Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

4-avgustdan 5-avgustga o‘tar kechasi XX asrning mashhur aktrisasi Merilin Monro vafot etadi. Ko‘rinishidan, u orzu qilish mumkin bo‘lgan hamma narsaga ega edi, lekin uning hayotini baxtli deb bo‘lmasdi. Jozibador ko‘rinish, sodiq muxlislar va olamshumul mashhurlik aktrisaning baxtli bo‘lishiga yordam bera olmaydi.

Foto: Getty Images

Og‘ir o‘tgan bolalik

Merilin Monro 1926-yil 1-iyunda Los-Anjelesda tug‘ilgan. Sohibjamol mallasochning haqiqiy ismi — Norma Jan Mortenson. Bo‘lajak yulduzning ota-onasi uchun uning tug‘ilishi quvonchli voqea emasdi. Uning onasi Gledis Perl Beyker homilador bo‘lishidan oldin otasi bilan ajrashgan, shuning uchun u qizining hujjatlarida ikkinchi erining ismini ko‘rsatgan. Voyaga yetganida Monro bir necha bor o‘z otasi bilan bog‘lanishga harakat qiladi, lekin otasi uni hayotiga qo‘yishni xohlamaydi.

Foto: Getty Images

Bo‘lajak yulduzning bolaligi og‘ir kechadi: na onasi, na buvisi uni tarbiyalashni xohlamagan. Shuning uchun Merilin boshpanalarda yashagan yoki homiylik ostidagi oilalarda yurgan. U hayotining dastlabki yetti yilini uning vaqtinchalik vasiylari bo‘lgan Albert va Ida Bolenderning uyida o‘tkazadi. Shunga qaramay, Gledis vaqti-vaqti bilan qizidan xabar olib, uni pul bilan ta’minlab turadi. Bir kuni ayol qizini olib ketishga qaror qiladi. O‘sha vaqtda onasi kichkina kvartira sotib olgandi, endi ular birga yashashlari mumkin edi.

Foto: Getty Images

O‘sha paytda Monroning hayoti yaxshilana boshlaganga o‘xshardi, ammo tez orada Gledis ruhiy kasallikka chalinadi. Unga shizofreniya tashxisi qo‘yilib, davolanishga yuboriladi. Merilin esa yana mehribonlik uyiga qaytishga majbur bo‘ladi — u onasining eng yaqin dugonasi tomonidan olib ketilgunga qadar bir nechta oilada yashaydi. Biroq ayolning eri Merilinni bir necha bor zo‘rlashga uringach, bo‘lajak aktrisa xolasinikiga ko‘chib o‘tadi. Albatta, boshdan kechirgan barcha sinovlar o‘z asoratini qoldiradi — Merilin duduqlana boshlaydi va bu nuqsonini bartaraf etish uchun unga bir necha yil kerak bo‘ladi.

Kino olamiga kirib kelishi

Foto: Getty Images

Ruhiy kasalikka chalinmasdan oldin Merilin Monroning onasi kinostudiyada montajchi bo‘lib ishlagan. Biroq bo‘lajak aktrisa butunlay boshqa sohada ishlay boshlaydi. 17 yoshida u Padioplane Co aviatsiya zavodiga ishga kiradi. O‘shanda Monro modellik karyerasi aynan shu yerda boshlanishini xayoliga ham keltira olmasdi. Shunday qilib, 1945-yilda unga bir qator tashviqot plakatlarida suratga tushish taklif qilinadi. Harbiy fotograf Devid Konover qizning go‘zalligiga e’tibor qaratib, uni suratga tushishga taklif qiladi. Merilin o‘ylab ham o‘tirmay, korxonadagi ishini tashlab, yaxshi daromad keltiradigan fotosessiyalarda qatnasha boshlaydi. Xuddi shu yili u Blue Book modellik agentligi bilan shartnoma imzolaydi.

Foto: Getty Images

Asta-sekin Merilin Monroning tashqi ko‘rinishi o‘zgara boshlaydi. U karyera zinapoyasida yuqoriga ko‘tarilish uchun jozibador obrazga ega bo‘lishi kerakligini tushunadi. Shunday qilib, jigarrang sochli qizdan mallasoch sohibjamolga aylanadi. Aytgancha, mos rangni topish uchun vizajist aktrisaning sochlarini 12 martadan ko‘proq sariq rangga bo‘yagan. Biroq natija shunga arziydi.

Foto: Getty Images

Yangi Merilin Monro e’tiborni tortmay qolmaydi. Bir kuni 20th Century Fox studiyasi rahbari Ben Lyon uni ko‘rib qoladi va kastingga taklif qiladi. Aktrisa, albatta, bu taklifni qabul qiladi. Bundan tashqari, u doimo aktrisalik karyerasini orzu qilgandi. Mashhur kinokompaniya bilan hamkorlik qila boshlagach, ismini taniqli taxallusga — aktrisa Merilin Miller sharafiga o‘zgartiradi. U yangi ismga onasining qizlik familiyasini qo‘shishga qaror qiladi.

Uzoq kutilgan omad

Foto: Getty Images                                                                                                       

Avvaliga Merilin Monroga epizodik rollarni taklif qilishadi, lekin u vaqtini behuda sarflamaydi. Mashhur mallasoch o‘jarlik bilan raqs va vokal bilan shug‘ullanadi, shuningdek, boshqa aktyorlar ijrolarini tomosha qilib, ularning harakatlarini nusxalaydi. Natija uzoq kutilmaydi: 1947-yilda yulduz “Xordagi qizlar” musiqiy filmidagi birinchi asosiy rolini o‘ynaydi. Ammo bundan keyin boshqa takliflar tushmaydi va 20th Century Fox studiyasi hamkorlikni to‘xtatadi. Biroq tez orada Monroga boshqa kinokompaniya Columbia Pictures qiziqib qoladi.

Foto: Getty Images

1950 yilda Merilin “Asfaltli changalzor” filmida kichik rol o‘ynaydi. Keyin u “Tundagi to‘qnashuv”, “Taqillatmasang ham bo‘ladi”, “Sevgi uyasi”, “Qanday qilib millionerga turmushga chiqish kerak” kabi filmlarda ishtirok etadi. Ammo haqiqiy mashhurlik unga “Jentlemenlarga mallasochlar yoqadi” lentasi chiqqandan keyingina keladi. Tez orada yuqori darajadagi loyihalar, jumladan, “Jazzda faqat qizlar”, “Yettinchi kun qichimasi” va boshqa ko‘plab loyihalarda ishtirok etadi.

Foto: Getty Images

Ko‘pchilik uning ekrandagi obraziga o‘rganib qolgan, shuning uchun ular aktrisani boshqa rolda tasavvur eta olmasdi. Biroq Merilinning o‘zi jiddiyroq rollarni kutayotgan edi. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki Monroning IQ darajasi 168 ball bo‘lgan. U nafaqat o‘qishni, balki kitob yig‘ishni ham yaxshi ko‘rardi. Shunga qaramay, rejissorlar uning istaklarini e’tiborga olmay, o‘z fikrlarida qolishadi.

“Gollivud bu — birgina o‘pich uchun 1 000 dollar, qalbingiz uchun 50 sent to‘lanadigan joy”, — deb tan olgan Merilin.

Monroning shaxsiy hayoti

Foto: Getty Images

Ammo mashhur aktrisaning shaxsiy hayoti havas qilarli emasdi. Merilin Monro birinchi marta qo‘shnisi Jeyms Dagertiga turmushga chiqadi. O‘shanda aktrisa atigi 15 yoshda edi va bu nikoh yetimxonaga qaytmasligiga imkon berardi. Biroq ularning nikohi bir necha yil davom etadi xolos. Dogerti xotinining maqsadlarini qo‘llab-quvvatlamagach, Monro boshqa hayotni tanlashga qaror qiladi.

Foto: Getty Images

Merilinning ikkinchi eri beysbolchi Jo Di Majio edi. Biroq to‘ydan 9 oy o‘tgach, er-xotin ajrashishadi. Ajrashishning sababi aktrisaning haddan tashqari rashki edi. Di Majio his-tuyg‘ularini jilovlay olmaydi va xotiniga qo‘l ko‘tara boshlaydi. 1955-yilda Monro dramaturg Artur Miller bilan munosabatlarni qonuniylashtiradi. Sevgilisi uchun aktrisa yahudiylikni qabul qiladi, ammo bu nikoh ham unga baxt keltirmaydi. Merilin ona bo‘lishni orzu qilgan, ammo uning barcha urinishlari homila tushishi bilan yakunlangan. Bu muammolarning barchasi endometrioz — aktrisa azob chekkan ginekologik kasallik tufayli yuzaga kelgan.

Foto: Getty Images

Merilin Monro ko‘plab taniqli erkaklar bilan ishqiy munosabatda bo‘ladi. Mish-mishlarga ko‘ra, u AQSH prezidenti Jon Kennedi bilan ham yaqin bo‘lgan. Ular yashirincha uchrashib yurishadi, ammo 1962-yilda ularning munosabatlariga hech kim shubha qilmay qo‘yadi. O‘shanda aktrisa siyosatchining 45 yoshi nishonlangan kechada Happy Birthday, Mr. President qo‘shig‘ini kuylaydi.

Sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolari va sirli o‘limi

Foto: Getty Images

Farzandli bo‘lolmagani va shaxsiy hayotidagi muvaffaqiyatsizliklar nafaqat Merilin Monro hayotida chuqur iz qoldiradi, balki ruhiy muammolarni ham keltirib chiqaradi. Bu voqealarning barchasi aktrisaning spirtli ichimliklar va noqonuniy moddalarni iste’mol qilishga olib keladi. Bundan tashqari, Gollivud yulduzi dozani oshirib yuborganidan keyin bir necha bor kasalxonaga yotqizilgan. U, shuningdek, kuchli dorilarni ham qabul qilgandi.

“Biz uning manikal-depressiv psixoz kasalligi borligini bilardik, hozirda u bipolyar deb ataladi”, — deydi aktrisaning davolovchi shifokori Hayman Engelberg.

Monro ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolarni yengish uchun kurashadi. Merilin haftasiga besh marta psixiatr suhbatiga tashrif buyuradi, ammo yana bir asabiy tushkunlikdan so‘ng uni Peyn Uitni psixiatriya klinikasiga yotqizishadi.

Foto: Getty Images

Aktrisaning ishlashi tobora qiyinlashadi. U ssenariydagi so‘zlarini eslay olmasdi, shuning uchun bir sahnani bir necha marta suratga olishga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, o‘sha paytda Merilin qattiq depressiyani boshdan kechiradi. Bularning barchasi ayanchli oqibatlarga olib keladi.

Foto: Getty Images

1962-yil 4-avgustdan 5-avgustga o‘tar kechasi Monro o‘z yotoqxonasida qo‘lida telefon go‘shagi bilan o‘lik holda topiladi. Ekspertizga ko‘ra, uning o‘limiga barbituratning ortiqcha dozasi sabab bo‘lgani aniqlanadi. Biroq o‘z joniga qasd qilishning aniq sabablari hozirgacha noma’lum. Fitna nazariyotchilari Merilinni o‘ldirishgan deb hisoblashadi. Bir versiyaga ko‘ra, Kennedilar oilasi ular o‘rtasidagi munosabatlarni yashirishni istagan. Boshqalar esa mallasoch FBI yoki Markaziy razvedka boshqarmasi buyrug‘i bilan o‘ldirilganiga amin. Zo‘ravonlik izlari topilmagan bo‘lsa-da, Merilin Monroning o‘limi sababi haligacha oshkor etilmagan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »