Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Mashhurlarning hayotida ularni dunyoga keltirgan, birinchi qadamlarini qo‘yishga va hayotda o‘zini topishga yordam bergan juda muhim shaxs bor. Taxmin qilganingizdek, ularning onalari haqida ma’lumot beramiz.

Irmelin Indenbirken — Leonardo Di Kaprio

Foto: Getty Images

Leo Los-Anjelesda — komikslar yozuvchi Jorj Di Kaprio va sud kotibasi Irmelin Indenbirken oilasida tug‘ilgan. Uning ota-onasi Leo atigi bir yoshga to‘lganda ajrashishadi va bolakay onasida qoladi.

Biz xuddi “Taksichi” filmidagidek yashaganmiz: ko‘chamizda har kuni jinoyatlar va zo‘ravonliklar sodir bo‘lardi, deb eslaydi Leo bolaligini.

Bo‘lajak yulduzning onasi o‘g‘li bilan bu joylardan ketish uchun bir nechta ishlarda ishlagan. Leoning iste’dodini erta payqagan Irmelin uning rivojlanishiga bor kuchi bilan harakat qiladi. Shuning uchun u juda band bo‘lishiga qaramay, o‘g‘lini kastinglarga va har xil tanlovlarga olib borishga vaqt topadi. U butun umri davomida o‘zida yo‘q narsani o‘g‘liga berishga intiladi.

Leo aktyorlik karyerasiga e’tibor qaratish va ko‘proq pul topish uchun maktabni tashlashga qaror qilganida, Irmelin uzoq vaqt qarshilik ko‘rsatadi, lekin o‘g‘li qat’iy turib oladi. Aktyor onasidan o‘g‘liga o‘zi bo‘lib qolish imkoniyatini bergani uchun juda minnatdor. Di Kaprioni faoliyatining boshida qo‘llab-quvvatlagan ham onasi edi. Irmelin uning tanlagan kasbini hurmat qildi va o‘g‘lining iste’dodiga ishonchini yo‘qotmadi. Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, onasi bo‘lmaganda u hech qachon bunday muvaffaqiyatlarga erishmagan bo‘lardi.

Leo onasiga juda yaqin — birgalikda ular tez-tez ijtimoiy tadbirlarda, shuningdek, “Oskar” marosimlarida qatnashadi. 2023-yilda Irmelin 80 yoshini nishonlaydi. Yoshi katta bo‘lishiga qaramay, u hali ham ajoyib ko‘rinadi. U faqat bir narsadan — nevaralari yo‘qligidan afsuslanadi.

Mariya Doloresh dush Santush Aveyru — Krishtianu Ronaldu

Foto: Getty Images

Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu oshpaz Mariya Doloresh dush Santush Aveyru va bog‘bon Xose Dinis Aveyru oilasida to‘rtinchi farzand bo‘lib tug‘ilgan. Bolaga Krishtianu ismini xolasi qo‘yadi. Unga berilgan ikkinchi ism — Ronaldo, otasi tomonidan Ronald Reygan sharafiga tanlangan, chunki u o‘sha paytda hokimiyatda bo‘lgan Amerika prezidentining muxlisi edi. Xose alkogolizm bilan bog‘liq muammolar tufayli erta vafot etadi. Farzandlarini boqib katta qilish yolg‘iz onaning yelkasiga tushadi.

Onasi to‘rt farzandini boqish uchun kecha-yu kunduz ishlardi. Krishtianu akalarining kiyimlarini kiyib katta bo‘ladi, ularning yagona o‘yinchog‘i esa koptok edi. Bo‘lajak chempion 3 yoshidan futbol o‘ynay boshlagan.

Hozirda Mariya Dolores dush Santush 68 yoshda. Ronaldu har doim uning yutuqlarida onasining ta’siri katta ekanligini ta’kidlab keladi. Har safar mag‘lubiyatdan so‘ng, Mariya Dolores o‘g‘lini qo‘llab-quvvatlagan va uni taslim bo‘lmaslikka undagan. 

“O‘g‘lim juda kuchli xarakterga ega, juda mag‘rur yigit va har doim ko‘proq narsaga intiladi. Ba'zan bu uning kamchiligi hamdir”, — deydi o‘g‘lining asosiy muxlisi va ilhomlantiruvchisi.

Shuningdek, onasi nevaralarini tarbiyalashda yordam beradi. Ronalduning hozirda besh nafar farzandi bor: 12 yoshli Krishtianu; besh yoshli Mateo va Eva, ispaniyalik model Jorjina Rodrigesning ikki qizi — 4 yoshli Alana Martina va 10 oylik Bella Esmeralda.

Konstans Leto — Jared Leto

Foto: Getty Images

Jared san’atga bo‘lgan ishtiyoqi uchun onasi Konstansdan qarzdor, onasi uni va akasi Shennonni doim qo‘llab-quvvatlagan. Otasi ular yoshligida onasi bilan ajrashgan. Keyinchalik onasi ikkinchi bor turmush quradi, ammo tez orada ikkinchi eri Karl Leto bilan ham ajrashadi.

Konstans ikki ajoyib iste’dodli o‘g‘ili — Jared va Shennonni bir o‘zi tarbiyaladi, o‘g‘illari ulg‘ayib, “30 Seconds to Mars” rok guruhining a’zosi bo‘lishadi. Ularning onasi aktyorlik, musiqa va san'atga bo‘lgan ishtiyoqini doim qo‘llab-quvvatlaydi. U boshqa oila a’zolarining ko‘ndirishiga qaramay, musiqachi bo‘lishni orzu qilgan kenja o‘g‘lini harbiy bilim yurtiga berishni qat’iyan rad etadi. Jared 12 yoshida harbiy mashg‘ulotlar o‘rniga Virjiniya shtatidagi kichik oshxonada idish-tovoq yuvuvchi bo‘lib ishlagan, 16 yoshida esa mehmonxonada eshikbon bo‘lib ishlagan.

2014-yilda “Dallaslik xaridorlar klubi” filmidagi roli uchun “Oskar”ni qabul qilish chog‘ida Leto sahnada ta’sirchan nutq so‘zlaydi: 

“1971-yilda Luiziana shtatining Bosser shahrida bir o‘smir qiz yashardi. U o‘rta maktab o‘quvchisi va yolg‘iz ona edi — u o‘g‘illarini xursand qilish uchun hamma narsaga tayyor edi. U farzandlarining ijodini rag‘batlantirib, mehnat qilishga o‘rgatdi. Bu ayol mening onam. Oyi, men sizni yaxshi ko‘raman”.

Bugun Konstans 71 yoshda bo‘lsa ham juda yosh ko‘rinadi.

Jeyn Etta Pitt — Bred Pitt

Foto: Getty Images

Jeyn Etta Pittning Breddan tashqari yana bir o‘g‘li va qizi bor. U butun umri davomida mahalliy maktabda avval o‘qituvchi, keyinroq maslahatchi psixolog bo‘lib ishlagan. Ayol Oklaxoma Baptist universitetini tamomlagan.

Jeyn har doim o‘g‘liga yordam bergan va uning har qanday qarorini qo‘llab-quvvatlagan. o‘g‘lining Anjelina Joli bilan uchrasha boshlagani haqidagi xabar dastlab ayolni hayratda qoldirgan, chunki u va uning eri har doim merosxo‘rlarini qat’iy ravishda dindor qilib tarbiyalashgan. Joli aktyorlar oilasida o‘sgan va hech qanday cheklovlarni bilmas edi: uning yoshligi qanchalik notinch bo‘lganini hamma eslaydi. Bundan tashqari, Bredning onasi o‘g‘lining sevimli kelini Jennifer Eniston bilan ajrashganini hali qabul qilolmagandi.

Ammo Bred onasining so‘zlariga quloq solmaydi, natijada turmush qurganidan 12 yil o‘tib Joli bilan ajrashadi. Onasi imkon qadar Pittga yaqin bo‘lishga harakat qiladi.

“U Bredning azoblanishini ko‘rishga chiday olmaydi”, deydi oilaning yaqin do‘stlari.

Yaqinda Gollivud yulduzi onasi Jeyn Ettaga Anjelina Joli bilan uzoq va qiyin ajralish jarayonida ruhan yordam bergani va sobiq xotinining farzandlari bilan muloqotini cheklashga urininganida unga dalda berib turgani uchun ta’sirchan minnatdorlik bildirdi. Onasi o‘g‘lining Jennifer Eniston bilan qayta turmush qurishini orzu qiladi. Balki Pitt ham namunali o‘g‘ildek, bu safar unga quloq solar...

Jaklin Stallone — Silvestr Stallone

Foto: Getty Images

Silvestr Stallonening onasi Jaklin Jeki Leybofish — amerikalik jamoat arbobi, yozuvchi, munajjim va aktrisa.

O‘g‘li 11 yoshga to‘lganda, ota-onasi ajrashishadi — otasi o‘g‘lini 15 yoshgacha o‘zi tarbiyalaydi. Slay (Silvesterning taxallusi) tarbiyasi og‘ir bola bo‘lgan, 11 yil davomida u o‘zining xatti-harakati, oqsoqlanishi va akademik ko‘rsatkichlari tufayli 14 ta maktab o‘zgartiradi. Slayning o‘zi ham bolalik va o‘smirlik davrini dahshatli film sifatida eslaydi. Vaziyatning umidsizligi uning tashqi ko‘rinishi bilan yanada og‘irlashadi. Tug‘ilganda akusherning beparvoligi tufayli Slayning yuzidagi asab tolalari shikastlanadi — yuzining bir qismi falaj bo‘lib qoladi.

Onasi o‘g‘lini eridan olib, Filadelfiyaga muammoli o‘smirlar uchun ixtisoslashtirilgan maktabga yuboradi. Silvester u yerda sport bilan faol shug‘ullangan va hatto teatr tomoshalarida qatnashgan. Keyinchalik u o‘g‘lini Shveysariyadagi nufuzli kollejga jismoniy tarbiya o‘qituvchisi sifatida ishga joylashtiradi, Bo‘lajak aktyor u yerda yarim kunlik murabbiy sifatida ishlaydi va talabalar teatrida qatnashadi. O‘g‘lidagi ishtiyoqni ko‘rgan onasi Slayni Mayami universitetining drama fakultetida aktyorlik kasbini olishga undaydi. Hatto o‘qish paytida o‘qituvchilar bir ovozdan Slayning zarracha iste’dodi yo‘qligi va aktyor bo‘llmasligiga ishontirishsa-da, ona o‘g‘lini doim qo‘llab-quvvatlaydi.

Silvestr quvnoq va ko‘p qirrali onasini yaxshi ko‘radi va uni ko‘pincha ijtimoiy tadbirlarga olib boradi.

“Mening onam dunyodagi eng zo‘r ona! Farzandlarim va men uni juda yaxshi ko‘ramiz va hurmat qilamiz”, — deydi aktyor hayotligidagi eng yaqin odami haqida gapirib.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »