Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Yunon tragediyasining ulug‘ namoyondasi Sofokl 496-yilda Afina yaqinidagi Kolon degan joyda tug‘iladi, uning otasi qurol-yarog‘, aslaha korxonasining egasi, zamonasining ancha badavlat, boobro‘ kishisi bo‘lgan. Adib yoshligidan yaxshi tahsil ko‘radi. 28 yoshida dramatik adiblar orasida g‘olib chiqadi. Sofokl Afinaning ijtimoiy-siyosiy hayotida ham muhim rol o‘ynaydi. Periklga yaqin bo‘lganligi va Afinaning demokratik usul idorasiga xayrixohlik bilan qaraganligi vajidan bir necha yil davlat xazinaboni bo‘lib ishlaydi.

Qadimgi Yunonistonda juda keng tarqalgan Edip afsonalari Sofokldan ilgari ham bir qancha shoirlar ijodida asosiy mavzulardan bo‘lganligi bu afsonalarni Fiva siklidagi afsonalar deb yuritiladi.

Foto: Google Images

Qip-qizil sujet va tahlil qilish shart bo‘lmagan mavzular

Sofoklga tegishli Edip afsonasining mazmuni quyidagicha: Fiva podshohi Lay qo‘shni podshoh Pelopning uyida bir necha kun mehmon bo‘lib, uning o‘g‘li Xrisippni olib qochadi. Mehmonning bu tariqa razil ko‘rnamakligidan qattiq iztirob chekkan Pelop ma’budlarga zor-zor yig‘lab, dilozorni la’natlaydi. Oradan bir necha yil o‘tadi. Lay bola ko‘rmaydi, bu ahvoldan tashvishlangan podshoh Delfadagi Apollon ibodatxonasiga borib, boshiga tushgan baxtsizlik sirlarini so‘raganida, ibodatxona kohini Pelopning nola va iltijolari ma’budlar qoshida ijobat bo‘lganini aytadi: Lay albatta bola ko‘radi, lekin bola o‘z otasini o‘ldirib, o‘z onasiga uylanishini aytadi.

Darhaqiqat ko‘p o‘tmay Layning xotini Iokasta o‘g‘il tug‘adi. Kohinlarning bashoratidan qo‘rqqan Lay chaqaloqning tovoniga nishtar uradi-da, qullaridan biriga topshirib, Kiferon tog‘iga eltib tashlashni buyuradi. Podshoh amin ediki, u yerdagi yirtqich hayvonlar albatta bolani omon qoldirmaydi. Biroq qul go‘dakka achinib, bolani o‘ldirmaydi, tog‘ etagida mol boqib yurgan Korinf podshohi Polibning cho‘poniga beradi. Cho‘pon esa bolani o‘z podshohiga tortiq qiladi. Podshoh bolani o‘g‘il qilib oladi va unga Edip degan nom beradi. Bu so‘z oyog‘i yallig‘langan degan ma’noni beradi. Oradan yillar o‘tadi. Edip bir kuni do‘stlari bilan o‘tirganida uning asrandi o‘g‘il ekanini aytib qolishadi. Edip Delfa kohini yoniga maslahatga jo‘naydi. Kohin Edipning qismati nihoyatda og‘ir ekanligini, o‘z otasini o‘ldirib, onasiga uylanishini va ikki o‘g‘il, ikki qiz farzand ko‘rishini aytadi, lekin kohin uning haqiqiy ota-onasi kimligini aytmaydi. Shundan so‘ng Edip Korinf tuprog‘ini tark etadi. Zinhor bu yurtga qaytmasligini aytib, boshi oqqan tomonga yo‘l oladi. Qismat uni Fiva shahriga ravona qiladi. Yo‘lda xayol surib ketayotgan Edipga orqadan do‘q-po‘pisa qilib, boshiga qamchi ko‘tarib kelgan navkar yaqinlashadi. Bu nohaqlikdan g‘azablangan Edip navkarni bir urib ag‘darib o‘tib ketayotganida, arava ichidagi mo‘ysafid hassasi bilan Edipning boshiga tushirib qoladi. Edip qo‘lidagi tayoq bilan cholning boshiga chunonan tushiradiki, aravadagi chol til tortmay o‘ladi. Shunday qilib taqdirning xohishi mustajob bo‘ladi. Edip bilmasdan o‘z otasi Layni o‘ldiradi. Chol Lay bo‘ladi. Edip Fiva shahriga yetib keladi. Bu shaharda Sfinks (Sfinksni qanaqaligini bilasizlar, tasvirlash shartmas-ku, to‘g‘rimi?) paydo bo‘lib, u dengiz bo‘yidagi yo‘l ustida yotib, yo‘lovchilarga topishmoq aytar, yecholmaganni temir panjalari bilan g‘ijimlab, dengizga uloqtirayotganligini eshitadi. Edip Fiva xalqini bu ofatdan qutqarish uchun Sfinks oldiga boradi va topishmoqqa javob topmoqchiligini aytadi. Sfinks shunday topishmoq aytadi:

Qanday jonivor ertalab to‘rt oyoqlab, kunduzi ikki oyoqlab, kechqurun uch oyoqlab yuradi?

Edip javobni topadi. Javob: Odam. Ertalab — odam bolasining go‘daklik vaqti, to‘rt oyoqlab emaklaydi, kunduzi — kuchga to‘lgan, navqiron payti ikki oyoqlab yuradi, kechqurun — qarib kuchdan qolgan payti hassaga tayanib qoladi.

Foto: Google Images

Baxtiqaro shoh iztirobi

Shunday qilib Edip jumboqni yechadi va butun Fiva shahri odamlarini bu falokatdan qutqaradi, Lay ham vafot etgan, uning o‘rniga Edipni shoh qilib ko‘tarishadi. Fiva taxtiga o‘tirgan Edip sal o‘tmay, Layning beva qolgan xotini — o‘zining onasi Iokastaga uylanadi va undan ikki qiz, ikki o‘g‘il ko‘radi. Edip Fiva mamlakatini bir necha yil odilona boshqaradi, baxt-saodatda, rohatda, hurmat-ehtiromda umr kechiradi. Ittifoqo Fiva shahri boshiga birin-ketin kulfatlar yog‘ila boshlaydi, ocharchilik, vabo odamlarning tinkasini quritadi, ko‘chadagi o‘liklarni hatto yig‘ishtirib olishga ulgurmay qolishadi. Ma’budlarga atab qancha-qancha qurbonliklar so‘yilmasin, baribir befoyda bo‘laveradi. “Shoh Edip” tragediyasi xuddi shu yerdan boshlanadi.

Shaharning barcha kishilari maslahat so‘rab shoh saroyiga kelishadi. Edip ham bu kulfatlarning sababini bilmas edi. Kulfatlarning sababini bilib kelish uchun Delfaga, Apollon kohiniga qaynag‘asi Kreontni yuborganini va uning javobini kutayotganligini xalqqa aytadi. Kreontga kohinlarning aytishicha, shu kunga qadar Fiva shahri boshiga tushayotgan ofatlarning sababi shu vaqtgacha marhum podshoh Layning xuni olinmaganligini aytadi. Edip qotilni topish va uni qattiq jazolashni, bu ishga tezda kirishishini, har qanday mashaqqatga duch kelmasin, qotilni baribir topishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Podsho shu ondayoq fuqarolarni to‘plab, jinoyatchini qay tariqa izlash kerakligini maslahat so‘raydi. Xalq masalani yechish uchun bir ovozdan avliyo Tiresiy yordam berishi mumkinligini aytadi. Keksayib qolgan so‘qir avliyoni yig‘inga chaqiradilar. Tiresiy voqea nimadaligini Layni kim o‘ldirganini biladi-yu, lekin Edipga achinib, sirni ochishdan bosh tortadi. Avliyoning ikkilanishidan shubhalangan Edip avliyoga achchiq-achchiq gaplar aytadi, hamiyatiga ozor yetganidan achchiqlangan avliyo bor haqiqatni aytib tashlaydi. Edip o‘z otasining qotili ekanligini bilmasa-da, lekin Layning qotili bo‘lib chiqishi mumkinligidan Kreontni bosh aybdor deb gumon qilib, qattiq shubhaga tushadi. Go‘yo Tiresiy bilan Kreont til biriktirib, uning taxtini egallashga urinayotgandek tuyuladi. Shu orada Iokasta kelib Layning qay tarzda o‘ldirilganligini aytib beradi, Edipni tinchlantirmoqchi, unga aytilgan barcha bashoratlarning puch ekanligini isbotlamoqchi bo‘ladi. Layni tog‘ oralig‘idagi chorraha yo‘lda qaroqchilar o‘ldirib ketganligini aytib, erini shubhalarga bormaslikka va tinchlantirishga urinadi. Bu voqealarni eshitgan Edipning ko‘ngliga tahlikali shubhalar o‘rnashib kuchaya boradi. Keyingi so‘roq va tekshirishlar natijasida Layning belgi alomatlari aniqlanadi.

Foto: ArtCritic

Edip shu tariqa goh shubhalar iskanjasida yonib, goh falokatning bartaraf bo‘lishiga umid bag‘ishlaydi. Shu payt Korinfdan bir odam kelib Polibning vafot etganini uning o‘rniga xalq podshoh qilib Edipni saylaganini aytadi. Bu xabar unga tasalli beradi. Karomatlarning yolg‘onligiga endi hech qanday shubha qolmaydi. Ammo shunga qaramay karomatda zikr qilingan ikkinchi jinoyatning ijro etilishi, ya’ni beva qolgan onasi Meronaga uylanib qo‘yish xavfi hamon Edipni qo‘rqitar edi. Elchi shu mudhish shubhalarni Edipning dilidan chiqarib tashlash maqsadida o‘zi bilgan ba’zi bir voqealarni aytib beradi: Edip haqiqatda Polib va Meronaning bolasi emas, elchining o‘zi bundan bir necha yil muqaddam Kiferon tog‘i etaklarida mol boqib yurganida podshoh Layning bitta cho‘ponidan tovoniga nishtar urilgan bolani olib, o‘z podshohi Polibga eltib bergan ekan. Edip o‘sha bolaning o‘zginasidir. Iokastaga hamma narsa ayon bo‘ladi, indamasdan saroy ichiga kirib ketadi. Edipni esa endi yangi muammo qiynaydi: axir u kimning bolasi?

Shu payt Lay o‘ldirilgan paytda qochib qolgan qulni olib keladilar. Bu odam bir paytlar endigina tug‘ilgan Edipni Korinf podshohi odamiga topshirgan cho‘pon bo‘lib chiqadi. Endi na Edipning o‘zida, na odamlarda hech bir shubha qolmaydi: Edip Layning o‘g‘li, o‘z otasining qotili, onasining eri! Naqadar dahshat, naqadar dahshat!

Foto: ArtCritic

Shum taqdir, g‘amgin qo‘shiq, hadsiz hasratlar…

Xor Edipning g‘am-g‘ussalarga to‘lib toshgan shum taqdiri, odam bolasining nochorligi va inson baxtining bepandligi haqida g‘amgin qo‘shiq aytadi. Xuddi shu payt ichkaridan xizmatkor chiqib, yana bir musibat yuz berganini aytadi. Iokasta yotog‘iga kirib, bu og‘ir hasratlar alamiga chidolmay o‘zini osganligini xabar qiladi. Ko‘rgiliklardan aql-u hushini yo‘qotayozgan Edip butun gunohlarning shohidi bo‘lgan o‘sha xonaga yuguradi va jon holatda Iokasta ko‘ylagidagi to‘g‘nog‘ichni yulib olib, ikkala ko‘zini sitib tashlaydi. U ortiq quyosh yog‘dusini, bolalarini, aziz yurtini o‘zining tubanlashganini ko‘rishni istamas edi. Edip yana xaloyiq qarshisida paydo bo‘ladi. Uning yuzida, so‘qir ko‘zlarida laxta-laxta qon qotib qolgan. Baxtiqaro, dili shikastaning so‘nggi daqiqalari qizlari bilan vidolashuvi — tragediya san’ati yaratgan eng dahshatli fojialardan biridir. Edip afsonasining keyingi voqealari “Edip Kolonda” tragediyasida tasvirlanadi. Yuqoridagi voqealarning guvohi bo‘lgan Fiva xalqi la’natining shaharda turishidan xavfsirab, uning badarg‘a qilinishini talab etadi. Edipning har ikkala o‘g‘li Eteokl, Polinik ham bu talabni ma’qullab, otasini mamlakatdan quvadilar.

Edipning katta qizi Antigona butun hayotini otasiga bag‘ishlab, o‘z ixtiyori bilan u ham uzoq mashaqqatli safarga otlanadi. Ular necha zamonlar boshpana topolmay Yer yuzini kezadilar. Nihoyat Kolon degan joyda muruvvat ma’budalari Evmenidalar sharafiga o‘stirilgan bog‘-u bo‘stonga yetib keladilar. Kolon aholisi Edip tufayli xalq boshiga og‘ir musibatlar tushishi mumkin deb, uning bu yerdan chiqib ketishini talab qiladilar. Bechoralarning oh-u zoriga ko‘ngli yumshagan Kolon xalqi podshoh Tezey kelgunicha sabr qilishga rozi bo‘ladilar. Xuddi shu paytda bu yerga Edipning kichik qizi Ismena ham keladi. Otasi quvg‘in qilingandan so‘ng Fiva shahrida yuz bergan voqealarni birma-bir otasiga aytib beradi. Ota taxtini talashib, ikki aka-uka ancha vaqtgacha kelisha olmaydi. Nihoyat Eteokl g‘olib kelib Polinikni yurtidan haydab yuboradi. Polinik Fivaga qarshi qo‘shin to‘playotganligini aytadi. Edip bolalarining xudbinligini, u yurtidan haydalgan kun Edipga zarracha ham rahm qilmaganlarini o‘ylab ularni la’natlaydi. Ma’budlarning amriga ko‘ra tez orada Afina bilan Fiva o‘rtasida urush boshlanishi kerak edi. Edipning jasadi qayerga ko‘milsa, o‘sha yurt lashkarlari g‘olib chiqishi karomat qilingan edi.

Eteokl Kreontni otasining oldiga jo‘natadi, uni olib kelishni buyuradi. Kreontning so‘zlarini eshitgan Edip Fivaga borishdan qat’iy bosh tortadi. Kreont Edipni va uning qizlarini zo‘rlik bilan olib ketmoqchi bo‘lib turganida podsho Tezey kelib qoladi va ularni o‘z panohiga oladi. Kreont noiloj orqaga qaytib ketadi. Oradan ko‘p o‘tmay katta o‘g‘il Polinik ham bu yerga keladi, otasiga Fiva shahriga qo‘shin tortib borayotganini, u bilan birga borishini o‘tinib so‘raydi, lekin Edip o‘g‘lining ayyorliklarini oshkora aytib uni quvib soladi. Edip ma’budlarga iltijo qilib, ikkala o‘g‘lini yakkama-yakka jangda halok qilishlarini so‘raydi. Polinik ko‘zdan g‘oyib bo‘lar-bo‘lmas charaqlab turgan osmonda birdan bulut va chaqmoq paydo bo‘ladi, bu esa Edipning paymonasi to‘lganligidan dalolat beradi. Edip qizlari bilan vidolashib ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.

Freyd iqtiboslari bilan yakunlangan xulosa

Oxirini chamalash uncha qiyin emas. Edip yanayam iztirobga beriladi, nega bu bashoratga xo‘rak qilib u tanlanganini bilishni istaydi, siqiladi va ado bo‘ladi. Bu haqida, yaxshisi, Freyd fikr bildirgani durust. Freyd shunday yozadi: “Shoh Edip” asari antik dunyo yunon tomoshabinini qanday larzaga solishining asosiy sababi, e’tirof etilayotgandek, taqdiri azal bilan inson irodasi o‘rtasidagi to‘qnashuvdir… Edip kabi bizning ichimizda ham axloqqa qarshi mayl-istaklar mavjud va bu istak payti kelishi bilan asosiy istakka aylanishi mumkin”.

Freyd “Shoh Edip” asarini XX asr kishisi psixologiyasi bilan muqoyasa qilarkan, shunday xulosaga keladi: miflarni, axloqni, dinni faqat ongosti kechinmalari, ramzlari nuqtayi nazaridan baholash mumkin. Freydga ko‘ra, Edipning otasini o‘ldirishi, onasiga uylanishi bolalikdagi inson miyasida qolgan mayllarining in’ikosidir. Freyd: “Agar biz ham bolaligimizdagi onamizga va otamizga bo‘lgan miyamizda lip etib paydo bo‘lgan, keyin o‘chgan maylimizni xotirlay olsak, o‘zimizdan o‘zimiz jirkanib ketardik”,— deydi.

“Shu sababli, — deydi Freyd, — Edipning taqdiri — bu ilohiy hukm hodisasi emas, patologik hodisalar va bunday fojia har bir insonda sodir bo‘lishi mumkin”.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, V-IV asrlar yunon tarixi chindan ham voqealarga boy, benihoyat mazmundordir. Ana shu ulug‘ o‘zgarishlar munosabati bilan Afina shahar davlatida tug‘ilgan muhim siyosiy va axloqiy muammolar adabiyotga behisob mavzular hadya qilib, unda o‘zining in’ikosini kutar turli-tuman masalalarni hal etishda ko‘maklashuvini talab qilar edi. Ulug‘vor bu hodisalarning endilikda eski lirik qo‘shiqlar hajmiga sig‘dirmasligi shubhasizdir. Jamiyatdagi ziddiyatlarini va to‘qnashishlarni hammadan ko‘ra mukammal va mufassal ifoda etishni eplay oladigan birdan-bir adabiy janr, albatta, dramaturgiya bo‘lgan. Na epik dostonlar va na lirik asarlar bu vazifalarning shubhasiz to‘la uddasidan chiqa olmas edi. Harakat, she’riyat va musiqa to‘qimasidan tarkib topgan yagona uyg‘un shakl kasb etgan drama adabiyoti, poeziyaning imkoniyatlarini juda kengaytirib yuboradi. Uning ommabopligi, ziddiyatlarga boyligi, ta’sirchanligi butun yunon adabiyotida peshqadamlik qilishini ta’minlaydi.

Shu tariqa yunon dramaturgiyasining uchta asosiy janri — tragediya, komediya hamda satiralar dramasi paydo bo‘ladi.

Foto: Google Images

Qiziqarli faktlar

Qadimgilarning guvohlik berishicha, adib o‘zining 60 yillik adabiy faoliyati davomida 120 dan ortiq tragediya yozgan. 24 marta dramatik shoirlar musobaqasida g‘olib chiqqan. Biroq mazkur asarlardan bizgacha 7 tasi yetib kelgan xolos.

Jahon adabiyoti tarixiga Sofokl (asosan) Edip haqidagi rivoyatlar asosida yozilgan asarlari “Edip shoh”, “Edip Kolonda” va “Antigona” tragediyalari bilan kiradi.

Yozuvchi Nazar Eshonqul “Shop Edip” va Shukur Burxonov haqida shunday fikr bildiradi: Tomoshabinlar, albatta, Sofoklning “Shoh Edip” asaridan va uning televariantidan xabardor. Bu mashhur tragediyadagi Edip rolini ulug‘ san’atkor Shukur Burhonov o‘ynagandi. Ulug‘vor asarlar ulug‘ iste’dodlarni dunyoga keltiradi, ulug‘ sahna asarlari ulug‘ aktyorlarni yaratadi. Sofoklning ulug‘ligi o’zbek sahnasida yana ham ulug’vor qiyofaga kirdi”.

Azizbek Yusupov

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »