Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga energiya samaradorligi va elektr energiyasi xizmatlari ishonchliligini oshirish uchun energiya taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish va raqamlashtirishga yordam berishga qaratilgan 200 million AQSH dollari miqdoridagi qarzni maʼqulladi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Unga ko‘ra, “Taqsimlash tarmog‘ini raqamli transformatsiya qilish va barqarorligini oshirish” loyihasi doirasida respublika hududlaridagi 26 ta taqsimlovchi podstansiyalar raqamli podstansiyalarga, jumladan, dispetcher nazorati va maʼlumotlarni yig‘ish (SCADA) tizimiga modernizatsiya qilinadi. Raqamli himoya relesi va iqlimga chidamli loyiha podstansiyalarning tabiiy ofatlar va ekstremal ob-havo hodisalari paytida ishlash ishonchliligi va chidamliligini oshiradi, shuningdek, mintaqaviy elektr taʼminotidagi uzilishlarning oldini oladi.

“O‘zbekistonning eskirib qolgan taqsimlash tarmog‘ini modernizatsiya qilish mamlakatning uzoq muddatli yashil va kam uglerodli strategiyasi uchun muhim ahamiyatga ega. Biz nafaqat energiya xizmatlari sifatini yaxshilash, balki issiqxona gazlari chiqindilarining ko‘payishiga olib keladigan elektr energiya yo‘qotishlarini kamaytirish orqali toza energiyaga o‘tishni osonlashtiradigan ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov. 

O‘zbekistonning taqsimlash tizimi 7,6 million maishiy va sanoat isteʼmolchilariga xizmat ko‘rsatadi. Xonadonlarni 100 foiz elektrlashtirishga erishilganiga qaramay, mamlakat asosan 1960-yillarda qurilgan eskirayotgan va haddan tashqari yuklangan infratuzilma tufayli ishonchsiz elektr taʼminotidan aziyat chekmoqda. Elektr taʼminotidagi uzilishlar hozir ham davom etmoqda va ular ayniqsa qishda, past haroratlarda isitish uchun elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lgan vaqtda yuqori darajada bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida maktab va poliklinikalar kabi muhim ijtimoiy xizmatlarining faoliyat yuritishi murakkablashtirishiga olib kelmoqda.

“Ushbu loyiha O‘zbekistonga mamlakatning ortib borayotgan talabini qondirish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha energiyani ishonchli yetkazib berish imkonini beradi. Shuningdek, yetkazish va taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish, aqlli va moslashuvchan tizimlar quyosh va shamol kabi qayta tiklanadigan energiya manbalarining o‘zgaruvchanligini yaxshiroq boshqarish imkonini berishini hisobga olsak, mamlakatga qayta tiklanadigan energiyani tarmoqqa ko‘proq integratsiya qilish imkonini beradi”, — dedi OTBning Energetika bo‘yicha bosh mutaxassisi Sun Dak Kim.

OTB loyihasi, shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (HET) davlat taqsimlash kompaniyasining moliyaviy boshqaruv salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi. Bundan tashqari, HETda gender tamoyillarini joriy etishni institutsiyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, HET va Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik doirasida talaba qizlarni o‘qitish orqali ayollar va qizlarning energetika sohasida ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida, 250 000 AQSH dollari miqdoridagi texnik yordam granti taqdim etiladi.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) qisman OTB tomonidan boshqariladigan 70 million yevro (taxminan 75 million AQSH dollari) miqdorida qo‘shma moliyalashtirishni taqdim etadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »