Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Xayao Miyazaki — o‘z avlodining dahosi, u bilan tenglasha oladigan ijodkorning o‘zi yo‘q. Yaqinda u Toronto kinofestivalida o‘zining so‘nggi animatsion filmini namoyish etdi. Ushbu maqolada “Bola va qush” animesi haqida batafsil ma’lumot beramiz, shu bilan birga mazkur multfilm rejissorning hayoti bilan qanday bog‘liqligini va nima uchun uni hamma ham tushimasligi mumkinligi haqida gaplashamiz.

Xayao Miyazaki kim o‘zi?

Foto: Getty Images

82 yoshli Xayao Miyazaki — yaponiyalik animator-rejissor. “Ruhlar olami”, “Mening qo‘shnim Totoro”, “O‘ziyurar qasr”, “Malika Mononoke” — bularning barchasi uning loyihalari bo‘lib, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lganlarning barchasini birdek qiziqtira olgan.

Intervyularidan birida Xayao Sovet animatsiyasi unda doimo alohida taassurot qoldirganini aytadi. Sevimli multfilmlari orasida u Yuriy Norshteynning “Tumandagi kirpi” va Lev Atamanovning “Qor malikasi” filmlarini sanab o‘tadi. “Qor malikasi” multfilmi yapon rejissoriga katta ta'sir ko‘rsatgan, barcha qiyinchiliklarga qaramay, animatsiyadagi faoliyatini davom ettirishga yordam beradi.

Matbuotda Xayaoni “yapon Disneyi” deb atashadi, lekin uning o‘zi bundan ranjiydi. Miyazaki so‘zlariga ko‘ra, amerikalik animatorlar anchadan beri san’at uchun emas, faqat pul uchun ijod qilishadi. Spiegel jurnali jurnalistlari bilan suhbatda u shunday degandi: 

“Amerikaliklar birinchi navbatda filmlarining mashhurligiga intilishadi, chunki ular film orqali pul ishlashni xohlashadi. Men esa san’at asari yaratishga harakat qilaman, shuning uchun bolalarga urushlar, iqtisodiy inqiroz yoki atrof-muhit buzilishi haqida yolg‘on gapirishga qiziqmayman. Agar haqiqat bilan yuzma-yuz kela olmasak, bolalarga haqiqatni ayta olmaymiz. Men bunday narsalarni suratga olishni xohlamayman”, — deydi rejissor.

Miyazakining barcha asarlarini qamrab oladigan mavzular urush, feminizm, oila, ekologiya va inson va texnologiya o‘rtasidagi munosabatlardir. Garchi Xayaoning hayotidan ko‘p narsa o‘zlashtirilgan bo‘lsa-da — u ota-onasining suratlarini bir necha bor ekranda gavdalantirgan — u hech qachon o‘zi haqida film yaratmagan. “Bola va qush” chiqqunga qadar shunday edi.

“Bola va qush” animesi nima haqida?

Foto: “Bola va qush” animesidan kadr

Maxito ismli bola onasini sog‘inib, marhumlar tiriklar bilan birga yashaydigan dunyoga boradi. U yerda o‘lim tugaydi va hayot yangidan boshlanadi. Hayot, o‘lim va yaratilish fantaziyasini Xayao Miyazaki do‘stlikka hurmat sifatida o‘ylab topadi. Keling, batafsilroq gaplashaylik.

Bosh qahramonning onasi hamshira bo‘lib ishlagan kasalxonada yong‘inda halok bo‘ladi. Bolaning otasi marhum xotinining singlisiga uylanadi. Butun oila poytaxtdan uzoqda — sokin qishloqqa ko‘chib o‘tadi va urush dahshatlaridan qochishga harakat qiladi. Miyazaki ijodi va hayoti bilan tanish bo‘lganlar shu yergacha ham bir nechta qiziqarli jihatlarni topishi mumkin.

Foto: “Bola va qush” animesidan kadr

Birinchidan, bosh qahramon — o‘g‘il bola. Bu Miyazaki filmlarida deyarli uchramaydi. Boshqa yapon rejissorlari, xususan, Mamoru Xosoda — uni Xayaoning davomchilaridan biri deb atashadi — bir vaqtlar shunday degan edi:

“Buyuk animator doimo qizlarni bosh qahramon qiladi. Menimcha, bu uning o‘ziga ishonchi yo‘qligi bilan bog‘liq. Yosh ayollarni bunchalik ko‘p tasvirlashi meni xavotirga soladi”.

Garchi bu ayblovni asossiz deb hisoblasak ham, feminizm Miyazaki faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ko‘pchilik buni rejissorning fojiali o‘tmishi bilan bog‘laydi, bu haqda biroz keyinroq gaplashamiz.

Ikkinchidan, bosh qahramon urush tufayli ota-onasini yo‘qotadi. Bu yerda parallellik juda oddiy -—Xayaoning otasi Katsuji urushga yuborilgan samolyotlar uchun detallar ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Utsunomiya shahri bombalanganidan keyin butun oila Kanumaga ko‘chib o‘tadi. 1947-yildan 1955-yilgacha onasi Yoshikoning sog‘lig‘i sezilarli darajada yomonlashadi. Shu sababli oila tez-tez ko‘chib yurishga majbur bo‘ladi. Orqa miya tuberkulyoziga chalingan ayol farzandlariga onalik mehrini bera olmaydi. Xayao bundan qattiq azob chekadi. Multfilm bosh qahramoni ham yong‘inda onasini yo‘qotadi, otasi esa yangi oila quradi. U o‘zini ataylab ulardan uzoqroqda tutadi.

Foto: “Bola va qush” animesidan kadr

​Multfilmda hatto alohida epizod ham bor — bolakay otasi uni uyda qoldiradi degan umidda boshini tosh bilan urib jarohatlaydi. Bu lahza Miyazaki avtobiografiyasidan ham olingan bo‘lishi mumkin, ammo rejissor intervyularida bu haqda hech nima demagan. “O‘lim tugagach, hayot yangidan boshlanadi”, deyiladi treylerdagi iqtibosda. Bu ham qisman rejissor haqida — onasi kasalligi paytida u mo‘jizaviy manga dunyosiga qiziqib qoladi. Ehtimol, o‘shandayoq uning fantaziyalari dunyoning shafqatsizligiga qarshi himoya reaksiyasi ekanligini his qilgandir.

“Bola va qush”ning bosh qahramoni ham shunday tanlov oldida qoladi – u hech bo‘lmaganda onasining xotiralari bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan ajoyib illyuziya olamida qolishi yoki haqiqatga qaytishi mumkin.

Miyazakining so‘nggi filmi. Kimlar tomosha qilishi kerak?

Foto: “Bola va qush” animesidan kadr

So‘nggi bir necha yil ichida internetda Xayao Miyazaki o‘zining so‘nggi filmini suratga olayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu ma’lumotni rejissorning o‘zi ham tasdiqladi. Buning ajablanarli joyi yo‘q, har qanday odam 82 yoshida dam olishni xohlaydi. Shu sababli ham “Bola va qush” animesi mukammal yakuniy nuqta bo‘lishi mumkin.

Biroq Toronto kinofestivalida Studio Ghibli vitse-prezidenti Junichi Nishioki Xayaoning animatsiyani tark etish niyati yo‘qligini ta’kidladi. Uning aytishicha, rejissorda allaqachon bir nechta g‘oyalar bor va tez orada u ijodga qaytadi.

Nima bo‘lganda ham “Bola va qush” Miyazaki ijodi bilan tanish bo‘lmaganlar uchun emas. Buyuk yapon rejissori bilan tanishishni ushbu filmdan boshlamaslik kerak. Ertak qanday qilib bolaning haqiqatiga kirib, uning kundalik hayotiga aylanishini tushunish uchun avval “Mening qo‘shnim Totoro” yoki “Ruhlar olami” filmlarini tomosha qilgan ma’qul.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »