Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Ukrainada Aleksey Reznikov o‘rniga yangi mudofaa vaziri Rustem Umerov tayinlanishi kutilmoqda. Umerov Rossiya bilan muzokaralarda qatnashgan. Reznikov iste’fosiga qanday omillar sabab bo‘ldi, Umerovning tayinlanishi frontdagi vaziyatga ta’sir qiladimi? Bu haqda Meduza maqola chop etdi.

Aleksey Reznikov
Foto: AFP

Aleksey Reznikov Ukraina mudofaa vaziri lavozimini tark etdi. Bu haqda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy urushning 557-kuni yakunlari bo‘yicha o‘z murojaatida ma’lum qildi.

“Men vazirlikka yangi yondashuvlar hamda harbiylar bilan va, umuman, jamiyat bilan ham hamkorlik qilishning boshqa formatlari kerak, deb hisoblayman”, — dedi Ukraina prezidenti.

Vazirlikni 2021-yil noyabridan beri boshqarib kelgan Reznikov 4-sentabr kuni ertalab rasman iste’foga chiqish haqida ariza berdi.

“Ukraina xalqiga xizmat qilish va so‘nggi 22 oy davomida, Ukrainaning zamonaviy tarixidagi eng og‘ir davrda Ukraina armiyasi uchun ishlash sharaf bo‘ldi”, — dedi u.
Foto: Telegram

Reznikovning mudofaa vaziri sifatidagi asosiy yutuqlaridan biri — g‘arbdagi ittifoqchilar fikrini o‘zgartira olgani bo‘ldi. Rossiya bosqini oldidan u AQSHga borib, Rossiya aviatsiyasiga qarshi kurashish uchun Stinger havo mudofaa tizimini so‘raganida, unga: “Yo‘q, Aleksey, buning iloji yo‘q” deb javob berishgan. Ammo oradan yarim yil o‘tib, Ukrainadagi urushda hatto G‘arb tanklari qatnashishni boshladi, Kiyev Amerikaning F-16 qiruvchilarini ham olishi kutilmoqda.

Rustem Umerov yangi mudofaa vaziri bo‘ladi. Uning nomzodini Zelenskiy ilgari surdi. Umerovning o‘zi allaqachon Ukraina Davlat mulki jamg‘armasi rahbari lavozimidan iste’foga chiqish haqida ariza bergan. Oliy Rada uni navbatdagi yalpi majlisda ko‘rib chiqadi. Umerov — kelib chiqishi qrim-tatar ukrainalik tadbirkor. Uning oilasi 1944-yilda Qrimdan Markaziy Osiyoga ko‘chirib yuborilgan. Umerov 1982-yil Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan. 1980-yillar oxirida qrim-tatarlarni vataniga qaytarish boshlanganida, Umerovlar oilasi Qrimga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.

U “Qrim tatarlari jamiyati” jamoat tashkilotining asoschilaridan biri, shuningdek, qrim-tatar xalqi yetakchisi Mustafo Jemilevning maslahatchisi bo‘lgan. 2019 — 2022-yillarda Umerov Oliy Radaning “Ovoz” fraksiyasidan deputat bo‘lgan, keyin esa Davlat mulki jamg‘armasini boshqargan.

Rustem Umerov (markazda)
Foto: Ukraina prezidenti ofisi

“Babel” ma’lumotlariga ko‘ra, Umerov don bitimini ishlab chiqishda ishtirok etgan, shuningdek, asirlarni almashish bilan shug‘ullangan. 2022-yil bahorida rasmiy Ukraina delegatsiyasi tarkibida Umerov Rossiya bilan Belarus va Turkiyadagi muzokaralarning bir necha raundida qatnashgan. Agentlikning xabar berishicha, 2022-yilning mart oyida Umerov zaharlangan va bir muddat delegatsiya tarkibidan chiqib ketgan.

Iste’fodan so‘ng Reznikov Ukrainaning Londondagi elchisi bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda iste’fodan bir necha kun oldin ukrainalik manbalar, jumladan, deputat Yaroslav Jeleznyak ham xabar qilgandi. Sobiq mudofaa vazirining o‘zi bunday imkoniyatdan “xabari yo‘q”ligini aytdi.

Mudofaa vazirining o‘zgarishi — Rossiyaning mamlakatga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Ukraina hukumatida sodir bo‘lgan eng yirik o‘zgarishdir, deb taʼkidlaydi The New York Times. Reznikovning iste’fosi, shuningdek, vazirlikdagi korrupsiya mojarolari va hal qiluvchi pallaga kirgan Ukraina qarshi hujumi fonida sodir bo‘ldi.

Reznikovning iste’foga chiqishi haqidagi ma’lumotlar birinchi marta 2023-yil boshida Ukrainada korrupsiya mojarolari tufayli bir necha yuqori martabali amaldorlar, jumladan, mudofaa vaziri o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilishi ortidan paydo bo‘lgandi. Keyingi bir necha oy ichida Ukraina Mudofaa vazirligi tomonidan harbiylar uchun oziq-ovqat va o‘q-dorilar yuqori narxlarda sotib olingani bilan bog‘liq bir qator janjallar ma’lum bo‘ldi va Reznikovning iste’fosi haqida yana gapirildi. NYT’ning Ukraina prezidenti ofisidagi manbasiga ko‘ra, Mudofaa vazirligi rahbariyatidagi o‘zgarishlar uchta sababga ko‘ra sodir bo‘lgan: Ukraina hukumati uzoq davom etgan urush tufayli yangi harbiy rahbariyat zarur deb hisoblaydi, Reznikov korrupsiya mojarolari fonida fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari tomonidan tanqid qilindi, bundan tashqari, uning o‘zi nafaqaga chiqish istagini bildirdi.

Mudofaa vazirining o‘zgarishi frontdagi vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi dargumon. Ukraina Mudofaa vazirligi armiyani resurslar bilan ta’minlash ishlarini olib boradi — xususan, safarbarlikni tashkil qiladi va qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarda qatnashadi. Resurslarga bo‘lgan ehtiyoj Bosh shtab tomonidan belgilanadi, ulardan jang maydonida foydalanish esa Ukraina Qurolli kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni tomonidan amalga oshiriladi. Bevosita urush maydonida jang qilayotganlardan faqat Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) Mudofaa vazirligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘ysunadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »