Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Germaniyalik futbolchi Miroslav Kloze 1978-yilning 9-iyun sanasida Polshaning Opole shahrida sportchilar oilasida tug‘ilgan. Uning otasi futbolchi (etnik nemis), onasi esa gandbolchi (etnik polyak) edi. Keyinchalik Germaniya terma jamoasini tanlagan va Jahon Chempionatlari to‘purariga aylangan futbolchi 45 yoshga to‘ldi. Quyida hujumchining faoliyati haqida so‘z boradi.

Foto: Getty Images

Klozelar oilasi 1981-yilda Fransiyaga ko‘chib o‘tadi, 1987-yilda esa folksdoych (1945-yilgacha Germaniyadan tashqarida istiqomat qilgan nemislar) sifatida Germaniya g‘arbidagi Kusel shahriga yo‘l oladi.

Germaniyaga ko‘chib o‘tganimizda sakkiz yarim yoshda edim va futbol men uchun hamma narsa edi. Futbol men uchun integratsiya vositasiga aylangandi, doim jamoaga birinchi bo‘lib tanlanardim, chunki eng yaxshi o‘yinchi edim. Bu yerda tan olindim va do‘stlar topdim. Bir kun kelib Germaniya terma jamoasida o‘ynash imkoniyatini qo‘lga kiritishimni bilardim va bu men uchun doim stimul bo‘lib kelgan.

Miroslav maktabni tugatgach ota-onasining talabi bilan kollejga o‘qishga kirdi va duradgorlik kasbini oldi. Ammo Kloze futbolni ham unutib qo‘ymadi.

Klozening birinchi jamoasi Germaniya yettinchi ligasida harakat qiladigan “Blaubaxa-Didelkopf” bo‘ldi. O‘sishga erishayotgan futbolchiga beshinchi liga klubi “Homburg” e’tibor qaratdi.

Miroslav yangi klubidagi ilk mavsumida 11 ta gol urdi. Futbolchi shu tariqa “Kayzerslautern” (bir yil oldin Germaniya chempioni bo‘lgan) skautlarining e’tiborini tortdi va 1999-yilda klub bilan shartnoma imzoladi.

Foto: Getty Images

Miro avvaliga klubning ikkinchi jamoasi tarkibida o‘ynadi. Tez orada yosh hujumchiga bosh murabbiy Otto Rexagel e’tibor qaratdi va asosiy jamoaga jalb qilishni boshladi

Kloze 2000-yilning 20-oktabrida “Kayzerslautern” tarkibidagi birinchi golini urdi va keyinchalik tashrif qog‘oziga aylangan salto bilan nishonladi.

Foto: Getty Images

Mavsum klub uchun omadsiz o‘tdi, biroq Miro Kloze yaxshi natija qayd etdi. Hujumchi 11 ta gol urdi (to‘qqiz marta Bundesligada, ikki marta UEFA Kubogida). Shu paytgacha noma’lum bo‘lgan hujumchi nemis futbolining umidi sifatida ko‘rilishni boshladi, muxlislar va klub rahbariyatining sevimli futbolchisiga aylandi. Klozening transfer narxi 10 barobar oshdi.

Miroslavni Polsha terma jamoasi ham, Germaniya terma jamoasi ham o‘z tarkibiga chaqirdi. Birinchi qadam polshaliklardan bo‘ldi. Mamlakat jamoasi bosh murabbiyi yosh hujumchi bilan gaplashish uchun shaxsan Germaniyaga tashrif buyurdi. Biroq Kloze “Bundestim”dan taklif kutayotganini aytib, Polshani rad etdi.

Keyinchalik Kloze o‘sha paytda Rudi Fyollerning (Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi) uni taklif qilish niyatidan xabari borligini, aks holda Polsha taklifi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishini tan olgandi.

Birinchi gol o‘zini uzoq kuttirib qo‘ymadi. Germaniya terma jamoasidagi debyut uchrashuvida Albaniyaga qarshi o‘yinda (JCH—2002 saralashi) zaxiradan maydonga tushgan Miro jamoasining g‘alaba golini urgandi (2:1). Jahon Chempionatidagi birinchi o‘yinida esa Saudiya Arabistoni darvozasiga uchta to‘p kiritgan va bitta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygandi.

Guruh bosqichining qolgan ikki o‘yinida – Irlandiya va Kamerun darvozasiga bittadan gol urdi. O‘sha turnirda Germaniya terma jamoasi finalgacha yetib bordi, biroq hal qiluvchi bahsda Braziliyaga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Turnir yakuniga ko‘ra Kloze beshta gol bilan (barchasi boshi bilan) Rivaldo bilan birga to‘purarlar orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Miro turnirning kashfiyotlaridan biriga aylandi, uni afsonaviy Gerd Myuller bilan solishtirish boshlandi.

Jahon Chempionatidan so‘ng Klozega “Manchester Yunayted”, “Yuventus”, “Bavariya” va Dortmundning “Borussiya” klublari qiziqish bildirdi, ammo Miro o‘z jamoasida qolishga qaror qildi. Bu omadli qaror bo‘lmadi, ikki yildan so‘ng futbolchi “Verder”ga o‘tdi.

Foto: Getty Images

Klozeni 2006-yilda o‘z uyida bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatida navbatdagi muvaffaqiyat kutib turgan edi. O‘zining tug‘ilgan kunida Kosta-Rika terma jamoasiga qarshi o‘tkazilgan ochilish uchrashuvida futbolchi dubl qayd etdi (yakuniy hisob 4:2). O‘z vatani bo‘lgan Polshaga qarshi ikkinchi o‘yinda u gol ura olmadi. Ekvadorga qarshi uchinchi uchrashuvda esa Miro yana dublga erishdi (yakuniy hisob 3:0).

Hujumchi Shvetsiyaga qarshi 1/8 final o‘yinida ikkita golli uzatmani amalga oshirdi va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Chorak finalning 80-daqiqasida Argentina darvozasiga gol urib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqardi. O‘yin penaltilar seriyasigacha bordi va yakunda nemislar g‘alaba qozondi. Yarim finalda Germaniya bo‘lajak chempion – Italiyaga imkoniyatni boy berdi. 3-o‘rin uchun bahsda esa Portugaliyani mag‘lub etdi. Kloze 2006-yilgi Jahon Chempionatining eng yaxshi to'purari bo‘lgandi.

2007-yilda Miro “Verder”ni tark etib, 15 million yevro evaziga “Bavariya”ga o‘tdi.

Foto: Getty Images

Kloze 2007-yilning sentabr oyida Uelsga qarshi o‘yinda birinchi marta Germaniya terma jamoasini sardor sifatida maydonga boshlab tushdi. Hujumchi o‘sha o‘yinda gol ham urdi.

JARda 2010-yilda o‘tkazilgan Jahon Chempionati guruh bosqichi ikkinchi turidan o‘rin olgan Serbiyaga qarshi o‘yinda Kloze qizil kartochka oldi. Angliyaga qarshi 1/8 final uchrashuvining 20-daqiqasida darvozabon Manuel Noyerning uzatmasidan keyin gol urgandi. Hujumchi Argentinaga qarshi chorak final bahsida dublga erishdi, yakunda Germaniya 4:0 hisobida g‘olib bo‘ldi.

Ammo yarim finalda ispanlarga yutqazib, 3-o‘rin uchun kechgan bahsda Urugvayni mag‘lub etgan “Bundestim” yana bronza medallari bilan kifoyalandi.

Miro 2011-yilda shartnoma muddati tugagach, “Bavariya”ni tark etib, Italiyaning “Latsio” klubiga o‘tdi va u yerda futbolchilik faoliyatining oxirigacha (2016) o‘ynadi.

Myunxenda qiziqarli va muvaffaqiyatli to‘rt yilni o‘tkazdim va buning uchun “Bavariya”ga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman. Bu jamoa safida o‘ynash men uchun doim sharaf bo‘lgan.

Braziliyada 2014-yilda bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatida Germaniya terma jamoasi g‘alaba qozondi. Miroslav Kloze bu musobaqada ikkita gol urdi. Bular futbolchining mundiallardagi 15 va 16-goliga aylandi. Germaniyalik hujumchi Jahon Chempionatlari to'purarlari ro'yxatida braziliyalik Ronaldoni (15 ta gol) ortda qoldirdi.

Foto: Getty Images

2016-yilning 1-noyabr kuni Kloze futbolchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi va Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yoaxim Lyovning terma jamoa murabbiylar shtabiga qo‘shilish taklifini qabul qildi.

Klozening kuchli tomonlari yuqori tezlik va bosh bilan o‘ynash bo‘lgan. Miro jamoaviy o'yinchi, u yaxshiroq holatda turgan jamoadoshidan to‘pni qizg‘anmasdi. Hujumchi o‘z harakatlarini quyidagicha izohlagan: “Futbolda yakka holda hech narsaga erishib bo‘lmaydi”.

Kloze dastlab markaziy hujumchi bo‘lgan, ammo “Verder”da o‘ynab yurgan vaqtida ko‘p qirrali futbolchiga aylandi, u ham qanotda, ham orqaroqda harakat qila olishini ko‘rsatdi. Karl-Hayns Rummenigge bir paytlar Kloze futbolchi sifatida kamchiligi deyarli yo‘q deb aytgan edi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »