Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Zamonaviy AQSH hududida afrikaliklarning paydo bo‘lishi XVII asrga borib taqaladi — qul sifatida. Mamlakatning 16-prezidenti Avraam Linkoln 1862-yilda “Qullarni ozod etish to‘g‘risidagi proklamatsiya”ni imzolamagunga qadar shunday bo‘lib keldi.

Shunga qaramay, quldorlikning yuridik jihatdan bekor qilinishi Amerika jamiyatida irqiy kelib chiqishiga ko‘ra kamsitishlarga barham bermadi — segregatsiya boshlandi: AQSHning qora tanli aholisi alohida maktablarda o‘qir, alohida kafelarda ovqatlanar, jamoat transportida ham ajratilgan joylarga o‘tirishga majbur bo‘lardi, hatto ayrim shtatlarda ovoz berish imkoniyatidan ham mahrum etilgan edi. “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida irqchilikka qarshi kurashga umrini bag‘ishlagan Martin Lyuter King haqida hikoya qiladi.

Martin Lyuter King
Foto: Global Look Press

Ozodlik uchun yurish

Barchasi 1955-yil 1-dekabr kuni Alaba Shtatining Montgomeri shahrida boshlandi. Kechki soat 18:00 da Roza Parks ismli 42 yoshli qora tanli ayol univermagdagi ish kunini yakunlab, uyiga qadar boradigan avtobusga chiqadi. U “ranglilar uchun seksiya”dan joy olgan — afroamerikaliklarga faqat shu yerda o‘tirishga ruxsat berilardi. Shu bilan birga, o‘sha vaqt shaharda amalda bo‘lgan qonunga ko‘ra, ular old qatorlardagi oq tanlilarga joy yetmay qolsa, o‘rinlarini bo‘shatib berishi lozim bo‘lgan.

Va shu voqea sodir bo‘ldi: yo‘lovchilarga to‘la avtobusga oq tanli fuqaro chiqadi, haydovchi afroamerikalikdan unga joy berishni talab qiladi. Roza Parks esa rad javobini beradi.

Qonunga bo‘ysunmagan ayol hibsga olinib, 10 dollar miqdorida jarimaga tortiladi. Roza Parks ustidan boshlangan sud kuni Montgomeridagi avtobus tarmoqlarida boykot boshlandi — shaharning qora tanli aholisi segregatsiya siyosatiga qarshi norozilik ramzi sifatida avtobuslardan foydalanishdan bosh tortdi. Norozilik namoyishi o‘z-o‘zidan kelib chiqmadi: uni Edgar Deniel Nikson rahbarligi ostidagi mahalliy faollar tashkillashtirdi, boykot yetakchisi sifatida esa baptistlar cherkovi ruhoniysi kichik Martin Lyuter-King tanlandi.

Bu vaqtda o‘rta sinfga oid oiladan chiqqan 26 yoshli ruhoniy irqiy xurofotga duch kelgan, suiqasdni boshdan o‘tkazgan, iymonda o‘z shubhalari bilan shug‘ullanish va zo‘ravonlik qilmaslik falsafasiga sobit edi. U 1954-yilda Montgomeridagi cherkov ruhoniysi etib tayinlanadi va shaharda yangi bo‘lgani bois boykot tashkilotchilar undan “qo‘rqmas” yetakchi sifatida foydalanadi.

Avvalida boykot faqat Roza Parks ustidan o‘tkaziladigan sud kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi, ammo aksiya cho‘zilib ketadi — 381 kun davom etadi. Ko‘plab afroamerikaliklar shahar bo‘ylab piyoda va velosipeddan foydalangan holda harakatlanadi, mashinasi borlar hamfikrlarini manzilgacha yetkazib qo‘yar, taksichilar esa qora tanlilarni avtobus narxida tashiy boshlaydi.

Avtobusda qora tanlilar uchun ajratilgan joy
Foto: Wikipedia

Boykot tashkilotchilari mazkur bosqichda segregatsiyani bekor qilishni emas, balki murosa yo‘lini taklif etgandi: o‘rinlar bo‘linishini saqlab qolish, ammo uni tartib bo‘yicha egallash — ya’ni qora tanlilarni oq tanlilarga joy berish majburiyatidan ozod etish. Ular shahar ma’muriyati bunga rozi bo‘ladi deb o‘ylagan.

Ammo shahar hukumati aksincha yo‘l tutadi: ular yo‘lovchilardan pul olmayotgan taksichilarni jarimaga tortishni, boykot yetakchilarini obro‘sizlantirishni, afroamerikaliklarni yo‘l harakati qoidalarini buzganlik aybi bilan hibsga olishni boshlaydi.

“Oqlar ustunligi” tarafdorlari ham bu kabi holatdan norozi edi va ularning noroziligi radikal shaklga o‘ta boshlaydi. Shunday qilib, 1956-yil 30-yanvar kuni noma’lum shaxs mashinada Martin Lyuter Kingning Montgomeridagi uyi oldiga kelib, bomba otadi. Portlash vaqtida ruhoniy uyda bo‘lmagan, ammo rafiqasi va yetti yoshli qizi jarohat oladi. Voqea joyiga to‘plangan olomonga qarata King “Men dushmanlarimizni yaxshi ko‘rishlaringizni istayman”, deydi. Mazkur hujum oxirgisi emasdi — shu yilning o‘zida Kingning uyi yana o‘qqa tutiladi, bunda ham hech kim qurbon bo‘lmaydi.

1950-yillarda Montgomeri jamoat transportlarida harakatlanadiganlarning 70 foizini afroamerikaliklar tashkil etgan va shu boisdan yo‘lovchi tashuvchi kompaniyalar daromadining katta qismidan ajrala boshlaydi, shunday bo‘lishiga qaramay, jamiyatning konservativ qismi qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatmaydi.

1956-yilda Montgomeri federal sudi mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan 14-o‘zgartish bilan barcha teng huquqli va teng himoyaga egaligi kafolatlangani belgilangani transportda segregatsiyani qonunbuzilishi deb topganidan keyin barchasi hal bo‘ladi. Shahar rasmiylari qarorni AQSH Oliy sudida qayta ko‘rib chiqmoqchi bo‘ladi, ammo u ham quyi instansiya qarorini qo‘llab-quvvatlaydi. 21-dekabr kuni avtobuslar barcha irqdagi yo‘lovchilar uchun umumiyga aylandi.

Boykot yakunlandi, biroq kurash davom etardi: shahar aholisi orasida sud qaroriga ochiq-oydin norozilik bildiradiganlar chiqa boshladi. Avtobusning tunda o‘qqa tutilishi oqibatida homilador afroamerikalik jarohatlandi, 1957-yil yanvarda esa radikallar teng huquqlilik uchun kurashgan harakat yetakchilari to‘planadigan to‘rtta cherkov va uylarni portlatib yubordi (Kingning uyidan yana bomba topiladi — bu safar uni zararsizlantirishga ulgurishgan). Hujum uchun javobgarlikni oq tanlilar ustunligi tarafdori bo‘lgan “Ku-kluks-klan” guruhining yetti nafar terrorchisi o‘z zimmasiga oladi.

Ish tashlashlar va ozodlik reydlari

1960-yil 1-fevral kuni to‘rt nafar qora tanli talaba Shimoliy Karolina shtatidagi Ginsboro shahrida joylashgan tamaddixonaning “faqat oqlar uchun” mo‘ljallangan joyga borib o‘tiradi. Ular o‘zlariga xizmat ko‘rsatishmagunga qadar ketmasliklarini aytgan, shu bilan birga, hech qanday agressiyaga berilmagan va chaqiruvga yetib kelgan politsiya ularga qarshi chora ko‘ra olmaydi. E’tiborli jihati, ushbu masalada yigitlarga oq tanli biznesmen Ralf Jons yordam ko‘rsatgandi, u sabab aksiya ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi. O‘sha kuni talabalar tamaddixonada u yopilgunga qadar o‘tiradi, ertasi kuni esa mahalliy kollejdagi boshqa sheriklari bilan qaytib keladi.

Aksiya ommaviy ish tashlashlarni yuzaga keltirdi — ikki oy ichida u 30 ta shtatdagi 55 ta shaharda tarqaldi, tamaddixonalardagi holat, cherkovlar, mehmonxonalar, kutubxonalar, plyajlar va boshqa muassasalarni egallay boshladi.

King marsh jarayonida
Foto: Wikimedia Commons

Qahramonimiz Martin Lyuter King bo‘lsa bu vaqtda Montgomeridan ona yurti Atlantaga qaytib keladi, bu yerda u otasi bilan baptistlar cherkovini boshqara boshladi. Bu lavozimda deyarli barcha vaqtini teng fuqarolik huquqlari uchun harakatga va “Janubiy xristian liderlik konferensiyasi” (SCLC) huquqni himoya qilish tashkilotini boshqarishga sarflashga qaror qildi, o‘zining “Ozodlik yo‘li” kitobini nashr etishga muvaffaq bo‘ldi va navbatdagi hujumdan omon qoldi. Ruhiy nosog‘lom qora tanli ayol faolning ko‘kragiga kanselyariya pichog‘i bilan uradi, shundan so‘ng u shoshilinch jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘ladi.

Umrini tenglik uchun baxshida etgan King norozilik namoyishlariga tinch qarab turolmasdi — 1960-yil oktabrda u 33 nafar talaba bilan Atlantadagi gipermarketning tushlik zalida segregatsiyaga qarshi namoyishi uchun hibsga olinadi.

Barcha ayblovlar olib tashlangan bo‘lsa-da, Kingga baribir qamoqxona fermasida ishlash majburiyati yuklatiladi — bunga bir necha oy oldin yo‘l harakati qoidasini buzgani sabab bo‘lgandi. O‘shanda faolning ozod etilishiga Demokratlar partiyasidan AQSH prezidentligiga nomzod Jon Kennedi ko‘maklashadi — aynan u King taqdiriga aralashuvidan sakkiz kun o‘tib saylovlarda g‘alaba qozondi va mamlakatning 35-prezidentiga aylandi.

Keng ko‘lamli noroziliklar bir yil ichida mamlakatning janubiy shtatlaridagi 150 ta shaharda joylashgan umumiy ovqatlanish muassasalarida segregatsiyaning bekor qilinishiga olib keldi. Ammo bu yetarli emasdi.

1961-yilda qora tanli aholining fuqarolik huquqlari uchun kurashining yangi shakli — ozodlik reydlari paydo bo‘ldi. Avtobuslardagi irqchilik yodingizdadir? Montgomeridagi voqea unga yakun yasamadi, janubning ko‘plab shaharlarida saqlanib qoldi: turli irq vakillari uchun alohida bekatlar hamon ishlar, ayirmachilik nafaqat shahar, balki reysli jamoat transportlariga ham ta’sir ko‘rsatardi. Bunga omma e’tiborini jalb etish uchun qora va oq tanli faollar Vashingtondan janubiy shtatlar tomon yo‘l oladi.

Oq uydagi uchrashuv
Foto: Wikipedia

Avtobus Atlantaga yetib kelganida, ularni Martin Lyuter King qarshi oladi. U Alabamaga bormaslik tavsiyasini beradi, biroq unga quloq solishmaydi.

1961-yil 14-may kuni faollar Anniston shahriga yetib kelganida ikki marta hujumga uchraydi: avvaliga “Ku-Kluks-klan” yetakchisi boshchiligidagi 50 kishi avtobusni zanjir va bitalar bilan pachoqlaydi. Mahalliy politsiya xodimlari esa yordamga shoshmaydi — ular voqea joyiga hujum avjiga chiqqan paytda keladi va avtobusni xavfsiz joyga evakuatsiya qilish o‘rniga, shahar chetida qoldiradi. Bu yerda esa ikkinchi hujum amalga oshiriladi. Politsiyaning ketishini kutib turgan qurollangan boshqa guruh avtobusga o‘t qo‘yadi — faollar yonayotgan transportdan arang qutulib qoladi.

Janubiy shtatlardagi zo‘ravonliklar “ozodlik reydlariga” nuqta qo‘yishi kerak edi, ammo vaziyat o‘zgarib ketadi. Yangi faollar paydo bo‘ladi, yangi avtobuslar jo‘natiladi va hujumlar ham davom etadi. Reydlar 1961-yil yozga qadar davom etadi. Natijada aksiya ayrim muassasa va transportda nafaqat segregatsiyaning bekor bo‘lishiga, balki mamlakat janubidagi tengsizlikka keng jamoatchilik e’tibori tushishiga olib keladi. Teng huquqlilik uchun kurashgan harakat va Martin Lyuter Kingga ergashadiganlar soni ortib boradi.

Olbani va Birmingem

Martin Lyuter King 1961-yil dekabrda Jorjiya shtatidagi Olbani shahrining qora tanlilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mahalliy harakatiga yordamga keladi va qaqshatqich mag‘lubiyatga uchraydi. King tomonidan tashkillashtirilgan segregatsiyaga qarshi tinchlik namoyishlari shahar politsiya boshlig‘ining ommaviy hibsga olishlar taktikasiga duch keladi. Natijada namoyishchilarning bir qismi politsiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlarga borish kabi radikal usullardan foydalanishni boshlaydi. Olbanidagi kampaniya vaqtida shahardagi qora tanli aholining 5 foizga yaqini hibsga olinadi, Kingning o‘zi ham uch marotaba qamoqqa tushadi.

Olbanidagi mag‘lubiyatdan keyin ko‘pchilikka ma’lum Birmingemdagi kurash boshlanadi: Martin Lyuter Kingni bu yerda mahalliy ruhoniy hukumatga, ayniqsa, “Buqa” laqabli politsiya boshlig‘i Teofil Yujin Konnorga qarshi turishda yordam berishga chaqiradi.

Martin Lyuter King pichoqlanganidan keyin shifoxonada
Foto: AP Photo

1963-yilning aprelida Birmingemda birinchi ish tashlashlar boshlanadi — uning ortidan hibsga olish avj oladi. Shundan so‘ng King norozilik namoyishini o‘tkazadi va tarafdorlari bilan yana panjara ortidan joy oladi. Hibsdaligida u o‘zining mashhur “Birmingdek qamoqxonasidan maktub”ni yozadi.

Sakkiz kundan keyin garov evaziga ozod qilingan King navbatdagi namoyishlarga o‘smirlar va talabalarni jalb etadi. “Buqa” Konnor boshchiligidagi politsiyachilar namoyishchilarga qarshi vodomyotlardan foydalanadi, itlarni ularga qarshi qo‘yib yuborib, jismoniy kuch ishlatadi — ertasi kuni Amerika gazetalari itlar ishlayotgan va politsiya kaltaklayotgan Birmingem bolalar suratlarini chop etadi. Vaziyatga Oq uy aralashishga majbur bo‘ladi.

Prezident Kennedi Birmingemga fuqarolik huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Berk Marshallni yuboradi va shundan keyin mahalliy hukumat namoyishchilar bilan muzokaralar o‘tkazishga rozi bo‘ladi. 10-may kuni “Yarashuv bo‘yicha Birmingem kelishuvi” imzolanadi, faollarning talablari qanoatlantiriladi, segregatsiya tarafdorlari esa norozi: radikallar King yashagan mehmonxonada portlash uyushtiradi, ukasining uyi portlatib yuboriladi, to‘rt oydan keyin shahardagi baptistlar cherkovida ham portlash ovozlari eshitiladi — unda to‘rt nafar yosh qiz halok bo‘ladi. “Ku-Kluks-klan”ning bunga aloqador ikki a’zosi 2001-yilda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Vashingtonga yurish

Birmingemdagi namoyishlar AQSH poytaxtida ham ommaviy aksiyalarni tashkillashtirishga turtki bo‘ladi, 1963-yil yozida prezident Kennedi Kongressga irqiy kamsitish to‘g‘risidagi qonun loyihasini yuboradi, jamoatchilik kongressmenlarga ushbu qonun loyihasini qabul qilish kerakligini ko‘rsatishi kerak edi.

Irqchilikka qarshi marsh
Foto Wikipedia

28-avgust kuni mamlakat bo‘ylab 250 mingga yaqin odam — oq va qora tanlilar — Vashingtonda to‘planadi. Tashkilotchilik bilan faqatgina Kingning “Janubiy xristian liderlik konferensiyasi” shug‘ullanmagan: kasaba uyushmalari, huquq himoyachilari va diniy guruhlar ham bunga qo‘shilgandi. Aksiyani shartli ma’qullagan holda davlat rahbari ham ular tarafida bo‘ladi: Kennedi marshni zo‘ravonlikka olib kelmaslik sharti bilan qo‘llab-quvvatlaydi va bosh prokuror, ukasi Robertga tadbir xavfsizligini ta’minlash vazifasini yuklaydi.

Avvaliga marshni Vashingtonda Kapitoliy bo‘ylab o‘tkazish rejalashtiriladi, biroq kongressmenlar o‘zini “tuzoqdagidek” his qilmasliklari uchun boshqa yo‘nalish tanlanadi. Buning o‘rniga tashkilotchilar Avraam Linkoln haykali tomon otlanadi — aynan shu yerda Martin Lyuter King “Mening orzum bor” nomli nutqini irod etadi.

Nutqi davomida King orzusi — odamlar terisining rangidan qat’i nazar teng tug‘ilgan davlat haqida gapiradi. U janubdagi eng konservativ davlatlar ham o‘z siyosatini o‘zgartirishiga ishonishini aytadi.

Ushbu marshning foydasi juda katta bo‘ldi. 1964-yilda amerikalik kongressmenlar segregatsiyaning noqonuniyligi va irqiy jihatdan diskriminatsiyani tan oluvchi fuqarolik huquqlariga oid qonunni qabul qiladi. 14-oktabrda Martin Lyuter Kingga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini topshirishadi — bu vaqtda u mukofotning eng yosh laureatiga aylangandi.

Kingning o‘limi

King ovoza bo‘lgan oxirgi g‘alabasiga Alabama shtatida erishadi: 1965-yilda mahalliy gubernator Jorj Uolles qora tanli fuqarolarni saylovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortadi va natijada tabiiy noroziliklar yuzaga keladi.

Alabamada King Selma shahrida shtat markazi — Montgomeriga qadar marsh tashkil etadi, ammo uning o‘zi bu vaqt Atlantada bo‘lgani bois unda shaxsan ishtirok eta olmaydi. Uning yo‘qligida namoyishchilar Edmund Pettus ko‘prigida shtat qo‘shinlari bilan to‘qnashadi. Ko‘prikda to‘plangan oq tanli tomoshabinlar qarsaklari ostida askarlar olomonni dubinkalar bilan kaltaklab, ko‘zni yoshlantiruvchi gazlardan foydalanadi. Marsh ishtirokchilari chekinishni boshlagach, otliq politsiya faollarni quvlab, kaltaklashni davom etgan. Natijada Amerika OAVlari mazkur voqeani “qonli yakshanba” deb ataydi.

Oq va qora tanlilar uchun ajratilgan rakovina
Foto: Wikipedia Commons

Birinchi marshdan keyin King ikkinchisini tashkil etadi va bu safar odamlarga o‘zi boshchilik qiladi: Edmund Pettus ko‘prigida yana eski voqea takrorlanadi — namoyishchilar qo‘shinlarga duch keladi, ammo to‘qnashuv yuz bermaydi. Shunday qilib, Alabamadagi voqealar qora tanlilarning saylov huquqi masalasini Kongress darajasida ko‘rib chiqilishiga sabab bo‘ladi — o‘sha yilning o‘zida parlament ovoz berishda diskrimatsiyani taqiqlovchi qonunni qabul qiladi.

1968-yilning mart oyida King Memfisga (Tennessi shtati) borib, u yerda chiqindi tashuvchi qora tanli ishchilarning ish tashlashini qo‘llab-quvvatlaydi. Ishchilar 1968-yilning 11-fevral kuni teng to‘lanmayotgan ish haqi va ish sharoitiga norozilik bildirib, namoyish o‘tkazgan edi. U vaqtlarda qora tanli ishchilarga oq tanlilarga nisbatan ancha kam haq to‘langan. Bundan tashqari, qora tanlilar noqulay ob-havo sabab uyida qolgudek bo‘lsa, oq tanli hamkasblaridan farqli o‘laroq o‘sha kunga maosh olmasdi. Shu bois qora tanli ishchilar turli bo‘ron va yog‘ingarchiliklarda ham ishga chiqishga majbur bo‘lardi.

28-mart kuni King norozilik marshiga boshchilik qiladi, biroq u politsiya tomonidan kuch ishlatilgan holda tarqatib yuboriladi. “Agarda men zo‘ravonlik sodir bo‘lishini bilganimda, ushbu marshni bekor qilgan bo‘lardim”, — deya afsuslangan King.

Yangi marsh aprel oyiga rejalashtirilgan. 3-aprel kuni King yana Memfisga yo‘l oladi. Samolyot kech havoga ko‘tarilgan. Parvozdan oldin uchuvchi yo‘lovchilardan uzr so‘raydi: “Sizlardan kechirim so‘rayman, gap shundaki, biz bilan doktor Martin Lyuter King uchmoqda. Shu sababli barcha yuklarni tekshirishga majbur bo‘ldik. Samolyotga hech narsa bo‘lmasligiga ishonch hosil qilish uchun barchasini yaxshilab tekshirdik. Parvozdan oldin kechasi bilan samolyot yaxshilab qo‘riqlangan”.

Foto: Wikimedia Commons

Kechasi Memfisdagi cherkovda so‘zga chiqqan King buni eslab, ovoz chiqargan holda hayot va o‘lim haqida mushohada qila boshlaydi:

Mana, men Memfisga yetib keldim. Bu yerda menga tahdid borligini, nosog‘lom oq tanli inilarimiz menga biror narsa qilishi mumkinligini aytishmoqda. Endi nima sodir bo‘lishini bilmadim. Oldinda bizni og‘ir kunlar kutib turibdi… Hamma qatori men ham uzoq umr ko‘rishni xohlayman. Uzoq umr ko‘rishning o‘ziga yarasha afzalliklari bor. Ammo hozir meni bu tashvishga solmayapti. Faqatgina Xudoning irodasini amalga oshirsam deyman. U menga tog‘ga ko‘tarilish imkonini berdi. U yerdan va’da qilingan yerni ko‘rdim. Balki u yerga sizlar bilan birga tushmasman, ammo biz xalq sifatida ushbu va’da qilingan yerga erishamiz. Mana, bugun kechasi men baxtliman. Meni hech narsa tashvishga solmayapti. Hech kimdan qo‘rqmayman…”.

King odatda qora tanlilarga tegishli dahalardagi mehmonxonalarda tunash uchun qolardi. Bu safar ham u shunday yo‘l tutib, tadbirkor Uolter Beyliga tegishli “Loreyn” motelida to‘xtaydi. 4-aprelda King kun bo‘yi xonasidan chiqmay, ishlari bilan shug‘ullanadi. Uni va yordamchilarini mahalliy ruhoniy kechki ovqatga taklif qilgandi. King nomeridan chiqadi va zinada do‘sti Ralf Abernetlini kutib qoladi.

Mehmonxona oldidagi avtoturargohda King kechki ovqatda musiqa chalishi kerak bo‘lgan Bent Branchga duch keladi. “Ben, o‘tirishda ‘Xudoyim, meni qo‘limdan tut’ni ijro etib bergin. Men uchun imkon boricha yaxshiroq chalgin”, — deydi va chalqanchasiga yiqiladi.

Yaralangan Martin Lyuter King
Foto: AP Photo

Miltiqdan uzilgan o‘q uning o‘ng bo‘ynidan kirib, bo‘yin umurtqasini va pastki jag‘ini yorib chiqib ketgandi. Bir necha daqiqa ichida u operatsiya stoliga yetkazilgan, biroq hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmaydi.

Kingning vafoti ommaviy tartibsizliklarni yuzaga keltiradi. Yuzlab shaharlarda qora tanlilar norozilik namoyishlariga chiqadi, do‘konlar o‘marilgan, oynalar sindirilgan, mashinalarga o‘t qo‘yilgan. Politsiya jahl otiga mingan minglab insonlarga qarshi turishga qodir emasdi, shu sababli hukumat harbiylarni jalb etishga majbur bo‘ladi. Vashingtonning o‘zida mingdan ortiq binoga o‘t qo‘yib yuborilgandi.

King o‘ldirilganidan ikki oy o‘tgach, Londonda Jeyms Erl Rey hibsga olinadi. Sudya chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa, uning jazosini yengillatishga va’da beradi, biroq 99 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida hukm o‘qilishi bilan u Kingni o‘ldirmaganini ma’lum qiladi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »