5-mart kuni Afg‘onistonning Nimro‘z viloyatida “Tolibon” va Eron chegarachilari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tgandi. Har ikki tomon ham yengil va og‘ir qurollardan foydalangan. Otishma sababi ma’lum qilinmagan.