Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Ko‘pchilik milliarder ayol haqida eshitganda darhol eng so‘nggi urfda kiyingan, mukammal soch turmagi va makiyajdagi ayolni tasavvur qiladi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra sayyoradagi eng boy ayollar qanday ko‘rinishga ega ekanligini ko‘ramiz.

L’Oreal merosxo‘ri — Fransuaza Bettenkyur-Meyers

2023-yilda Forbes ro‘yxatining birinchi o‘rnini L’Oreal kosmetika kompaniyasi asoschisining nabirasi Fransuaza egalladi. Uning boyligi 80,5 milliard dollarga baholanmoqda. Merosxo‘r hashamatli hayotidan butunlay voz kechadi va o‘zini bolalarini tarbiyalashga, pianino chalishga va Bibliyaga sharhlar yozishga bag‘ishlaydi. Suratdan 70 yoshli milliarder vizajist va sartarosh xizmatlaridan foydalanmasligini ko‘rish mumkin. Yengil makiyaj, yoyilgan yoki oddiy qilib yig‘ilgan soch, pidjak va yorqin rangdagi sharf — milliarder ayol odatda shunday yuradi.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Eng boy beva ayol — Juliya Kox

Erining o‘limidan so‘ng Juliya bolalari bilan Koch Industries kompaniyasining 42 foizini meros qilib olgan. Ammo ayol hayotida boy biznesmen paydo bo‘lishidan oldin moda olamida o‘z karyerasini qurayotgan edi. Milliarder modelyer Adolfo Sardiniyaning shaxsiy yordamchisi bo‘lib ishlagan, Met Gala’da ishtirok etgan, keyinroq Vogue bosh muharriri Anna Vintur bilan hamkorlik qilgan. 61 yoshli merosxo‘r hozirda Koch Industries direktorlar kengashini boshqaradi va sokin hayot tarzini olib boradi.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Shunisi e’tiborga loyiqki, Juliya muntazam ravishda go‘zallik saloniga tashrif buyuradi, zamonaviy kosmetologiyaning barcha muolajalaridan bahramand bo‘ladi. Tadbirlarga har doim qimmat brendlarda kiyinadi. Original va nafis liboslaridan uning badavlat ayol ekani darhol bilinadi.

Ulgurji va chakana savdo kompaniyasi asoschisining qizi — Elis Uolton

Otasining Walmart kompaniyasi aksiyalari o‘sganidan so‘ng Uoltonning boyligi 56,7 milliard dollarni tashkil qildi. Universitetdan so‘ng Elis kompaniyada ishlay boshlaydi va karyera zinapoyasidan ko‘tariladi. Ammo tez orada milliarder ayol biznesdan charchaydi va ot boqadigan ranchoga ko‘chib o‘tadi. O‘shandan beri Elis Uolton Walmart biznesida ishtirok etmaydi. Ijtimoiy tadbirlarda milliarder kamdan kam ko‘rinadi va kamtarona kiyinadi.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

“Shirin hayot” sohibasi — Jaklin Mars

1911-yilda Franklin Mars shirinlik kompaniyasiga asos soladi, shu tufayli bugungi kunda uning nabirasi Jaklin eng boy ayollar ro‘yxatida turibdi. Hozirda ham milliarder ayol oilaviy tadbirkorlik va xayriya jamg‘armasini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. 2023-yilda Jaklinning boyligi 38,3 milliard dollarga baholandi. Milliardlarning egasi Mars brendining elchisiga o‘xshaydi: yorqin makiyaj, quyoshda toblangan yuz, quloq va bo‘yindagi qimmatbaho olmoslar, gulli kiyimlar uni boshqalardan ajratib turadi.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Siyosatdagi kuchli ayol va kazino egasi — Miriam Adelson

Miriam Adelson dunyodagi eng kuchli siyosiy ayollardan biri hisoblanadi, u 2012-yilgi saylovlar uchun 41,5 million dollar ajratgan. Shuningdek, isroillik ayol dunyodagi eng yirik kazino tarmoqlaridan biri — Las Vegas Sands korporatsiyasining hammuassisi hisoblanadi. 2023-yilda Miriamning boyligi 35 milliard dollarga baholandi. Bundan tashqari, u turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda giyohvandlikka qarshi tadqiqot va davolash klinikasiga asos solgan, bu hozirda dunyodagi eng yirik klinika hisoblanadi.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Milliarder har doim qimmatbaho matolardan tikilgan chiroyli kostyumlar, tekis qilib yoyilgan soch, ingichka gardishli ko‘zoynak va nim tabassum bilan ko‘chaga chiqadi.

“Hammasiga o‘zim erishganman” — Rafaela Aponte

Bugungi ro‘yxatda o‘z milliardlarini mustaqil ishlab topgan birinchi ayol — Rafaela Aponte. Italiyalik ishbilarmon ayol va uning turmush o‘rtog‘i Janluiji Aponte MSC yuk tashish kompaniyasining hammuassisi hisoblanadi. Er-xotin shaxsiy hayoti kabi biznesini ham reklama qilmaydi. Rafaela kemalarning ichki dizayni bilan shaxsan shug‘ullanadi. Milliarder kamdan kam hollarda omma oldiga chiqadi. Chiqqanda ham katta oltin taqinchoqlar, yorqin rangga bo‘yalgan ko‘zlar va qora libos — haqiqiy italyancha uslubni afzal ko‘radi.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Germaniyaning eng boy ayoli — Syuzanna Klatten

2023-yilda Syuzanna nemis avtomobil ishlab chiqaruvchi BMW’ning 19 foiz ulushiga egalik qiladi, uni ota-onasidan meros qilib olgan. Shuningdek, u Altana kimyo kompaniyasiga egalik qiladi, bu ham uning kapitaliga ta’sir qiladi. Eng boy nemis ayolining umumiy boyligi 27,4 milliard dollarni tashkil qiladi. 61 yoshli Syuzanna qisqa soch turmagini yoqtiradi, biznes kostyumlari va yumaloq sirg‘alarni afzal ko‘radi. Nemis ayoli kosmetik xizmatlardan foydalanadi va to‘g‘ri ovqatlanadi, chunki barcha fotosuratlarda nozik ko‘rinadi.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

“Karyerasini mashaqqat bilan qurgan” — Jina Reynxart

Jina biznesda provokator hisoblanadi, chunki u ko‘pincha turli vaziyatlar haqida juda qattiq gapiradi va qat’iy turmush tarzini targ‘ib qiladi. Otasi Hancock Prospecting Group temir rudasi biznesini qurgan. Ammo oila boshlig‘i vafotidan keyin kompaniyaning milliardlab dollarlik kapitali atigi 125 millionni tashkil etgan. Jinaning dadasi yana uylanadi va yangi sevgilisi boshini shu qadar aylantiradiki, Lang Xankok biznesidan voz kechadi. Jina bir necha yil ichida uni 29,17 milliard dollarga ko‘taradi. U o‘z farzandlarining hech birida biznesining munosib davomchisini ko‘rmaydi, shu sabab ularning merosga ega bo‘lish sanasini 2068-yilda — to‘ng‘ich o‘g‘li 92 yoshga to‘lganda deb, belgilab qo‘ygan.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Uzoq davom etgan sud jarayonlari Jina boyligining chorak qismini yo‘qotishiga olib keldi. 2023-yilda boyligi 27 milliard dollarga baholandi. Badavlat avstraliyalik o‘zining tashqi ko‘rinishiga e’tibor bermaydi: tabiiy qarish va oqargan sochlar, yengil-yelpi makiyaj va mos tushmaydigan kiyimlar. Ko‘rinishidan, u o‘zini biznesga 100 foiz bag‘ishlagan ko‘rinadi.

Ajrashgandan so‘ng milliarderga aylangan ayol — Makkenzi Skott

Amazon internet-do‘konining asoschisidan ajrashganidan so‘ng Makkenzi Skott 24,4 milliard dollarni qo‘lga kiritadi. Sobiq eri bilan milliarder biznes qurishning boshidanoq birga bo‘lib, uning o‘ng qo‘li edi. Makkenzi butun umri davomida yozuvchi bo‘lishni xohlagan, hatto “Lyuter Olbraytning sudlanishi” debyut romani uchun Amerika kitob mukofotini qo‘lga kiritgan. Biroq u kitobini sobiq erining platformasida nashr etishdan qat’iyan bosh tortadi. 53 yoshli milliarder tadbirlarga klassik liboslarda boradi, bu esa uning qomatini ta’kidlaydi. Kundalik hayotda esa paparatssilar milliarderni sport kostyumlari va hech qanday makiyajsiz yurganini ko‘p bora suratga olgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Ro‘yxatdagi oxirgi faxriy o‘rin — Iris Fontbona

Iris Fontbona Lotin Amerikasidagi eng boy ayol, chunki sanoatchi eri vafotidan keyin u butun merosga egalik qiladi. Metallurgiya kompaniyasidan tashqari, Irisning boyligi Xorvatiyadagi ikkita mehmonxona tarmog‘i, transport kompaniyalari qimmatli qog‘ozlari va turli aksiyalarni o‘z ichiga oladi. Milliarder hozirda 81 yoshda va u kompaniya ishlari bilan shug‘ullanishda davom etmoqda. Iris barcha tadbirlarda uning milliarder maqomini aniq tasdiqlaydi — tabiiy go‘zallikni, zamonaviy obrazlarni va ranglarning qiziqarli kombinatsiyasini, nafis zargarlik buyumlarini ta’kidlaydigan makiyaj buning isboti. Milliarderning boyligi 23,1 milliard dollarga baholandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »