Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Futbol tarixidagi eng yaxshi qanot himoyachilaridan biri Kafu 1970-yilning 7-iyun sanasida tug‘ilgan. Faoliyati davomida Braziliya terma jamoasi safida ikki marta Jahon Chempionatida, ikki marta Amerika Kubogida g‘olib chiqqan. “Roma” bilan Italiya chempioni bo‘lgan va klubning shon-shuhrat zaliga kiritilgan, “Milan” bilan esa yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan futbolchi 53 yoshga to‘ldi. Quyida Kafuning faoliyati haqida so‘z boradi.

Futzal orqali katta futbolga

Kafu faoliyatining avvalidagi ikki yilni futzalga bag‘ishlagan. Himoyachi Braziliyaning San-Paulu shahri xarobalarida tug‘ilgan va yetti yoshidayoq “omadli chipta”ga faqatgina futbol orqali erishish mumkinligini tushungan. Shu sababli braziliyalik katta maydonda ham, kichik maydonda ham to‘p tepish uchun barcha imkoniyatlardan foydalandi.

Kafuning futzalga bo‘lgan qiziqishi keyinchalik ham so‘nib qolmadi. 2012/13-yilgi Chempionlar Ligasi finali oldidan Londonda Jovanni van Bronkhorst va Robert Pires bilan futzal o‘ynagandi.

Kafu, shuningdek, braziliyalik kambag‘al oilalar farzandlariga sport, jumladan, futzal bilan shug‘ullanishda yordam beradigan xayriya jamg‘armasini tashkil etgan.

Tele Santana

Kafu 18 yoshida “San-Paulu”ning yoshlar jamoasiga qo‘shildi va dastlab o‘ng qanot hujumkor yarim himoyachisi sifatida o‘ynadi. Futbolchining himoya chizig‘iga o‘tib, yaxshi o‘ynab ketishida Tele Santananing o‘rni katta. Braziliya futbolidagi eng omadli murabbiylardan biri Kafuning tezligi, bardoshliligini yuqori baholadi va darhol yosh o‘yinchini asosiy jamoaga jalb qildi. Lekin mutaxassis uni pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur qildi.

O‘zgarishlar futbolchining ham jamoaning ham foydasiga ishladi. Kafu “San-Paulu” bilan ikki marta Libertadores Kubogida, ikki marta Mintaqalararo Kubokda g‘olib chiqqandi. 1994-yilda Janubiy Amerikaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi.

Saragosaga sayohat

O‘z qit’asida muvaffaqiyatga erishgan Kafu kuchini Yevropada sinab ko‘rishga qaror qiladi. Biroq uning birinchi imkoniyatini omadli deb aytib bo‘lmaydi. Futbolchi “Saragosa”da ko‘proq zaxira o‘rindig‘ida o‘tirdi. Aragoniyaliklar o‘ng qanot himoyasida tajribali Alberto Belsue o‘ynardi. Shuningdek, Kafu ko‘p bahslarni jarohati sabab o‘tkazib yubordi. Biroq braziliyalik himoyachi sovrinsiz qolmadi.

O‘sha mavsumda “Saragosa” sensatsion tarzda Kubok egalari Kubogi finalida Muhammad Naimning qo‘shib berilgan vaqtning oxirgi daqiqasida urgan aql-bovar qilmas goli evaziga g‘olib chiqdi. Kafu bu turnirda bor yo‘g‘i bitta o‘yinda ishtirok etgan bo‘lsa ham g‘oliblar qatorida e’tirof etilgandi.

Foto: Getty Images

Ikkinchi laqab

“Saragosa”dagi mavsumidan so‘ng Kafu Braziliyaga qaytadi va “Palmeyras” jamoasida ikki yil to‘p suradi. Shundan so‘ng futbolchi yana okean ortiga yo‘l oladi. Bu safar avvalgisidan ancha omadliroq bo‘lgandi. “Roma”ga o‘tgan himoyachi o‘zining ikkinchi laqabini oladi. Asl ismi Markos Yevangelista de Moraes bo‘lgan futbolchi “San-Paulu”dagi sheriklari tomonidan 1960—1970-yillarda “Fluminense” va “Atletiko Mineyro” jamoalarida o‘ynagan Kafuringo ismli futbolchi sharafiga “Kafu” laqabini olgandi. Italiyaliklar himoyachining ajoyib o‘yinidan hayratga tushgan va unga tezyurar poyezd sharafiga “Pendolino” laqabini bergan.

Aleks Fergyuson o‘z intervyularidan birida Kafuning chidamliligidan hayratda ekanini aytadi va uni “ikki yurakli odam” deb ataydi.

O‘n besh yildan so‘ng

Kafu “Roma”da olti ajoyib mavsumni o‘tkazdi. Aynan “bo‘rilar” safida braziliyalik himoyachi jahon miqyosidagi yulduzga aylanadi va klubning shon-shuhrat zaliga kiritiladi. Rimdagi faoliyatida qo‘lga kiritgan eng katta yutug'i 2000/01-yilgi mavsumdagi Skudetto bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Oradan ikki yil o‘tgach, 33 yoshli faxriyga aylangan futbolchi tinch joy haqida o‘ylay boshladi va notinch Yevropani tark etib, Yaponiya Jey-Ligasiga o‘tishga qaror qildi. Biroq Kafuning “Yokogama”ga transferi noma’lum sabablarga ko‘ra amalga oshmay qoldi. Shu paytda “Milan” katta sahnaga chiqdi.

Milanliklar vitse-prezidenti Adriano Galliani futbolchiga 33 yosh dam olish uchun yo‘l oladigan payt emasligini isbotladi va Kafu “rossoneri” tarkibida 38 yoshigacha harakat qildi. Braziliyalik o‘yinchi faoliyatining so‘nggi yillarida ko‘plab sovrinlar qo‘lga kiritdi. Himoyachi 2007-yilda Chempionlar Ligasi, Yevropa Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘olib chiqdi.

Foto: Getty Images

Bu muvaffaqiyatlar Kafuni noyob yutuq egasiga aylantirdi. Futbolchi 15 yillik farq bilan ikki mintaqaning asosiy sovrinlari — Chempionlar Ligasi va Libertadores Kubogini yutishga muvaffaq bo‘ldi. 1992-yilda “San-Paulu” bilan g‘alabaga erishgan 22 yoshli bolakay, “Milan”dagi chempionligini nishonlaganda faxriy o‘yinchiga aylangandi.

Rafiqasiga bag‘ishlangan Jahon Chempionligi

Kafu Braziliya terma jamoasi safida 142 ta o‘yinda maydonga tushgan. Bu rekord hisoblanadi. Uch marta Jahon Chempionati finalida o‘ynagan va ularning ikkitasida oltin medalga ega chiqqan. 2002-yildagi mundialda esa Braziliya terma jamoasini sardor sifatida g‘alabaga yetaklagan. Jahon Chempionati kubogini birinchi bo‘lib boshi uzra ko‘tarish huquqi uchun esa Kafu qattiq kurashishga majbur bo‘lgan. Futbolchi 1990-yillarning oxirida “selesao” sardoriga aylangandi, lekin 2000-yilda murabbiy Vanderley Lushemburgu himoyachini bog‘ichdan mahrum qildi. Mutaxassis futbolchini Paragvayga qarshi o‘yinda olingan qizil kartochka uchun shu usulda jazolagandi.

Ko‘p o‘tmay Lushemburgu iste’foga chiqarildi, biroq uning o‘rniga tayinlangan Luis Felipe Skolari ham sardorlik bog‘ichini himoyachiga qaytarishga shoshilmadi. Murabbiy rasmiy sardor rolida Emersonni ko‘rgandi. Ammo Jahon Chempionati boshlanishidan avval yarim himoyachi jarohat oldi va musobaqada ishtirok etmaydigan bo‘ldi. Sardorlik maqomi Kafuga qaytdi.

Himoyachi o‘sha chempionatda chinakam jamoa yetakchisi edi. Braziliyaning Roberto Karlos va Kafu harakat qilayotgan qanotlari har qanday raqibni dahshatga solardi.

Finalda Germaniya mag‘lub etilganidan so‘ng, Kafu kubokni boshi uzra ko‘tardi va baland ovozda “Men seni sevaman, Regina!”, deb baqirdi. U Jahon Chempionatidagi g‘alabasini rafiqasiga bag‘ishlagandi.

Foto: Getty Images

Faoliyatini yakunlaganidan keyin Kafu tashvishsiz hayot kechirishni boshladi. 2018-yilda bergan intervyusida “Men juda ham baxtli insonman. Har kuni ertalab uyg‘onganimdan xursand bo‘laman”, degandi. Biroq 2019-yilda hammasi o‘zgardi.

O‘sha yilning yozida Kafuning ko‘pmillionlik qarzlari yig‘ilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Sentabr oyining boshida esa braziliyalik futbolchining o‘g‘li Danilo futbol o‘ynayotgan vaqtda yurak hurujiga uchradi va shifoxonada vafot etdi. Kafuning o‘g‘li o‘ttiz yoshda edi.

Foto: Getty IMages

Kafu uchun daxshatli 2019-yil hali tugamagandi. Oktyabr oyida sobiq futbolchi Braziliyadagi eng yirik jinoiy guruh bilan aloqadorlikda gumon qilindi. Politsiya jinoiy guruh hisobchisiga San-Paulu shtatidagi binolar va yerlarni sotish uchun pul o‘tkazilgani bo‘yicha ishni tekshirayotgandi.

Kafu mish-mishlarni tezda rad etdi. “Buning barchasi yolg‘on. Bu ma’lumot qayerdan chiqqanini bilmayman. Chunki u tumanda mening mulkim yo‘q”.

Doimo tabassum qilib turadigan futbolchi bu og‘ir vaziyatni ham yengib o‘tib, yana odamlarga tabassum ulashishda davom etdi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »