Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Butun dunyo bo‘ylab muxlislarning qalbini zabt etishga muvaffaq bo‘lgan noodatiy qo‘shiqchi Madonna 16-avgust kuni o‘zining 65 yoshini nishonlamoqda. U ajoyib vokal qobiliyatiga ega bo‘lmasa-da, tarixdagi eng mashhur qo‘shiqchilardan biriga aylandi. U o‘z oldiga muvaffaqiyatga erishishni maqsad qilib qo‘ydi va yo‘lidagi har qanday to‘siqlarga e’tibor bermasdan, tizimli ravishda harakat qildi.

Ichki ziddiyatlarga qarshi kurash

Madonna (onasining qo‘lida) ota-onasi va katta akalari bilan
Foto: www.puroshow.com

Besh yoshida Madonna onasidan ayriladi — Madonna Luiz Chikkone oltinchi farzandi tug‘ilgandan ko‘p o‘tmay ko‘krak saratonidan vafot etadi. Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda u o‘zini jannatdan haydalgandek his qilgan. Xuddiki u yomon ish qilgan-u, shuning uchun undan eng qadrli insoni tortib olingandi. Bolalikdagi yolg‘izlik va tashlandiqlik hissi uni ko‘p yillar davomida ta’qib qiladi. O‘shanda uning yonida faqat otasi bor edi — jajji Madonna otasining ayriliq azobini qanday yumshatishga harakat qilganini eslaydi. U dunyoda uning his-tuyg‘ulari haqida qayg‘uradigan yagona odam edi. Ikki yildan keyin otasi yana uylanganida, qiz otasini yangi xotinidan qizg‘anmaydi. Qaytaga unga yordam bera boshlaydi. Otasi har doim uning istaklarini qadrlagan, u qiziga qanday minnatdorlik bildirishni bilar edi.

Madonna bolaligida
Foto: www.puroshow.com

Boshqa tomondan, Madonna bolaligidanoq har doim otasining ko‘nglini olishga harakat qilgan — o‘zi 65 yoshda, otasi esa 92 yosh bo‘lsa ham haligacha shunday. Xonanda otasini xafa qilishni xohlamaydi, shuning uchun hatto bolaligida ham qiyinchiliklari haqida gapirmagan. Tasavvur qilish qiyin, lekin bolaligida Madonnaning tengdoshlari uni unchalik yaxshi ko‘rishmagan. O‘rta maktabga o‘tganida esa butunlay yakkalanib qoladi, u umume’tirof etilgan standartlardan juda farq qilardi. Tashqi ko‘rinishidan millionlab qizlarga o‘xshardi, lekin ichki dunyosi bilan ulardan farqlanib turardi.

Madonna bolaligida
Foto: www.puroshow.com

Tengdoshlari uni urib-kaltaklashadi, haqorat qilishadi, ustidan kulishadi. Ammo u tengdoshlariga yuqoridan qarardi va Gustav Maler musiqasi naqadar go‘zal ekanligini bilmagan odamlar qanchalik ahamiyatsiz deb o‘ylardi. Yaxshiyamki, hech kim Madonnaning ruhini sindira olmaydi va tez orada uning hayotiga raqs san’ati kirib keladi. Bo‘lajak yulduz raqsga boshi bilan sho‘ng‘iydi va boshqacha bo‘lish kerakligi haqida o‘ylashni to‘xtatadi. Otasi hech qachon uning o‘zini ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilmagan, qizi xohlamagan narsalarga aralashmaslikka harakat qilgan. U qizini boricha yaxshi ko‘rardi.

Mashhurlik cho‘qqisi sari

Foto: www.puroshow.com

Maktabni tugatgandan so‘ng, Madonna Michigan universitetida balet bo‘yicha tahsil oladi, lekin u minglab raqqosalardan biri bo‘lishni xohlamasligini tushunadi. Hammasini tashlab, karyera qilish umidida Nyu-Yorkka ketadi. Ammo otasi qizini shifokor yoki advokat sifatida ko‘rishni xohlardi. Shu sababdan ham u barcha qiyinchiliklarini otasiga bildirmaydi, hech qachon nolimaydi. Muvaffaqiyatli karyeraga erishgach, otasi bilan munosabatlarda yuzaga kelgan muammolarni yumshatishga umid qiladi.

Nyu-Yorkdagi birinchi yillarda Madonna juda muhtojlikda kun kechiradi, har qanday joyda ishlab ko‘radi — san’at studiyasida modellik qiladi, shirinliklar sotadi.

Foto: www.puroshow.com

Uning 1982-yilda chiqqan “Everybody” nomli birinchi singli tanqidchilar e’tiboriga tushmaydi, ammo Qo‘shma Shtatlarda hit bo‘ladi. Bir yil ichida uning “Holiday” qo‘shig‘i Amerika, Avstraliya va Buyuk Britaniyadagi musiqiy chartlarga kiradi. Bu uning mashhurlik sari birinchi qadami edi. Keyinchalik “Like” va “Virgin” qo‘shiqlari Madonnani Amerika hit-paradining birinchi qatoriga ko‘taradi. Ular Madonna fenomeni haqida gapira boshlashadi.

Foto: www.puroshow.com

Uning o‘zi ham ajoyib vokal qobiliyatiga ega emasligini bir necha bor aytadi. U bolaligida otasidan olgan maslahatini umrining oxirigacha yodida saqlaydi: agar hech narsaga chalg‘imasdan, to‘rt kun ketma-ket bitta narsani qilsang, maksimal natijaga erishasan. To‘g‘ri, muvaffaqiyatga erishish uchun unga to‘rt kundan ko‘proq vaqt kerak bo‘ldi, lekin u doimo bu tamoyilga amal qiladi. Uning ishtirokidagi “Syuzan” filmi chiqqanida, hatto u bilan suratga olish maydonchasida ishlagan tajribali aktyorlar ham Madonnaning qobiliyatidan hayratda qolishgan. U holdan toyganiga qaramay, biror sahna o‘xshamasa, uni qayta-qayta takrorlardi.

Foto: www.puroshow.com

Xonanda birin-ketin bir-biriga o‘xshamaydigan hit albomlar chiqaradi, u har doim yangi narsalarni qidirardi. U o‘rganishdan qo‘rqmasdi va agar biror narsani tushunmasa, doim mutaxassislarga murojaat qilardi. Boshqa mashhurlar spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar yordamida dam olayotganda, u sport zalida mashq qiladi, yoga bilan shug‘ullanadi va noqonuniy moddalarning yaqiniga ham yo‘lamaydi. Madonna o‘z qobiliyatining chegarasigacha ishlaydi va uning turmush tarzi ishdan farqli o‘laroq tinch-osoyishta edi.

U ichmasdi, chekmasdi, hashamatli ziyofatlar uyushtirmasdi va bundan faxrlanardi. Madonna hech qanday qaramlikka toqat qilmaydi, bunga u televizorni ham qo‘shadi. Bugungi kunda ham u televizorni tasavvurni cheklash deb biladi, shuning uchun u bolalariga ekran qarshisida ko‘p o‘tirishga ruxsat bermaydi, garchi u buni butunlay taqiqlamagan bo‘lsa ham.

Foto: www.puroshow.com

Asosiy qonun

Madonna — pop madaniyatning yorqin yulduzi. U atrofidagilarni mohirona manipulyatsiya qilardi, shon-shuhratining nurlarida cho‘milardi, lekin shu bilan birga hayotini shon-shuhratiga bo‘ysundirishni to‘xtatganini tan oladi. Bir vaqtlar u bir daqiqaga kechikib kelgan limuzin yoki restoranda noto‘g‘ri rangdagi sochiq ustida janjallashgan ham. Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, uning barcha injiqliklari va g‘ayrioddiy janjallari shunchaki o‘zini namoyon qilishga urinish edi. U millionlarning kumiri, hayratlanarli yulduz, mustaqillik timsoli edi — yuragining tub-tubida bir vaqtlar bolaligida bo‘lgani kabi yana jannatdan haydalishdan qo‘rqqan qizaloq bor edi.

Foto: www.puroshow.com

Madonna doimo bosim ostida edi, u o‘zining shon-shuhratiga haqiqatan ham ishonmasdi, uning qulog‘idan ushlab, tanlanganlar jamiyati eshigidan olib ketishlaridan qo‘rqardi. Har safar qandaydir arzimas narsalar tufayli janjal uyushtirganda xohish-istaklari qondirilsa, yengil tortardi. Keyin u birdan shon-shuhratdan charchadi, shunchaki yashashni va eng oddiy narsalardan zavqlanishni boshladi.

Madonna otasi bilan
Foto: www.puroshow.com

O‘shanda xonanda o‘zi uchun xulosa chiqardi: hech kimni bezovta qilmaydi, hech kimni qoralamaydi, o‘z muammolari uchun boshqalarni ayblamaydi, uzr so‘ramaydi, so‘rattirmaydi ham. Ko‘p yillar davomida u ushbu qonunga muvofiq yashab kelmoqda. U boshqalarga va o‘ziga har narsani isbotlashni to‘xtatdi, ma’lum bir uyg‘unlikka erishdi va jamoatchilik fikridan qat’i nazar, baxtli bo‘lishni o‘rgandi.

2023-yil iyun oyi oxirida gastrol safariga hozirlik ko‘rayotgan Madonna bakterial infeksiya tufayli kelib chiqqan septik shok bilan reanimatsiyaga tushganida yaqinlari va ko‘plab muxlislarini jiddiy qo‘rqitdi. Bir necha kun davomida qo‘shiqchi hayot va o‘lim yoqasida edi — oilasi eng yomon oqibatlarga ham tayyor turgandi. Ammo Madonna tuzalib ketgach, sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘la boshladi.

Foto: www.puroshow.com

U jahon gastrollariga tayyorgarlikni davom ettirdi, ammo endi ovqatlanish va sport mutaxassislarining maslahatlariga ko‘proq ahamiyat bera boshladi. U nogironlar aravachasida sahnaga chiqishiga to‘g‘ri kelsa ham, yubiley gastrollarini amalga oshirish niyatida.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »