Xitoyda bolalarning telefondan foydalanishi cheklanishi mumkin
Xitoyda bolalar onlayn o‘yinni kamroq o‘ynashi uchun ularga telefondan foydalanishni cheklash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Tashabbusga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga soat 22:00 dan 06:00 gacha mobil internetdan foydalanish taqiqlanadi. Xitoyning Kibermakon ma’muriyati mobil qurilma sotuvchilaridan telefonlarda shunday rejimni sozlashlarini xohlayotganini aytdi.
Smartfonlarning o‘zidan foydalanish vaqti ham cheklangan bo‘ladi, ya’ni 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar kuniga 40 daqiqagacha, 16-17 yoshlilar esa 2 soatgacha foydalanishi mumkin. Har yarim soatda qurilma foydalanuvchisiga tanaffus qilish zarurligini eslatishi kerak.
Qoidalar loyihasi Xitoyning onlayn o‘yinlarning bolalar va o‘smirlarga taʼsirini cheklash siyosatining davomi hisoblanadi. Rasmiylar buni 2023-yil sentabrigacha muhokama qiladi.